Kunlarning birida huzurimga nuroniy bir otaxon keldi. Salomlashdik. Oʻzini Abdurashid Abdullayev deb tanishtirdi. Soʻzlari samimiyat bilan yoʻgʻrilgan, tilidan dur toʻkiladi. Asli poytaxtning Katta Qaʼni dahasidan boʻlgan bu kishining aytishicha, buvasi Mulla Rahim Toshkentning oʻtgan asr avvalidagi oʻqimishli, ziyoli kishilaridan boʻlgan. Atoqli shoir Zokirjon Furqat Toshkentda yashagan davrida ular oʻzaro muloqot qilishgan. Poytaxtdan Samarqand va Buxoro orqali xorijga yoʻl olish oldidan shoir Furqat Mulla Rahimning uyida mehmon boʻlgan. Ana shu muloqotlar va oʻrtalaridagi iliq munosabat natijasi oʻlaroq Furqat “Keling, Mullo Rahim, yor axtarayluk” deb boshlanuvchi mashhur gʻazalini unga bagʻishlagan.
Mulla Rahim bobo asosan qoʻychilik, yilqichilik, yogʻochfurushlik bilan shugʻullangan. Halol tijoratdan topgan boyliklarini el-yurt manfaati, ilm-maʼrifat yoʻlida sarflagan. Furqat ishtirokida oʻtkazilgan mushoiralarda muntazam ishtirok etgan. Quyida eʼtiboringizga A. Abdullayevning shoir Furqat hamda buvasi Mulla Rahim oʻrtasida samimiy munosabat aks etgan moʻjaz maqolasini havola qilyapmiz.
Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori, professor
Ulugʻ maʼrifatparvar Zokirjon Furqat hayotining Toshkent davri shoir ijodiy taqdirida alohida oʻrin tutadi. Shoir shaharning fozil kishilari bilan oʻzaro suhbatlarda, mushoiralarda muntazam ishtirok etgan. Jumladan, buvam Mulla Rahim bilan yaqin munosabatda boʻlgan. Furqat Toshkentdan ketishi oldidan 1891 yil 13 mayda buvam ichki hovlida shoirni mehmon qilgan. Ziyofat u kishining uylanganidan oʻn yil oʻtib, oʻgʻil farzand koʻrgani munosabati bilan tashkil etilgan. Mehmondorchilikda Furqatning maslakdoshlari Hakimboy, Qudoboy qozi, Qoʻchqorbek aka, Sher aka, Koʻkaldosh madrasasi mudarrisi Sayfiddin Aʼlam, qoʻni-qoʻshnilar qatnashgan.
Ziyofat yakunida tashrif buyurganlar nomidan Sayfiddin Aʼlam uy egasiga va aziz mehmon Furqatga tashakkur aytib, buvamning ishorasi bilan shoirga toʻn kiydirgan. Furqat esa mehmondoʻst, insonparvar toshkentlik doʻstlari, jumladan, Mulla Rahimboydan behad mamnun ekanini aytgan. Xayrixohligi, ilm bergani uchun Sayfiddin Aʼlamga minnatdorlik izhor etgan. Shoir shu mehmondorchilikdan biroz oʻtib, tugʻilib oʻsgan shahri Qoʻqonga emas, Samarqand tomonga joʻnab ketadi. Ketish oldidan buvamning oilasida farzand dunyoga kelgach, ayollari qazo qilganini, chaqaloqni enaga emizib qarayotganini eshitib, shu mavzuga mos sheʼr ham yozgan. Oradan bir asrdan koʻproq muddat oʻtgan boʻlsa-da, bu sheʼr koʻnglimizga juda-juda yaqin. Mumtoz adabiyotimizning yirik namoyandalaridan boʻlgan Furqat hayotidagi oilamiz kechmishiga bevosita aloqador voqea haqida yozish, qalam ahlidan boʻlmaganim uchunmi, oson kechmadi. Abdugʻani akamdan eshitishim boʻyicha, ulugʻ shoirning buvamga atab yozgan sheʼri qoʻlyozmasi Chorsudagi matbuot doʻkonida ishlaydigan uzoq qarindoshimiz Gʻafur Abduazimov qoʻliga furqatshunos olim Sharif Yusupov tomonidan yetkazilgan. Qaʼni qishlogʻimiz shahardan uzoq boʻlgani uchun dastxat bizgacha yetib kelmagan. Oʻsha davrdagi bayozlar asosida mazkur sheʼr matni Furqatning “Tanlangan asarlar”iga kiritilgan. Bobomning ismlarini sheʼr sarlavhasida qayd etib, tarixga muhrlagan Furqatdan juda-juda minnatdormiz. Mana, qalbimizdan chuqur joy olgan oʻsha sheʼr matni:
Keling, Mullo Rahim…
Keling, Mullo Rahim, yor axtarayluk,
Koʻngul margʻubi dildor axtarayluk.
Agarchi topmasak, bir yaxshi dilbar,
Yomondur gar sitamkor axtarayluk.
Yoʻluqturdi falak yakbora gʻamni,
Demasduk ranju ozor axtarayluk.
Yurakda dardi yoʻqlarni netarmiz,
Oʻzimizdek dilafgor axtarayluk.
Jahon bogʻini mahzun bulbulimiz,
Guleki boʻlsa bexor, axtarayluk.
Vafolik yorni ahvoli shulmu,
Qoʻyung emdi, jafokor axtarayluk.
Boʻlub hayron bu yerda turmasak xoʻb,
Kezib el necha miqdor axtarayluk.
Necha kundur ikovlon Furqatiymiz,
Visolini boʻlub zor, axtarayluk.
Sheʼrda shoirning va buvamning oʻsha kezdagi holati (ikkalasi ham jufti halolidan ayrilgan) taʼsirchan aks etgan. Abdurashid Abdugʻafurov “Zokirjon Furqat” kitobida yozishicha, Furqat Qoʻqonda ota-ona qoshida oila quradi, uylanadi. Ammo shoirning birinchi turmushi baxtli boʻlmagan. “Xotun” radifli sheʼri ana shunday vaziyat va kayfiyatda tugʻilgan, deb taxmin etish mumkin. Shoirning Qoʻqonda ortiq tura olmasligining ham bosh sabablaridan biri shaxsiy hayotidagi notinchlik boʻlgan.
Furqat bilan Mulla Rahim buvamni Sayfiddin Aʼlam tanishtirgan. Koʻkaldosh madrasasining mashhur mudarrislaridan boʻlgan Sayfiddin Aʼlam buvam bilan yaqin munosabatda boʻlib, Koʻkaldosh madrasasida unga saboq bergan. 1889 yili u Furqatni buvam bilan uchrashtirib: “Sizga mos ziyoli kishi”, deya tanishtirgan. Sayfiddin Aʼlam 1855 yili Toshkentning Eshonguzar mahallasida tavallud topib, shu yerda ulgʻaygan. Avval Koʻkaldoshda, 1877–1887 yillarda Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil koʻrgan. Arab va fors tillarini mukammal bilgan. Islom dini arkonlariga doir uch jildli kitob tasnif etgan. Kitoblari Buxoroi sharifdagi yetuk ulamolar hayʼati tomonidan yuqori baholanib, u kishiga “aʼlam” unvoni berilgan. 1887 yili Toshkentga qaytib, Koʻkaldosh madrasasida mudarrislik qilish barobarida oilasi bilan Katta Qaʼnida dehqonchilik qilib roʻzgʻor tebratgan. 1938 yil koʻklamida qattiq xastalanib, 83 yoshida Eshonguzardagi hovlida (Kamolon) vafot etgan. Xoʻja Aʼlambardor maqbarasining oʻng tomoniga dafn etilgan.
Mulla Rahim buvamning hayot yillari taxminan 1859–1929 yillarga toʻgʻri keladi. Boy tabaqadan boʻlgani uchun ancha ogʻir kunlarni boshdan kechirganidan xabardormiz. Butun boyliklari, uy-joylari shoʻrolar tomonidan tortib olingan, taʼqib va tazyiq sharoitida yashagan. Afsuski, buvamning ulugʻ shoir Furqat mehmon boʻlgan tabarruk uyi ham shoʻrolar ixtiyoriga oʻtib ketgan. Akamlar Katta Qaʼnidagi boshqa hovlida, biz esa koʻpqavatli uylarda yashaymiz. Biroq sheʼriyatimizning ulkan namoyandasi Furqatning Mulla Rahim buvamiz xonadonida mehmon boʻlgani, unga bagʻishlab sheʼr yozgani qalbimizga bir umr quvonch bagʻishlab keladi. Avlodlarimizdan ana shunday maʼrifatli insonlar yetishmogʻini umid qilamiz.
Abdurashid ABDULLAYEV,
Toshkent shahri
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/furqatning-noyob-tashrifi/