GENETIK KOLLEKSIYA — belgi va xususiyatlari bilan oʻzaro oʻxshash va ularning rivojlanishini taʼmin etuvchi genlar boʻyicha gomozigotali organizm liniyalari yigʻindisi. Ilmiy va metodik asoslangan fundamental genetik tadqiqotlar uchun baza hisoblanadi. Seleksiyada yangi nav darajasiga yetish arafasida turgan kelajak nav seleksion liniya deb ataladi. Genetik kolleksiyani tashkil etadigan genetik liniyalar quyidagi guruhlarga boʻlinadi: toza liniyalar yoki izogen liniyalar. Ularni yaratish uchun oʻz-oʻzidan (bugʻdoy, noʻxat) yoki qisman chetdan changlanuvchi oʻsimliklardan foydalaniladi. Mas: guzaning izogen liniyalari bir necha yil oʻz-oʻzidan changlantirish (inbriding usuli) va tanlash natijasida yaratildi,inbred yokiinsuxt liniyalar (ilgari «inbred» atamasi hayvonlar, «insuxt» atamasi oʻsimliklar genetikasida qoʻllanib kelingan, hozir koʻproq «inbred liniya» atamasi qoʻllanilmoqda) ni yaratishda chetdan changlanuvchi oʻsimliklar, mas, makkajoʻxorini koʻp yillar davomila majburan oʻz-oʻziga chatishtirish va tanlash orqali uning inbred liniyasi yaratiladi. Inbriding uzoq yillar davom ettirilsa inbred liniyalardan izogen liniyalar yaratilishi mumkin; autbred liniyalar oʻsimliklarda turlararo chatishtirib olingan duragaylardan eksperimental poliploidiya orqali hosil qilingan amfidiploid liniyalar; sitogenetik liniyalar oʻsimliklarning xromosomalari soni va tuzilishi boʻyicha yaratilgan liniyalar. Oʻzbekistonda gʻoʻza boʻyicha yaratilgan va yuqorida aytib oʻtilgan toʻrt xil liniyalar majmuasidan iborat Genetik kolleksiya asosan UzMU va 1992-y. dan boshlab Oʻzbekistan FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi in-ti bilan hamkorlikda yaratildi va rivojlantirilmoqda. Bu G. k. 40 yildan ortiq davr ichida olib borilgan klassik genetika (mendelizm), mutatsion genetika, fiziologik genetika va sitogenetika sohasidagi fundamental i. t. larning natijasidir. Kolleksiyadagi izogen va mutant liniyalarning umumiy soni 200 dan ortadi.
Tajriba natijasida olingan liniyalar kasalliklarga, zararkunanda hasharotlarga, noqulay tabiiy sharoitlarga (qurgʻoqchilik, shoʻrxoklik) chidamliligi bilan ajralib turadi.
Gʻoʻza genetik kolleksiyasining izogen, mutant, amfidiploid, monosom liniyalari fundamental va amaliy genetik, molekulyar, ekologik tadqiqotlar uchun hamda yangi navlar yaratishda seleksion ishlar uchun boshlangʻiya material sifatida samarali ishlatilmoqda.
Ad.: Musayev D. A., Geneticheskaya kolleksiya xlopchatnika i problemы nasledovaniya priznakov. T., 1979.
Sharifjon Turabekov.