Folbinni laqillatish

Arkadiy AVERCHYeNKO,

Rossiya

 

Sen, albatta, folbinga borishing kerak, – dedi menga togʻam. – Oʻtmish, bugun va kelajakni aql bovar qilmas darajada toʻgʻri bashorat qiladi…

Masalan, menga oʻn besh yildan keyin aniq oʻlishimni aytdi.

 – Buni hayratlanarli haqiqat, deya olmayman, – eʼtiroz bildirdim men. – Kutamiz!

 – Nimani kutasan?

 – Oʻn besh yil oʻtishini. Agar u haq boʻlib chiqsa, borganim boʻlsin.

 – Agar oʻn besh yil ichida folbin oʻlib ketsa-chi? – eʼtiroz bildirdi togʻam.

Men ikkilanib qoldim. Haqiqatan ham, bu gʻaroyib odamning oʻlimi meni umidsizlikka tushirib qoʻyishi mumkin… Agar folbin oyoqlarini choʻzib qolsa, men na kelajagi, na uzoq va na yaqin oʻtmishidan boxabar soʻqir odamga aylanib qolaman-ku… “Bundan tashqari, oʻyladim men, oʻlimim vaqtini aniqlash uchun yetarlicha asosim bor. Toʻsatdan, uch xafta ichida oʻlib qolsam-chi? Bankdagi ming rubl nima boʻladi, axir oʻsha pullar yordamida hayotimning soʻnggi kunlarini mazmunga toʻldirganim yaxshimasmi?..”

 – Mayli, boraman.

… Folbin haqiqatan ham gʻaroyib inson boʻlib chiqdi: uning yuzida hech qanaqa magʻrurlik va takabburlik sezilmasdi. Aslida folbinlikni hammagayam yuqtirmaydi…

Salom-alikdan soʻng folbin kamtarona taʼzim qilib dedi:

 – Garchi kelajak inson nazaridan yashirin jumboq boʻlsa-da, odam tanasida shunday bir hujjat borki, oʻta tajribali, bilimdon koʻz ushbu hujjatdan hamma narsani oʻqiy oladi.

 – Nahotki?

 – Bu hujjat – kaftingiz! Dunyoda kaft chiziqlari bir xil ikkita odam yoʻq. Kaftdagi har bir chiziqda insonning feʼl-atvori, qilmishi va ishtiyoqlari aks etgan boʻladi!

Yuragim titrab ketdi. “Jin ursin! – oʻyladim men. – Kechagina oʻrtogʻimning sigaretini oʻziga sezdirmay oʻmargandim. Buni achchiq hazil, deb tushunish mumkin, ammo laʼnati qoʻl nuqtai nazarimizni hisobga olmasdan ayni haqiqatni koʻrsatadigan boʻlsa, sigaret oʻgʻrisiga aylanib qolaman-ku. Qanday sharmandalik!.. Bu gaplardan keyin meni folbinning koʻzlariga tik qaray oladi, deb oʻylaysizmi?

Achchiqqina kulib qoʻydim.

 – Kechagi sigaret voqeasi bilan bogʻliq hazilni esladim… kulaverib oʻlib qolay dedik oʻziyam! Doʻstim sigaretni stolga qoʻyib, gugurtga chiqib ketdi. Men esa – fuu! Sigaretni oʻmardim. Umid qilamanki, bu hazil ekaniga shubha qilmayapsiz!

Folbin menga hayrat bilan tikildi va dedi:

 – Kaftingizni tuting, fol koʻrishni boshlaymiz.

 – Albatta! – deya hayajon bilan qoʻlimni uzatdim. – Hammasini, boricha ayting! Agar menga qoʻrqinchli narsa tahdid qilayotgan boʻlsa, iltimos, tortinmang. Hammasiga tayyorman!

U oʻtkir uchli qalamni oldi va kaftimdagi turli chalkash chiziqlar boʻylab yurgiza boshladi.

 – Xavotir olmang! Men hammasini roʻyirost aytaman. Deylik, yoshingizni aytishim mumkin… Hmm… Siz allaqachon yigirma toʻrtga kiribsiz!

Folbin mutlaqo haq edi: rostdan ham bundan besh yil oldin yigirma toʻrt yoshga toʻlgandim.

Men folning davomini eshitish ishtiyoqida yonardim.

 – Shimolda, boy aristokrat oilada tugʻilgansiz.

“Ehtimol, bu ham toʻgʻridir, – xayolimdan oʻtkazdim, – agar Sevastopol markaziy Afrikaga nisbatan shimoliy deb hisoblansa, shimolda tugʻilgan boʻlaman. Otamga keladigan boʻlsak, garchi folbin uni aristokrat deb atayotgan boʻlsa-da, marhum oʻzi jamgʻargan pulning bir chaqasidan ham huzur koʻrmadi: u oziq-ovqat doʻkonidagi savdodan tushadigan pulni, oxirgi tangasigacha atrofdagilarga tarqatib yubordi. Menimcha, otam ruhan haqiqiy aristokrat edi.

 – Otam haqidagi yaxshi xotiralaringiz uchun rahmat sizga, hurmatli folbin!

 – Keling, feʼlingizga oʻtaylik… Siz gʻamgin, odamovi, hamma narsaning qorongʻi tomonini koʻrishga moyil odamsiz. Tibbiyotga qiziqasiz.

Qiziqishim haqidagi oxirgi taxmin meni hayratlantirdi: tibbiyotga qiziqarmishman. Kechagina doʻstlarimdan meni ikki haftadan beri qiynayotgan tumovning davosi nima ekanini soʻrab chiqdim. Feʼl-atvorga kelsak, shu joyida biroz xafa boʻldim… Kitobxonlarning hech biri kulgili hikoyalarni oʻqib menchalik rohatlanmasa kerak. Men oʻzimni begʻam, maishatni xush koʻradigan, hazil-mutoyibaga moyil odam, deb hisoblardim.

 – Qaysi chiziq xarakterni ifodalaydi?

 – Mana bu.

 – Afsus, bunisi emas ekan-da, – deya xoʻrsindim. – Mana bu, chaproqdagi chiziq. Bu qanaqadir yorqinroq chiziqqa oʻxshayapti.

 – Bu hayot chizigʻi. Sizda ikkita baxt chizigʻi bor…

 – Atigi ikkita? Kamroqmasmi. Bilasizmi, ular bilan hech narsa qilolmayman. Oilaviy hayot haqida nima deyilgan?

 – Ikkita jondan aziz farzandlaringiz bor ekan. Rafiqangiz esa sizni juda koʻp qiyinchiliklarga duchor qilarkan.

Men butunlay karaxt boʻlib qoldim.

 – Xoʻsh, oilaviy hayotimni aytayotgan oʻsha chiziq qayerda?

Folbin chiziqqa ishora qildi.

Men hech nima demadim, lekin kaftim ayni paytda yolgʻon gapirayotgan edi: menda na farzand, na xotin bor edi. Shuni oʻylashim bilan kaft chiziqlarim xurmoday qizarib, koʻzlarimdan oʻzini olib qochganday boʻldi. Yigirma toʻrtga kirganimga besh yil boʻlgan boʻlsa-da, bunaqa nayrangni koʻrmagandim.

Yolgʻonchi kaftimga ishongan begunoh folbinning oldida oʻzimni aybdor his qildim va dedim:

 – Mayli… davom etamiz.

 – Davom etamiz, – takrorladi folbin. – Siz hayotingizda juda katta yoʻqotishni boshdan kechirgansiz, bundan juda qiyinchilik bilan oʻtgansiz… Xoʻsh, menimcha… qaysi yili? Ha! Oʻn ikkinchi yili! Aniq koʻrib turibman, bu yoʻqotish oʻn ikkinchi yili boʻlib oʻtgan!

Xotiramni titkilab uzoq oʻylanganimdan soʻng, haqiqatan ham oʻn ikkinchi yilda sodir boʻlgan koʻngilsiz voqeani: pichan ustida yotib, choʻntagimdan tushib qolgan suyakdan ishlangan qalamtarosh va oʻttiz tiyinni esladim. Ammo folbin meni bu gʻamni qiyinchilikda oʻtkazdi, deb hisoblar ekan, qattiq adashayotgan edi. Eh-he! Oʻsha gʻam oʻtib ketayotganida men pinagimni ham buzmaganman. Shu kunning oʻzida akam mendan bir paytlar tortib olgan katta pichoqni oʻgʻirlagandim.

Kaft chizigʻim qanchalik uzun boʻlsa, shuncha koʻp gapirar, nimalarnidir kashf etar va meni turli jarlarga itarardi. Masalan, deylik, kim undan meni ikki yil qamoqda oʻtirganimni isbotlashni soʻradi? Bu qachon sodir boʻlgandi? Qamoq haqidagi uydirmadan soʻng ishonuvchan folbinning oldida ozodlik harakati, inqilob qurbonlari toʻgʻrisida juda uzoq mahmadonalik qilishga toʻgʻri keldi. Kaftim hamon ustimdan kulardi.

 – Siz Amerikada uch yil yashagansiz va bor-budingizdan ayrilgansiz!

 – Ha, – xitob qildim kaftimga, – yana biror narsani kashf qilarsan, azizim…

Men oʻz kaftimdan shunday uyalardimki… Agar bir paytlar pichan ustida yotib, yoʻqotib qoʻygan qalamtaroshimni qayta topib olgudek boʻlsam, hech ikkilanmay kaftimga yangi chiziqlar chizgan boʻlardim va ular hech qachon egasini noqulay ahvolga solib qoʻymasdi.

Xayol surarkanman kaftim yangi-yangi ixtirolar qilar, folbin bularni oqizmay-tomizmay menga yetkazar, men esa gʻazablanar, xijolat boʻlardim…

Keyin kaftimning boshqa bir qirrasi ochildi: endi u menga xushomad qila boshladi.

 – Sizning aqlingiz buyuk ixtirolarga moyil… Atrofingizdagi odamlar sizni yaxshi koʻradi va boʻlajak daho, deb hisoblaydi. Oʻttizinchi yilda siz hammayoqni momaqaldiroqdek gumburlatib yuboradigan sanʼat asarini yaratasiz! Ayollar sizning orqangizdan yugurib yurishadi.

Yoʻq, men oʻz-oʻzimga achchiq-achchiq kuldim. Endi, azizim, hech narsani oʻzgartirolmaysan… Men hammasiga tayyorman. Bu juda yomon! Sharmandalik! Bu sharmandalik! Kaftimning aytganlarida hech qanday mantiq yoʻq edi. Bitta chiziq meni zaif, sovuqqon va kasallikka moyil ekanimni koʻrsatar, ikkinchi chiziq esa ogʻzida koʻpik bilan bu dunyoda mendan koʻra sogʻlom odam yoʻqligini isbotlashga tirishardi.

 – Siz juda ham puldor boʻlishingizga qaramasdan, ochkoʻz, jirkanch odamsiz, – eʼlon qildi kaftim va buni egilgan bitta chiziq bilan isbotladi.

 – Yoʻq, – deb eʼtiroz bildirdi boshqa bitta toʻgʻri chiziq va menga achingancha gapga tushib ketdi. – U juda ham saxiy, bir kun qashshoqlikdan oʻlib ketishi mumkinligini oʻylamasdan pul sarflaydi.

Men oʻtiribman, uyatdan qizarib, folbinga qarashga jurʼatim yetmay. Bechora folbin men haqimda nima deb oʻylayapti ekan?

Ketayotib, folbinga oʻz ulushini berdim, pulni olgach, u yana bir bor kaftimga koʻz tashlab, qalam bilan bir joyni koʻrsatdi va dedi:

 – Hayotingizda olov, yongʻin va otdan ehtiyot boʻling!..

Men ulardan shundogʻam qoʻrqardim, lekin ushbu ogohlantirishdan soʻng olovga umuman yaqinlashmaslikka harakat qilaman. Otlar ham mening ishonchimni qozonolmagan. Agar kelajakda bu hayvonning xizmatiga murojaat qiladigan boʻlsam, ot bilan mening oʻrtamda har doim izvoshchi boʻladi, ot menga emas, izvoshchiga zarar yetkaza qolsin.

Chiqib ketarkanman, men kaftim bergan maʼlumotlar sababli folbinning oldida noqulay ahvolga tushib qolgandim, bularning hammasini oʻzgartirishni xohlaganimdan kelib chiqib, ikki ogʻiz gapirsam:

 – Men folbin boʻlmasam ham, baʼzi narsalardan ehtiyot boʻlishingiz kerakligini eslatib oʻtmoqchiman… Sizga tashlangan quturgan fildan, kema halokatidan, suv toshqini va bombalardan ehtiyot boʻling! Ana shundagina siz uzoq va xohlagancha yashashingiz mumkin!

Folbinga borganimdan soʻng men kaftlarimga umuman boshqacha nazar bilan qaraydigan boʻldim. Men ularni yomon koʻrar, nafratlanar va… qoʻrqardim.

Men oʻzim uchun zarur boʻlgan hamma joyga boraman. U esa meni har lahza taʼqib qiladi, kuzatadi va men bilan nima sodir boʻlsa, hammasini qanaqadir chiziqlarga yozib qoʻyadi. Keyin esa men folbinning oldida uyalib qolaman, uning koʻzlariga tik qaray olmayman. Bu dahshat!

 

1912 yil

 

Rus tilidan

Madina ALLABERGANOVA

tarjimasi

 

od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/folbinni-laqillatish/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x