Gʻazallar

Sen bir dutorning torisan, men bir dutorning tori,

Sen bir yaxshining yorisan, men bir yaxshining yori.

 

Na sen unga joʻr boʻldingu, na man munga joʻr boʻldim,

Jismu jonda zamon otligʻ cholgʻuchini ozori.

 

Goho quloq buraydi u, goho xarrak tuzaydi,

“Kuylay”, desa yuragida nojoʻrlikning gʻubori.

 

Bila turib seni menga joʻra etmas bu gardun,

Joʻra esak tutar edi olamni ishq ufori.

 

Joʻrasiga nojoʻr joʻram manam sandek bu dunda,

Ikkimizni kuydirmasdan qizimas ishq bozori.

 

* * *.

Ayo yaxshi, yomon oʻldim saningsiz,

Boshoqsiz bir somon oʻldim saningsiz.

 

Oʻzim zoru koʻzim giryon yoʻlingda,

Oʻz-oʻzimga ziyon oʻldim saningsiz.

 

Sen bor eding, koʻk erdi jismu jonim

Koʻkarmaslar tomon oʻldim saningsiz.

 

“Unson” erdim oʻshal jannat aro doʻst

Yuzingga zor “inson” oʻldim saningsiz.

 

Qabirgʻammas, oʻzim qildim oʻzimga

Zikring aytar zabon oʻldim saningsiz.

 

* * *

Asʼhobi Kahf bu baxtim bedor boʻlodi bir kun,

Mast Bayqaro davlatim hushyor boʻlodi bir kun.

 

Poyon topar azoblar, poyim oʻpar guloblar,

Alpomishga Yodgor ham gʻamxor boʻlodi bir kun.

 

Ahmad sardor xoru-zor koʻrmoq istar Avazni,

Ani kibor koʻziga ham xor boʻlodi bir kun.

 

Hasad oʻtiga toblar ming bir makru hillosin,

Bor u makru hillosi bekor boʻlodi bir kun.

 

Ochar eshik qulfini tunday yoyib zulfini,

Shu dilbari yaktoyim dildor boʻlodi bir kun.

 

Oshiqma, dil talpinma, sabr et, paymona sinma,

Aqlu shuurim tinma, dildor boʻlodi bir kun.

 

Humiy Nizomiyyona kuyla yonib tarona,

Dunyo kelin sheʼrim-la bordor boʻlodi bir kun.

 

Azal Jamol hayot shu ashʼor bu qochgan uyqu

Ey, yor senga bu tuygʻu darkor boʻlodi bir kun.

 

BU OQSHOM

Doʻst mast boʻldi bu oqshom, alast boʻldi bu oqshom,

Oʻr, janjalkash, gap emas, ong past boʻldi bu oqshom.

 

Dushman hushyor bu oqshom, makkor, gʻaddor bu oqshom,

Oʻzni ulfat koʻrsatgan jon qasd boʻldi bu oqshom.

 

Kulib holi xarobdan, bot-bot tutar sharobdan,

Oʻzi ichar gulobdan, chapdast boʻldi bu oqshom.

 

Doʻst dam urar abrordan, yovdan nihon asrordan,

Dushman maxfiy qarordan goʻshras boʻldi bu oqshom.

 

Sherxor ichib palang, sher, biri lolu biri yer,

Sirtlonlar bir-birga der:

”Goʻsht hast boʻldi bu oqshom”.

 

Bir yon doʻsti nodondan, bir yon dushmani jondan

Yovga qulay makondan dast past boʻldi bu oqshom.

 

“Hay doʻst, hay doʻst, hay doʻstim…” –

deya ming yoshga oʻsdim,

Ilon kirgan qoʻsh qushli qafas boʻldi bu oqshom.

 

Mayni ichib boʻlmaydi, doʻstdan kechib boʻlmaydi,

Yovdan qochib boʻlmaydi, koʻp nahs boʻldi bu oqshom.

Derlar: “Hamalmi, Savri tugar Qamariy davri,

Men bilganim shu Gavri baras boʻldi bu oqshom.

 

Dushman hushyor bu oqshom, doʻst mast boʻldi bu oqshom

Makkor, gʻaddor bu oqshom, qasas boʻldi bu oqshom.

 

* * *

Rahmonsan, Rahim, Olim… ayona bayon na hojat?

Maʼlum oʻzingga holim ayona bayon na hojat?

 

Qishloqdagi jonimni, holi parishonimni

Aytmoqqa yoʻq majolim, ayona bayon na hojat?

 

Sensiz biror onim yoʻq, Sendek nigohbonim yoʻq,

Ogoh shamsu-hilolim, ayona bayon na hojat?

 

Menga ishq ber, iymon ber, bolalarimga non ber,

Koʻpaymasun uvolim, ayona bayon na hojat?

 

Nega keldim ogoh et, yaxshilarga hamroh et,

Kesma bevaqt niholim, ayona bayon na hojat?

 

Zulmatlarda chiroy tut, yomonlardan yiroq tut,

Ey munavvar jamolim, ayona bayon na hojat?

 

Bir kun ketsam fanodan serob ayla duodan,

Xumiyingman, Kulolim, ayona bayona na hojat?

 

 

Jamol SIROJIDDIN XUMIY

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 12-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/gazallar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x