Toʻra akaning oʻziga xos erkaliklari bor ediki, faqat uning oʻziga yarashardi. Akaning qaltis paytda qilgan iltimoslariga hatto ogʻamiz Saʼdulla Siyoev ham gʻiring deyolmasdi. Bu albatta Saʼdulla akaning Toʻra Sulaymonni oʻta siylaganidan boʻlsa kerak. 1980 yilning may oyida Saʼdulla Siyoevning 50 yillik yubileyi har jihatdan uyushgan holda oʻtdi. Adib ogʻamizga tortiq qilingan sovgʻalarning orasida eng noyobi oppoq charmdan tayyorlangan sumka edi. Toʻra aka ikkilanib oʻtirmay:
– Saʼdulla, men shunday goʻzal sumkalarga yarashiqli ijodkorman. Rozi boʻl, – deya menga yuzlanib, – Tursunjon, bugun senikida qoʻnoq boʻlmoqchiman, qani ketdik, – dedi.
Oʻsha paytlarda Yunusobodda ijarali uyda yashardik. Uyga kelsak talaba oʻgʻlim Murodjon dars tayyorlab oʻtirgan ekan. Toʻra aka oʻgʻlimni yoshligidan tanigani uchun tezda tillashib ketdi. Talabaning dazmollangan, ammo ancha urinib qolgan koʻylaklaridan olib oʻziga oʻlchab, kiyib koʻrdi va galustugini yaxshilab bogʻladi.
– Talabadan SirFA Akademigiga munosib shu koʻylak ekan, rozi boʻl! Yoqasi yaxshi, galustukka mos tushdi, – dedi. Oʻgʻlim xijolat, men zimdan unga ishora qildim.
Toʻra aka oʻrnidan turib qizil sumkasini ochib, yaltiroq qogʻozga oʻralgan oppoq koʻylakni Murodjonga qoʻsh qoʻllab tutdi.
Tursunboy Adashboyev
“Ijod olami”, 2018/6
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/galustukka-mos-tushdi/