Gʻafur Gʻulom hajviyoti

Gʻafur Gʻulom

Annotatsiya

Ushbu maqolada Gʻafur Gʻulom felyetonlari oʻrganilgan. Shu orqali ijodkor badiiy mahorati tahlil etilgan.

Annotatsiya

V dannoy statye issleduyutsya felyetoniʼ Gafura Gulyama. Analiziruyetsya xudojestvennoye masterstvo pisatelya.

Annotation

In this article fenllitons of Gafur Gulam were researched. With this way feature skill of the creator was analysed.

Tayanch soʻzlar: felyeton, ocherk, hikoya, milliy matbuot, maqola, taxallus, hajviy asar, hajviyot, ironiya, adabiy janr, didaktik adabiyot, publitsistik ruh, badiiy ijod, ijodiy niyat, estetik konsepsiya, poetik mahorat.

XX asr boshlarida milliy matbuot rivojlangan. Koʻpgina shoir va yozuvchilarimizning maqola, felyeton, ocherk, hikoya, sheʼr va boshqa janrdagi asarlari vaqtli matbuot sahifalarida muntazam nashr etilib borgan. Shu maʼnoda, matbuot bir qator ijodkorlarimiz faoliyatida muhim oʻrin tutgan. Oʻzbek adabiyotining taniqli namoyandasi Gʻafur Gʻulom ijodiy takomilida ham vaqtli matbuotning oʻrni gʻoyatda katta boʻlgan. U oʻzining 1924–1925 yillardagi ijodi haqida toʻxtalib: “… shoirlik ahyon-ahyondagi ermaklarimdan edi. Bu paytlarda sheʼrdan koʻra hajviy narsalar yozishga qiziqar edim. Yana toʻgʻrisi, sharoit shuni talab qilar edi. “Mushtum” jurnalining har sonida, deyarli biror asarim bosilib chiqar edi”,[1] – deya eʼtirof etadi. Kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, “Kambagʻal dehqon”, “Qizil Oʻzbekiston”, “Yangi Fargʻona”,”Yangi yoʻl”, “Yangi qishloq”, “Yer yuzi”, “Sharq haqiqati”, “Mushtum” singari vaqtli matbuot nashrlari Gʻ. Gʻulom (ayrim hollarda “Nurtoy” taxallusi ham qoʻllanilgan – T. M.)ning 30-yillargacha boʻlgan davrdagi ijodiy takomilida muhim oʻrin tutgan. Jumladan, “Mushtum” jurnalida “Saodat” (1928) hikoyasi va “Shoirlik nosqovogʻidan bir otim” (1928) felyetonidan tortib, “Atoqli qiziqchilarimiz merosidan” (1964) miniatyurasigacha chop etilganligining oʻziyoq muallif mazkur nashrlar bilan butun faoliyati davomida ijodiy aloqada boʻlib kelganini koʻrsatadi. Demak, adibning: “Gazetachilik mening ijodiy oʻsishim uchun universitetlik rolini oʻynadi”,[2]degan eʼtirofi ayni haqiqatdir.

Gʻafur Gʻulom XX asrning 20-30-yillarida, birinchidan, davr talabi, ikkinchidan esa, oʻz qiziqishlariga koʻra, asosan, hajviy asarlar yozish bilan mashgʻul boʻlgan. Qolaversa, oʻsha davrlarda yaratilgan oʻzbek badiiy-publitsistik janri boʻlmish felyetonlar tabiatan mavzu dolzarbligi, ijtimoiy-siyosiy yoʻsindagi tanqidiy ruhi ustuvorligi, hajviy-satirik yoʻnalishga moyilligi, ommaviyligi bilan ajralib turadi. Akademik S. Mamajonov tadqiqotlarida Gʻ. Gʻulomning bu davrdagi felyetonlari qisman oʻrganilgan.[3] Ammo mazkur tadqiqot yuzaga kelgan davriga koʻra muhim ahamiyat kasb etgani holda, istiqlol davri adabiyotshunosligi butkul yangilangan mezonlari nuqtai nazaridan birmuncha oqsaydi. Shu maʼnoda, adib felyetonlarini yangicha qarashlar asosida oʻrganish zaruriyati mavjud.

Gʻ. Gʻulom oʻz felyetonlarining publitsistik ruhini kuchaytirishda faktlarni muqoyasa qilish, ulardan taʼsirlanib fikr-mulohaza va xulosalarini bayon qilish, savollar bilan oʻquvchiga murojaat etish, oʻsha savollarga javob berish kabi usullardan foydalanadi. Masalan, “Dramaturg koʻpmi, shoir?” felyetonidagi ikki musohibning savol-javoblari, klassik nasr uslubi asosiga qurilgan. Jumladan,”Ey savol berguvchilarning baxtlirogʻi” singari murojaatlar yoxud: “Men bir shoʻrlikda koʻrilgan bu ojiz istiholani yuvish uchun suxandonlik maydonida nutq dulduliga minib, til xanjarini oʻynata-oʻynata, zerdagi leksiyani chunonam boshlab ketdimki, mening soʻzdagi chobukdastligimdan, u har ikki qulogʻi yetmaganday, ogʻzini ham karrakday ochib, uchinchi quloq oʻrnida menga qaratib tinglamoqda edi” kabi bayon tarzida holatlar aniqligi barobarida, mumtoz nasr uslubi va Kaykovusning “Qobusnoma”si tipidagi didaktik adabiyotga xoslik ham yorqin namoyon boʻladi.

Gʻ. Gʻulom felyeton janrida yozgan asarlarining uslubiga alohida diqqat qaratadi. Bu hol ohang va intonatsiyada, satirik boʻyoqlar quyuqlashtirilishi hamda kuchli ironiyada, jonli obrazlar yaratishda, avtor shaxsiyatining namoyon boʻlishida, kompozitsiyada kuzatiladi. Gʻ. Gʻulom faktlarni inson obrazi saʼjiyasiga singdirish, xatti-harakat va qiliqlari orqali voqelikni koʻrsatishga intildi. Jumladan, akademik S. Mamajonov uning “Oyoq olishga qaraydi” felyetoni qahramoni Sottiyev va A. P. Chexovning Unter Prishibeevi, “Klassiklardan qachon soʻz ochar, ehtiyot boʻling olovlar sochar” asari qahramoni shoirlikni gʻoyatda sayoz va yuzaki tushunuvchi Suvonqul hamda A. Qahhorning “Adabiyot muallimi” hikoyasidagi Boqijon Boqiyevlar oʻrtasidagi yaqinlikni kuzatgan edi.[4] Bizningcha, bunday yovuqlik mavzuni kulgi yordamida yoritish, hajviy obraz yaratish, voqea-hodisalarni loʻnda tasvirlash sanʼatining egallanganligi, ijtimoiy munosabatlar va maishiy toʻqnashuvlarning qahramon xarakteriga taʼsiri, Gʻ. Gʻulom ayrim felyetonlarining satirik hamda yumoristik hikoya janriga yaqinligi singari jihatlarda namoyon boʻladi.

Jumladan, “Klassiklardan qachon soʻz ochar, ehtiyot boʻling olovlar sochar”[5] felyetoni qahramoni Suvonqulni “Tushunilishi ogʻir sheʼrlar” bitgan Navoiy, Fuzuliy, Muqimiy, Lutfiy, Xayyom, A. S. Pushkin, N. V. Gogol, L. N. Tolstoy singari talay kishilarning nima uchun klassik sanalishi gʻoyatda ajablantiradi. Lugʻatlarni titib anglagani shu boʻladiki, “klassik” soʻzi lugʻaviy jihatdan “katta shoir”, degani ekan. Yuqorida nomlari sanalganlarning kim ekanligini bilishga urinib, shuni fahmlaydiki, Pushkin – “katta koʻcha”, Tolstoy – “yoʻgʻon”, Navoiy – “piyoda yuradigan bir oyoq yalang”, Fuzuliy – “eski maktablarda oʻqiladigan bir kitob”, Muqimiy – “Hapalak qishlogʻining soʻfisi boʻlmish bir lakalov odam” ekan. Koʻrinadiki, Suvonqul hatto Maxmur va Muqimiyni ham farqlamaydi. Shunday boʻlsa ham oʻzini gʻoyatda bilimdon sanab shoirlik hunariga astoydil beriladi. “Yangi” yozgan sheʼru dostonlarini kuniga elliktacha odamga oʻqib berish bilangina cheklanmay, klassiklar haqida lof urib, suhbatdoshini “ilmsiz”likda ayblab, unga “tanbeh” berishdan charchamaydi. Suvonquldagi gʻurur va maqtanchoqlikni koʻrsatish orqali Gʻ. Gʻulom uning nafaqat adabiyot haqidagi joʻn qoidalar, balki na oʻtmishning nodir adabiy merosi, na oʻziga zamondosh yozuvchilar ijodidan zarracha xabardor boʻlmagan, real hayotdan ham mutlaqo yiroq bir kimsa ekanligidan kuladi.

Demak, Suvonqul xarakteri, qahramon saʼjiyasi, harakat-holatlari – adabiyotni tushunish darajasi va ijodga munosabatiyu nutqidan keltirib chiqariladi. Bu bilan Gʻ. Gʻulom kinoya va kesatiqlar orqali badiiy ijod istagan kimsa obroʻ-eʼtibor orttirish maqsadida tumshugʻini suqishi mumkin boʻlgan joʻn hunar emas, balki ijodkorlikka daʼvogar kimsa hech boʻlmaganda, hayotni, qolaversa, mumtoz qalamkashlar va zamondosh adiblar ijodini teran bilishi, adabiy-nazariy qarashlarni chuqur oʻzlashtirishi lozimligi haqidagi estetik qarashlarini ilgari suradi.

Gʻ. Gʻulom XX asrning 20-yillarida Oʻzbek davlat kino trestidagi kadrlar qoʻnimsizligi oqibatida yuzaga kelgan xoʻjasizlik, boshboshdoqlik, yulgʻichlik kabi illatlarni “Chaynalaverib qirpit boʻlgan toʻlarsoq” (yaʼni siyqalangan katta suyak – T. M.) felyetonida keskin fosh etadi. Muallif “Baxt quyoshi”, “Chodira”, “Moxov qiz”, “Oʻzbekiston xotinlari”, “Lotinlashtirish”, “It olmas”, “Machit gumbazlari ostida” kabi filmlarni tahlil etadi. Ularni sanʼatkorlik mahorati yetishmasligi, mahalliy xalq hayotidan bexabarlik va shoshma-shosharlik bilan suratga olingani, nafosatdan yiroqligi bois tanqid qiladi. Muallif tili bilan aytganda, “sanʼat hemiri” ekanligi bois “baxtsiz”, “bechora”, “oʻtmas buyum”ga aylangan bu filmlar “Chalpakka oʻrab tashlaganda ham it olmas”dir. Zotan, ularda sanʼatkorlik, ijodiy fikr, real turmush oʻz ifodasini topmagan. Ular xalqimiz urf-odati, maishati bilan bogʻliq haqiqatdan mutlaqo yiroq tasavvurlar asosiga qurilgan. Bundan milliy gʻururi oʻrtangan muallif: “… oʻzbekni olamga oshkor qilmoqchi ekan – olgan lentalarida haqiqatni, haqiqiy tipni bera olsin. Haqiqiy oʻzbek maishati, urf-odatini barq urdirib koʻrsatsin”, – degan keskin talablarni oʻrtaga tashlaydi. Shuning uchun ham Gʻ. Gʻulom davlat kino tresti oldiga: “Oʻzida boʻlib koʻzga koʻrinib qolgan uddaburon yoshlarni tarbiya qilsin. Ish bersin, bori taqir-tuqur, besh-oltita yolgʻondakam “mutaxassis”larni yigʻishtirsin”, degan gʻoyatda keskin talablar qoʻyadi. Ayni paytda, u muammoning yechimini yosh mahalliy kinomutaxassislarni tarbiyalashdagina koʻrmaydi. Gʻ. Gʻulom kinoshunoslar oldiga qoʻygan ssenariylarning pishiq va mantiqiy asoslangan boʻlishi zarurligi, yozuvchilarning mahalliy xalq hayotini teran bilishlari lozimligi, ishlab chiqarish surʼatlari orqasidan quvish emas, balki sifatga eʼtibor berish kerakligi, rejissyorning vijdoni pok, eʼtiqodi mustahkam boʻlishi zarurligi haqidagi vazifalar ham gʻoyatda dolzarb edi.

Gʻafur Gʻulom (“Nurtoy”) ijodiy takomilida vaqtli matbuotning oʻrni gʻoyatda beqiyosdir. U 1924–1925 yillardan 1964 yilgacha boʻlgan qirq yillik davrda ijodkorlik kredosi talablari va real turmush ehtiyojlariga koʻra hikoya, felyeton, miniatyura singari janrlarda, yaʼni hajviy yoʻsinda faol ijod qilgan. Gazetachilik (keng maʼnoda matbuot) chindan ham uning ijodiy oʻsishi uchun universitetlik rolini oʻtagan.

Bizningcha, oʻtgan asrning 20-yillaridayoq adabiyot va sanʼat ahli, xususan, davlat kino tresti vakillari oldiga: poetik mahoratni oʻstirish, millat shaʼnini ulugʻlash, muammoga pok vijdon hamda mustahkam eʼtiqod bilan yondashish, ijodiy fikrga keng yoʻl ochish, hayot haqiqatiga sadoqat, badiiy voqelikni mantiqiy asoslash, isteʼdodli milliy kadrlarni tarbiyalashdek keskin talablarni qoʻya olgan Gʻ. Gʻulom shaxsi – fenomenal hodisa. Binobarin, uning ijodiy merosi, jumladan, hajviyoti ham barhayot.

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

 

  1. Gʻafur Gʻulom. Kechmish va kechirmishlarimdan. MAT., Oʻn ikki tomlik., Birinchi tom. – T.: 1989, B. 16.
  2. Gʻafur Gʻulom. Klassiklardan qachon soʻz ochar, ehtiyot boʻling olovlar sochar. “Mushtum”, 1933., 16-son.
  3. Mamajonov S. Gʻafur Gʻulom prozasi. – T.: “Fan”, 1966.
  4. Boyboʻlatov J. Oʻzbeklarning adabiy merosi bayrogʻi ostida panturkizm. “Sharq haqiqati” 1930, № 180-183;
  5. Baybulatov Dj. Chigataizm – panturkizm. – Moskva-Tashkent, 1932.
  6. Abdulla Qodiriy. Kalvak Maxzumning xotira daftaridan. Diyori bakr, – T.: “Yangi asr avlodi”. 2007., B. 299.

 

Tozagul MATYOQUBOVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

 


[1]Gʻafur Gʻulom. Kechmish va kechirmishlarimdan. MAT., Oʻn ikki tomlik., Birinchi tom. – T.: –B.16.

[2]Oʻsha asar. – B.17.

[3]Mamajonov S. Gʻafur Gʻulom prozasi. – T.:, “Fan”, 1966.

[4]Oʻsha asar. – B: 8-9.

[5]Gʻafur Gʻulom. Klassiklardan qachon soʻz ochar, ehtiyot boʻling olovlar sochar. “Mushtum”, 1933., 16-son.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/gafur-gulom-hajviyoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x