“Hodi Zarif bilan suhbatlar” kitobidan
Atoqli folklorshunos olim Hodi Zarif togʻasi, onasi Zaynab Muhammadolim qizining ukasi, birinchi oʻzbek professori, yirik tilshunos, folklorshunos Gʻozi Olim Yunusovni oʻzining birinchi ustozi hisoblar, 1919 yili otasi Tillaxoʻja Umarxoʻja oʻgʻli vafotidan keyin bir muddat, asosan, togʻasining uyida yashaganini, mustaqil oʻqib-oʻrganishi va fan olamiga kirishida uning alohida xizmatlari borligini suhbatlarda qayta-qayta taʼkidlardi. Chindan ham Gʻozi Olim Yunusov Qohira va Istanbul universitetlarida til va adabiyotdan tashqari tarix, falsafa va iqtisoddan mukammal bilim olgan, arab, fors, nemis, rus va turkiy tillarni puxta egallagan yirik mutaxassis edi. Yuksak zamonaviy va puxta bilimga ega boʻlgan olim sifatida Oʻzbekistonda madaniy qurilish, til va imlo masalalarini hal qilishda faol ishtirok etdi, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, folklorshunoslik, tarix, etnografiya, falsafa va huquqshunoslik bilan jiddiy shugʻullandi. U vaqtlarda Gʻozi Olim Yunusov mazkur sohalarning yirik mutaxassisi, zoʻr bilarmoni hisoblanardi.
Gʻozi Olim Yunusov Turkiston maorif xalq komissarligi huzuridagi ilmiy kengash (1918–1920) va Teatr-etnografik bilim hayʼati (1920–1924) aʼzosi hamda Oʻzbek bilim hayʼati (1920–1924) raisi sifatida folklor va etnografiya materiallarini toʻplash, oʻquv qoʻllanmalari tuzish, imlo qoidalarini isloh qilish va ixchamlashtirish ishlarida qatnashdi, rahbarlik qildi, ayni paytda, Savdo jamiyatida, Adliya xalq komissarligida ishladi. Bu yerda adliya qonun-qoidalarini oʻzbek tiliga tarjima qildi, iqtisod va adliya atamalaridan ikki tilli lugʻatlar tuzdi. Atoqli olim Oʻzbekiston maorif xalq komissarligi fan boʻlimining ilmiy kotibi va Oʻzbeklarni oʻrganish qoʻmitasining raisi boʻlib ishlagan yillarida ham (1925–1929) juda katta tashkilotchilik ishlarini olib bordi. Oʻzining “Oʻrta Osiyo turkiylarining yangi alifbosi”, “Yangi oʻzbek lotin alifbosini oʻrganish uchun” kabi maqolalarida arab imlosidan lotinlashtirilgan oʻzbek yozuviga oʻtishning ijobiy siralarini har jihatdan puxta tahlil qilish orqali bunday jarayonning ilmiy-amaliy va maʼrifiy ahamiyatini qatʼiylik bilan asoslab berdi.
“Togʻam Gʻozi Olim Yunusov mening birinchi ustozim hisoblanadi, – deb eslab qoldi bir kuni domla. – Men V. V. Bartold, A. A. Divayev, Ye. E. Bertels kabi oʻz davrining taniqli allomalari bilan birinchi marta uning xonadonida tanishganman. U faqat meni emas, amakim – Ahmadxoʻjaning oʻgʻli Mahmudxoʻjani ham ilm yoʻliga solgan olimlardan. Bilasizlar, Fozil Yoʻldosh oʻgʻlining “Alpomish”, “Intizor”, “Zulfizar” kabi keng qamrovli va badiiy yuksak dostonlari xuddi shu Mahmud Zarifov tomonidan yozib olingan. Keyinroq togʻam Buyuk Karimov, Mansur Afzalov kabi olimlarni menga biriktirib qoʻygan boʻlsa ham, ularning tarbiyasiga alohida eʼtibor bergan. Hatto Elbek, Gʻulom Zafariy kabi ijodkorlarga ham xalq ijodi namunalarini toʻplashda yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatganini bilaman.
Gʻozi Olim Yunusov folklor namunalarini baxshilar, ertakchilar, qoʻshiqchilar va boshqa ijodkor-ijrochilar ogʻzidan bevosita, aynan, oʻzgartirmay, aytuvchi shevasida yozib olishni boshlab bergan olimdir. Ungacha eʼlon qilingan namunalar, hatto Herman Vamberining 1867 yili bosilgan kitobidagi folklor asarlari ham savodli kishilardan olingan. Tabiiyki, ularda muayyan “qoʻl urishlar” mavjud. Togʻam oʻzi koʻp ilmiy safarlarda boʻlish bilan birga, uch yirik kompleks ekspeditsiyaga – 1929 yili Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga, 1930 yili Xorazmga, 1932 yili Chirchiq va Ohangaron vohalariga uyushtirilgan folklor, etnografiya va dialektologiya ekspeditsiyalariga boshchilik qilgan. Uning “Alpomish” dostoni, alla janri toʻgʻrisidagi maqolalari hali ham oʻz qimmatini yoʻqotgan emas. 1926 yili “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnalida imzosiz bosilgan “Oʻzbek el adabiyotiga tegishli maʼlumotlarni toʻplovchilarga qoʻllanma” ham Gʻozi Olim Yunusov tomonidan yozilgan”.
Gʻozi Olim Yunusovning dastlabki maqolalari, jumladan, “Turkiston” gazetasining 1922 yil 18 dekabr sonida bosilgan “Oʻzbeklarda el tanish ishi” maqolasi folklorga bagʻishlangan dastlabki ilmiy tadqiqotlardan hisoblanadi. Unda birinchi marta: “Oʻzbekning birinchi eposi “Alpomish”dir. U Gomerning “Iliada”siga teng bir asardir”, – deya buyuk dostonimizga juda yuqori va haqqoniy ilmiy baho berilgandi. U folklor asarlarini dastlabki nashr ettiruvchilardan ham biridir. Masalan, 1922 yili sirdaryolik Hamroqul baxshi va bulungʻurlik Fozil shoirdan “Alpomish” dostonidan parchalar yozib olib, “Bilim oʻchogʻi” jurnalining 1923 yilgi 2-3-qoʻshma sonida eʼlon qilingandi. Shunga qaramay, mazkur ulkan alloma oʻz faoliyatining keyingi yillarida folklor bilan deyarli shugʻullanmagan. Buning sababini soʻraganimizda ustoz shunday javob bergandilar:
“Togʻam birinchi navbatda oʻzini tilshunos va etnograf-tarixchi hisoblardi. U 20-yillarda juda koʻp dialektologik va etnografik materiallar toʻplagan olimdir. 1926 yil oxirlarida u menga: “Mana, sen folklorshunos boʻlmoqchisan, yana bir qancha yoshlar yetishib chiqmoqda. Endi men bemalol tilshunoslik bilan shugʻullansam boʻladi”, – degandi. Chindan ham togʻam faoliyatining keyingi oʻn yilida oʻzbek urugʻlari, ularning tarixi, tarqalishi va tili toʻgʻrisida fundamental tadqiqotlar olib bordi. Afsuski, ulardan faqat “Oʻzbek lahjalarini tasniflashda bir tajriba” kitobi nashr etilgan, xolos. Hozir ham bu kitob bilan tanishsangiz, tadqiqotchi har bir sheva hamda shevalar guruhiga xos fonetik, leksik va morfologik xususiyatlarni juda ham noziklik bilan koʻrsata olganiga qoyil qolasiz. Kitobdagi oʻzbek shevalarining etnolingvistik tasnifi ilmiy asoslangani bilan alohida diqqatga sazovordir. Toʻgʻri, oʻzbek dialektologlari keyingi yillarda jiddiy yutuqlarni qoʻlga kiritdilar. Qirqdan ortiq oʻzbek shevalari oʻrganildi, kasb-hunar leksikasiga doir boy material toʻplandi. A. B. Borovkov, V. V. Reshetov kabi olimlar oʻzbek shevalarini yangidan tasnifladilar. Sh. Shoabdurahmonov, F. Abdullayev, S. Ibrohimov, X. Doniyorov, A. Ishayevning tadqiqotlari eʼlon qilindi. Ammo bu ishlarni kamsitmagan holda ayta olamanki, togʻamning kitobi va u tomonidan amalga oshirilgan oʻzbek lahjalarini tasnif qilishdagi bir tajriba hamon tadqiqotchilarning diqqat markazida turibdi, u hech qachon oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi.
Bu oʻrinda yana bir narsani alohida taʼkidlamoqchiman: 30-yillar boshida Oʻzbekistonda Xalq komissarlar kengashi qoshidagi Fan qoʻmitasi oʻsha davrning yirik tilshunosi sifatida togʻamga oʻzbek tilining ilmiy grammatikasini yozishni topshirdi. Togʻam bu ishga juda katta ishtiyoq bilan kirishdi. Hatto jahon miqyosidagi ilmiy adabiyotlar bilan tanishish va yirik olimlar bilan muloqot qilish maqsadida 1934–1935 yillari qariyb bir yilga yaqin Leningradda yashadi. Natijada, toʻrt-besh yil ichida oʻzbek tilining ilmiy grammatikasi yozib tamomlandi. 1937 yili togʻam qamoqqa olingach, uning butun shaxsiy arxivi bilan birgalikda, sal kam ming sahifadan iborat boʻlgan oʻzbek tilining ilmiy grammatikasi qoʻlyozmasi ham olib ketildi. Undan nusxa koʻchirilmagandi. Hozirgacha mazkur noyob tadqiqot va togʻam shaxsiy arxivining taqdiri maʼlum emas…
Eh, u davr gʻoyatda ogʻir yillar edi. Bugun oʻsha voqealarni eslasam, shunday noyob va boy merosning butunlay yoʻqolib ketishida qay bir nuqtalarda oʻzimni ham aybdor hisoblayman. (Axir, uning muayyan qismini saqlab qolish imkoniyati mavjud edi-ku!) Bir misol keltiray. Togʻam 1926 yili “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnalida “Alla toʻgʻrisida bir-ikki ogʻiz soʻz” maqolasini va Ergash Jumanbulbul oʻgʻlidan yozib olingan bir alla matnini eʼlon qilganini bilasiz. Togʻamning arxivida otalar va bobolarning bolani tizzasiga olib turib erkalab aytadigan “Huyya” qoʻshigʻining gʻoyatda badiiy goʻzal bir namunasi ham bor edi. Keyingi barcha ekspeditsiyalar davomida bunday namunani biladigan kishini uchratmadik[1].
Bu qoʻshiqni togʻam kimdan yozib olgani ham hozir xotiramda yoʻq. Oʻsha yillari undan nusxa koʻchirib olishim yoki uni eʼlon qilishda oʻzbek tilining ilmiy grammatikasini yozish bilan nihoyatda band boʻlgan togʻamga yordam berishim mumkin edi-ku! Masalaning boshqa jihati ham bor. Gap shundaki, 1934 yili Til va adabiyot institutida Folklor arxivi yangidan tashkil etildi. Folklor arxivini Samarqanddan Toshkentga koʻchirishda turli joylarda qolgan materiallar bir joyga jamlandi. Hatto koʻchishda yoʻqolgan ayrim namunalarni qaytadan yozib olish tadorigi ham koʻrildi. Togʻam esa oʻzi yozib olgan va toʻplagan materiallarini hamon oʻz uyida saqlardi. Bu materiallarni Folklor arxiviga olishda sustkashlik qildik. Agar togʻamni koʻndirib, 1934–1935 yillari materiallarni arxivga olganimizda, yoʻqolmay, saqlanib qolgan boʻlarmidi?!. Yana kim biladi deysiz? Nima boʻlganda ham, tarix bizga bu imkoniyatni bermagan, endi uni ortga qaytarib boʻlmaydi. Axir, aytadilar-ku: “Soʻnggi pushaymon oʻzingga dushman”.
Boz ustiga, oʻsha davr tashviqoti, qoʻrquv, oʻz jonimizni saqlashga urinish tufayli Gʻozi Olim Yunusov, Fitrat singari ustozlarga nisbatan sal boshqacharoq munosabatda boʻlganmizmi, deyman. Har holda beayb parvardigor… Koʻp oʻtmay millatchi sifatida meni ham ishdan haydadilar. Oʻsha davr matbuoti sahifalariga nazar solsangiz: “Otajon Hoshim, Fitrat, Gʻozi Olim kabi xalq dushmanlari, ularga ergashgan Hodi Zarif, Buyuk Karim singari burjua millatchilari…” qabilidagi yalangʻoch jumlalarga koʻzingiz tushadi. Qiziq, butun umr davomida ona xalqing ijodini toʻplab va oʻrganib kelsang-u, yana millatchi, buning ustiga, burjua millatchisi boʻlsang…”
Mazkur suhbat keyinroq boʻlgandi. Bundan oldinroq, yaʼni, taxminan 1926 yilning sentyabr oyida Gʻozi Olim Yunusovning xalq ogʻzaki ijodiga doir maqolalari bilan tanishib, “Bilim oʻchogʻi” jurnalining 1923 yilgi 2–3-qoʻshma sonida “Alpomish” dostoniga muqaddima”sida: “Yangi adabiyotimizga kuchli milliy asos bizning xalq adabiyotimiz boʻlishi kerak”ligini taʼkidlab, doston “Toshkent va Samarqand uyezdlarida yashayturgʻon oʻzbeklarning mashhur oqinlari Hamroqul baxshi va Fozil jirov Yoʻldosh oʻgʻlining ogʻzidan” yozib olinganini aytadi. Ammo qaysi oʻrinlari qaysi baxshidan yozib olingani aniq koʻrsatilmagan. Jurnalda bosilgan parchani matn jihatidan oʻrganish, uni Fozil shoirdan 1928 yili ikkinchi marta yozib olingan nusxa bilan qiyoslash shuni koʻrsatdiki, dostonning boshlanishidan Boysarining qalmoq eliga koʻchishigacha boʻlgan qism (jurnalda 39-44-sahifalar) Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti, Boysarining qalmoq eliga koʻchishidan Alpomishning safarga chiqib, mozorotda tunashigacha boʻlgan qism (jurnalda 45-58-sahifalar) Hamroqul baxshi varianti, Alpomish va Barchin ruhlarining aytishuvi (jurnalda 58–59-sahifalar) yana Fozil shoir boʻyicha berilgan. Fozil shoirdan berilgan qism ikkinchi variantga nisbatan ancha qisqaligi ham aniqlandi. Bu narsa nashrga tayyorlovchi tomonidan qisqartirilgan boʻlishi ham mumkin. Ammo nashrga tayyorlovchi Gʻozi Olim Yunusov muqaddimada shunday yozadi: “Alpomish” dostoni bundan bir necha yillar ilgari turk etnografi, muhtaram professor Abubakir Divayev tomonidan yozilib, oʻtgan yil Maorif komissariatining bilim kengashi oldidagʻi qirgʻiz-qozoq bilim hayʼati tomonidan kitobcha holida bostirilgʻon edi. Men Qozonda bosilgʻon yana bir qozoqcha “Alpomish” dostonini koʻrgan edim… Professor Divayevnikida dostonning birinchi voqeasigʻina koʻrsatiladur. Ikkinchi voqeasiki, bu dostonning fojeʼ va shoirona qismi koʻrsatilmaydur. Birinchi voqeadan-da koʻp muhim lavhalari tushib qolgʻon. Qozon bosmasida bunga teskari holni koʻramiz. Dostonning birinchi voqeasi yozilmasdan ikkinchi voqeasigʻina yozilgʻon. Faqat bunda koʻp goʻzal lavhalar tushib qolgʻon va oqinning isteʼdodsizligʻidan dostonning nafosatiga koʻp zarar keltirilgan.
Mening tomonimdan yozilgʻon “Alpomish” dostoniga Alpomish botirning boshidan oʻtgan butun voqealar kiradur (koʻrsatiladi). Men bu dostonni oʻzbek oqinlari ogʻzidan yozgʻonda eshitilganicha yozishgʻa va voqealarinda-da hech bir lavhani, hatto ayrim taʼbirlarni qoldirmasgʻa tirishdim. Bundan maqsadim shul mahallalardagi (Samarqand va Toshkent uyezdlaridagi) oʻzbeklarning lahjalarini qayd qilmoq va voqealarni toʻlaligʻicha saqlamoq edi”. (“Bilim oʻchogʻi”. 1923.2-3-son. 38-bet.)
Gʻozi Olim Yunusovning bu mulohazalaridan olim “Alpomish” dostonini toʻla ravishda yozib olgan ekan degan xulosaga kelish mumkin. Chunki u dostonning Qozon va Abubakir Divayev nashrlarining chala ekanini eslab, oʻzi yozib olgan variantda “Alpomish botirning boshidan oʻtgan butun voqealar” koʻrsatilganini taʼkidlaydi. Shunday boʻlsa, unda qoʻlyozma qayerda qoldi? Nega olim jurnaldagi parchani bir baxshi varianti asosida emas, ikki baxshidan yozib olingan matnlarni aralashtirib bergan? Har ikki baxshi variantini alohida-alohida toʻla ravishda qalamga olganmi yoki ulardan parchalar yozib olganmi? Bu savollarni aniqlash hamda aspirantlik ishlarim haqida hisobot berish maqsadida ustozning oldiga bordim. Domla mening savollarimni eshitib, xususan, jurnalda eʼlon qilingan “Alpomish” matnining ikki baxshiga tegishli qismlarini aniqlaganimdan gʻoyatda xursand boʻlib, shunday degandilar: “Folklorshunoslik xalq ogʻzaki ijodi namunalarini yozib olish va yozib olingan asarlar matni ustida ishlashdan boshlanadi. Koʻplar matn ustida ishlash yozma adabiyotga tegishli deb hisoblaydi. Bu unchalik toʻgʻri emas. Faqat matnga yondashuv tamoyillari xilma-xildir. Bugungi kunda xalq ijodchilaridan nimaiki yozib olingan boʻlsa, ularni yoppasiga “durdona” deb eʼlon qilish, kimlar ogʻzaki aytgani yoki kuylanganiga qarab chala, hatto soxta namunalarni ham gʻoyaviy-badiiy jihatdan yuksak asarlar sifatida asossiz ravishda oshirib baholash mayllari mavjud. Folklor namunalari ham badiiy-estetik hodisa ekanini unutmaslik kerak.
Mana, siz “Alpomish” dostoni variantlari haqida dissertatsiya yozayapsiz. Bunda xato qilmaslik uchun har bir variantga zukkolik bilan yondashuv zarur. Folklorshunoslik nuqtai nazaridan qaraganda, arxivlarda toʻplanib qolgan barcha folklor yozuvlarimas, u yoki bu dostonning ikkinchi bir dostonchi boʻlmagan shaxs tomonidan aytib berilgan mazmuni asosida yoki havaskor baxshilar ijrosida paydo boʻlgan namunalarmas, balki dostonchilik anʼanalari doirasida badiiy-estetik hodisa darajasiga koʻtarilgan ijodiy variantlar tadqiqotlar uchun tahlilga tortilishi va nashr uchun tanlanishi kerak. Chunki tinglovchi yoki oʻquvchi ana shunday ijodiy variantlarni mustaqil badiiy asarlar sifatida qabul qila oladi.
Folklorshunos u yoki bu dostonni yozib olayotganda, baxshini “etaklashi”, undan “zamonabop” nimanidir talab qilishi, “zamonaviylik” haqida unga qandaydir maslahatlar berishi kechirib boʻlmas gunohi azimdir. Buning oʻrniga toʻplovchi baxshidan ustozlaridan qanday oʻrgangan boʻlsa va el orasida qanday kuylab kelayotgan boʻlsa, shunday aytib berishni iltimos qilishi zarur. Kuylanayotgan dostonga matniy jihatdan qandaydir oʻzgartirishlar kiritishga faqat va faqat baxshi haqlidir. Chunki qachonlardir asos solingan dostonchilik anʼanalarining merosxoʻri, uni saqlab qoluvchi va yangi sharoitlarda yanada rivojlantiruvchi birdan-bir shaxs baxshidir. Shu sababli folklorshunos baxshilar bilan ularning ustozlari haqida, qay bir baxshi aytgan variantlarning badiiylik darajasi toʻgʻrisida, ustoz ijodkorlarga nisbat berilgan dostonlar yoki ularning parchalari borasida suhbatlar qurishi va bunday suhbatlarda aytilgan fikr-mulohazalarni yozib olishi zarur. Buni yaxshiroq tasavvur qilishingiz uchun bir misol keltiray. Atoqli dostonchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli Boychiborni taʼriflarkan, bir oʻrinda: “Koʻtanidan berisida kiri yoʻq” deb aytgan va 1928 yili shunday yozib olingan. Bir uchrashuvda shoir Koʻsa sinchi tilidan Boychiborning taʼrifi parchasini ijro etganida, mazkur parcha dostonning eng goʻzal oʻrinlaridan biri ekanini, ammo bir misradagi “koʻtanidan” soʻzi sal dagʻalroq chiqqanini aytdim. Fozil shoir norozi boʻlganday bir qarab qoʻydi-yu, hech narsa demadi. Ammo keyingi ijrolarda bu misrani bir necha marta: “Quyrugʻidan berisinda kiri yoʻq” tarzida oʻzgartirib kuylaganiga guvoh boʻlganman. Bu baxshining juda chiroyli badiiy topilmasi edi. Dostonlarni nashrga tayyorlashda baxshilarning ularga kiritgan bunday oʻzgartirishlarini hisobga olish zarur. Ammo matnni “badiiy yaxshilash” bahonasida unga nisbatan har qanday “tahrir” va “qoʻl urishlar” qatʼiy qoralanishi kerak. Fozil shoirning dostonga kiritgan boshqa bir oʻzgartirishini asar ruhidan kelib chiqqan deb aytish qiyin. Sizga maʼlumki, poyga boshida bogʻlab tashlangan Qorajon Alpomishning piri Rajabxoʻja yordamida banddan ozod boʻladi. 30-yillar oxirida shoir dostonni kuylaganda, bu epizodni tushirib qoldirib, badiiy boʻsh olti misrada Qorajon arqonni oʻz kuchi bilan uzgan tarzida tasvirlagan. Bu fakt baxshilar kimlarningdir taʼsirida baʼzan kuylanayotgan dostonlarga notabiiy qoʻshimchalar ham kiritishlari mumkinligini koʻrsatadi.
Variantlarni oʻrganganda shuni ham hisobga olish kerakki, yozib olingan matn baʼzan baxshi kuylab kelayotgan dostonni toʻla oʻzida aks ettirmasligi mumkin. 1955 yili Abdulla shoirdan yozib olingan “Alpomish” dostoni variantida shunday hol kuzatiladi. 1929 yilgi folklor ekspeditsiyasi ishtirokchilariga Abdulla shoir dostonni juda yuksak badiiy saviyada kuylab bergandi. Afsuski, u vaqtda dostonni yozib olmaganmiz. Bu oʻrinda shuni ham unutmaslik kerakki, yozib olingan matnga nisbatan baxshi hofizasidagi variant hamisha kengroq va badiiy mukammalroq boʻladi. Chunki yozib olingan matn baxshi hofizasidagi dostonning bir ijroda, muayyan bir holatda aytib turishi sharoitida voqe boʻlgan nusxadir.
Kimga tegishli ekani aniq koʻrsatilmagan ikki baxshi matnining chegaralarini aniqlashingiz va ularning bir-biridan farqini his eta bilishingiz yaxshi. Bu sizning variantlar ustida ishlashni oʻrgana boshlaganingizdan dalolat. Bunda “Alpomish” dostonining ikkinchi marta yozib olingan nusxasining borligi ham sizga yordam bergan, albatta. Ammo bir qarashda bir xil koʻringan ikki narsaning bir-biridan farqini anglashga urinish yosh tadqiqotchi uchun muhimdir. Aslida, bir isteʼdodli baxshidan uch-toʻrt doston yozib olingan boʻlsa-yu, nima sabab bilandir beshinchisida uning nomi koʻrsatilmay qolgan boʻlsa, avvalgi dostonlar matnini oʻrganib, badiiy-uslubiy xususiyatlari asosida keyingisi ham unga tegishli ekanini aniqlash mumkin. Ana shunday mumkinlik bir dostonchi yoki dostonchilar guruhining boshqalaridan ajralib turishini va oʻziga xosliklar kasb etishini aniqlash imkonini beradi. Oʻz tadqiqotlarimda buni men dostonchilik yoki baxshilik maktablari deb atagandim. Men dostonchilik maktablarini aniqlaganimda, badiiy-uslubiy oʻziga xosliklarni bosh mezon qilib olganman. Ustoz-shogird munosabatlari, repertuar birligi, lokal xususiyatlar va boshqalar bosh mezonni aniqlashga yordam beradigan qoʻshimcha unsurlardir. Ana shunday qatʼiy mezonlar asosida yondoshilsa, dostonchilik maktablari uncha koʻp emasligiga ishonch hosil qilish mumkin. Mening nazarimda, ular Oʻzbekistonda oʻn-oʻn ikkitadan oshmaydi. Oʻtmishda bundan ham kam boʻlgan. Chunki har qanday oʻziga xosliklar, badiiy-uslubiy xilma-xilliklar, individual rang-barangliklar, yoʻllar, ijrolar oʻzgachiliklari umummilliy bir butunlikda, uning yaratuvchisi boʻlgan xalqqa xos umumiy anʼanalar yaxlitligida voqe boʻladi…”
Oʻz vaqtida mendek bir yosh tadqiqotchining oʻz yoʻlini topib olishida gʻoyatda muhim boʻlgan mazkur suhbatni shu oʻrinda toʻxtatib, boshqa bir suhbatni bayon etishga zarurat tugʻilib qoldi. Gap shundaki, bu suhbat domlaning yuqoridagi mulohazalariga bevosita aloqadordir. 1964 yili Til va adabiyot instituti hozirgi Yahyo Gʻulomov koʻchasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi binosining birinchi qavatiga joylashtirildi. Folklor boʻlimiga ichma-ich oʻtadigan uchta xona ajratildi. Eng ichkaridagi xonada kichik ilmiy xodim lavozimidagi kamina domla bilan birga ishlardik. “Oʻzbek xalq ijodi” koʻp jildligini nashrga tayyorlash ishlari eng qizgʻin ketayotgan paytlar. Nashrga tayyorlanadigan dostonlarni domla qoʻlyozmadan oʻqib, aytib turar, men yozib borardim. Bir necha kundan beri “Yakka Ahmad” dostonini tayyorlayotgandik. Nima uchundir domla dostonni yozdira boshlaganlarida, aytuvchi va yozib oluvchini aytmadilar. Doston matni ustidagi ish yarimlab qolganda toʻsatdan: “Ayting-chi, doston kimdan yozib olingan?” – deb qoldilar. Dabdurustdan berilgan bu savoldan dovdirab qoldim. Zoʻrgʻa oʻzimni tutib: “Arxiv kartotekasida Jolgʻosh Jassoq oʻgʻlidan yozib olingan deb qayd etilgan. Ammo bandlarning tuzilishi, misralarning qofiyalanishi, dastlabki banddagi oxirgi misraning keyingi bandda uchinchi misra sifatida qaytarilishi kabilar Ergash Jumanbulbul oʻgʻlidan yozib olingan dostonlarga oʻxshaydi”, – dedim qaltirab. Domla: “Nega qaltiraysiz? Toʻgʻri javob berdingiz”, – deya qoʻlyozma tarixini soʻzlab berdilar.
“Ergash shoirning amakisi mashhur Jassoq baxshining oʻgʻli Jolgʻosh baxshi faqat birgina “Yakka Ahmad” dostonini toʻla ravishda kuylab kelgan, – deya hikoya qilgandilar domla oʻshanda. – Ammo shu dostonni yozib olishga harakat qilinganda Jolgʻosh baxshi uni tuzukroq qilib aytib berolmagan. Shunda Ergash shoir dostonni oʻzi bilganicha yozib chiqib, oʻzining aytishicha: “Jolgʻosh baxshining ham nomi saqlanib qolsin”, – degan yaxshi niyatda qoʻlyozmani uning nomidan folklor arxiviga topshirgan. Shu tariqa qoʻlyozma arxivda Jolgʻosh baxshi nomi bilan qayd etilgan. Ammo folklor qoʻlyozmalarini Samarqanddan Toshkentga koʻchirish davrida Ergash ota dastxati yoʻqolgan. Undan, aynan, koʻchirilgan nusxagina saqlanib qolgan. Hozir dostonni shu nusxa asosida tayyorlamoqdamiz.
Men 1936 yilning kech kuzida Joʻshga borib, Ergash otani Toshkentga olib keldim. 1937 yilning apreligacha Ergash shoir mening uyimda yashadi. Uning aytishicha, bir necha bor Toshkentga kelishga harakat qilgan. Ammo bunga imkoniyat topolmagan. Oxiri Jolgʻosh baxshi oʻzidan ancha yosh boʻlgani sababli bisotidagi birgina echkini unga berib, sotib kelishni va pulini yoʻl xarajati qilib Toshkentga olib borishni soʻragan. Jolgʻosh baxshi esa echkini sotib, pulini oʻz oilasi ehtiyojlariga sarflab, turli bahonalar bilan shoirni Toshkentga olib kelmagan. Ergash shoirning buyuk himmati va oliyjanobligiga nisbatan oʻz amakivachchasi Jolgʻosh baxshining bunday yoʻl tutishi oʻta insofsizlik boʻlgan”.
Men bu voqeaga birdan-bir guvoh domlaning oʻzlari ekanini aytib, boʻlimda yoshlar nomidan adolatni tiklash zarurligini iltimos qildim. Domla ham ilgaridan shunday qarorga kelgan boʻlsalar kerakki, tezgina bunga koʻna qoldilar va doston haqiqiy aytuvchisi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli nomiga qayta rasmiylashtirilib, “Bulbul taronalari” besh jildligining birinchi jildida 1975 yili nashr etildi…
…Folklorshunos Buyuk Karimov haqida materiallar toʻplab yurgan paytlarimda, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining arxivida ikkita xatga duch kelib qoldim. Ulardan birinchisi Gʻozi Olim Yunusov tomonidan 1927 yili qoʻqonlik mashhur muallim Poʻlatjon domulla Qayumovga, ikkinchisi Poʻlatjon Qayumov tomonidan 1939 yili oʻsha paytdagi Til va adabiyot institutining direktori Sotti Husaynga yoʻllangan ekan.
Gʻozi Olim Yunusov oʻz xatida “Uch ogʻa-ini botirlar” ertagini yuborgani uchun Poʻlatjon domullaga minnatdorchilik bildirib, bundan keyin folklor asarlarini yozib olganda, sheva xususiyatlarini saqlashga alohida eʼtibor berishni maslahat bergan. Poʻlatjon domulla esa oʻz xatida ertakning maktab darsligiga kiritilganida uning nomi koʻrsatilmagani adolatsizlik boʻlganini, ertakni 1905 yili Hamro bibidan eshitgani asosida, keyinchalik yozib chiqqanini, aslida, ertakning nomi “Uch ogʻa-ini shahzodalar” boʻlganini, “Podshohlik qonxoʻrlik demakdir” kabi jumlalarni oʻzidan qoʻshganini aytib, ertakka hammuallif ekanini bayon qilgan. Bular haqida Hodi Zarifga soʻzlab berganimda, ustoz oʻzlariga xos aniqlik bilan shunday degandilar: “Uch ogʻa-ini botirlar” keyingi 30 yil davomida bir necha bor nashr etilishi bilan xalqimiz orasida keng tarqaldi va mumtoz ertaklarimizdan biriga aylandi. Xalqimiz uni shu holida toʻla qabul qildi. Poʻlatjon domullaning oʻz aytganlariga asoslanib, bugungi kunda uning matnidan qandaydir notabiiylik izlash maqsadga muvofiq emas. Qolaversa, Poʻlatjon domulla ham shu xalqning vakili. Mening nazarimda, juda katta hofiza quvvatiga ega boʻlgan bu inson Hamro bibidan eshitganlarini toʻla saqlay olgan va ertakning qadimiy asoslari bizgacha yetib kelgan. Buning ustiga, N. P. Ostroumov rus tilida eʼlon qilgan “Uch ogʻa-ini shahzodalar” ertagining originali yoʻq, boshqa tuzukroq variantlari ham yozib olinmagan. Shunday ekan, ertakning Poʻlatjon domulla yozib bergan Hamro bibi variantining ahamiyati hech mahal kamaymaydi.
Sizga boshqa bir misolni ham aytib beray. Qoraqalpoq folklorini toʻplash va oʻrganishga ulkan hissa qoʻshgan Qalli Alimbetovning: “Urushgacha jirovlar repertuarida “Qirq qiz” dostoni borligini eshitmaganmiz, urushdan qaytsak, “Qirq qiz” paydo boʻlib qolibdi”, deganga oʻxshash baʼzan oʻz kasbdoshlari ishlariga ishonchsizlik bilan qaragan hollarga duch kelganmiz. Holbuki, “Qirq qiz” bir emas, bir necha jirovdan yozib olingan hamda qahramonlik eposi sifatida dunyo miqyosida tan olindi. Tan olingan, eʼtirof etilgan asarlarga til tegizish, nimalargadir asoslanib, ularga soya tashlash ilmiy haqiqatga toʻgʻri kelmaydi”.
Ha, Hodi Zarif har bir holatga jiddiy yondoshar, boshqalardan ham buni talab qilardi. Uning folklor asarlari matniga nisbatan tizimli munosabati, yaxlit nazariy qarashi boʻlib, bunday ilmiy asos “Bulbul taronalari” besh jildligi, 37 jildi bosilib chiqqan “Oʻzbek xalq ijodi” koʻp jildligi kabi ulkan nashrlarni amalga oshirishga imkon berdi.
“Endi sizning savolingizga kelsam, – deb suhbatni davom ettirgandilar domla 1962 yili. – Gʻozi Olim Yunusov “Alpomish” dostonini toʻla ravishda yozib olmagan. Ammo dostonni Hamroqul baxshi va Fozil shoir ijrosida alohida-alohida toʻla tinglagan boʻlishi kerak. Shunga asoslanib, dostonga yozilgan muqaddimalarida uning Qozon va Abubakir Divayev nashrlariga nisbatan toʻlaligi va badiiy yuksakligini qayd qilganlar. Togʻam jurnalda bosilgan parcha matnida qisqartishlar qilmaganlar, balki oʻzlari yozib olgan matnning bir qismini nashr etganlar, xolos. Fozil shoir aytgan ayni oʻrinlarning keyingi nusxada hajman koʻpligi va tasvirning batafsilligiga kelsak, buni Gʻozi Olim Yunusovning nashrga tayyorlash davomidagi qisqartirishlari tarzida tushunmaslik kerak. Chunki Fozil shoir togʻamga dostonni jurnalda eʼlon qilingan tarzda aytib bergan. Chunki dostonchi har bir ijroda qay bir epizodlar tasvirini kengaytirishi yoki toraytirishi, hatto oʻylanmagan holda, u yoki bu lavhalar tushib qolishi mumkin. Bu ijrochilik jarayonida odatdagi holdir. Doston qismlari har ikki baxshidan alohida-alohida yozib olingan. Nashrda esa ular orasiga ayirma qoʻyilmagan. Qoʻlyozmalarning boʻlishi bunga yanada aniqlik kiritishi mumkin edi. Afsuski, qoʻlyozma arxivga topshirilmagani uchun ham NKVD yertoʻlalarida yoʻqolib ketgan. Togʻam dostonni toʻla yozib olmagani uchun ham 1928 yili uni Fozil Yoʻldosh oʻgʻlidan qayta yozib olishni tashkil etgandik. Amakivachcham – Mahmud Zarifov dostonni mening kuzatuvimda, Fozil shoirning, asosan, Loyqa qishloqdagi uyida, qisman Samarqandda baxshining aytib turishi asosida, 1928 yilning yoz kunlarida ikki oy davomida yozib olgan edi”.
Domlaning bu aytganlari har jihatdan asoslidir. Chunki “Nauka i prosveshʼeniye” jurnalining 1922 yil 2-sonida Gʻozi Olim Yunusov toʻplagan folklor materiallarining roʻyxati eʼlon qilingan. Unda “Alpomish” dostoni qoʻlyozmasi ikki qismligi va atigi 50 sahifadan iborat ekani koʻrsatilgan. “Alpomish”dek katta doston 50 sahifadan iborat boʻlmaydi-ku! Shu faktning oʻziyoq, oʻsha paytda doston toʻla ravishda yozib olinmaganini, qalamga olingan 50 sahifaning bir qismi jurnalda eʼlon qilinganini koʻrsatadi.
Folklor arxivida 18-inventar raqami ostida saqlanayotgan Fozil Yoʻldosh oʻgʻlidan ikkinchi marta yozib olingan “Alpomish” dostonining qoʻlyozmasi 946 sahifadan iborat. Qoʻlyozmaning birinchi sahifasida 1927 yil 14 iyun sanasi koʻrsatilgan. Uning 16-sahifasigacha boʻlgan qismi, yaʼni, dostonning boshlanishi boshqa kishi, ehtimol, mashhur folklor toʻplovchi Muhammadisa Ernazar oʻgʻli tomonidan yozib olingan. Taxminimizcha, doston 1927 yil 14 iyunda Muhammadisa Ernazar oʻgʻli tomonidan yozib olina boshlangan. Ammo, nima sababdandir bu ish toʻxtab qolgan. Hodi Zarif aytganday, dostonni yozib olishni 1928 yilning yoz oylarida Mahmud Zarifov davom ettirgan va oxiriga yetkazgan. Demak, qoʻlyozmaning 930 sahifasi Mahmud Zarifov qalamiga tegishli. 1962 yildagi suhbatda Hodi Zarif bularni unutgan yoki ikkinchi darajali holatlar deb hisoblagan boʻlishi mumkin. Har holda bu haqda hech narsa demagan. Ehtimol, mening xotiramdan koʻtarilib ketgandir.
Ushbu “Suhbatlar” qahramoni Hodi Zarif hayotligida, hatto bu yorugʻ olamdan koʻz yumib ketganidan ancha yillar keyin ham gohi-gohida uni kamsituvchi, togʻa-jiyanni (ustoz-shogirdni) bir-biriga qarama-qarshi qoʻyuvchi fikrlar ham paydo boʻlib qolmoqda. Masalan, tarix fanlari doktori Haydarali Uzoqov “Vatan” gazetasining 1998 yil 3 sentyabr sonida eʼlon qilingan maqolasida shunday yozadi: “Shu oʻrinda, oʻzbek folkloristikasi va uning asoschisi tushunchalarining ayrim oʻzini folklorshunos deb atab yurganlar tomonidan notoʻgʻri talqin etilishi borasida bir fikr aytmoqchi edik. U ham boʻlsa, matbuot va telaradiolarda “Hodi Zarif oʻzbek folkloristikasining asoschisidir”, degan tagi boʻsh, sayoz fikrlar folklor bilan shugʻullanayotgan ayrim shaxslar tomonidan dardmandlik bilan aytib yuborilmoqda”. Xoʻsh, Hodi Zarifning asoschiligini asoslovchi “tagi boʻsh, sayoz fikrlar bilan shugʻullanayotgan” “dardmand shaxslar” kim? “Hodi Zarif qiyofasida biz yetuk olimni – oʻzbek folklori haqidagi fanning yaratuvchisini koʻramiz. Uning toʻplovchi va tadqiqotchi sifatidagi mehnatlari bilan oʻzbek xalq ijodi toʻgʻrisidagi fanning mustahkam asosi yaratildi. Men aytardimki, uning qiyofasida oʻzbek xalqi milliy madaniyatini oʻrganish sohasida yangi oʻylar ochuvchi olimni koʻramiz”, – deb yozgan akademik V. M. Jirmunskiymi?!. Yoki: “Boshlovchi boʻlmoq va boʻm-boʻsh yerda fanning muhtasham binosini tiklamoq chindan ham qahramonlikdir. Hodi Tillayevich shunday qahramonlik koʻrsatdi”, – deya uni ulugʻlagan akademik Vohid Zohidovmi?! Yo boʻlmasa: “Oʻzbek folkloristika maktabi”, “Oʻzbek folkloristikasining asoschisi” kabi tahliliy maqolalar yozgan professorlar Muhammadnodir Saidov, Malik Murodov, Toʻra Mirzayevmi?!. Har holda ular “oʻzini folklorshunos deb yurgan”, shunchaki “dardmandlar” boʻlmasa kerak! Bunday mulohazalarni yana davom ettirish mumkin. Chunki ustozning qaytarilmas ilmiy ijodi bunga toʻla imkon beradi.
Bunday munosabatlar faqat Hodi Zarifga nisbatan emas, balki uning togʻasi – Gʻozi Olim Yunusovga nisbatan ham, afsuski, boʻlib turibdi. Mazkur holatlarga javob tariqasida biz “Aniqlik kerak” nomli bir maqola yozib, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 1988 yil 18 noyabr sonida eʼlon qilgandik. “Suhbatlar” yoʻnalishiga mos kelgani uchun quyida uni toʻla ravishda keltirishni lozim koʻrdik. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining shu yilgi 16 sentyabr sonida bosilgan shoira Mukarrama Murodovaning “Men davrning kichik parchasi…” sarlavhali faktlarga boy, mazmundor maqolasidagi noaniq bir maʼlumotga ilmiy-adabiy jamoatchilik diqqatini tortishga jazm etdim. Gap shundaki, maqola muallifi Adham Hamdam xotirasiga asoslanib shunday bir faktni keltiradi: “Partiya saflarini tozalash kunlarida oʻqituvchi Gʻozi Olim Usmonni tanqid qildi: “Buxarinning xato fikrlarini Usmon oʻz dokladida qoʻlladi, lekin partiya tashkiloti bunga chora koʻrmadi”, – dedi. Oʻz navbatida, Usmon shunday dedi: “Muhtaram Gʻozi Olimovich! Qadrli otaxon! Siz professorsiz, otaginam! Men-ku xato qilgan ekanman, nega siz oʻsha paytda tanbeh bermadingiz? Tarsaki tushirmadingiz? Shuncha paytdan beri koʻnglingizda saqlab yurib, endi aytasizmi? Shunday ekan, ikkala qulogʻingiz bilan eshiting: sizdek oʻnta professordan bitta Buxarin yaxshi!” Usmon shu gapning indiniga oʻqishni tashlab ketdi…”
Birovning eslashi asosida keltirilgan bu maʼlumot gʻoyat shubhalidir. Chunki Qohira va Istanbul universitetlarini bitirgan, ilgʻor rus sharqshunosligi ruhida tarbiyalangan, arab, fors, rus, turkiy tillarning puxta bilimdoni, oʻzbek tili, folklori va etnografiyasini oʻrganishga ulkan hissa qoʻshgan Gʻozi Olim Yunusovdek yuksak madaniyatli ziyolining shunday deyishi va bu janjalga ishtirok etishi qiyin. Uning hayot yoʻli ham buni tasdiqlab turibdi. Gʻozi Olim Yunusov bu yillarda Toshkentda yashadi va Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish institutida (1931–1933), Til va adabiyot institutida (1934–1937) ishladi hamda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida (1931–1937) oʻzbek tilidan dars berdi. Uning 1931 yildan keyin Samarqandda ishlagani haqida hech qanday maʼlumot yoʻq, shunday bir holni qarindoshlari ham eslamaydi. Aksincha, qizi Mira Yunusovaning eslashicha, maqolada tilga olingan davrda, yaʼni, 1934–1935 yillari Gʻozi Olim Yunusov Leningradda uzoq muddatli safarda boʻlgan. Hatto bolalari, shu jumladan, 8-9 yoshli Mira opa ham bir yil Leningrad maktablarida oʻqigan.
Bu oʻrinda, yana bir fakt xarakterlidir. Hodi Zarifning aytishicha: “1933 yili Oʻzbekiston Fan komiteti Gʻozi Olim Yunusovga “Oʻzbek tilining akademik grammatikasi”ni yaratishni topshiradi. Uning uzoq muddatli Leningrad safari ham shu ish bilan bogʻliq. Katta hajmli bu grammatika qoʻlyozmasi 1937 yili tayyor boʻladi. Afsuski, qoʻlyozma ham, uning muallifi Gʻozi Olim Yunusov ham 1937 yildagi bedodlikning qurboni boʻladi. Bundan chiqadigan xulosa shuki, juda masʼuliyatli ilmiy-ijodiy mehnat bilan band boʻlgan bir kishining Samarqandga borib ishlashiga, buning ustiga, “tozalash” majlisida ishtirok etishiga vaqti ham, imkoniyati ham, sharoiti ham yoʻq edi. Gʻozi Olim Yunusovning bu yillarda vaqtli matbuotda deyarli qatnashmaganining sababi ham shunda. Demak, Usmon Nosir bilan bogʻliq hodisaga Gʻozi Olim Yunusov emas, balki boshqa bir shaxs aloqador boʻlishi kerak. Chunki Usmon Nosirdek zukko, toʻgʻrisoʻz shoirning 41-42 yoshlardagi Gʻozi Olimdek moʻtabar bir shaxsga “Otaginam” deb haqoratomuz murojaat etishi mumkin emas. Usmon Nosir Gʻozi Olim Yunusovning oʻsha yillarda oʻzbek fanidagi mavqeini, qadr-qimmatini hammadan yaxshi bilar va eʼzozlay olardi.
Yana bir gap. Yuqoridagi hodisada Buxarinning tilga olinishi ham shubhali. Chunki bu davrda Buxarinni tanqid qilish mamlakat miqyosida toʻxtagan, u SSSR Konstitutsiyasini ishlab chiqish komissiyasi aʼzoligiga saylangan yillar edi. Uni qayta tanqid qilish esa, 1936 yilning oxirlaridan boshlandi. Demak, oʻsha “tozalash” majlisida Usmon Nosir Buxarindan foydalanganlikda emas, boshqa biror masalada tanqid qilingan boʻlsa kerak.
Bir qarashda arzimas boʻlib koʻringan maʼlumotga diqqatni qaratayotganimiz behuda emas. Birinchidan, bu maʼlumotni boshqa matbuot organlari ham ilib ketdilar, mutlaq haqiqat sifatida radio va televideniyedan aytilmoqda. Ikkinchidan, bir qatagʻon qurboniga boshqa bir qurbonni qarshi qoʻyish, yumshoqroq aytganda, insofdan emas.
Oʻzbek xalqi madaniyati tarixida oʻchmas iz qoldirgan har ikki shaxsning porloq xotirasi haqiqatni roʻyirost aytishni talab qiladi. Buning uchun har birimiz babbaravar masʼulmiz”.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Gʻozi Olim Yunusov bor-yoʻgʻi 17-18 yil ilmiy ijod bilan shugʻullandi. Shu qisqagina davrda, u boy meros qoldirdi. Ammo uning asarlari turli manbalarda sochilib yotibdi. Koʻplari qoʻlyozma holida boʻlgani sababli, ularning saqlanib qolgani yoki yoʻqolgani ham maʼlummas. Olim asarlarini bir joyga toʻplash, yoʻqolgan deb hisoblanganlarini qidirib topishga urinish, maʼqullarini qayta nashr etish, fan tarixchilarining sharafli vazifalaridan boʻlmogʻi zarur. Zero, bu bizning Gʻozi Olim Yunusov xotirasi oldidagi burchimizdir.
Toʻra MIRZAYEV
“Sharq yulduzi”, 2012–6
[1] Hodi Zarifdan keyingi ekspeditsiyalarda ham bu qoʻshiqning mukammal varianti topilgan emas. Aftidan, qoʻshiq unutilib ketganga oʻxshaydi. 1973 yili men surxondaryolik Yusuf Oʻtagan oʻgʻlidan uning chala bir variantini yozib olgandim. Professor Oxunjon Safarov 1999 yili uni “Alla-yo, alla” toʻplamida eʼlon qildi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/gozi-olim-yunusov/