XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi oʻzbek xalqchil adabiyotining yirik namoyandasi, maʼrifatparvari, lirik shoiri, otashin publitsisti Zokirjon Furqat Qoʻqon shahrida, Mullo Xolmuhammad oilasida dunyoga kelgan. Boʻlajak shoirning otasi zamonasining ilgʻor fikrli vakillaridan biri sifatida turli bilimlardan yaxshigina xabardor boʻlgan. Mullo Xolmuhammad xususan badiiy adabiyot muxlisi boʻlib, oʻzi ham sheʼriy iqtidor sohibi edi. Zokirjon mahallasidagi maktabda tahsil koʻradi, ayni zamonda otasi yordamida mustaqil mutolaa orqali oʻzbek va fors adabiyotining buyuk namoyandalari merosini, ayniqsa, Alisher Navoiy ijodini chuqur oʻrganadi, forsiy tilni mukammal oʻzlashtiradi. Yosh Zokirjon Navoiy asarlarini shu darajada berilib mutolaa qiladiki, oʻzining guvohligiga koʻra, buyuk shoir hatto uning tushiga ham kiradi va suhbat asnosida sheʼriyatdan imtihon qilib, ijodiy ish uchun “oq fotiha” beradi. Shu yoʻsin u Navoiy duosidan ruhlanib bolalik yillardayoq qoʻliga qalam oladi va umrining oxirigacha ijod bilan shugʻullanadi. Zokirjon oʻzi yozgan tarjimai holida qayd etganidek, toʻqqiz yoshidayoq qogoz sahifasiga quyidagi misralarni bitib, muallimining olqishlariga sazovor boʻlgan:
Mening maktab aro buldur murodim,
Xatimdek chiqsa imloyu savodim.
Xushnavis kotiblar va mudarrislardan xattotlik sanʼati va arab tilidan saboqlar olgan Zokirjon 1873 yilda madrasaga kiradi. 1875–76 yillarda Qoʻqon xonligida yuz bergan qonli, siyosiy voqealar munosabati bilan madrasa yopilgach, yana mustaqil mutolaa va ijodiy ish bilan shugʻullanadi. Yangi Margʻilonda savdo ishlarini yoʻlga qoʻygan togʻasining qistoviga koʻra, u yerga borib yordamlashadi, keyinchalik oʻzi ham “choy va digar ashyolar savdosigʻa doʻkon” ochadi, samovarchilik, mirzolik qiladi. Bunday ijtimoiy faoliyat oddiy xalq vakillari hayoti va orzu-intilishlari bilan bevosita tanishish, mustamlaka tuzumi illatlarini chuqurroq xis etish imkoniyatini beradi.
Zokirjon Yangi Margʻilonda ijodkor sifatida toʻla shakllandi, oʻz gʻazallariga “Furqat” – “ayriliq” taxallusini qoʻyib, shuhrat qozona boshladi. Mustamlakachi chor maʼmuriyati joylashgan xuddi shu yerda u ilk bor ovroʻpocha hayot tarzi, zamonaviy fan-texnika yangiliklari bilan tanishadi.
Saksoninchi yillar boshlarida Qoʻqonga qaytib, oila quradi va asosan ijodiy ish bilan shugʻullanadi. Muqimiy va Muhyi yetakchi boʻlgan Zavqiy, Nodim, Nisbat, Muhayyir kabi ijodkorlar bilan bevosita muloqotga kirishadi, ular muntazam ravishda uyushtiradigan adabiy majlislarning, sheʼriyat kechalarining faol ishtirokchilaridan biriga aylanadi. Bu yirik qalam sohiblari ijodida keyinchalik kamol topgan gʻoyaviy va adabiy birlik, ular dunyoqarashidagi umumiylik xuddi shu adabiy anjumanlarda shakllana borgan.
Furqatning Qoʻqondagi ijodi tur va mavzu, mazmun va shakl rang-barangligi jihatidan ham, sermahsulligi jihatidan ham diqqatga sazovor. U mumtoz sheʼriyatimiz anʼanalari ruhida koʻplab ishqiy gʻazallar, muxammaslar, Navoiy asarlariga goʻzal nazira va taqlidlar yaratdi, chuqur xalqchillik va zamonaviylik uning sheʼrlarida tobora keng oʻrin egallay boshladi. Uning “Boʻldi” radifli muxammasida mavjud mustamlaka tuzumining illatlari, tobora keng quloch otayotgan kapitalistik munosabatlarning salbiy oqibatlari badiiy ifodasini topgan.
Qoʻqon xonligining uzil-kesil tugatilib, batamom mustamlakaga aylantirilishi volqeasi bilan bogʻliq “Dermish xon bir kuni-kim, davru davronlar qayon qoldi?” misrasi bilan boshlanuvchi muxammasi ham Furqatning shu davr ijodining mahsulidir. Toju taxtdan, shaʼnu shavkat va aʼyonlaridan mahrum boʻlgan Xudoyorxon nomidan bitilgan bu asar ham shoir ijodida zamonaviy ijtimoiy mavzuning keng oʻrnini isbotlovchi dalillardandir.
Oʻzining guvohlik berishicha, Furqat xuddi shu yillarda “Hammomi xayol” risolasini yaratadi, “Chor darvesh” hikoyatini forschadan tarjima qiladi. “Nuh manzar” nomli sheʼriy kitob yaratadi.
“Bulardin boʻlak har xil gʻazaliyotim Fargʻona muzofotigʻa (yaʼni, yon-atrof qishloqshaharlariga) va digar mamlakatlarga muntashir(mashhur) boʻldi”, deb yozadi shoirning oʻzi tabiiy gʻurur bilan. Xuddi shu yillarda shoir ilk bor sheʼrlarini toʻplab majmua holiga ham keltirgan. Afsuski, shoirning oʻzi qayd etgan risola, manzuma va tarjimalari kabi bu majmua ham shu kunga qadar topilgan emas.
Furqat taxminan 1886–87 yillarda Margʻilonga borib, asosan sheʼriyat bilan band boʻldi, shaharning ziyolilari Xoʻjajon Rojiy, Muhammad Umar Umidiy – Havoiy, Mulla Toshboltu Royiq kabi ijodkorlar bilan tanishib, adabiy suhbatlar qurdi. Shu yerda u ilk bor gazeta bilan tanishib, uning “Toshkent shahrida bosma boʻlgʻon”ligini biladi.
Furqat 1889 yili avvalida oʻlkaning bosh shahri Toshkent safariga chiqib, Qoʻqon orqali Xoʻjandga keladi. Bu qadimiy madaniy shaharda Toshxoʻja Asiriy boshliq mahalliy ijodkorlar, adabiyot muxlislari bilan qator uchrashuvlar, mushoirlar uyushtirgan Furqat, ayni zamonda shahar aholisining yashash sharoiti, kundalik hayoti, rasm – rusumlari bilan yaqindan tanishadi.
1889 yilning iyuni oʻrtalarida (hijriy 1306 yil shavvol oyi) Furqat Toshkentga kelib, Koʻkaldosh madrasasi hujralaridan biriga joylashadi. Odatiga koʻra, bu yerda ham mahalliy ziyolilar bilan tez muloqotga kirishadi, adabiy hayotda koʻrinarli mavqeʼga koʻtarila boradi.
Furqat gʻazal va muxammaslarida ijtimoiy ohanglar ham koʻrinarli oʻrin tutadi. Mustamlaka tuzumining illatlarini qoralash, joriy adolatsizlik va zoʻravonlikdan, huquqsizlik va nochor hayotdan, nodonlarning zamonada eʼtibor topib, donolarning, halol kishilarning xor-zor etilishidan norozilik badiiy buyoqlarda qatiy jaranglaydi:
Charxi kajraftorning bir shevasidin dogʻmen,
Ayshni nodon surub, qulfatni dono tortadur.
Sarigʻ oltun kasrati koʻngulni aylaydur qaro,
Chunki safro boʻlsa gʻolib, oʻzga savdo tortadur.
Mashhur “Sayding qoʻyaver, sayyod” musaddasida esa Furqat chor bosqinchilari mustamlakasiga aylangan oʻlkadagi hukmron zoʻravonlikka qarshi Inson sharafi va gʻururini ulugʻlaydi. Butun musaddas misralari zaminida insonparvar va erksevar shoirning zulm oʻtkazuvchilarga qarshi qatiy norozilik ovozi jaranglab turadi.
Furqat hayotining Toshkent davri uning dunyoqarashi takomilida katta ahamiyat kasb etdi. Chor mustamlakachilik maʼmuriyatining markaziga aylantirilgan Toshkentda shoir kundan-kunga kirib kelayotgan ovroʻpocha hayot tarzi bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega boʻldi. Yangi tarixiy sharoitda moddiy-madaniy hayot va ijtimoiy ongda yuz bergan sezilarli oʻzgarishlarni mushohada etish, yaqin feodal oʻtmish bilan taqqoslash natijasida Furqat dunyoqarashida jiddiy sifat oʻzgarishi yuz berdi. Eng muhimi shundaki, bu hol uning ijodida oʻz badiiy ifodasini topdi – maʼrifatparvarlik, ovroʻpocha ilm-madaniyat, fan-texnikaga xayrixohlik shoir asarlarining gʻoyaviy mohiyatiga aylana bordi. Bu esa Furqatning koʻp asrlik adabiyotimizga yangi mavzular, yangi gʻoyaviy ohanglar olib kirishiga, chin maʼnoda novator ijodkor sifatida qalam tebratishiga zamin boʻldi. Endilikda Furqat zamonaviy maorif va madaniyatning yangicha qarash, fikrlash va yangicha hayot kechirishning jonkuyar targʻibotchisiga aylandi. Shu tariqa ijodiy, ilmiy va ijtimoiy faoliyatining eng qizgʻin, jangovar va eng mazmundor bosqichi boshlandi. Shoir nihoyat faollashdi, ilgʻor gʻoyalarning targʻibotida gazetadan unumli foydalanish mumkinligini yaxshi tushundi va tez orada “Turkiston viloyatining gazeti” hayʼatiga rasman ishga joylashdi.
1890 yilning may, iyul va sentyabr oylarvda “Ilm xosiyati”, “Akt majlisi xususida”, “Toshkent shahrida boʻlgʻon nagʻma bazmi xususida”, shuningdek, uch qismdan iborat “Vistavka xususida” kabi davr adabiyotvdagi maʼrifatparvarlik yoʻnalishining yetuk namunalari darajasida boʻlgan asarlari shu gazeta sahifalarida dunyo yuzini koʻrdi.
Bu turkum asarlarida Furqat yangilik va taraqqiyotning, ilm-fan va ovroʻpocha maorif-madaniyatning otashin jarchisi sifatida namoyon boʻladi, oʻz vatandoshlarini zamonaviy bilimlarni puxta egallashga va ilgʻor xalqlar qatoridan oʻrin olishga daʼvat etadi. Shoir bitgan misralar nihoyatda joʻshqin va taʼsirchan, ulardagi xitob va hayqiriq har bir oʻquvchi diliga koʻchib, uni befarq qoldirmaydi:
Jahon bastu kushodi – ilm birla!
Nadur dilni murodi – ilm birla!
Koʻngullarni sururi – ilmdandur!
Koʻrar koʻzlarni nuri – ilmdandur!
Kerak har ilmdan boʻlmak xabardor!
Boʻlur har qaysi oʻz vaqtida darkor!
Furqat xuddi shu yillarda yaratilgan “Shoir ahvoli va sheʼr mubolagʻasi xususida” deb nomlangan asarida ijodkor va badiiy adabiyot muammolarini qalamga oladi.
Zokirjon Furqat haqli ravishda oʻzbek publitsistikasining asoschilaridan biri hisoblanadi. Uning otashin publitsist sifatidagi faoliyati 1890 yildan boshlanadi. “Turkiston viloyatining gazeti” xodimi sifatida u bir yildan koʻproq vaqt davomida Sattorxon kabi ilgʻor maʼrifatparvarlar bilan hamkorliqda gazetani tayyorlashda bevosita qatnashib, gazeta sahifalarida oʻz maqollarini eʼlon qiladi. Jumladan, 1891 yilning yanvar-iyun sonlarida “Hoʻqandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti. Oʻzi yozgʻoni” nomli kattagina nasriy asari nashr etila boshladi. Shoir dunyoqarashi va ijtimoiy-ijodiy faoliyatini belgilashda favqulotda ahamiyatga ega boʻlgan bu asar, ayni zamonda, endigina shakllanayotgan oʻzbek publitsistikasining yorqin namunasi sifatida ham katta qimmatga egadir.
Furqatning Toshkentdagi faoliyati uzoqqa choʻzilmadi. U 1891 yil mayida Samarqandga joʻnaydi, shahar fozillaridan Mirzo Buxoriy hovlisida yashab, qadimiy obidalar bilan tanishadi, gazetaga xabarlar yoʻllaydi. Soʻngra Buxoroga oʻtadi. Iyul oyi oxirlarida esa chet el sayohatiga chiqib, Marv-Ashxobod-Boku-Botumi orqali noyabr oyida Istanbulga boradi. Shu tariqa shoir hayoti, dunyoqarashi va ijodida chuqur iz qoldirgan vatanjudolik boshlanadi. Istanbuldan Toshkentga yoʻllagan mashhur “Sabogʻa xitob” sheʼriy maktubi Vatan ishtiyoqi, sogʻinchi, ayriliq azoblari va yolgʻizlik ohanglari shoir ijodida endiliqda old oʻringa koʻtarilganini koʻrsatadi. Furqat Istanbuldan Bulgʻoriya va Yunonistonga qisqa muddatli sayohat uyushtirib, Bolqon yarim orolining qator shaharlarida boʻladi. Shu kezlarda yaratilgan “Rumolik qiz hikoyati” (“Yunon mulkida bir afsona”)da vatanni qoʻmsash, unga talpinish mavzui romantik-sarguzasht boʻyoqlarda juda taʼsirchan ifodalangan.
Furqat 1892 yil martida Istambuddan Oʻrta yer dengizi oraqali Arabistonga oʻtib, Makkada haj ziyoratini bajo aylab, Jadsa, Madina shaharlarida boʻldi. Xuddi shu ziyorat munosabati bilan uning “Hajnoma” asari maydonga keladi. Makka ziyoratini tugatgach, Furqat Bombeyga kelib, Hindistonning qator qishloq-shaharlariga sayohatlar uyushtiradi. Shoirning bu davrda yaratgan barcha asarlarida nasriy va nazmiy makublarida ona yurt sogʻinchi va vatanparvarlik gʻoyalari yetakchilik kildi. Bu jihatdan, ayniqsa, “Adashganman” radifli lirik sheʼrlar turkumi alohida ajralib turadi. Hatto, shu yillarda bitilgan “Kashmirda”, “Bulbul” deb yuritiluvchi “sof” lirik gʻazallarida ham Vatanni qoʻmsash mavzui koʻzga aniq-ravshan tashlanadi. Furqat 1893 yili martida Kashmir-Tibet orqali uygʻur oʻlkasiga keladi. Yorkentda turgʻun boʻlib qoladi.
Furqat doimo Vatanga qaytish umidi bilan yashadiki, bu intilish uning kator badiiy asarlarida, xat-xabarlarida ham u yoki bu darajada oʻz ifodasini topgan. “Vatanning ishtiyoqini tortaram gʻurbat gʻami birlan”, deb yozgan shoir umrining soʻnggi kunlariga qadar oʻz yurtiga qaytish ilinjida yashadi, shu bois uning fuqaroligidan chiqmadi.
Furqat Yorkentda dorivor oʻsimliklar bilan savdo kiluvchi kichik doʻkon ochadi. Asosan esa ijodiy ish va xattotlik bilan shugʻullanadi. Shoirning oʻz maʼlumotlariga koʻra, chet el sayohatiga chiqqani hamonoq yozishga kirishgan “Sayohatnoma” asari ustida koʻpishlagan. Ammo hajman kattagina deb taxmin etiluvchi bu asar hanuzgacha topilmagan. Furqat Yorkentda koʻplab lirik gʻazal va muxammaslar qatorida ijtimoiy-siyosiy mavzularda ham qator masnaviylar yaratdi. “Masarratnoma”, “Qasida” asarlari, shuningdek, rus-yapon urushi munosabati bilan yozgan masnaviysi xuddi shu turkum jumlasiga kiradi.
Shoir ona yurti bilan, Fargʻona va Toshkentdagi yoru doʻstlari bilan muntazam aloqani kanda qilmadi. Zavqiy, Toshboltu kabi ijodkor doʻstlariga sheʼriy maktublar, “Turkiston viloyatining gazeti”ga xat va maqola-xabarlar yuborib turdi. U xuddi shu yillarda milliy adabiyotimizda pamflet va felyeton kabi jangovar turlarning ilk namunalarini yaratib, gazeta sahifalarida eʼlon etdi. Furqatning adabiyotimiz tarixida ikki tillik ijodkor sifatida ham oʻz oʻrni bor. Uning forsiy tilda bitilgan ishqiy va ijtimoiy mazmundagi koʻplab gʻazallari oʻzining yuksak badiiyligi bilan oʻquvchilar dilidan mustahkam oʻrin olgan.
Mazmunan hayotiy va badiiy barkamol lirikasi, maʼrifatparvarlik yoʻnalishidagi yetuk asarlari bilan, jozibali nasri va jangovar publitsistikasi bilan XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Zokirjon Furqat 1909 yilda ogʻir kasalliqdan soʻng vafot etdi. Uning jasadi Yorkentning Dongdor mahallasidagi qabristonga qoʻyilgan.
“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/furqat-1859-1909/