Futbol futbol boʻlguncha…

Biz miriqib oʻynaydigan yoki tomosha qiladigan futbol qiziqarli kechmishga ega. Uning qoidalari yillar davomida shakllangan, juda koʻp shartlar qoʻshilgan yoki olib tashlangan. Bugun millionlar oʻyinining rivojlanish tarixidagi eng qiziq, ahamiyatli jihatlarga toʻxtalamiz.

XIX asrning oʻrtalarigacha futbol toʻplari charmdan ishlangan. 1862 yili Layndon degan kishi dastlabki damlanadigan rezina toʻpni ixtiro qiladi. Charm toʻplar qattiq zarba berilganda yorilib ketavergan. Layndon oʻz ixtirosini tayyorlayotganda ana shu nuqsonni yoʻqotishni maqsad qilib oladi. Rezina kameralar tufayli toʻplar shaklga ega boʻladi va zichlik-tarangligi ortadi. 1872 yili Angliya futbol asotsiatsiyasi futbol toʻplarining “aylana uzunligi 27-28 dyum (68,6-71,1 sm) boʻlishi zarurligi” haqida qaror qabul qiladi. Bu standant hozirgi kungacha saqlangan, FIFAning amaldagi qoidalari safidan oʻrin olgan.

Futbol toʻpi dastlabki jahon Kubogi bahslarida ham alohida rol oʻynagan. Argentina va Urugvay jamoalari qayerda ishlab chiqarilgan toʻpda oʻynash borasida tortishib qoladi. Oxiri, vaziyatdan chiqish yoʻli topiladi: birinchi taymda argentinaliklarning koptogida, ikkinchi taymda esa urugvayliklarning toʻpida oʻyin oʻtkaziladi. Birinchi taymni Argentina jamoasi oʻz toʻpida oʻynab 2:1 hisobida gʻalaba bilan yakunlaydi. Ikkinchi taymda esa Urugvay termasi moʻjizaga erishadi – hisobni 4:2 ga yetkazadi. Ularga oʻzlarining koptoklari anchagina “yon bosgan” boʻlishi hech gap emas.

1951 yilda oq rangli toʻplar oʻrnini keng yoʻl-yoʻl rangli toʻplar egallaydi. Ayni oʻsha 50-yillarda toʻq sariq rangli koptoklar ham paydo boʻladi. Ular qorli kunlarda tomoshabinlar toʻpni aniq ajratib olishi uchun oʻylab topiladi.

Oʻtgan asrning oʻrtalariga qadar toʻplar charmdan tayyorlanib, choklari ip bilan tikilardi. Tabiiyki, ular yomgʻir yoqqan paytlari shishib ketadi, ogʻir va xavfli boʻlib qoladi. 60-yillarning boshidan sintetik koptoklar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Sintetik toʻplar pishiqligi va suvni kam shimishi bilan qulay edi.

Toʻplar dastlab ulama va yamoqlarsiz, yaxlit chok bilan ishlab chiqarilgan. Keyinchalik amerikalik Richard Bakminster toʻpni oltiburchak va beshburchaklardan yasash usulini oʻylab topgan. Oltiburchak va beshburchaklar bir-biriga chok bilan qadaladi va natijada yumaloq shakl hosil boʻladi. Bunday usulda yasalgan zamonaviy toʻplar 20 ta oltiburchak va 12 ta beshburchakdan tashkil topadi.

Dastlabki rasmiy futbol qoidalari 1863 yilning 8 dekabrida Angliyada qabul qilingan. Xuddi shu sanadan jahon futbolining tarixi boshlangan.

1863 yilgi qoidalarga muvofiq, boshqa oʻyinchilar qatori darvozabonga ham toʻpni qoʻl bilan oʻynash mumkin boʻlmagan. Faqat 1871 yilga kelib darvoza chizigʻi hududida qoʻl bilan oʻynashga ruxsat berilgan. 1902 yilga kelibgina darvozabonlarga jarima maydoni chegarasida qoʻl bilan oʻynash huquqi berilgan.

1875 yilgacha darvoza vazifasini xodalarga tortilgan arqon bajargan.

Oʻz jarima maydonida bilib turib qoʻpol oʻynagan yoki koptokka qoʻl tekkizgan futbolchining komandasiga oʻn bir metrlik jarima toʻpi belgilash toʻgʻrisidagi qoida 1891 yilda irland eksperti Jon Penalti tomonidan kiritilgan. Keyinchalik oʻn bir metrlik jarima Penaltining nomi bilan atala boshlangan.

1960 yilgacha oʻyinchi almashtirish mumkin emasdi. Mabodo darvozabon jarohat oladigan boʻlsa, maydondagi oʻyinchilardan biri uning oʻrnini egallagan.

Dastlabki tishli butsilar XIX asrning oxirlarida Angliyada paydo boʻlgan. Oldinlari tishlar asosan charm va rezinadan tayyorlangan, hozirda alyuminiy va plastmassadan ishlanadi.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2010

https://saviya.uz/turfa-olam/futbol-futbol-bolguncha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x