Gʻayratiy (1902–1976)

Oʻzbek adabiyoti ravnaqiga oʻz ulushini qoʻshgan adiblardan biri Gʻayratiy – Abdurahim Abdulla oʻgʻlidir. U 1902 yilda Toshkentning Degrez mahallasida hunarmand oilasida dunyoga keldi. Otasi oʻqimishli, adabiyotga qiziqqan kishi boʻlgan. Onasidan erta judo boʻlgan Abdurahim mahalladagi Oyimxon aya qoʻlida tarbiya topadi. Uning adabiyotga qiziqishida ham aya aytgan ertaklar muayyan rol oʻynaydi.

1912–1915 yillarda u eski maktabda, soʻng madrasalarda tahsil oladi. Shu yillarda Navoiy, Muqimiy, Furqat asarlari bilan tanishadi. Oktyabr toʻntarishidan soʻng Toshkentdagi “Namuna” maktabi qoshidagi oʻqituvchilar tayyorlash kursini tugatib, xalq maorifi sohasida ishlaydi. Boʻlgʻusi adibning ilk sheʼri 1921 yilda “Bolalar haftasi” nomi bilan “Qizil bayroq” gazetasida bosilib chiqadi.

1926 yilda Gʻayratiy Ozarbayjonga borib, Bokudagi bilim yurtida oʻqiydi. U yerda M. Oʻrdubodiy, M. Mushfiq, S. Rustam, J. Jabborli kabi taniqli adiblar bilan tanishadi, ular bilan muloqotda boʻladi. Bokudan qaytgach, Toshkentdagi musiqali drama teatrida adabiy emakdosh vazifasida xizmat qiladi.

1929–1931 yillarda Oʻzbekiston Davlat nashriyotida muharrir, boʻlim boshligʻi boʻlib ishlaydi. Uning birinchi sheʼriy toʻplami 1927 yilda “Erk tovushi” nomi bilan nashr etiladi. 1928 yilda “Yashash taronalari” sheʼriy toʻplami, “Qutulish” nomli hikoyalar toʻplami chop etiladi. Shundan soʻng adibning “Hashar” (1929), “Qora yuraklar” (1931), “Oshiq hukmi” (1932), “Onamga xat” (1933), “Tanlangan asarlar” (1934), “Shikasta” (1935), “Mahkam” (1935), “Sevgi” (1939), “Oltin yoshlik” (1940), “Hikoyalar” (1957), “Tanlangan asarlar” (1958) kabi qator toʻplam va dostonlari nashrdan chiqdi. Gʻayratiy Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda Furqat va Hamza kabi ustozlari haqidagi “Gʻurbatda Furqat”, “Shoir”, “Oʻlmas qoʻshiq” kabi kitoblarini chop etdi. Shuningdek, “Tepalik mozor” (1959), “Hilola”, “Sababi ‒ tiriklik” (1958), “Maxsum qochdi” (1960) kabi hajviy hikoyalar ham yaratdi. “Dovdirash” nomli hajviy hikoyalar toʻplamini nashr ettirdi.

1973 yilda esa ikki jildlik tanlangan asarlari bosildi. Ayniqsa, “Rustamning sarguzashtlari” qissasi yoshlar va oʻsmirlarning sevimli kitobi boʻlib qoldi. Gʻayratiy ayni chogʻda E. Vohidov, Sayyor, Yu. Shomansur, X. Saloh, Toʻlqin, A. Eshonov kabi isteʼdodli shoirlarga murabbiylik qildi.

1972 yilda Gʻayratiyga “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni berilgan.

U 1976 yil 22 yanvarda olamdan oʻtdi. Vafotidan soʻng “Quyoshga muhabbat” (1980) nomli sheʼriy toʻplami nashr etilgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/gayratiy-1902-1976/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x