Faxriy yozuvchi

Honanda qizning chuchmal muhabbati haqidagi yostiqday roman qoʻlyozmasining “suvini siqib” oʻtirgan edim, ichki telefon jiringladi.

– Hoziroq oldimga kiring, – dedi nashriyotimiz direktori tantanavor ohangda. – Sizga zoʻr yangiligim bor!

Qanaqa yangilik? Yaxshi ishlaganim uchun mukofot bermoqchimi? Shoshma… Meni bosh muharrirlikka tayinlasa-ya! Miyamga chaqmoqday urilgan bu fikrdan aʼzoyi badanim boʻshashib, quloqlarim tagida yoqimli kuy jaranglaganday boʻldi.

Qoʻlimga daftar-qalam olib, direktorning huzuriga yugurdim. Izzat Anvarovich sakson yoshlar atrofidagi jikkakkina, choʻqqisoqol otaxon bilan gaplashib oʻtirardi.

– Bu kishi faxriy yozuvchimiz Turgʻunmat Oʻrtaovuliy boʻladilar! – dedi u cholga imo qilib. – Nuroniy yoshida ham qizgʻin ijod bilan mashgʻul ekanlar. Gazeta-jurnallarda koʻp asarlari chiqqan. Yaqinda ajoyib roman yozibdilar. Birinchi sahifasini oʻqiboq koʻzimga yosh keldi. Bu asar faqat bizning nashriyotda chiqishi kerak! Tagʻin bitta-yarimta betayin “bosmakashlar” ilib ketmasin. Siz hamma ishingizni yigʻishtirib, shu asarni nashrga tayyorlaysiz.

Boyadan beri qulogʻim tagida yangrayotgan mayin ohang oʻrnini allaqanday yoqimsiz shovqin egalladi. Direktorimiz qalingina daftarni qoʻlimga tutqazganida esa alamdan issigʻim chiqib ketdi. U ahvolimni sezdi, shekilli, cholga sezdirmay “keyin gaplashamiz” deganday mugʻombirona koʻz qisib qoʻydi.

– Bu romanim bir daftar boʻldi, – dedi direktorning maqtovidan ogʻzining tanobi qochib oʻtirgan faxriy yozuvchimiz. – Keyingisini ikki daftar qilaman. Nevaramning aytishicha, doʻkonlarda bundan ham kattaroq daftarlar boʻlar emish…

– Siz bemalol yozavering, Oʻrtaovuliy ota, – direktorimiz uning gapini boʻldi. – Lekin bir shartim bor – ularni ham begona qilmaysiz. Bunday purmaʼno romanlar faqat bizning nashriyotda chiqishi kerak!

Faxriy yozuvchimiz qattiq hayajonlanib dik etib oʻrnidan turib ketdi. Nimadir demoqchi boʻldi, lekin tili kalimaga kelmay, boʻgʻzidan “gʻiyq” etgan tovush chiqdi. Xuddi avliyoni koʻrayotganday boshligʻimizga baqrayib qarab qoldi. Izzat Anvarovich viqor bilan stolni aylanib oʻtib, uning yelkasiga qoqib qoʻydi.

– Demak, kelishdik!

Turgʻunmat Oʻrtaovuliy xonamdagi almisoqdan qolgan kursiga joylashib oʻtirib olgach, uvada xaltasidan bir dasta gazeta olib, oldimga qoʻydi.

– Men bir umr oziq-ovqat bazasida halol xizmat qilganman, – deb gap boshladi. – Pensaga chiqqandan soʻng bekor oʻtirmay deb ijod qila boshladim. Manavi gazetalarda asarlarim chiqqan. Shu kunlarda hayotda koʻrgan-kechirganlarim haqida koʻp seriyali kitob yozyapman. Kecha oqshom birinchi seriyasini tugatdim. Sen buni kitob qilguningcha ikkinchi seriyasini ham olib kelaman.

Battar ensam qotdi. Bu chol kino bilan kitobning farqiga bormaydi, shekilli. Istar-istamas gazetalarni varaqladim. Ana xolos. Oʻrtaovuliy ota deganlari juda serqirra ijodkor chiqib qoldi-ku. Gazetalarning birida besh-oltita toʻrtligi chop qilingan boʻlsa, boshqasida allaqanday giyohlarning salomatlikka foydasi haqida maslahatlari oʻrin olibdi. “Yuqoridaryo sadosi” degan tuman gazetasida uning imzosi bilan mayda-chuyda xabarlar, lavhalar bosilgan. “Tilsiz yov keltirar tashvish” degan maqolada faxriy yozuvchimiz yongʻinning zararini birma-bir sanab, undan ehtiyot boʻlish choralari haqida oʻgit beribdi.

– Qoʻlyozmangizni qoldirib ketasiz, – dedim gazetalarni oʻziga qaytarib. – Uch-toʻrt kunlik ishlarim bor. Shularni biryoqlik qilib, keyin siznikini…

– Boshqa ishlaringni qoʻya tur, bolam, – Oʻrtaovuliy ota gapimni boʻldi. – Avval mening kitobimni chiqar. Boya boshligʻing ham tayinladi.

Cholga gap uqtirish befoydaligini sezib, indamay qoʻya qoldim.

Oʻrtaovuliy ota bir varaq qogʻozga ism-sharifimni, telefon raqamimni hijjalab yozib oldi-da, tez orada xabar olishini aytib chiqib ketdi.

Birozdan soʻng Izzat Anvarovich qoʻngʻiroq qildi.

– Qalay, faxriy adibimizni eson-omon kuzatdingizmi?

– Kuzatishga-ku kuzatdim, – dedim ogʻrinib. – Lekin qoʻlyozmasini nima qilamiz.

– Shuyam muammomi? Gʻaladoningizning bir chekkasiga tashlab qoʻying, tamom-vassalom, – dedi kesatib.

– Axir, Oʻrtaovuliy otaga vaʼdani quyuq qilib yubordik…

– Soddasiz-da, ukajon, – kuldi direktor. – Otaxon bir adashib kep qopti. Biz uch-toʻrt ogʻiz shirin gap bilan koʻnglini chogʻlab joʻnatdik. Shu bilan olam guliston boʻldi.

Qiziqish ustun kelib Oʻrtaovuliy otaning qoʻlyozmani varaqladim. Katak daftarga nuqta-vergulsiz, zich yozilgan satrlarga qarab turib koʻzim tinib ketdi. Bor-yey, deb uni tortmaga tashlab qoʻydim.

Ikki kundan soʻng Turgʻunmat Oʻrtaovuliy qoʻngʻiroq qildi.

– Kitobim chiqdimi, bolam?

– Kitob chiqarish oson ekanmi, otaxon? – dedim gʻashim kelib. – Avval qoʻlyozmani oʻqishimiz kerak.

– Nima, haligacha oʻqimadingmi? – dedi u tahdidli ohangda.

– Dastxatingiz tushunarsiz ekan. Oʻqishga qiynalyapman.

– Oʻqishga qiynalsang, kamputirga sol. Gazitdagilar ham shunday qilishadi.

Esi joyidami bu cholning! Bir kamim unga kotiblik qilish qoluvdi. Achchiq ustida faxriy adibimizni xafa qilib qoʻymaslik uchun oʻzimni bosdim.

– Xoʻp, otaxon, siz aytganday qilaman. Ozgina sabr qiling.

Oʻrtaovuliy otaning daftarini tortmadan oldim. Lekin biror satriga ham tishim oʻtmadi. Bu qoʻlyozmani xatm qilish uchun tajribali matnshunos biror yil zahmat chekishiga toʻgʻri keladi.

Bu yogʻiga nima qilishni bilmay, jimir-jimir qilayotgan satrlarga ancha vaqt umidsiz termilib oʻtirdim.

Shundan soʻng har gal telefon jiringlaganda yuragim poʻkillaydigan boʻlib qoldi. Aksiga olib, faxriy adibimiz kunda-kunora qoʻlyozmasidan xabar olishni kanda qilmaydi. Men esa “Asaringizni oʻqiyapman, keyinroq bafurja gaplasharmiz”, deya bir amallab qutulaman.

Dushanba kuni ertalab ishga kelsam, nashriyot dahlizida Turgʻunmat Oʻrtaovuliy hazratlari savlat toʻkib oʻtiribdi! Uni koʻrib qay ahvolga tushganimni aytib oʻtirmayman. Noiloj salom-alikni quyuq qilib, xonamga boshladim.

– Romaningizni oʻqidim, otaxon, – dedim gʻaladondan tanish daftarni olib. – Juda hafsala bilan yozibsiz. Qahramonlaringiz oʻziga xos…

– Qaysi birini aytyapsan, bolam? – soʻrab qoldi gaplarim moyday yoqib, suzilib oʻtirgan Oʻrtaovuliy ota dabdurustdan.

– Haligi… bosh qahramon bor-ku?

– Men faqat bosh qahramonlarni yozaman!

– Toʻgʻri, yozganlaringizning hammasi bosh qahramon… – Biror arzirli gap topish ilinjida daftarni varaqladim. Aji-buji yozuvlar orasida “Arslon” degan soʻzga koʻzim tushib qoldi. – Ha! Ayniqsa, Arslon obrazi oʻzining ezgu fazilatlari, samimiyligi bilan boshqalardan ajralib turibdi.

– Arslon – qoʻshnimizning kuchugi, – dedi Oʻrtaovuliy ota. – Oʻzi zotdor it. Men asarimda uning Sadir piyonistani kallasidan tishlab olganini yozganman.

– Shunaqami?.. Xullas, roman ancha hafsala bilan yozilgan. Lekin uni yanayam qiziqarli qilish uchun ozgina ishlash mumkin. Birinchidan, asarga sarlavha topish kerak. Shu paytgacha birorta kitob sarlavhasiz chiqmagan…

– Unda kitobga “Arslonning ezgu fazilatlari” deb nom qoʻyamiz.

– Romaningiz kuchuklar haqida boʻlganida shunday sarlavha qoʻysak yarashardi, – dedim pichingdan oʻzimni tiyolmay. – Baxtga qarshi, unda odamlar ham bor-da!

Tursunmat Oʻrtaovuliy kinoyani payqamadi.

– Unday boʻlsa, oʻzing birorta nom topa qol, bolam.

– Keyin fabulani ham jiddiy ishlash kerak. Voqealar ancha tarqoq, tushunarsiz. Xarakter, til masalasida ham kamchiliklar yetarli…

Boyadan beri yayrab oʻtirgan Tursunmat Oʻrtaovuliyning qiyofasi oʻzgarib, qisiq koʻzlari kattalashib ketdi.

– Hozirgina oʻzing romanimni maqtayotgan eding. Endi boʻlsa, xatolari koʻp deyapsan!

– Meni toʻgʻri tushuning, otaxon, – dedim muloyimlik bilan. – Har qanday asarning yutuqlari bilan birga nuqsonlari ham boʻladi. Uni kitob qilib chiqarishdan oldin yaxshilab pishitib olish kerak.

– Bobong tengi odamni tanqid qilishga uyalmaysanmi?

– Men romaningizni tanqid emas, tahlil qilyapman.

– Kitobimni chiqarmaysan, shekilli? – dedi u menga oʻqday tikilib.

– Uzr, otaxon, bu ahvolda nashr qilolmaymiz.

– Sen juda bemaza bola ekansan. Menday faxriy yozuvchining romanini yomonlashga nima haqing bor? Hoziroq boshligʻingga kiraman!

Turgʻunmat Oʻrtaovuliy daftarini qoʻlimdan yulib olib, shitob bilan chiqib ketdi. Shu zahoti Izzat Anvarovichga qoʻngʻiroq qilib, vaziyatni tushuntirdim.

– Gʻalati chol ekan-ku, – dedi u kishi ham oʻylanib. – Odamlarga hayronsan, koʻngli uchun bir-ikki ogʻiz iliq gap aytsang, naq boshingga chiqib oladi… Boʻpti, kotibaga aytib qoʻyaman, meni yoʻq deb yuboradi.

Ancha vaqt qoʻlim ishga bormay shumshayib oʻtirdim. Kunda-kunora shu ahvol. Asaringiz boʻshroq desang, baraka topgur mualliflar naq yotib yoqalashadi. Qaysi kuni bittasi kaminani “adabiyotning dushmani” deb atadi. Nashriyot degan dahmaza joyda ishlayotganimdan xafa boʻlib ketdim.

Tushlik ham tatimadi. Bosmaxonaning xoʻrandalar bilan gavjum oshxonasida ancha vaqt xayol surib oʻtirdim. Shu payt Zamon Ali degan shoir doʻstim yemak toʻla patnis koʻtarib kelib qoldi.

– Nega otasidan dakki eshitgan boladay shumshayib oʻtiribsan? – dedi u salom-alikdan soʻng kosasidagi lagʻmonga sirka aralashtira turib. – Tinchlikmi?

– Tinchlik, – dedim istar-istamas. Tuyqus Zamon Ali ishlaydigan gazetada ham Turgʻunmat Oʻrtaovuliyning sheʼrlari chop etilgani esimga tushib qoldi.

– Qaysi kuni gazetangizda besh-oltita ajoyib toʻrtlik chiqqan ekan, – dedim gapni uzoqdan boshlab. – Turgʻunmat Oʻrtaovuliy degan shoirniki…

Ishtaha bilan lagʻmon yeyayotgan doʻstim kutilmaganda qalampir chaynab olgandek aftini burishtirdi.

– Eslatma shu odamni!

– Nega?

– Toʻgʻrisi, oʻsha toʻrtliklarning muallifi oʻzimman!

– Tushunmadim?

– Turgʻunmat Oʻrtaovuliy deganlari – yoshini yashab, oshini oshab boʻlgan keksa bir odam, – kuyib-pishib tushuntira ketdi u. – Oʻzicha bir nimalarni qoralab, gazetalarga qatnab yuradi. Yozganlarini oʻqib boʻlmaydi. Lekin choli qurgʻur qadalgan joyidan qon olmay qoʻymaydiganlar xilidan. Gazetada bir enlik narsasi chiqmaguncha holi-joningga qoʻymaydi. Buning ustiga, keksa odam… Shunga kimdir shapaloqdek maqolasiga, kimdir birorta xabar-pabariga uning ism-sharifini qoʻyib yuboradi. Otaxon ham xuddi oʻzi yozganday xursand boʻlib qoladi. Qalam haqini tiyinma-tiyin sanab oladi. Men ham oʻsha toʻrtliklarni uning nomidan chiqarib tinchidim.

– Sening oʻsha arzanda shoiring ruboiyga qanoat qilmay, endi roman yozishga oʻtibdi! – dedim alam bilan. – Bir haftadan beri “Kitobimni chiqarasan”, deb boshimni qotirib yotibdi.

Shoir doʻstim ichakuzdi latifa eshitganday miriqib kuldi.

– Ha, senga qiyin boʻpti, – dedi soʻng hamdardlik bilan. – Bizga oʻxshab gazetada ishlaganingda ham mayli edi. Endi undan osonlikcha qutulmaysan.

Tushlikdan battar dilim xufton boʻlib qaytdim. Xonaga kirishimni kutib turganday telefon asabiy jiringladi.

– Yogʻliqqina oshlarni yeb, maishat qilib kelyapsizmi? – dedi Izzat Anvarovich kinoya bilan.

– Yoʻq… Karam shoʻrva ichdim, – dedim hech narsaga tushunolmay.

– Sizning dastingizdan men bechora och-nahor xonada qamalib oʻtiribman!

– Tushunmadim…

– Gʻalchamisiz, nimaga tushunmaysiz? Anavi chol qabulxonada chayla qurib yotib olgan. Men bilan uchrashmasdan ketmasmish!

– Iya! Turgʻunmat Oʻrtaovuliy haliyam shu yerdami? – dedim hovliqib.

– Yarim soatdan soʻng vazirlikda majlis boshlanadi, – dedi boshliq vazmin, ammo qahrli ohangda. – Hoziroq cholni tinchitmasangiz, boshqa koʻzimga koʻrinmang!

Oyogʻimni qoʻlimga olib qabulxonaga yugurdim. Kotibaning yonidagi kursida gʻoʻdayib oʻtirgan faxriy yozuvchimiz meni koʻrib battar qovogʻini uydi.

– Sen bolani ishdan haydatmaguncha qoʻymayman. Kerak boʻlsa, boshligʻingdan kattalarga ham boraman!

– Kechiring, otaxon, – dedim tilim zoʻrgʻa kalimaga kelib. – Kitobingizni albatta chiqaramiz. Yuring, xonada gaplashaylik.

Baxtimga, Turgʻunmat Oʻrtaovuliy koʻngilchan odam ekan. Shu zahoti jahldan tushib, ortimdan ergashdi. Yelkamdan togʻ agʻdarilganday yengil tortdim…

Har yomonning bir yaxshisi bor, deb bekorga aytishmagan ekan. Shu voqea sabab anchadan beri navbat kutib yotgan moʻjaz kitobcham bosilib chiqdi. Faqat muqovasida “Turgʻunmat Oʻrtaovuliy” ismi-sharifi savlat toʻkib turardi.

 

Gʻafur SHERMUHAMMAD

 

“Yoshlik”, 2016 yil 4-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/faxriy-yozuvchi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x