FELYETON

FELYETON (frans. feuilleton janr. Ijtimoiy qayot masalalarini satira va yumor vositasi bn, yaʼni ijtimoiy kulgi asosida yoritadi hamda ijtimoiy tanqid uchun xizmat qiladi.

Felyeton deb dastlabki davrda matbuotda berilgan ijtimoiysiyosiy, adabiytanqidiy mavzudagi qiziqarli va alohida ajratib koʻrsatilgan material larga aytilgan. «Turkiston viloyatining gazeti»da bosilgan ayrim adabiy mavzudagi materiallar, jumladan, shoir Mahtumquli va Ogahiy haqidagi maqolalar mazkur rukn ostida berilgan. Keyinchalik, jamiyat taraqqiy etishi bilan bu ruknda ijtimoiy xayotda uchraydigan nuqson va kamchiliklarni kulgi tanqidi ostiga oluvchi materiallar chop etila boshlagan.

Felyeton hajviy publitsistikaning alohida janri boʻlib, ijtimoiy hayotda muhim oʻrin tutadi. Mazkur janrning asosiy vazifasi jamiyat hayotining ijtimoiysiyosiy, iqtisodiyi. ch. va madaniymaʼnaviy tomonlarini qamrab olgan holda oʻzida aks ettirish, mazkur sohalarda uchraydigan kamchilik, nuqson, ijtimoiy illatlarni fosh etish, bu kamchilik va nuqsonlarning tugatilishiga erishish, binobarin, jamiyat hayotining taraqqiyotiga ijobiy taʼsir kursatiщdan iborat. Felyetonning tanqidiy maqola va b. janrlarga oid materiallardan farqi — uning hajviy publitsistika qonuniyatlariga asoslanishi, yaʼni ijtimoiy kulgi, satira va yumor vositalariga tayanishidadir. Ijtimoiy kulgining xil va koʻrinishlari turlicha boʻlib, ular orasida kinoya, piching, xazil, yengil kulgi kabilar bilan bir qatorda zaharxandali kulgi, ijtimoiy masxaralash, grotesk (ataylab boʻrttirilgan kulgi) kabi hajv vositalari ham mavjud. Felyetonda ijtimoiy kulgining ana shu serqirra usullaridan keng foydalaniladi.

Felyeton oʻz oldiga qoʻygan maqsad va vazifasiga koʻra 2 xil — maʼlum faktga asoslangan va umumiy Felyeton bulishi mumkin. Maʼlum faktga asoslangan Felyetonda hayotdan olingan aniq faktlar, muayyan odamlarning ijtimoiy nuqsonlari, faoliyatlaridagi kamchiliklari koʻrsatiladi (Furqatning «Hind nayrangbozi Yorkentda», Abdulla Qodiriyning «Toshkent boylari» va b.). Umumiy Felyeton esa hayotdagi biror ijtimoiy illat, nuqson va muammolar haqida boʻlib, unda mazkur masalalar hajviy mushohada etiladi va tanqid qilinadi (Abdulla Qodiriyning «Kalvak mahzumning xotira daftaridan», Abdulla Qahhorning «Quyushqon» va b.).

Felyeton yozilish uslubi jihatidan hikoya Felyeton, publitsistik Felyeton, F. sharh, Felyeton taqriz, Felyetonlar turkumi kabilarga bulinadi. Bularning har birida Felyetonga xos umumiy xususiyatlar b-n birgalikda alohida tasviriy uslub, ijodiy yunalish mavjud. Felyeton janrining Felyeton reportaj, Felyeton suhbat, Felyeton kundalik va b. shakllari ham bor. F. nasriy boʻlishi bilan birlikda sheʼriy ham boʻlishi mumkin. Sheʼriy Felyeton badiiy adabiyotning muhim turi bulgan hajviy sheʼriyat talablariga javob berishi, shuningdek, oʻzida publitsistik xususiyat ham kasb etishi, xayotda uchraydigan va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan illatlarni kulgi, tanqid ostiga olishi lozim. Mas, Gʻafur Gʻulomning 30-y. larda yaratilgan «Qultiqlangan kalla toʻgʻrisida qofiyali vaʼz» hajviy sheʼri oʻzbek xajviy publitsistikasida yaratilgan birinchi sheʼriy Felyeton boʻlgan.

Hajviy publitsistikaning eng murakkab va mukammal asarlaridan biri — F. lar turkumidir. Bunday badiiypublitsistik asarlar bir necha Felyeton lardan tashkil topadi. Felyetonlar turkumi ham ijtimoiy hayotning eng muhim masalalariga, koʻzga koʻrinarli illat va nuqsonlarini fosh etishga bagʻishlanadi va bir yoki bir necha mualliflar tomonidan yozilishi mumkin. Bunday hajviypublitsistik asar felyetonchidan hayotni chuqur kuzatishni, katta hajviypublitsistik mahoratni talab qiladi. Maʼlum bir hajviy tip bilan bogʻlangan Felyetonlar turkumi hajviy publitsistikaning eng murakkab asarlaridandir. Bunday Felyetonlar turkumiga Abdulla Krdiriyning «Kalvak maxzumning xotira daftaridan», «Toshpoʻlat tajang nima deydir?» kabi asarlari misol boʻla oladi. Mohir felyetonchi toʻqima obrazlar — Kalvak maxzum va Toshpoʻlat tajang obrazlari orqali oʻz davrining ijtimoiy illatlarini ochib tashlagan. Hajviy publitsistikaning bu ijodiy anʼanasi hoz. oʻzbek hajviy matbuotida ham qoʻllanib kelmokda.

Felyeton badiiy publitsistika janri boʻlganligi sababli, unda turli badiy vositalar, jumladan, badiiy toʻqima ham ishtirok etadi. Ammo Felyetonda badiiy toʻqima adabiy asarlardagidan farkli ravishda cheklangan koʻrinishga ega. U F. ning asosi boʻlib xizmat qilayotgan fakt va voqealardan, «qahramon»lar feʼlatvorlarining mantiqidan kelib chiqishi lozim. Felyetonda obraz muhim oʻrin tutsada, badiiy adabiyot asarlaridan farqli ravishda, unda obraz publitsistik xarakterga ega boʻladi.

Jahon matbuoti tarixida Felyeton janri muhim oʻrin tutib kelgan. Oʻzbekistonda xam mazkur janrning tarixi uzok, zamonlarga borib taqaladi. Hali matbuot vujudga kelmasdan ilgari mazkur janrning funksiyalarini yozma hajviy adabiyot bajarib kelganligi maʼlum. Alisher Navoiyning hayotdagi ijtimoiy adolatsizlik, zulmzalolat va b. illatlarga qarshi qaratilgan asarlarini bu janrning oʻsha davrdagi koʻrinishlari, deyish mumkin. Keyingi davrlarda ijod qilgan Turdi Farogʻiy, Maxmur, Muqimiy, Zavqiy va b. ning oʻz davridagi muxim ijtimoiy illatlarni fosh etgan hajvlarini mazkur janrning yorqin namunalari, deyish mumkin. Uzbekistonda dastlabki matbuot nashrlari paydo boʻlishi bilan Felyeton janri matbuot janri sifatida ish koʻra boshladi va tez suratlar bilan taraqqiy etdi. Ayniqsa, 20-a. ning boshlarida maydonga kelgan jadid matbuoti sahifalaridan Felyeton janri keng oʻrin oldi va rivojlandi. Mazkur janrning vujudga kelishi va taraqqiy etishida Hamza, Tavallo, Choʻlpon va b. katta xizmat qildilar. A. Qodiriy 20-y. larning mohir Felyeton chisi sifatida samarali ijod qildi. Oʻzbek hajvi ustalari Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom ham mazkur janrning rivojiga salmoqli hissa qoʻshdilar.

Oʻzbekistonda 90-y. lardan publitsistikaning boshqa janrlari qatorida Felyeton janri ham keng rivojlandi, uning bir qator yangi turlari, jumladan, radiofelyeton, telefelyetonlar vujudga keldi.

Muxtor Xudoyqulov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x