GEOEKOLOGIYA — ekologiyaning yuqori bosqichdagi ekosistemalarini, shu jumladan biosferani oʻrganuvchi fan. G. (landshaft ekologiyasi, geografik ekologiya) 20-a. 30-y. larida nemis olimi K. Troll tomonidan taklif qilingan, lekin tarmoklararo fan sifatida 90-y. lardan shakllana boshladi. Geoekologiya tabiiy va inson tomonidan oʻzgartirilgan yuqori bosqichdagi ekosistemalarning tarkibi, strukturasi, mavjud boʻlish qonuniyatlari va evolyutsiyasini oʻrganadi. Yerning ekologik muammolari toʻgʻrisidagi barcha bilimlarni jamlaydi va tabiiy fanlar, xususan biol., geogr., geol. fanlari tadqiqot natijalaridan foydalanadi. Asosiy maqsadi Yerda hayotni taʼminlovchi muhitni saqlab qolishga qaratilgan.
Geoekologiya hududda tirik organizm (shu jumladan inson)ning atrof muhit bilan boʻlgan oʻzaro aloqasini oʻrganadi. Bu jihatdan Geoekologiya geografik (hududiy) va ekologik (sistemali subyekt — muhit) tadqiqot turini oʻz ichiga oladi. Hududlarda ekologik vaziyatlar qanoatlanarli darajadan falokat darajasigacha oʻzgarishi mumkin. Ushbu muammolarning yechimida Geoekologiya fani boshqa tabiiy fanlar bilan birgalikda katta ahamiyat kasb etadi.