Zahiriddin Muhammad Bobur sheʼriyati mumtoz adabiyotimizda hazrat Navoiy ijodi bilan yonma-yon qoʻyiladi. Bu bejiz emas. Zero, sohibdevon shoir sifatida Bobur serqirra ijodkor: dilbar gʻazallar, purmaʼno ruboiylar, yetuk tuyuq va qitʼalar yaratuvchisidir. Qolaversa, adabiyotshunoslik, tarjima va musiqashunoslik, fiqh yoʻnalishidagi asarlari uning ensiklopedik bilim egasi ekanidan dalolat beradi. Shu jihatlar bois, u haqli ravishda fasohat mulkining shohligiga ham daʼvo qila oladi.
Boburning behalovat umri garchi urush-yurishlar, saltanat tashvishlariga gʻarq kechgan boʻlsa-da, u bu notinch hayotni adabiyotga, ijodga oshnolik bilan sermazmun qila oldi. Sanoqli boʻlsa hamki, ikki devonida biri biridan dilbar gʻazallar qoldirdi. Uning gʻazaliyoti asosan Sharqning anʼanaviy mavzusi – muhabbat va oshiqlikni tarannum etsa-da, shoirning “men”i bu satrlar ortidan oshkora boʻylab turadi: gohida charxning zulmu sitamlaridan toʻygan Boburni, gohida olislardan turib, ona yurtining jamoliga sogʻinch-la koʻz tikkan Boburni, baʼzida oʻziga nasib etgan shu martaba va saltanatdan roziyu baʼzan baridan etak silkib ketish istagiga tushgan Boburni koʻramiz. Avvalo, shoir gʻazallarida samimiylik bor. Xuddi “Boburnoma”dagi singari gʻazalu ruboiylarida ham muallif oʻz tuygʻularini oshkora, musaffolik bilan, xolisona bildiradi. Ayniqsa, hasbi hol xarakteriga ega gʻazallarida uning hayotiga doir koʻplab maʼlumotlarning sheʼriy ifodasi jamlanganini kuzatish mumkin. Garchi podshoh boʻlsa-da, bir tarafi, Sharq sheʼriyati talabi bilan, ikkinchi tarafi, hindlar taʼrificha, tabiatidagi “darveshshoh”lik sabab, Bobur sheʼriyatida oʻzini “gʻarib”, “miskin”, “bechora” kabi sifatlar bilan atashdan tortinmaydi. Baʼzi oʻrinlarda hatto elga shohu mahbubaga qul ekanini taʼkidlaydi. Asosiysi, uning sheʼriyatidan ufurib turadigan izhori dil oʻz sohibining dilkash, ochiqkoʻngil, mard, bardoshli, qatʼiyatli inson ekanidan dalolat berib turadi. Bu jihatdan gʻazalu ruboiylar “Vaqoyeʼ”ni toʻldiradi, Bobur shaxsini yanada yaxshiroq oʻrganishga yordam beradi. Uning “qilibtur” radifli bir gʻazali Hindistonda saltanat tuzgan vaqtida bitilgan boʻlib, satrlar muallifning hasbi holini, arzi dodini ifoda etadi. Gʻazalni oʻqigan odamning koʻz oʻngida oilasidan yiroqda, begona yurtda yurgan kishi gavdalanadi:
Bu Hind yeri hosilidin koʻp koʻngul oldim,
Ne sudki, bu yer meni dilgir qilibtur.
Sendin bu qadar qoldi yiroq – oʻlmadi Bobur,
Maʼzur tut, ey yorki, taqsir qilibtur.
Bobur ijodida bu kabi hayotining maʼlum payti va voqealariga ishora qilguvchi gʻazal va ruboiylar koʻp. Shunisi eʼtiborliki, bu sheʼr durdonalari faqatgina shu jihati bilangina emas, balki oʻsha davr mumtoz shoirlari uchun eng katta talab boʻlgan “sanoyeʼ nafisa” – nafis sheʼriy sanʼatlar bilan bezak berilgani, nuktadonlik bilan yaratilgani tufayli ham oʻqishli. Bobur iyhom, tajohuli orifona, raddi matlaʼ, tazod, tashbeh, ichki qofiya singari shoirona sanʼatlardan gʻoyat ustalik bilan foydalangan. Soʻz oʻyinlari, maʼno tovlanishlarini oʻrinli ishlata bilganki, bu uning bemisl sheʼriy iqtidori, didi, noziktaʼbligidan dalolat beradi. Quyidagi satrlarda ichki qofiyaning oʻz oʻrnida qoʻllangani gʻazalning ohangdorligini taʼminlash barobarida uning mazmundorligiga ham hissa qoʻshganki, oʻqigan kishining tasavvur oynasida shoʻx, nozli, oʻziga ishonchi baland, magʻrur va oʻynoqi Sharq dilbari namoyon boʻladi:
Sen kibi purkor, shevasi bisyor,
Bilmadi, ey yor, hech kishi yod.
Javrda nodir, zulmda mohir,
Ishvada qodir, gʻamzada ustod.
Boburning sheʼriyati hayotiy xulosalar ifodasi hamdir. U oʻz koʻnglidan kechgan kechinmalarini oʻquvchisi bilan boʻlishar ekan, gohida hayotiy tajribalarining achchiq xulosalarini-da ochiq bayon qilib oʻtadi. Yaʼni vafo qilmaganga vafo koʻrsatmoqlikdan qaytaradi, sevmaganni sevmaslikka, unutganni yod etmaslikka chaqiradi.
Oʻzni, koʻngul, aysh ila tutmoq kerak,
Bizni unutqonni unutmoq kerak,
deydi shoir. Bu satrlarni oʻqiganda “Boburnoma” sahifalaridan oʻrin olgan yaxshilik koʻrib, evaziga yomonlik bilan javob bergan, mushkul paytda oʻzini yiroq tutgan Bobur atrofidagi kimsalar tasvirini eslaydi kishi.
Tuyuq – mumtoz sheʼriyatimizdagi nisbatan murakkab janr hisoblangan. Shu bilan birga, shoirning ijodiy salohiyati shu janrda toblangan, sinovdan oʻtgan. Lutfiy, Atoiy, Navoiylarga ergashgan Bobur ham oʻz sheʼriy quvvai hofizasiga tayanib, biri biridan sermaʼno va yetuk tuyuqlar yaratganki, ulardagi shakli bir xil, maʼnosi turlicha soʻzlar vositasida yuzaga keltirilgan nozik maʼno oʻyinlari oʻquvchining qalbini zavqqa toʻldiradi.
Meni behol aylagan yor oydurur –
Kim, oning vasli menga yoroydurur.
Gar visoli boʻlmasa, ketar yerim
Yo Xuroson, yo Xitoy, yo Roydurur.
Mazkur toʻrt satrlik sheʼrda shoir “yoroy” soʻzini 4 xil maʼnoda ishlatib, maʼno tovlanishiga, shuning vositasida shoirona fikr hosil qilishga erishgan. Yaʼni dastlabki misrada sheʼriy qahramon koʻngil qoʻygan yor – oy kabidir, degan maʼno yashirin. Keyingi misrada oʻshal yor vasli oshiq dardiga “yarashi”, yaʼni davo boʻlishi aytilgan. Keyingi misralarda shu fikr davom ettirilib, agar ul yor vasli nasib qilmasa, oshiq yo Xurosonga, yo Xitoyga, yo Roy shahriga ketishni afzal koʻrishi izhor qilinadi. Oʻqilishidagi ravon, musiqiy ohang, fikr tugalligi va bir xil shakldagi soʻzning maʼnosiga koʻra turlicha tovlanib kelishi sheʼrning mukammalligi, mumtoz sheʼriyat talablariga toʻla-toʻkis javob berishini taʼminlagan va shoirning bu janrni ham mohirona egallaganidan dalolat berib turadi.
Boburning yoʻl-yoʻlakay, biror amri farmon berish, chigal muammoni hal etish chogʻida sheʼriy yoʻsinda aytilgan, badihagoʻylik xususiyatiga ega toʻrtliklari, qitʼalari ham anchaginaki, ularning har biri bobokalonimizga xos tez va soz sheʼr aytish, sheʼriy qolipda fikrlay olish kabi qobiliyatlarni namoyon etadi. Aslida Bobur sheʼriyati shu jihati bilan yanada oʻqishli, yanada sevimlidir.
Xurshida ABDULLAYEVA
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/fasohat-mulkida-ham-erur-podshoh/