Kolumbiyalik taniqli yozuvchi, Nobel mukofoti sohibi, “Yolgʻizlikning yuz yili”, “Buzrukning koʻzi”, “Polkovnikka hech kim xat yozmaydi” singari koʻplab jahonshumul asarlar muallifi Gabriel Garsia Markes ham bir paytlar bola boʻlgan. 1927 yilning 6 marti tongotar pallasida katta oilaning kelajakda tugʻilajak oʻn farzandi – toʻrt nafar qiz bola, olti nafar oʻgʻil bolaning toʻngʻichi boʻlib dunyoga kelgan boʻlajak buyuk adibning bolaligi ham gʻaroyibotlaru hayratlar, orzu va havaslarga nihoyatda boy boʻlgan.
Oʻsmirlik chogʻida har xil oʻqishlar va kasbu korlarni egallash zarurligini tinmay uqtirib tazyiq va zugʻum qilgan otasiga onasi orqali u shunday degan ekan:
– Mening bu hayotda yakkayu yagona istak-maqsadim – yozuvchi boʻlmoq va men albatta, bunga erishaman.
Oʻqishni oʻrgana boshlaganida alifbodagi “m” harfining “em” deb oʻqilishi hali bola Gaboga mantiqsizlikday tuyulgan ekan. Uning unli, undosh tovushlar bilan ilk toʻqnashuvi shundoq boshlangan. Harf tanigach, bobosining omborxonasida chang bosib yotgan sandiqdan yarim varaqlari yoʻq, titilib ketgan kitobni topib, muk tushib astoydil mutolaaga shoʻngʻiganida, xonadon mehmonlaridan biri: “Xudo haqqi, bu bolakay hali yozuvchi boʻlib ketadi!” deb hayratlangan ekan.
Mazkur kitobdan olgan taassurotlarini, undagi baliqchi haqidagi qisqa va goʻzal rivoyatni adib keyin shon-shuhratga gʻarq butun hayoti davomida minnatdorlik bilan eslaydi. Adibning “Hayot haqida hikoya qilmoq uchun yashamoq” nomli esdaliklar asaridan maʼlum boʻlishicha, ushbu kitob “Ming bir kecha” ertaklarining bir jildi ekan.
Markes bolaligida mehr va chanqoqlik bilan mutolaa qilgan ikkinchi asar esa general bobosi sovgʻa qilgan kattakon lugʻat kitobi boʻlgan. Yozuvchi oʻz xotiralarida: “Men bu tabarruk lugʻatni xuddi roman oʻqiganday zavq bilan mutolaa qildim va mening yozuvchilik qismatimning asosiy kitoblaridan biri deb bilaman”, deb eʼtirof etgan.
“Ijod olami”, 2018/4
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/gabriel-garsia-markes-oqigan-ilk-kitob/