(yozib olingan, oqqa koʻchirilgan original nusxa, tahrirsiz)
Assalomu alaykum, aziz futbol muxlislari! Mana bugun Borsakelmas qishlogʻidagi markaziy “Changalzor” oʻyingohi futbolchilarning qarindosh muxlislari bilan liq toʻla. “Chang-TV” kanali sizlarga Borsakelmas chempionati eng qiziqarli oʻyinining ikkinchi taymini namoyish etadi. Maydonda ikki buyuk jamoa – “Pillakor” va “Chorvador”… Mana qarang, hozir “Pillakor” jamoasi keng front boʻylab hujumga oʻtmoqda! Toʻp bilan darvozabon Beshqulov… Zarba! Go-ooo-ooo-oooll!!! E, kechirasiz… Toʻp darvoza toʻriga tashqi tomondan tegibdi…
Ana, Beshqulov oʻz darvozasiga qaytmoqda. Endi kim? Ha, endi “Chorvador” futbolchilari hujum uyushtirmoqda. Norgʻulov… U toʻpni Shoshildiyevga oshirdi. Shoshildiyev shoshqaloqlik bilan oldinga intilmoqda. Darvozaga qadar qirq olti yarim metrlar masofa bor, eh! Shu yerdan ursa boʻladi!!! A-ha! U tepni toʻpdi… Kechirasiz, toʻpni tepdi! Ha-aaa-aaa! Shoshildiyev tepgan toʻp vertolyot singari havoga koʻtarildi. Birodarlar, negadir toʻp yerga tushmayapti. Bu – maydondagi oʻyinchilar uchun ayni muddao boʻldi. Ularning baʼzilari biroz mizgʻib olish uchun choʻzilishdi… “Pillakor” bosh murabbiyi esa paytdan foydalanib, oyoqda tik turgan uch nafar shogirdiga nimalarnidir uqtirmoqda, shekilli… Chamamda, u futbolchilarga, xotirjam boʻlinglar, baribir biru noʻl boʻladi”, deyotgan boʻlsa kerak… Ana, nihoyat, toʻp maydonga qaytib tushdi, “Chorvador”ning hujumi. Boyshakarov. U Haqqiyevga pas berdi. Haqqiyev oʻziga faqat Zidanga maʼlum boʻlgan texnikasini ishga solib, toʻpni orqasi bilan Mallayevga tashlab berdi. Mallayev! U roʻparasidan chiqqan bir, ikki, uch, toʻrt… Sakkiz raqibini aldab oʻtdi. Nima uchundir raqiblaridan biri unga qichqiryapti. Lekin Mallayev eshitmadi. U olgʻa intilmoqda. Darvoza boʻsh… Udar!!! Goo-ooo-oooll! Mana buni haqiqiy shedevr desa boʻladi!.. Toʻxtang, nimalar boʻlayapti maydonda? Mallayev “Chorva” futbolchisi edi, chogʻi… Negadir, uning golini “pillakor”chilar nishonlamoqda! Ana, xolos! Mallayev raqib emas, oʻz darvozasini ishgʻol qilibdi-ku! Nima boʻlgandayam, juda chiroyli gol va hisob biru noʻl.
Hurmatli teletomoshabinlar, aziz muxlislar! Siz, sogʻinib kutilgan Borsakelmas “el-klassiko”sini tomosha qilayapsiz. Ha, bugun butun dunyo ikkiga boʻlingan, desak xato boʻlmaydi. Bir taraf “Pillakor”, yana bir taraf “Chorvador” fanatlari!.. Ekraningizda har ikki klub prezidentlarini koʻryapsiz. Negadir, ularni oʻyin unchalik qiziqtirmayapti, chogʻi, bahuzur pivoxoʻrlik qilib oʻtirishipti… Rejissyorimizdan bu lavhani koʻrsatmasligini iltimos qilardik… Ana, yana bir hujum… “Pilla”chi Daqqiyev oldinga bormoqda. Afsuski, uning yoʻliga bosh hakam toʻgʻanoq boʻldi. Aniqrogʻi, bu hujumchi sudya bilan toʻqnashib ketdi. U jarohat olgan koʻrinadi. Ana, xolos! U jarohatiga qoʻshib sudyadan bitta sariq kartochkayam oldi! Tushunmayapman, jarima toʻpi belgilandi… Darvozagacha yigirma yettimi… Yoʻq, chamamda oʻttiz bir yarim metrlar masofa bor. Toʻp oldida Sottiboyev. Siz uning qanday kuchli zarba sohibi ekanligini yaxshi bilasiz. Uning, ayniqsa, “Koʻmirchi” jamoasi darvozasiga qanday gol urgani esingizdadir? Mana, u toʻp tomon yugurib borayapti. Qaniii!!! Eh! U toʻpga qoqilib ketdi… Bilmadik, juda holdan toygan, shekilli…
…Ha, aziz doʻstlar. Biz siz bilan mana shunday shiddatli va keskin, dramatik uchrashuvni tomosha qilyapmiz… Oʻyin tugashiga oʻttiz sakkiz daqiqayu oʻn besh soniyacha vaqt bor. Ajabo, yordamchi hakam bir daqiqa qoʻshimcha vaqt berilganligini koʻrsatayaptimi?.. Kechirasizlar, bizning soat toʻxtab qopti… Maydonda esa shiddatli va keskin kurash davom etmoqda… Mana, nihoyat, bosh hakamning final hushtagi yangradi. Bundan futbolchilarning boshlari osmonda. Hatto magʻlub jamoa oʻyinchilari ham bir-birlarini tabrklashyapti… Balki yirik hisobda yutqazishmaganidan xursanddir ular? Negadir, bosh hakam ham tabassum qilayapti. Bugun hammaning ishi yurishgan chogʻimda!..
Shunday qilib, “Changalzor” stadionidan toʻgʻridan-toʻgʻri yozib olib namoyish etayotgan reportajimizni yakunlaymiz. Sharhlovchi – Joʻqiyev. Yana shunday chiroyli oʻyinlarda diydorlashguncha omon boʻling, azizlar!
2008
https://saviya.uz/ijod/nasr/futbol-sharhi/