Fuzuliy haqida fozil inson soʻzi

Jadid munaqqidi Vadud Mahmud (1898-1976) adabiy merosimizga oid ijtimoiy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy maqolalari bilan XX asrning 20-30 yillar adabiyotshunosligida oʻziga xos oʻrin tutadi. Uning “Fuzuliy Bagʻdodiy” nomli maqolasi oʻzbek adabiyotshunosligi tarixida ozarboyjon shoiri Muhammad Fuzuliy haqida yozilgan ilk tadqiq va dastlabki tajriba sifatida qadrli. Mazkur maqola oʻz davrining oʻquvchilari uchun arzigulik yangilik, ilmiy doira uchun esa jiddiy tadqiqot boʻldi, desak xato boʻlmas. Chunki bu ish turkiy xalqlar adabiyotining mumtoz shoiri haqidagi qilinajak ishlarning ibtidosi yoki debochasi sifatida keyingi tadqiqotlar uchun poydevor vazifasini bajargan. Maqolada Vadud Mahmud oʻz oldiga katta maqsadni qoʻygan: shoirning hayoti va ijod yoʻli, dunyoqarashi, sheʼriyatining gʻoyaviy-falsafiy asosi, gʻazallarining badiiy va tasavvufiy miqyosi, ijodiyotining umumiy mundarijasi, Fuzuliy maktabining davomchilari va shoirlarning adabiy-estetik qarashlarini ochib berish edi.

Munaqqid maqolada Fuzuliyning tugʻilishi va shoir sifatida shakllanishiga doir keng qamrovli fikrlarni oʻrtaga tashlaydi va ayrim noaniq nuqtalarga aniqlik kiritadi. Fuzuliyning Bogʻdod atrofida joylashgan Karbalo shahrida, ayrim rivoyatlarga koʻra, Hulla shahrida hijriy IX (milodiy XV) asrning oxirlarida tugʻilib, hijriy X (milodiy XVI) asrning birinchi yarmida Iroqda yashab, nashʼu namo topganligi, asli ismi Muhammad, otasi Sulaymon degan olim bir kishi boʻlganligi haqida maʼlumot beradi. Vadud Mahmudning bu qarashlari Fuzuliy hayoti va ijodi boʻyicha qilinajak barcha tadqiqotlarga dastur boʻlib xizmat qildi.

Tadqiqotda Fuzuliyning ijodda yuksak mavqelarga erishuvida uning sheʼriyat sirlarini oʻz oʻtmishdoshlaridan chuqur oʻrganganligi, xususan, “dostonchi boʻlish eʼtibori ila Nizomiy, gʻazalsaro boʻlish eʼtibori-la Hofiz” asarlaridan koʻp taʼsirlanganligi va tasavvuf ilmini ham ulardan oʻzlashtirganligi eʼtirof etiladi.

Vadud Mahmud Fuzuliyda tasavvuf darajasini belgilashda quyidagi xulosaga keladi:

– tasavvuf ilmida qatʼiy ekanligi;

– tasavvufiy maʼlumotini tafsir va hadis ilmini chuqur oʻzlashtirish orqali orttirgani;

– butun vujudi va ruhi bilan oshiqlik martabasiga erishgan Shaxs boʻlgani;

– maqsadi “rizoyi Xudo” uchun “sharʼiy yoʻl”dan axloqiy poklik va halollik bilan borish va bu yoʻlda sobit qolganini eʼtirof etadi.

Tadqiqotchi ijodkorga xolis va toʻgʻri ilmiy baho berishda ashyoviy dalil sifatida uning asarlariga tayanadi, undagi nafosatni chuqur his etgan holda asar zamirida yashirin gʻoyalardan maʼno chiqara oladi, natijada uning tasavvurlari adabiyotshunoslikda butun bir voqelikka aylandi:

Bu davr oʻzbek adabiyotshunosligida Vadud Mahmud Fuzuliyning tarjimayi holi haqida keltirgan mukammal maʼlumot mavjud boʻlmagani sababli shoir tarjimayi holini oʻziga xos uslubda sodda, ammo aniq qilib koʻrsatadi. Ijodiy dunyoqarashi keng, shu bilan birga yakrang emasligini alohida eʼtirof etadi. Yaʼni sheʼriyat, tasavvufiy, diniy ilmlardan tashqari tibbiyot ilmining ham mukammal egasi boʻlganligini, uning tibb ilmiga doir “Chor unsur” otli asari mavjudligini keltirish bilan isbotlaydi. Fuzuliy arab tilini yaxshi bilishi, forsiydagi ijodi ham yomon emasligi, hatto bu tilda bir devon, bir necha qasida va masnaviylar bitganligi, ammo turkchasi hammasidan ham “samimiy, sanʼatkorona va goʻzal” ekanligini alohida taʼkidlaydi. Bu bilan Fuzuliyni asli turkigoʻy shoir boʻlganligiga shubha qoldirmaydi.

Vadud Mahmud ushbu tahliliy maqolada adabiy taʼsir masalasiga alohida eʼtibor qaratadi. Maqolaning “Fuzuliyning Turkistonga taʼsiri” boʻlimida aynan shu haqda maʼlumot berilgan. Fuzuliyning turkistonlik shoirlar ijodiga kuchli taʼsiri, uning asarlari eng “maʼruf kitoblardan biri” sifatida keng tarqalganligi, Fuzuliyning taʼsirida ikki tillilik paydo boʻlgani haqida alohida qayd etadi.

Fuzuliy usulida sheʼr yozgan shoirlar koʻpligi, ayniqsa, bularning ichida Umarxonning oʻgʻli Muhammad Alixon Fuzuliy uslubini chuqur oʻzlashtirganligi, hatto sheʼrlarini Fuzuliynikidan ajratish qiyinligini eʼtirof etib, shu yoʻldagi “Ohkim, doʻkdi falak qonimni mujgonimdan” deb boshlanuvchi gʻazalini toʻlaligicha keltiradi. Tadqiqotchi toʻgʻri anglab yetganidek, gʻazal Fuzuliy sheʼrlariga juda hamohang tarzda bitilgan. Shoir Muhammad Alixon sheʼrda Fuzuliy sheʼrlarining shakliy jihatlarinigina emas, balki ifoda tarzi hamda gʻoyaviy mohiyatini ham singdiradi.

Vadud Mahmud Fuzuliy ijodini tadqiq etar ekan, shoir ijodini estetik nuqtai nazaridan tekshirishga urinadi. Bu borada munaqqid Fuzuliyning taʼsirinigina emas, Fuzuliyga Navoiyning taʼsiri nechogʻlik boʻlganligini, bu adabiy taʼsir natijasida “Fuzuliy bizda Navoiydan koʻb oʻqulmasa-da, Navoiydan kam ham oʻqulmay”digan Fuzuliy maktabi yaratilganligi haqida qatʼiy xulosaga keladi.

Adabiyotshunos olim Bahodir Karimov Vadud Mahmudning adabiy merosi boʻyicha qilingan tadqiqotida munaqqid fikrlariga shunday qoʻshimcha qiladi: “Nazmiy tafakkurning soʻlim gulshanidan taralgan misralarning musiqiy ohangi noziktaʼb insonni oʻziga maftun etadi. Muhammad Fuzuliy oʻzidan oldingi soʻz gavhari zargarlarining sanʼatiga maftun boʻldi, dili ketdi”.

Koʻrinib turganidek, munaqqid Vadud Mahmud Fuzuliyning koʻp qirralarini faktlar asosida yoritib bergan. Maqola adabiy-maʼrifiy xarakterga ega. Maqolaning afzalligi ham shunda. Vadud Mahmudning qarashlari oʻzbek olimlari tomonidan XX asr boshlarida yaratilgan fuzuliyshunoslikdagi ilk tadqiqot sifatida bugun ham ilmiy qimmatini hamda ahamiyatini saqlab qoldi.

 

 

Muqaddas TOJIBOYEVA,

OʻzMU doktoranti

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 7-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/fuzuliy-haqida-fozil-inson-sozi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x