Gʻiybatu tuhmat kimga, nima uchun kerak?

Har bir mahalla, koʻchaning “mish-mish”chi, boshqacha aytganda, gap tashuvchi ayollari boʻladi. Ular har bir axborotdan xabardor boʻlishadi goʻyo.

Kim kelini bilan urishgan, kim eri bilan tortishgan – barchasini bilishadi. Mana, ularning “zahmatli mehnati”dan bir parcha.

Akmal juda yosh uylandi. Dabdabali nikoh toʻyiga koʻpchilik keldi. Yosh kelin-kuyov, qaynonayu qaynota quvonchdan oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi.

– Assalomu alaykum! Yaxshi yotib turdingizmi, – deya choy uzatayotgan kelin barchaning havasini keltirardi.

– Baraka toping kelinposhsha. Keling oʻzingiz ham nonushta qilib oling, – deydi qaynona faxr bilan.

Kelin esa ming istihola bilan keyinroq choy ichishini aytib, uy ishlariga shoʻngʻib ketdi. “Kelinning yelib-yugurib xizmat qilayotganini tomosha qilish qanchalik maroqli. Mana, orzu-havas deganlari shu boʻlsa kerak”, koʻnglidan oʻtkazdi Sapura aya. Akmal esa ota-onasining duosini olgancha, ishga otlandi. Eshik ortida uni kuzatgan kelinchak ham bu manzaraga oʻzgacha qiyofa baxsh etardi.

Buni uzoqdan kuzatib turgan qoʻshni ayollardan biri yigitni toʻxtatdi.

– Voy, Akmaljon yaxshimisiz? Toʻgʻrisi bir gap eshitib qoldim. Aytay desam tilim, aytmay desam yon qoʻshnimsiz, sizga jonim achiydi.

– Salima opa tezroq aytaqoling, nima gap? – deya shoshirdi.

– Ha, mayli aytganim boʻlsin. Ayolingiz bir yigit bilan toʻydan oldin uchrashib yurgan ekan, siz ehtiyot boʻling tagʻin haliyam uchrashayotgan boʻlmasin…

– Bunday bemaza gaplarni qayerdan topdingiz. Bu boʻhton. Men ayolimni yaxshi bilaman, unga ishonaman, – deya Akmal oʻz yoʻlida davom etdi.

Shunday boʻlsa-da koʻngliga shubha oraladi. Koʻchasida ikkita ayolga koʻzi tushdi deguncha, ular Akmalga qarab nimalarnidir oʻzaro pichirlashayotgandek tuyulardi. Borgan sari ayolining non olishga chiqib ketishi ham uni shubha-gumonda qoldira boshladi. Qoʻshni ayol yolgʻon gaplarni butun mahallaga tarqatib boʻlgan, odamlar ogʻzidagi gaplar Akmalning doʻstlariga ham yetib borgandi.

Bu boʻhtonlar oʻz navbatida qaynonaning ham qulogʻiga chalindi. U esa kelinning har bir hatti-harakati, soʻzlaridan ayb izlaydigan boʻlib qoldi. Kunlardan bir kun uyiga ertaroq kelgan er xotinini uyda telefonda gaplashayotganini koʻrib qoldi. Ming xayolga borib, oʻylab ham oʻtirmasdan:

– Qoʻlga tushdingmi yengiltak. Oʻynashing bilan gaplashyapsanmi? – deya ayolni turtkilay ketdi. Uyda toʻs-toʻpolon koʻtarildi. Kelin hushidan ketdi. Bu orada qizning ota-onasi ham yetib keldi. Qayerdan bilishdi deysizmi? Axir qiz bechora onasi bilan gaplashayotgandi-da. Koʻngli behuzur boʻlayotganini aytganida onaizor qanchalik quvongandi-ya. Qizining ahvolini, ayniqsa, homilaning nobud boʻlganini bilgan ota-ona farzandini bu uyda qoldirmadi. Turli gap-soʻzlar koʻpayib, oila parokanda boʻldi.

Yoshlar ajrashib ketishdi. Gʻiybatchi ayollarning gaplari guldek oilaning buzilishiga sabab boʻldi. Ha-ya ularga yana gap topildi: “Eri tutib olibdi-da, shunga ajrashishdi…”

Afsuski, bu toʻqib chiqarilgan hikoya emas. Bunday voqealar mening yoki sizning mahallada boʻlyapti va davom etmoqda. Xoʻsh, bunga kim aybdor?..

 

Muhammadsodiq TOʻRAYEV

 

od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/giybatu-tuhmat-kimga-nima-uchun-kerak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x