Dunyo futbolining bugungi eng sermahsul va omadli oʻyinchilaridan biri shubhasiz Leonel Messidir. U juda erta milliardlab futbolsevarlarning koʻnglidan joy olib ulgurdi, olamga mashhur boʻldi.
Xoʻsh, u bu darajaga qanday qilib yetishgan? Hammasi xamirdan qil sugʻurgandek oson kechganmi? Bugun futbol maydonining tengsiz qiroliga aylangan Messining bolaligi qanday oʻtgan? Uning tarjimai holi bilan tanishib, buyuk futbolchi tinimsiz mehnat, atrofdagilarning xayrixohligi va albatta Yaratgan bergan isteʼdodu omad tufayli yuksak choʻqqilarni zabt etganiga amin boʻlasiz.
Oila
Leonel Andres Messi 1987 yilning 24 iyunida Argentinaning Rosario shahrida tugʻildi. Otasi Xorxe Orasio Messi poʻlat quyish zavodida ishchi, onasi Seliya Mariya Messi esa farrosh boʻlgan. Leonelning Rodrigo va Matias ismli akalari, Mariya Sol ismli singlisi bor. Uning katta bobosi Anjelo Messi 1883 yili Italiyaning Ankona shahridan Argentinaga koʻchib kelgan. Shajarasining boshqa tarmogʻi vakillari esa Ispaniyaning Kataloniya viloyatidan.
Ilk qadamlar: omadsizlik va omad
Messi futbol bilan besh yoshidan mahalliy “Grandoli” klubida shugʻullana boshlagan. Bu yerda uning otasi Xorxe murabbiylik qilardi. U ilk mashgʻulotlarini buvisi Saliya bilan oʻtkazgan. Butun oilada faqat shu ayolgina Messining futbolchi boʻlishini istardi. Shu sababli keyinchalik mashhur boʻlib ketgach, Leonel barcha gollarini buvisi sharafiga bagʻishladi. Messi 1995 yildan ona-shahri Rosariodagi “Nyuelz Old Boyz” jamoasida toʻp sura boshladi. 1997 yili jamoa tarkibida Peru Doʻstlik Kubogida qatnashadi. Oʻn bir yoshga yetganida unda boʻy oʻsishini taʼminlaydigan samototropin gormoni yetishmasligini aniqlashadi. “River Pleyt” jamoasi Messini oʻz tarkibiga qoʻshib olmoqchi boʻladi, biroq oyiga toʻqqiz yuz doʻllar ketadigan muolajani qoplashga yetarli mablagʻ topa olmaydi.
Messi oʻn uch yoshga kirganida “Barselona” jamoasi sarmoyadorlaridan biri u haqida eshitib qoladi va yordamchilarini joʻnatadi. Ular Messining otasini jamoa maʼmuriyatiga borib uchrashishga koʻndiradi. Shunday qilib, 2000 yilning 17 sentyabrida Messi otasi bilan Kataloniyaga keladi. Biroq jamoaning sport ishlari direktori Karles Reksach bandligi sababli 3 oktyabrdagina koʻrikdan oʻtishga muvaffaq boʻladi. Reksach yosh futbolchining isteʼdodiga qoyil qoladi va “Barselona” direktorlar kengashini Messining oilasi bilan Yevropa koʻchib kelishi, yiliga toʻqson ming yevro turadigan muolajaga pul ajratishga koʻndiradi. Shu paytdan boshlab Messi kataloniyaliklar safida toʻp sura boshlaydi.
Milliy birinchilikdan xalqaro musobaqalarga
Ilk oʻyinlaridayoq toʻpurarlik qobiliyatini namoyish etgach, jamoaning ikkinchi tarkibiga qoʻshiladi. Asosiy tarkibdagi birinchi oʻyinini 2003 yilning 17 noyabrida “Portu” jamoasiga qarshi kechgan oʻrtoqlik uchrashuvida oʻtkazadi. Shu oʻyindan keyin “El Mundo” gazetasi “Bu yosh yigitchaning chap oyogʻi Maradonaniki, tezligi Kroyfniki, toʻp oshirishlari esa Ronaldinyonikiday” deb yozadi. Rasmiy musobaqalarda ilk bor 2004 yilning 16 oktyabrida “Espanyol”ga qarshi kechgan uchrauvda maydonga tushadi, unda jamoa 1:0 hisobida gʻalaba qozonadi. “Barselona”dagi ilk golini 2005 yili “Albaseta” darvozasiga kiritadi. Messi Ispaniya chempionatidagi eng yosh iqtidorli futbolchilardan biriga aylanadi. Chempionlar ligasi musobaqalaridagi ilk oʻyiini esa 2004 yil 7 dekabrda Ukrainaning “Shaxtyor” jamoasiga qarshi oʻtkazadi. 2005 yilning 2 noyabrida “Panatinaikos” bilan boʻlgan bahsda Chempionlar ligasidagi birinchi golini nishonlaydi. Shu yili Messi liga gʻolibiga aylanadi, biroq jarohati tufayli final oʻyinida ishtirok etolmaydi. 2005 yil dekabrida “Tuttosport” gazetasi Messini yigirma bir yoshdan kichik eng yaxshi oʻyinchiga beriladigan “Oltin bola” unvoni bilan mukofotlaydi. Leonel gazeta oʻtkazgan reytingda Uayn Runi va Lukas Podolskilarni ortda qoldiradi.
Yuksak mukofotlar
Messi 2006-2007 yilgi mavsumni aʼlo darajada oʻtkazadi. “Real”ga qarshi kechgan “El Klassiko”da uchta toʻp kiritib, xet-trikka erishadi. Shu paytdan eʼtiboran u “Barselona” muxlislarining ishongan togʻiga aylanadi. Ajoyib oʻyinlari sabab Oltin toʻpga (“France Football” mukofoti) nomzod qilib koʻrsatiladi. Kaka va Krishtianu Ronaldudan keyin mukofotning uchinchi oʻrin sohibi deb topiladi. FIFAning Brilliant toʻp mukofotiga ham nomzodi qoʻyiladi, biroq yana braziliyalik futbol yulduzi Kakadan ortda qolib, ikkinchi oʻrinni egallaydi. Ronaldu esa uchinchi oʻringa munosib topiladi.
2007-2008 yilgi mavsum “Barselona” uchun u qadar muvaffaqiyatli kechmaydi. Jamoa milliy chempionatda uchinchi oʻrinni oladi, Chempionlar ligasida esa yarim finalda “Manchester Yunayted”ga imkoniyatni boy beradi. Shu mavsumdan keyin jamoa murabbiyi Frank Raykard ishdan boʻshatiladi. Garchi bu mavsumda Messining jarohatlari bor kuch bilan oʻynashiga yoʻl bermagan boʻlsa-da, “France Football” va FIFA uni mukofotlarining asosiy daʼvogarlari roʻyxatiga kiritadi. Biroq Messi Oltin toʻpni ham, Birilliant toʻpni ham qoʻlga kiritolmaydi, omad bu safar Krishtianu Ronalduga kulib boqadi. Bu voqeadan keyin Messining yurtdoshi, futbol afsonasi Diyego Maradona uni “Ikkinchi boʻlishingga bundan keyin boshqa ruxsat bermayman”, deya ogohlantiradi.
2008-2009 yilgi mavsum boshida Leonel raqamini 19 dan 10 ga almashtiradi. Oldin 10 raqamida Ronaldinyo oʻynardi. U Italiyaning “Milan” jamoasiga oʻtadi. Messi bu mavsumni juda yaxshi oʻtkazdi va “Barselona” bilan uchta turnirda – Ispaniya chempionati, Ispaniya kubogi va Chempionlar ligasida gʻalabani qoʻlga kiritadi. Toʻqqizta gol urib Chempionlar ligasining eng yaxshi toʻpurariga aylanadi. Nihoyat shu mavsum “France Football”ga koʻra Yevropaning eng yaxshi oʻyinchisi, FIFAga koʻra dunyoning eng yaxshi oʻyinchisi deb topiladi.
Messi qoʻlga kiritgan mukofot va yutuqlarni kitob qilish mumkin. Kichkinagina maqolada ularni bir-bir sanab oʻtishning imkoni yoʻq. Shu sababli eng muhimlarinigina aytib oʻtamiz, xolos.
Yutuqlar
“Barselona” tarkibida
Ispaniya chempioni (5 marta), Ispaniya kubogi sohibi (2 marta), Ispaniya superkubogi sohibi (5 marta), Chempionlar ligasi gʻolibi (3 marta), UYEFA superkubogi sohibi (2 marta), Dunyo jamoalararo chempioni (2 marta).
Argentina termasi tarkibida
Yoshlar oʻrtasida jahon chempioni (2005), Olimpiada oʻyinlari chempioni (2008).
Shaxsiy yutuqlar
Yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatining eng yaxshi toʻpurari (6 ta gol), eng yaxshi oʻyinchisi, Argentinada yilning eng yaxshi futbolchisi (6 marta), Amerika kubogining eng yaxshi yosh futbolchisi (2007), FIFAga koʻra dunyo ramziy termasi aʼzosi (4 marta), Ispaniya chempionatining eng yaxshi oʻyinchisi (3 marta), Chempionlar ligasining eng yaxshi toʻpurari (4 marta), UYEFAga koʻra Chempionlar ligasining eng yaxshi hujumchisi (2008/09), eng yaxshi oʻyinchisi (2008/09), dunyo jamoalararo chempionatining eng yaxshi oʻyinchisi (2 marta), Oltin butsa sohibi (2010) va boshqalar.
Rekordlar
La Liganing bir mavsumda eng koʻp toʻp urgan futbolchisi (2011/12) – 50 ta gol.
La Ligada bir mavsumda eng koʻp xet-trikka erishgan futbolchi (2011/12) – 8 ta.
Faoliyati davomida Superkubokda eng koʻp gol kiritgan futbolchi – 8 ta.
Faoliyati davomida dunyo jamoalararo chempionatida eng koʻp gol kiritgan futbolchi – 4 ta.
Chempionlar ligasining bir mavsumda eng koʻp toʻp urgan futbolchisi (2011/12) – 14 ta.
UYEFA Chempionlar ligasi pley-off bahslarida pokerga (bir oʻyinda toʻrtta gol urishga) erishgan birinchi futbolchi.
UYEFA Chempionlar ligasida bir oʻyinda beshta gol kiritgan yagona futbolchi.
UYEFA Chempionlar ligasida ketma-ketiga toʻrt yil eng yaxshi toʻpurar boʻlgan futbolchi (2009-2012) va boshqalar.
Messining oʻyin uslubi haqida mutaxassislar fikri
Messi oʻzida toʻp yoʻq paytda ham jamoasi uchun juda katta ish qiladi, raqiblarga yetarlicha muammo tugʻdiradi. “Barselona” toʻpga egalik qilmayotganida ham raqiblar himoya haqida oʻylashga majbur. U chinakam sehrgar. Lekin ayni paytda oʻz ustida tinimsiz ishlaydigan futbolchi.
Diyego Maradona
Messi juda yaxshi futbolchi, lekin buyuk boʻlish uchun unda “ikkinchi qavatda oʻynash” qobiliyati yetishmaydi.
Pele
Ronaldu jismoniy kuchiga tayanib maydonda juda koʻp ish qila oladi. Unda Leodagi serqirralik yoʻq. Messi tezlik borasida ham uni orta qoldiradi. Bu toʻp bilan muomalada ham koʻzga tashlanadi. Ronaldu ikki marta toʻp oshirgan vaqt oraligʻida Messi uch marta toʻp oshirishga ulguradi.
Yohan Kroyf
Messi oddiy kiyimda maktab bolasiga oʻxshab qoladi. Futbol kiyimini kiyganida esa, undan boshqa hamma maktab bolasiga aylanadi.
Biksant Lizarazyu
Messiga har yili Oltin toʻp mukofotini berish kerak.
Paolo Maldini
Messiga oʻxshash futbolchi bilan hech qachon toʻp surmaganman, mashgʻulot oʻtkazmaganman. Shubhasiz, u jahondagi eng yaxshi futbolchi, unga Xudo yuqtirgan.
Xosep Gvardiola
Messi qilayotgan ishlar odam imkoniyatlaridan tashqarida. Uni hech kim bilan solishtirib boʻlmaydi.
Frank Raykard
Keyinchalik mening futbolchilik faoliyatim Messi bilan bir davrda kechganini faxr bilan eslasam kerak. Bolalarim ham uni juda hurmat qiladi. U futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchi. U maydonda istagan ishini amalga oshira oladi.
Jon Terri
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
2013
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/futbol-maydonining-qiroli/