GILZA (nem. Hiilse, soʻzma-soʻz — qobiq) — 1) artilleriya G. si — porox zaryadi, qoʻshimcha elementlari (alanga soʻndirgich va b.), alangalash vositasi (kapsula) ni joylash uchun moʻljallangan yupqa devorli metall stakan;
2) miltiq, pulemyot va b. qurollar uchun moʻljallangan Gilza porox zaryadi va oʻq bilan birga patronni tashkil qiladi, u ham metalddan tayyorlanadi. Ov miltigʻi uchun moʻljallangan Gilza metall yoki kartondan yasaladi, ichiga porox zaryadi (pitra, oʻq va pij — latta-putta yoki jun tolalari) joylanadi;
3) suv bilan sovitiladigan porshenli issiqlik dvigatellari blokkarteriga oʻrnatilgan silindrik moslama. Ishqalanib ishlaydigan sirtlarning yeyilishini kamaytirish va almashtirishni osonlashtirish uchun qoʻyiladi. Dvigatel porsheni silindr G. sida harakatlanadi, shuning uchun Gilzaning ichki sirti yaxshilab silliqlanadi; tashqi tomondan blok-karterning suv gʻilofida aylanib yuradigan suv bilan sovitib turiladi. Bunday Gilza choʻyandan yasaladi;
4) papiros (sigareta) Gilzasi — tamaki joylanadigan qobiq. U yupqa qogʻoz va qalinroq qogʻoz mundshtukdan iborat. Filtrli sigareta Gilzasi qogʻoz filtr bilan tugaydi.