Har bir milliy adabiyot oʻz tilida, oʻz shakli va anʼanalari bagʻrida yashar ekan, u doimo taraqqiyotga intiladi, boshqa adabiyotlardagi ilgʻor qarashlarni oʻziga singdirish orqali oʻzligini yanada mustahkamlaydi va jahon adabiyoti atalmish ulkan maʼnaviy ummonda oʻz oʻrnini tayin qilishni istaydi. Tabiiyki, soʻnggi ikki asr davomida inson omili rivojlanish barobarida bir-biriga tobora yaqinlashdi. Har qancha urushlar, ayirmachilik, talonchilik va zabt etishlar boʻlmasin, nihoyat, mana shu ulkan planetani oʻzining umumiy uyi ekanligini his qildi, uni asrab-avaylash ham shu “xonadon” vakillarining zimmasidagi vazifa boʻlganini anglab yetdi. Adabiyot va sanʼat mana shu anglatish jarayoniga bosh boʻldi, insonning oʻzaro hamjihatlikda yashashi taraqqiyotning bosh omili deb qabul qilindi. Asrlar davomida oʻzaro dushmanlik kayfiyatida yashayotgan dinlar, eʼtiqodlar tolerantlikka yoʻl berdi, har biri oʻz ustivorligi uchun hech narsani ayamay kurashayotgan “ikki toʻlqin” – antogonistik tizim barham topdi, gʻoya, mafkura yoʻlida oʻz millatini ikkiga ayirganlar (“har bir millatda ikki millat”, “har bir madaniyatda ikki milliy madaniyat” deganlarni eslang) birlik gʻoyasiga yaqinlashdilar. Millat erki, istiqloli har bir moddiy narsadan aziz, har bir ulugʻ gʻoyadan mustahkamroq ekanini hayotning oʻzi tasdiqladi. Inson yagona bir fazoviy, biologik, informatsion, geo – va ekohududda yashayotgan ekan, uning sofligini saqlash, taraqqiyotbardorligi barobarida kelajakka xiyonat qilmaslik, bir millat, guruh yoki mafkura manfaatini yuqori qoʻyib, ikkinchisini tan olmaslik, uning ham mana shu “umumiy uy”da yashashga haqli ekanligini unutmagan holda ish koʻrish kabi taomillarni urf bildi. Ayniqsa, axboriy asrda inson omili oʻzaro yaqinlashishi bilan cheklanmay, bir-birisiz yashashi ham mumkin emasligi azaliy tajalliy (dialektik) qonunga aylandi.
Milliy adabiyot mustaqilligini har qancha oʻjarlik bilan targʻib qilmaylik, u jahon adabiyotining jonli bir aʼzosi ekanidan, uning umumadabiy mushtarak xususiyatlaridan koʻz yumib boʻlmaydi. Shuning uchun qaysidir bir milliy adabiyotda urf boʻlgan hodisa bugun bizga kirib kelayotgan yoki oʻz davrida mumtoz adabiyotimiz boshdan kechirgan jahoniy oʻzgarishlarga ayrim milliy adabiyotlar postmodernizm tufayli erishayotgan ekan, bu tabiiy hol sifatida qaralishi kerak. Matbuot va matbaaning vujudga kelishi adabiyot taraqqiyoti uchun qanchalar xizmat qilgan boʻlsa, kompyuter va internet yuzaga chiqishi bilan adabiyot shunchalar taraqqiyotga yuz tutganini qabul qilmaslik mumkin emas. Ayni mana shu zamonaviy interfaol texnologiyani adabiyotga koʻchirish orqali dunyoning bir chetida “hujra” oʻtirib yozilayotgan asar hali siyohi qurimay ommaga maʼlum boʻlmoqda. Yoki qachonlardir, qaysidir bir milliy adabiyotda maʼlum bir vaqt urf boʻlgan adabiy qahramon yoki hodisalardan bugunga kelib xabar topayotgan ekanmiz, bu ham mana shu moʻjiza tufayli ekanligini his qilamiz. Lekin hamma gap ana shu zamonaviy texnokratik vositalardan nima maqsadda foydalanishda va uning natijasida nimaga erishayotganligimizda. XX asrni atom asri deganlari barchaga ayon boʻlsa-da, adabiyotni atomga qiyoslash birgina oʻzbek adibining tafakkuri mevasi boʻldi. Atom qudratidan ezgu maqsadda aql bilan foydalanilsa, inson kamolotga erishuvi, unga buzgʻunchilik maqsadi bilan yondoshilsa, bir kunda dunyoning kulini koʻkka sovurish mumkinligi ham hammaga maʼlum. Dunyo yaralishining sababi va ilk moʻjizasi boʻlgan SOʻZga munosabatda ham shunday. Men asarimni internetda eʼlon qilsam yoki uning elektron variantini tarqatsam, mening kitobimni koʻchirib olishadi va mening muallifligim yoʻqoladi, degan hadik bilan oʻz ijodi mahsulini tarqatmaslik oʻz asarining tugʻilmasligiga, alaloqibat oʻsha asar muallifining “oʻlimi”ga sabab boʻlishi ham mumkin. Bu bir vaqtlar oʻz ishsizligining sababini dastgoh va uskunalarning yangilanishida koʻrib, ularni sindirishga jazm qilgan “chartistlar harakati” yoki “proletkult”chilar haqidagi voqealar bugun ertakday tuyulishi mumkin, biroq ne qilaylikki, oʻsha ertaknamo hodisot inson omilining kechagi kuni, uni xotiradan oʻchirib yoki yoʻqotib boʻlmaydi. Va bugun unga oʻxshash hodisalarni takrorlashga haqqimiz yoʻq.
Har doim yaxshi suhbatga chorlayotgan nashrimiz “Sharq yulduzi” yilni “muallif oʻlimi” haqidagi bahsdan boshladi. Bahsning asl maqsadi fransuz strukturalisti R. Bartning “qoʻpol soʻzi” (M. Mahmudov), yaʼni “muallif oʻlimi” emas (zamonaviy adabiyot nazariyalarida “muallif tanazzuli”), balki adabiy jamoatchilikni bahsga tortgan adibni oʻylantirgan “asl ijod sogʻinchi”dir.
Darhaqiqat, bugungi tezkor axboriy jarayon va uning koʻpaytiruv vositalari ijodkorni asl asar qaygʻusidan yiroqlashtirib qoʻymaydimi? Agar u haqiqiy maʼnodagi ijodkor boʻlsa, albatta, yoʻq. Oʻzining chirkin va xudbin maqsadlarini zamon bergan imkoniyatlardan foydalanib amalga oshirmoqchi boʻlsa, aslida oʻsha holatning oʻzi “muallif oʻlimi”ga olib keladi. Bunday “mualliflar” bilan toza adabiyot har doim, har qanday vaqtda kurashib va yengib kelgan, ularni oʻlimga mahkum etgan. Buning uchun Rolan Bart ham, Ulugʻbek Hamdam ham aybdor emas. Hamma gap bugungi adabiyotda boʻy koʻrsatayotgan “… kabi salbiy hodisalar”da!
Hamonki, “muallif oʻlimi” munozara boshiga chiqqan ekan, unga mavzu bergan fransuz strukturalisti Rolan Bart (1915–1980) maqolasiga eʼtibor qarataylik. Ulugʻbek Hamdam adabiyotdagi “intertekstuallik” hodisasini sharhlash uchun “Adabiyotshunoslik lugʻati”ga murojaat qiladi. Lugʻatdagi fikrlarni qabul qilgan holda, “intertekstuallik… tabiiy ravishda “subʼyekt oʻlimi” (Fuko), “avtor oʻlimi” (R. Bart) konsepsiyalariga bogʻlanadi”, degan yakuniy jumla vositasida R. Bartning “Muallif oʻlimi” maqolasiga yuzlanadi. Taassufki, maqolaning faqatgina oʻziga xos zachini hisoblangan Balzakning “Sarrazin” novellasi haqidagi boshlanmani keltirish bilan kifoyalanadi (ehtimol, ayni maqola tarjima qilinib, jurnalxonlarga tuhfa qilinsa, adabiy jarayondagi koʻp hodisalarga aniqlik kiritilishi mumkin edi. Aslida, R. Bart maqolasi Balzak novellasi haqida ham, intertekstuallik haqida ham emas. 1968 yilda chop etilgan ixcham maqola (“Izbranniʼe rabotiʼ. Semiotika. Poetika”. Moskva, 1989. S. 384-391) fransuz shoiri Stefan Mallarme (1842–1898)ning til va mualliflik masalasiga bagʻishlangan chiqishini sharhlash uchun yozilgan. Maqola muallifi “yangi tanqid” tarafdorlarining faqat “muallif individi” haqidagi konsepsiyasiga tayanib ish koʻrishlariga qarshi munaqqidlar diqqatini badiiy matn strukturasiga burmoqchi boʻlgan. Aytish mumkinki, maqola biz tushungan maʼnodan tashqarida adibning oʻz qahramoniga munosabati, qahramon ovozining ilk manbadan ajralib uning matnga koʻchishi, tilshunoslik nazaridagi “yozuvchi subʼyekt”, aslida ijodkor shaxs ekanligi, u mualliflik boʻlgunga qadar ham yashagani, iztirob chekkani va adibning dastlabki niyati badiiy ijod mahsuliga aylangunga qadar ham mavjud boʻlib, uning matn ostidagi ishtiroki har doim kitobxon tasavvurlarini boshqarib kelishi haqidagi, munaqqid badiiy asarga munosabatda matn ortidagi oʻsha adib oʻy-fikrlari va tuygʻularini sharhlash orqali asarni tushunishi va tushuntirishi va nihoyat, hozirgi kunda retseptiv estetika sifatida qabul qilinayotgan professional kitobxon mahorati haqidagi qarashlarni qamrab olganki, “Adabiyotshunoslik lugʻati”dagi talqinlar ham, R. Bart maqolasi va uni U. Hamdam tomonidan sharhlanishiyu bundan M. Mahmudovning Rolan Bart Balzakni tanqid qilgan deb gumon qilib, aytgan soʻzlari (“Rollan Bart “muallifning yoʻqolishi” nazariyasini Suqrot va Arastudan olgan, ammo xato koʻchirgan… R. Bartning matnda “muallifning oʻlimi” haqidagi fikrlari asosida poetik sanʼat tabiatini tushunmaslik yotadi. U ilohiy ilhom nimaligini ham tushunmaydi” kabilar)dan ancha yiroqda. Shuning uchun ham biz ayni holatda Rolan Bart maqolasidan bir zum uzoqlashib boʻlsa-da, oʻz adabiyotimizning mahalliy muammolariga nigoh tashlaylik.
Ulugʻbek Hamdam maqolasining uchinchi qismida adabiy mushtaraklik va hamkorlikning oʻn toʻrt jihatiga diqqat qaratadi. Bu jihatlarni tasnif qilar ekan, salbiy holat tashigan taqlid, koʻchirmakashlik, atayinlik, chalkashlik, taʼsirlanish haqida eslatish maʼlumotlarini berib, adabiy jarayondan misollar axtaradi. Ulardan dastlabkisi taqlid, lekin Arastu hakim nazarda turgan mimesis (“tabiatga taqlid”) emas.
Tabiiyki, ilk ijod taqliddan boshlanadi, ijodkor bu dastlabki bosqich orqali oʻzligini topishga, oʻz soʻzini aytishga va oʻz ovozi bilan ifoda qilishga oʻta olishi kerak. Agar u shu bosqichdan oʻta olmasa, doimo taqlidan yozib yashasa, u muqallid sifatida nimagadir erishishi mumkin, biroq muallif sifatida hech narsa boʻlolmaydi. Umr boʻyi ulugʻ bir ijodkorga taqlid qilib, uning ruhini shod qilishi mumkin, lekin oʻzi ijodkor sifatida nolga teng boʻlib qoladi. Buning misolini ulugʻ adib tili bilan aytganda, “hamakligicha qolib ketadi” (A. Qahhor).
Agar bu hol atayinlik kasb etib, asosiy mashgʻulotga aylansa va oʻz hunarini endi biror maqsad yoki manfaat sari yoʻnaltirilsa, adabiyotning zararkunandasiga aylanadi. Mana shunday zararkunandalikning oliy koʻrinishi plagiatlikdir. Bu yumush qonun bilan ham, axloq bilan ham qoralanadi, biroq uning tag-tomiri bilan yulib tashlashga koʻp-da jurʼat qilolmaymiz, turli andishalarga yoʻl beramiz. Bu holni qoralagan holda koʻp gaplar aytamiz-u, misol keltirish zarur boʻlganda, muallifning nomini yashiramiz.
2000 yillarning boshlarida oliy taʼlim tizimida oʻqitilish sifatini yaxshilash maqsadida oʻtilayotgan fanlar boʻyicha maʼruza matnlarini tayyorlash vazirlik tomonidan yoʻlga qoʻyildi. Har bir maʼruzachi-oʻqituvchi kitob, darsliklardan foydalanib oʻzi oʻtayotgan fandan matnlar tayyorladi. Fursat oʻtib, uni oʻquv yurti doirasida foydalanish uchun nashr qilinishi maqsadga muvofiq deb topildi. Oʻz maʼruza matnlari nashrga tayyor emasligini bilganlar oʻzini ortga tashladilar, insof qilganlari nashr qilinsa, koʻchirilgan joylar bilinib qolishini oʻylab, taʼtil paytida uni nashrbop qilib yangilashga kirishdilar. Yangi oʻquv adabiyotlariga ehtiyoj kuchaygan bir paytda bu jarayon talabalarga fanni oʻzlashtirishda ancha koʻmak berdi. Biroq talab boʻyicha maʼruza matni tayyorlashga “imkoni boʻlmagan”lar oson yoʻl tutib, boshqa oliy oʻquv yurtlari tomonidan tayyorlangan qoʻllanmalarni oʻziniki qilib koʻrsatishga urinishdi. Misolga murojaat qilsak, “Hozirgi adabiy jarayon” fanidan Nizomiy nomidagi Toshkent Pedagogika universitetida oʻquv qoʻllanmasi tayyorlanib (2008 yil), universitet ichki faoliyatida foydalanish uchun chop ettirdi. Bunday tayyor materialdan foydalanishning yangi yoʻlini ixtiro qilgan “mualliflar”, qoʻllanmaning kirish maqolasi va ayrim oʻrinlarni oʻzgartirib, yangi dabdabali nom va fan doktori, professorning masʼul muallifligida nashriyoti koʻrsatilmagan holda boshqa viloyatda chop ettirdi (2010 yil, 500 nusxa). Bu ham yetmaganday, taqrizchi sifatida mening nomimni qoʻyishdan tortinmadilar, faqat nashr qiluvchi bu nomdor mualliflardan taqrizni soʻrashga tortindi. Shunday usul iqtisodiy samara berdi shekilli, oradan bir yil oʻtmay ayni kitob, poytaxt nashriyotlaridan birida 1000 nusxada chop etildi. Poytaxtda har qalay ozmi-koʻpmi talab boʻlgani uchun endi taqrizchilarni respublikaning nomdor olimlariga oʻzgartirilib, qayta nashr qilindi va endi bir viloyat doirasida emas, mamlakat boʻylab sotuvga chiqarildi. Bundan xabar topgan “Hozirgi adabiy jarayon” kitobining asl muallifi tegishli muassasalarga murojaat qildi. Natijada, bu kitob yigʻib olinadigan, uyushmaning Adabiyotshunoslik boʻlimida muhokama qilinib, matbuotga maqola tayyorlanadigan boʻldi. Ana endi bu ishni yopish uchun “izlanishlar” boshlandi. Natijada, muhokama toʻxtatildi, tayyorlangan maqola matbuot yuzini koʻrmaydigan boʻldi. Shunda hamma tinch va rozi boʻlar emish. Nimaga? Muallif “oʻlimi”ga! Qaysi muallifning “oʻlimi” haqida soʻz boradi, endi bu yogʻi boshqotirma: kitobning asl muallifini oʻchirib, oʻrniga oʻzlarining nomini yozishgan “mualliflar”mi? Nashrga tavsiya etgan nomdor taqrizchilarning nomini aytmaslik orqali “oʻlim”ga mahkum etilganlarmi yoki kitob va bu oʻyinlar haqida maqola tayyorlagan, lekin matbuotga chiqmagan maqolaning mualliflari “oʻlimi”mi? Bunday “mualliflar oʻlimi”ga kim ovoz beradi va kim aza tutadi? Taassufki, bu birgina men guvohi boʻlgan holat, xolos. Bunga oʻxshash holatlar yuz bermaganiga kim guvohlik bera oladi?
Matbaa ishlarining modernizatsiyasi tufayli kitob bosish jarayoni tez rivojlanib bormoqda. Biroq bu tezkor jarayonni oʻz manfaatiga qarab burayotganlar, asl adabiyot orzusida qoʻliga kitob ushlaganlarni sariq matbuot mevalari bilan “siylayotganlar” qancha? Shuni koʻrib, bilib turib koʻpincha koʻrmaganga olamiz, shunday “yasama” kitoblardan oʻquvchilarimiz soʻz ochsalar, osongina uni “oʻqimadim” deb qoʻya qolamiz. Bir kuni nafaqadagi bir olim qoʻlyozma koʻtarib, bizning nashriyotda chop etilishini istab keldi. “Shu vaqtga qadar 12 kitobim chiqqan, endi bu nashriyotni ham bir koʻrib qoʻyay, dedim” deya oʻzini tanishtirdi. Qoʻlyozma bilan tanishib, bir haftadan keyin qarorimizni aytishni bildirdik. Biroq muallif tezda gapni nashr harajatiga koʻchirib, mablagʻni 100% oldindan toʻlashga rozi ekanligini bildirdi. Shunga qaramay, bir hafta kutish kerakligini zoʻrgʻa uqtirdim. Muallif boʻlsa, “shuncha kutish nimaga kerak, pulini olib, chiqarib beravermaysizmi?” degan zarda bilan uzoqlashdi. Nimaga ayni shu nashriyotni tanlaganini bilmadim-ku, lekin yoʻqligimda mening kitob chiqishiga roziligimni aytib, xodimlarimga mablagʻini ham qoldirib ketibdi. Asar oddiy imlo qoidalariga mutlaq mos kelmaydigan, har sahifada oʻnlab uslubiy va yuzlab imlo xatoliklariga toʻla edi. “Muallif”ning chaqqonligini sezib, uning pulini qaytarib berishni xodimlardan talab qildim. Shukrki, xodimlar haftani kutmay, muallifning mablagʻini qaytarib berishibdi. Belgilangan muddatda muallif kelib, kitob bosilishi kerakligini talab qila boshladi. Men oqsoqolga bu “asar” nashrga tayyor emasligini tushuntirdim, u esa nega 12 ta nashriyot (ular orasida nomdorlarini ham sanadi) kitobimni chiqaradi-yu, siz chiqarmaysiz”, deb oʻdagʻaylab ketdi. “Pulini allaqachon berib qoʻyganman”, deb baland keldi. Surishtirilgandan keyin xodimlar mablagʻni u kishiga qaytarib berilganini aytishdi. Men xodimlar mensiz mablagʻ olganlari uchun uzr soʻradim, har ehtimolga qarshi qoʻlyozmaning qizil qalam bilan bezalgan sahifalaridan nusxa oldim-da, qoʻlyozmani egasiga qaytardim. Ana endi telefonlar ishga tushdi, mening xodimlarim muallifga qoʻpol muomala qilganlari, men esa kitobni uzoq vaqt “olib yotib” qaytarib berganligimni, unga qimmat narx aytilganini va boshqalarni bahona qilib, muallif prokuraturaga murojaat qilibdi. Yaxshiki, prokuratura xodimlari ishga kirishishdan avval mendan nima boʻlganini soʻradilar, men voqeani tushuntirdim. Javobimni asosli bildilar, shekilli, boshqa bezovta qilishmadi. Boyagi “muallif” vaziyatni oʻnglanmaganini bilgach, endi oshkora hujumga oʻtdi va yanada yuqoriroqqa chiqishini aytib, doʻq qila boshladi. Bu kishining qanchalik “muallif” ekanini bildik, biroq bizga qadar kitobini nashr qilgan nashriyot xodimlari nega endi ustoz Abdulla Qahhor maslahat berganday unga “boshqa ish qiling, oʻsha kasbda muvaffaqiyat tilayman”, deyishga botinmadi ekanlar. 12 kitob muallifining 13-siga kelganda “oʻlimi”ni qanday baholash kerak? Taassufki, bunday “mualliflar” tez-tez uchrab turibdi. Hatto “kitob yozadigan odam topib bersa, haqini oʻxshatib berishga roziliklarini aytishdan ham tortinmay qolishdi. Ayrim mualliflikni havas qilganlar bir yoʻla nashriyotda ish bitirishlikni maʼqul koʻrib, muharrirlar bilan savdolasha boshladilar. Bunday beandishaliklarning sababi nimada? Ustoz shoirimiz Erkin Vohidov “Dil tubiga choʻkkan lahzalar” kitobini shunday ustomon kishilar bilan uchrashuvini qayd etishdan boshlab, kichik hangomaga “Men aytib turaman, sen yoz!” degan sarlavha qoʻyibdi. Demak, bu kasallik bugunning yoki kechaning gapi emas, kishilarimiz tabiatiga avvalroq oʻrnashib ulgurgan ekan.
Yaqinda yana bir oshkora eʼlonni koʻrdim: Talabalar shaharchasida kompyuter, yozuv ishlari, kserokopiya qilish bilan cheklanmagan shovvozlar “Referat, kurs ishi, bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalari” tayyorlab beraman, hamma mavzularda”, degan eʼlon berishibdi. Ehtimol, eʼlonga yarasha ish ham topilgandir. Biroq ularning oldiga borib nima ish qilayotganini surishtira boshlaganimda, eʼlon berganlar “qariyb bir yilga yaqin u osigʻliq turganini, endi sezon boshlanganda olib tashlaymizmi?” deya norozi boʻlishdi. Ha, biz bozor sharoitida yashayapmiz, bu degani hamma narsani bozorga solish degani emas-ku! 80-yillarning oʻrtarogʻida rus adibi Yuriy Trifonov “Obmen” degan qissa yozib, mamlakatdagi soxtagarchiliklarni fosh qila boshlaganda, ayni asar haqida “Menyayu sovest na chto-nibud materialnoye” (“Vijdonimni moddiy narsaga almashtiraman”) degan taqriz bilan chiqqani kitobxonlar yodidan koʻtarilmagan boʻlsa kerak (Munozara boshlovchisi “… voqealarni eslab koʻring-a. Chunki siz ham shu kabi salbiy hodisalarga duch kelgan boʻlishingiz mumkin” deya chorlagani uchunmi, menga qadar Z. Isomiddinov bunday samimiy “esdaliklar”dan keltirgani uchunmi, har qalay,, xotiralarga erk berdik. Biroq bu “salbiy hodisa”lardan tezroq qutilishimiz, ular faqat xotiraga aylanib qolishinigina istaymiz).
Hamon gap bugunning asari va kitobxoni haqida gap borar ekan, bugungi globalizm sharoitida “asl asar qismati” sohaga aloqador har kishini oʻylantirishi, tabiiy. Har qanday muallif ham oʻz badiiy niyati kitobxonlarga tezroq va toʻgʻriroq yetib borishini istaydi. Bu yoʻlda turli zamonaviy vositalarga, fikr ifodasining virtual jihatlariga ham eʼtibor qaratadi. Matn quruq soʻzdangina iborat boʻlib qolmasligi uchun uning yoniga turli shakllar, chiziqlar va rasmlar joylashtirish, internet orqali matn uzatishda esa audiovizual usullarga koʻproq murojaat qilish kuchaymoqda. Hatto ish shu darajaga borib yetadiki, tasvirdagi qoʻshimcha vositalar, rasmlar, ovozu kliplar asosiy matnning oʻqilishiga xalaqit bermoqda. Tasavvur qiling, siz internet orqali biror asar bilan tanishmoqchisiz. U agar boshqa tilda boʻlsa elektron lugʻatlar, vikipediya va internet qoʻllanmalari sizga yordamga keladi. Hatto oʻsha asarning oʻzingizga maʼqul joyini topib, kompyuter-daftarcha (netbouk)ngizga “yuklab” olasiz. Uni boshqalarga tavsiya etish, sogʻinganda qayta-qayta oʻqish imkoniyatiga ega boʻlasiz. Bu bir jihatdan yaxshi. Ishingiz tezlashadi, izlanishlaringiz ortiqcha ovoragarchiliksiz samara beradi. Biroq ayni imkoniyatdan foydalanish boshqa, uning “imkoniyati darajasi”da yangi “asar” yasash boshqa ish. Taassufki, internet sahifalarida paydo boʻlayotgan “adabiyot materiallari” ana shunday koʻchirmakashliklarga toʻlib yotibdi. Bu jarayonni toʻla nazorat ostiga olishning imkoniyati yoʻq. Faqat, shoir aytmoqchi, “chegaradir insof va vijdon”. Endi koʻchirmakashlikka yoʻl berar ekan deb internet saytlariga hujum qilib ham boʻlmaydi. Nafaqat ijtimoiy saytlar, balki xususiy saytlar orqali ham shunday chala asarlar, referatlar, tayyor dissertatsiyalar savdosi avj olmoqdaki, bu jarayonni qanday qilib toʻxtatish borasida butun adabiy jamoatchilik oʻylashi kerak. Hatto ochiq matbuotga chiqmaydigan igʻvo va “duv-duv” gaplar ham shunchalik tez tarqalmoqdaki, oq qogʻoz bilan yuzma-yuz oʻtirgan adib oʻz vijdoniy burchini qanchalar his qilsa, asr moʻjizasi hisoblangan internet qarshisida ham oʻzlarini shunday tutishlari kerak.
Modernizatsiya tufayli sanoatda, ishlab chiqarishda va hayotning har jabhalarida raqamli uskunalar faol qoʻllanilish davriga kirdi. Bu maʼlum maʼnoda mexanik dastgohlar va ishlab chiqarishning anʼanaviy usullaridan voz kechishni talab qiladi. Raqamli uskunalar tez va sifatli tarzda yuksak samara bermoqda. Mana shu imkoniyatlar ham maʼlum maʼnoda yozilayotgan asarning kitobxonga yetib borishini tezlashtiradi, hatto jurnalda biror asar nashrga tayyorlangandan keyin u chop etilgunga qadar matbaa vositalari orqali kitob holida tezroq oʻquvchiga yetib borayotgani ham sir emas. Biroq bu tezkor jarayon ham badiiy ijodning azaliy talablarini aylanib oʻtib, yoki nusxakashlik, atayinlik (U. Hamdam ijobiy maʼnoda qoʻllagan bu soʻzni. Men birovga buyurtma berib yozdirishlik maʼnosida qabul qilib, unga qarshi kurashga barcha sof adib va munaqqidlarni chaqirmoqchiman) kabi illatlarga boʻyin bermaslik kerak. Bugungi tezkor zamonning xususiyatlarini sanaganda faylasuflar narsa, buyum va boshqalarni taʼmirlagandan koʻra yangisini olish ham samarali, ham arzon boʻlishini aniqlaganlar. Shunday sharoitda bir martalik roʻzgʻor buyumlaridan tortib texnik vositalargacha turmushimizga kirib keldi. Biroq bir martalilik ustivor boʻlgan sharoitda, adabiy asarning taqdiri ham bir marta oʻqishlik boʻlib qolmayaptimi? Bu holat adabiyotda bugungi bir martalik davridan ham avvalroq boʻlgan, boʻlib kelgan. Bir marta oʻqishga zoʻrgʻa yetadigan, kitobxonni majburiyat yuzasidan “kitob oʻqishga bogʻlab” turgan omillar bor, lekin erki va shu bilan birga, sogʻinganda oʻn, yuz va undan keyin qayta-qayta oʻqishga arzirli asarlar borki, ularni har safar qayta mutolaa qilinganda yangi fikr topasiz, yangi ruh olasiz, hech boʻlmaganda, sogʻinch tuygʻularini yangilab olasiz (muallif “oʻlimi” emas, haqiqiy muallif sogʻinchi, Ulugʻbek Hamdam niyat qilganday, asl asar sogʻinchi). Misollar keltirishga shoshilmayman. Agar bugungi iqtisodiy (bozor) sharoitdan kelib chiqib, mana shu jihat adabiyotga ham kirib kelsa bormi, Xudo koʻrsatmasin, bir martalik romanlar, sheʼrlar, dramalar, bir koʻrishlik film, sahna asari, ijro yoʻllari… adabiyot va sanʼatning tanazzulga olib boradigan yoʻl shu boʻladi. Bir paytlar “roman oʻlimi” (keyinroq Sh. Xolmirzayev maqolasida koʻtarilgan “adabiyot oʻladimi?”) muammolari maʼlum maʼnoda soʻnggi davrga tegishli boʻlib, u Rolan Bart maqolasida aytilgan “muallif oʻlimi”ga qarindosh muammolardan sanaladi. Badiiy adabiyot uchun matn birlamchi, uning xalqqa osonroq va taʼsirliroq yetkazish uchun kuyga solinadi, ijro etiladi, ijroda bir ovozlilik kamlik qilib, koʻpovozli musiqa uskunalaridan foydalaniladi, koʻrishlik boʻlishi uchun klip tayyorlanadi, unga mashhur kishilar yoki aktyorlar jalb qilinadi, ijro shakli va usullari tanlanadi, nihoyat mahsulot holida oʻquvchi yoki tinglovchiga yetib borishi davomida yana qancha savdolarga duch keladiki, oʻsha dastlabki matn va uning muallifi nafaqat qabul qiluvchi (retsipiyent) tomonidan, balki sinchi munaqqidlar tomonidan ham ilgʻab olinmaydigan darajaga yetadi. Endi ijro usuli va audiovizual vositalarning ishtirokiga qarab oʻsha “asar”ga baho beriladi. Bu jarayonda muallif va uning matni qancha foizni tashkil qiladi, bu yogʻi endi yolgʻiz Yaratganga ayon. Shu holat mavjud ekan, undan voz kechib ham boʻlmaydi, oʻz holiga tashlab qoʻyish ham oʻsha ijodkor (matn muallifi)ga nisbatan kamida hurmatsizlik boʻladi. Bu toʻgʻrida koʻp yozilgan, yozilyapti, ammo natija…
Yaqinda el sevgan shoirlardan birining kitob taqdimoti boʻldi, har jihatni oʻylab, juda mukammal tarzda tashkil qilingan taqdimotga sanʼatkorlar ham jalb qilingan. Tabiiyki, agar sanʼatkor mavzuga mos ravishda oʻsha shoir ijodidagi asarlardan birini yangicha ijro bilan aytsa, nur ustiga nur, ijodning sirqirra jihatlari bir-birini toʻldirgan boʻlardi. Sanʼatkorga navbat berilgandan keyin avvaliga sekingina bir-ikki kishiga eshittirib, soʻngra mikrofondan baralla “nega shunday ziyoli davra oʻz xonandasini olqish bilan kutib olmayapti”, degan gina qildi. Hali ijro etilmagan “asar”ga baho, yaʼni olqish soʻrayapti. Yonimdagilar buni “ijro uchun pul berilmaydi, hech boʻlmasa, qarsak bilan haqini toʻlanglar” maʼnosida talqin qilishdi. Nachora, el ogʻziga elak tutib boʻlmaydi, biroq shunday beoʻxshov gap chiqishiga, menimcha, sanʼatkorning oʻsha nooʻrin luqmasi sabab boʻldi.
Asar muallifi bizning istagimizdan qatʼi nazar, nisbatan parda orqasiga oʻtayotgan ekan, bu jarayonga “ovoz berish” emas, balki muallifni bu turli “oʻlim”dan qutqarish kerak. Buning uchun barcha ziyolilar, muallif, ijrochi, kitobxon, tinglovchi va boshqalar ishtirok etishi kerakki, ulardan birortasining ishtirokisiz bu murakkab jarayonni yaxshilik yoʻliga oʻnglab boʻlmaydi.
Dunyoda “Hamlet”ning ikki yuzdan ortiq rasman tan olingan sahna talqinlari va tarjimalari mavjud. Badiiy va animatsion filmlardagi talqinlari esa behisob. Unga taqlid qilgan muqallid dramaturglarning asarlari sonini bilmaymiz. Biroq Shekspirning muallifligi shuncha talqin va tahdidlar orasida yoʻq boʻlib ketmaydi. Yoki Hazrat Navoiy asarlari necha yuz yildan beri yuz xil talqinda oʻqiladi, hatto simfonik orkestr yordamida “Xamsa”ni oʻqishga kirishilgani maʼlum. Biroq Navoiy yaratgan quyma matn oʻz butunligini saqlab turibdi, ayrimlar uni notoʻgʻri talaffuz yoki ijro etsalar, ustoz sanʼatkorlar uni toʻgʻrilab turishibdi. Chunki bunda muallif dahosi asarning umrboqiyligi va turli talqinlarga bardoshliligini taʼminlab turibdi. Shu oʻrinda munaqqid Ulugʻbek Hamdam keltirgan narsiss guli yodga keladi. Bu gulning “baquvvat daraxtlar tanasidan unib chiqib, uning shirasi bilan oziqlanib koʻkka boʻy choʻzish” qismati ekan, qanday “shira” bilan oziqlanishi, qanday “tana”ga yopishish (tayanish)ga ham koʻp narsa bogʻliq. Agar ijodkor niyati nekbin, maqsadi pokiza boʻlsa, u oziqlanadigan azamat daraxtlar talaygina. Faqatgina oʻsha narsiss guli boshqa tana va shira hisobiga yashayotganini oʻzi bilarmi ekan? Munaqqid va faol kitobxonning vazifasi ana oʻsha birlamchi manbani eslatib turish, muqaddas zamindan ildizi uzilgani hamon uning “oʻlishi” ham muqarrar ekanini unutishga yoʻl bermasligi kerak.
Mana shu kabi mulohazalar girdobida fikr ilk badiiy matn jozibasi, kuchi, fikriy quvvati, maʼnaviy-ruhiy qudrati, yaʼni ijodkor isteʼdodi tabiatiga borib taqaladi. Matn va ijroda muallif koʻrinmasligi, parda ortida qolishi mumkin. Biroq munaqqidning vazifasi ana shu sahna ortidagi muallifni sahnaga chiqarish, “koʻrinmas” matn ichidan asl muallifni aniqlashdan iborat. Irland olimi Terri Igltonning “Adabiyot nazariyasi” kitobining “Siyosiy tanqid” boʻlimidagi shu soʻzlarni yodda tutaman: “Bilamizki, arslon uning oʻrgatuvchi (dressirovshik)sidan kuchli, buni arslon oʻrgatuvchi ham biladi. Muammo shundaki, arslon oʻzining undan kuchli ekanini bilmaydi. Sir emaski, adabiyot arslonga haqiqatni anglashga yordam berishi kerak”. (Iglton T. Teoriya literaturiʼ. Vvedeniye. M.: Izd.: “Territoriya budushʼego”, 2010. S. 257). Yoʻqsa, arslonning quvvati arslon oʻrgatuvchining nayranglari oldida koʻrinmay qolaveradi, u oʻz qudrati va “hunari”ni “egasi” qoʻlidagi qandni olib yashashga sarf qilaveradi.
Yagona ekoolamni toza saqlash uchun, shu olamdagi barcha jonzotlar va ularning eng aqllisi va moʻtabari – planetada yashayotgan inson masʼul boʻlgani kabi hozirgi yagona informatsion hududda adabiy olam – milliy adabiyot sofligi uchun ham shu olamda yashayotganlar va ishlayotganlarning barchasi (mualliflar, noshir, munaqqid va kitobxonlar) baravar masʼuldirlar.
Hamidulla BOLTABOYEV
“Sharq yulduzi”, 2014–4
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/globalizm-muallif-olimi-ga-rozimi/