Foydali vitaminlar va mikroelementlarning organizmdagi roli haqida barchamiz bilamiz. Masalan organizmda kalsiy, magniy, temir hamda B6, B12, A, C, D va PP vitaminlarining qanday vazifa bajarishi deyarli barchaga maʼlum. Ammo faol moddasi folat boʻlgan foli kislota – vitamin B9 ning organizmdagi vazifasi nimadan iborat?
Folatlar hujayra yadrosidagi maʼlumot saqlovchi DNK sintezida ishtirok etadi. B9 vitamini maxsus ferment sintezida ham ishtirok etadi, bu ferment yomon sifatli oʻsmalar oʻsish xavfini kamaytiradi.
Foli kislota yetishmovchiligi asosan 20-45 yoshdagi insonlarda, homiladorlar va emizikli davrdagi ayollarda qayd etiladi. Bunday holat megaloblast anemiya (DNK sintezi buzilishi natijasida kelib chiqadigan onkologik kasallik), homila rivojlanishidagi nuqsonlarga sabab boʻladi.
Vitamin B9 yetishmovchiligining oʻziga xos belgilari ham mavjud, masalan tana haroratining koʻtarilishi, yalligʻlanish jarayonlari, ovqat hazm qilish bilan bogʻliq muammolar (ich ketishi, koʻngil aynishi, anoreksiya), giperpigmentatsiya kabilar.
Foli kislotasini qabul qilish qoidalari
MIA 1998-yilda foli kislotasini qabul qilish haqidagi yoʻriqnomani ishlab chiqdi. Ushbu maʼlumotlarga koʻra doza quyidagicha:
Optimal – 400 mkg sutkasiga;
Minimal – 200 mkg;
Homiladorlikda – 400 mkg;
Laktatsiya vaqtida – 600 mkg.
Eʼtibor bering! Foli kislotasini qabul qilish qatʼiy ravishda individual belgilanadi. Yuqoridagi dozalar bu oʻrtacha qilib olingan miqdor hisoblanadi.
Foli kislotasi va homiladorlik
Foli kislota DNK sintezida faol qatnashadi, ushbu vitamin hujayralar sintezida ham muhim ahamiyatga ega. Shu sababli homiladorlikni rejalashtirishda va homiladorlik vaqtida foli kislotasini qabul qilish tavsiya etiladi.
Homiladorlikni rejalashtirish vaqtida vitamin B9ni qabul qilishning ahamiyatli jihati shundaki – homiladorlikning ilk haftalarida homila nerv tizimi va bosh miyasi shakllana boshlaydi. Bu vaqtda hujayralar faol boʻlinishi uchun foli kislotasi kerak boʻladi. Bundan tashqari ushbu modda qon hosil boʻlishida ham qatnashadi yaʼni yoʻldosh shakllanishida va uning mustahkamligini taʼminlaydi.
Homilador ayolda foli kislotasi yetishmovchiligi natijasida homilada tugʻma nuqsonlar shakllanadi:
Quyon lab;
Gidrosefaliya;
Boʻri tanglay;
Nerv nayining nuqsoni;
Bolaning ruhiy va aqliy rivojlanishining buzilishi.
Foli kislotasining qabul qilishdan bosh tortish muddatidan avval tugʻruq roʻy berishi, yoʻldoshning koʻchishi bola tushishi kabi asoratlarga olib keladi. Ilmiy izlanishlarga asoslangan holda homiladorlikning rejalashtirishdan 2-3 oy avval foli kislotasini qabul qilishni boshlash yuqoridagi kabi holatlar roʻy bermasligini 75 % gacha kafolatlaydi.
Tugʻruqdan soʻng ham foli kislotasi yetishmovchiligi – tug’ruqdan keyingi depressiya, apatiya, umumiy holsizlik kabi holatlar keltirib chiqaradi. Bundan tashqari organizmda vitamin B9 yetishmovchiligi natijasida koʻkrak suti sifati ham buziladi, sut hosil boʻlishi kamayadi.
Homiladorlik va laktatsiya davrida foli kislotasi qabul qilish dozasi
Homiladorlikni rejalashtirish va homiladorlik vaqtida shifokorlar foli kislotasi dozasini – sutkasiga 400-600 mkg deb belgilab beradi. Laktatsiya vaqtida esa chaqaloqni ham taʼminlash uchun foli kislota miqdori 600 mkg deb belgilanadi. Foli kislotasi yuqori dozalarda quyidagi holatlarda buyuriladi:
Qandli diabet va epilepsiya holatidagi ayollar;
Tugʻma kasalliklarga ega boʻlgan ayollar;
Doimo dori preparatlari qabul qilib yuradigan ayollar;
Foli kislota tanqisligi bilan farzand dunyoga keltirgan ayollar.