Goʻsht suyaksiz boʻlmas

Qassoblik rastasi. Qoʻltigʻida papka, ohori toʻkilganroq boʻlsa-da shlyapa kiygan kishi goʻsht ilingan changakka yaqinlashadi. Xalatining ustidan qora las chopon kiygan, qoʻsh belqars bogʻlagan qassob uni koʻrib qayroq-pichogʻini chetga itqitadi. Qoʻllarini ikki biqiniga artadi, soʻng koʻksiga qoʻyadi.

– Kelsinlar, katta… Kelsinlar!

– Ha, shu ozginagina lahm…

– Tushundim. Ozgina-yu, sozgina… demoqchisiz-da! Qani oldin oʻsha chuchvara yeydigan qoʻllaringizni tutib… E-e, bu qon yuqidan burunni jiyirmang! Kecha soʻygan tanacha sal shoʻxroq ekan. Boʻgʻziga pichoqni mana shunday tortib… Qoʻrqmang, qoʻrqmang! Men huv, anovi Qoʻzi qassobga oʻxshab shishib oʻlgan, harom qotgan, toʻgʻri kelgan… Kechirasiz, katta… Siz moliyadansiz-a?!

– Yoʻq, moliyadanmas. Menga goʻsht…

– Hozir, hozir… Lekinchi, katta, goʻsht uchun menga kelib toʻgʻri qilibsiz. Men haligi, ayrim… Siz-chi, anovi Qoʻzi qassobdan goʻsht tugul, chandir ham ola koʻrmang! Nega deysizmi? E-e, u qallob qoʻy soʻysa, qornini dam bilan doʻppaytirish uchun, ogʻzi bilan puflamaydi… Benomus, valasaped nasosi bilan yel uradi. Ana koʻrdingiz?! Bu labi jiriqni tartibga oladiganlar ham bordir… Katta, siz nalogdan-a?!

– Yoʻgʻ-ye?! Men…

– Ha, mayli, mayli… Attang! Agar nalogdan boʻlsangiz ana oʻsha Qoʻzi qassob ustidan bir boʻxcha fakt toʻplagandim-da! Afsus… Sizga son goʻshti, menga hech boʻlmasa qayroq-kundasi tegardi… Sababi, Qoʻzi qassob emas, qallob, shaytonga qarindosh! Olibsotar… Ha, ha… Kulmang. Isbot kerakmi? Mana svejiy fakt. Kecha juma bozordan tanasi terisiga yopishgan gʻunajin sotib olganini oʻzim koʻrganman. Oʻsha jonivorginani juma oqshom, shanba kun boʻyi sogʻriniga kovush bilan shapatilab “semirtirib” yakshanba bozor bir yarim baravariga sotsa boʻladimi? Ikki kilogina kunjarasi ketsayam odamga alam qilmasdi… Katta, siz, haligi tipografiyada ishlaysiz-a? Keling, shu kovushbardorning kovushini toʻgʻrilashga menga yordam…

– Yoʻq. Men muxbir emasman. Menga goʻsht…

– Shoshmang, katta! Shoshmang. Goʻsht ham boʻladi, toʻsh ham… Shoshgan pishak, koʻr tugʻar, koʻr odamgina Qoʻzi qassobdan goʻsht oladi. Men uni, enasi etagini koʻtarib, toʻgʻnagʻich qadab qoʻygan mahaldan beri bilaman. Yoshligida tovuqni kapgir bilan urib soʻyardi, bemaza. Endi esa gap bermaydi, bodi… Maqtanishlariga kuyaymi? “Qoʻzi emas, qassoblarning “qoʻchqori” emish!”. Qoʻchqor-a? Bilamiz, bebiliska pul bobovlatayotganini… Katta, siz organdan-a? Shu betovfiqning tarozi toshini bir tekshiring… Egov bilan ishqalab gʻozini qochirgan. Ham toshdan, ham tarozidan, ham palladan, ham “kalla” dan uradi… Organ boʻlsangiz bunday…

– Yoʻgʻ-e, organdayam ishlamayman! Nima tanimayapsizmi? Goʻshtdan…

– Taniyapman, katta, taniyapman! Taniganim uchun dardimni dasturxon qilayapman-da! Siz… televideniyedan… Topdimmi? Lekin-chi, shu Qoʻzining basharasini qop-qora qilib… Yoʻq demang… Shu Qoʻzini goʻshtini menga maydalab…

– Obbo, baribir tanimadingiz! Nahotki, eslolmasangiz… Oʻn yilcha oldin shu shahardagi institutda oʻqiganda, siznikida ijaraga turardim. Hozir qishloqda maktabda… Qani eski tanishlik hurmati, oshga tosh bosadigan qilib…

– Hm-m… Oshning goʻshti suyakli boʻladi-da, inogʻa! Men sizni chuchvara… Tavba, qassobxonaga ham papka qoʻltiqlab… Hm-m, xayr… xayr… Hoy, shlyapa! Shoshma, sen axir oʻshanda ikki oylik kvartira haqini bermay… Hoʻ-oʻ, Qoʻziga oʻxshamay…

 

Muhammad OCHIL

 

“Yoshlik”, 2014 yil 2-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/gosht-suyaksiz-bolmas/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x