Furqat


Post Views:
1 603

FURQAT (taxallusi; asl ism-sharifi Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li) (1859–1909) – ma’rifatparvar shoir, mutafakkir, publitsist. Qo‘qondagi madrasada tahsil ko‘rgan (1873–76), 1889 yil iyunda Toshkentga kelgan va 1891 yilgacha shu yerda yashagan. Shoir Toshkentda dastlab «Ko‘kaldosh» madrasasida istiqomat qilgan. Zamonasining taraqqiyparvar kishilaridan Sattorxon Abdug‘afforov, Jo‘rabek Qalandar o‘g‘li, Muhiddin Hakimxo‘ja o‘g‘li, Saidrasul Saidaziz o‘g‘li bilan tanishgan. 1892 yilgi Toshkent qo‘zg‘oloni tashkilotchilari Ahmad­xo‘ja Abdurashidxo‘ja o‘g‘li, Sharifxo‘ja Poshshaxo‘ja o‘g‘li, In’omxo‘ja Umarxo‘ja o‘g‘li bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan. Shoir Kamiy bilan hamkorlik qilgan. «Turkiston viloyatining gazeti» hay’atiga ishga kirgan (1890) va gazetani tayyorlash va nashr etishda bevosita qatnashgan. 1891 yildan Hindiston, Arab mamlakatlari, Turkiya, Gretsiya, Bolgariya bo‘ylab sayohat qilgan. U Toshkentdagi do‘stlariga vatanni qo‘msash tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan she’riy maktublarini yuborib turgan. U mumtoz she’riyat an’analari ruhida ko‘plab ishqiy g‘azallar, muxammaslar yaratgan. Furqat she’rlarida ona-yurt tabiati va bahor go‘zalligi, jo‘shqin sevgi-muhabbat va chin insoniy fazilatlar, hayot shodliklaridan quvonish va turmush tashvishlaridan shikoyat qilish, umuman, odam va olam, kishilarning ma’naviy dunyosi, mehri va qahri yaqqol tasvirlangan («Bahor ayyomida gulgasht etarga bir chaman bo‘lsa», «Fasli navbahor o‘ldi kechibon zimistonlar» va boshqalar). «Etti falak», «Istar ko‘ngil», «Do‘st», «Kokulung» radifli muxammaslari, Navoiy g‘azallariga taxmislari davr she’riyatining ham g‘oyaviy, ham badiiy jihatdan yetuk namunalari hisoblanadi. O‘zbek adabiyotida zamonaviy ma’nodagi publitsis­tikaga, pamflet va felyeton janrlariga asos sol­gan. Hajviy she’rlarida (masalan, «Xotun) og‘ir moddiy-ma’naviy hayotni tasvirlashda Muqimiy va Zav­qiy bilan hamohang bo‘ldi. Furqatning ma’rifatparvarlik g‘oyalari o‘zbek adabiyoti rivojida salmoqli rol o‘ynadi. U 90-yillardagi ijodi va faoliyati bilan 19-asrdagi yangi o‘zbek ma’rifatchilik adabiyotiga asos soldi. Toshkentdagi markaziy ko‘chalardan biriga, Mirobod tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘iga, mahallaga Furqat nomi berilgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/furqat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x