Farzandingizga hech qachon quyidagi so‘zlarni aytmang

DO`STLARGA ULASHING:

Farzandi aqlan, jismonan, ma’nan yetuk va barkamol bo‘lib yetishishini qaysi ota-ona xohlamaydi deysiz? Ha, barchamiz xohlaymiz, ammo o‘sayotgan niholni bilib-bilmay egib qo‘yishimiz yomon. Bolaga qanday shirin so‘zlarni aytishni o‘zingiz hal qiling, biz esa qanday gapni aytmaslik kerakligi haqida maslahat beramiz.
Shunday so‘zlar borki, ularni tildan qo‘ymaslik kerak: ezgu tilak, maqtov, xayrixohlik, hamdardlik va hokazo. Shunday so‘zlar borki, ehtiyotkorlik bilan qo‘llash lozim: qoralash, hukm… Bugun esa mutlaqo aytilishi kerak bo‘lmagan so‘zlar haqida so‘zlashamiz.
– Bema’ni gapni aytibsan
Bolalar kattalardan farqli holda bema’ni gap gapirishmaydi. Bola poshsho – nimaiki demasin, o‘zining nazdida muhim gapdir. Gapini og‘ziga ursangiz, sizdan yashiradigan sirlari paydo bo‘ladi.
Buning o‘rniga nima deyish kerak? Qo‘lingizni siltagandan ko‘ra unga quloq soling. Go‘dak biror yangilik aytsa, olqishlang, muammosi bo‘lsa yechim izlang.
– Meni tinch qo‘y
Eng yomoni tinch qo‘yishi uchun “pora” berishdir. “Ma, shokolad! Bor tashqariga”. Bola bunga mazaxo‘rak bo‘lib qoladi va biror narsa undirish uchun foydalanadi. Vaqt o‘tgach, “nega bolam ta’magir?”, “nega mendan uzoqlashib ketyapti?”, deb ranjib yuramiz.
Nima deyish kerak? “Vaqtim yo‘q” deb hech qachon aytmaslik! Aqalli, “Tinch qo‘y” degan gapni tilga olmaslik lozim.
– Eplolmaysan, ber o‘zimga
Uning o‘ziga ishonchini so‘ndirasiz. Ruhiyatshunoslikda “ojizlikka o‘rgatish” degan mavzu bor, bunda inson biror narsani o‘zgartira olish va bajara olishdan mahrum bo‘lib o‘sadi. Kuchiga ishonmaydi.
Uning o‘rniga nima qilish kerak? Bolakay qo‘lidan kelmaydigan ishga uringanini ko‘rsangiz, “Kel, yordamlashaman”, deyish kerak. Yoki “bu ishni bajarishda menga yordam ber”, deyish lozim. Agar bola kichiklar uchun mo‘ljallanmagan ishga yeng shimarsa (masalan, rozetkani almashtirish, suv kranini sozlash) bu ish xavfli ekanini uqtiring.
– Hammaning qo‘lidan keladi, sen bo‘lsa…
Bolada o‘zidan qoniqmaslik hissi shakllanib qoladi. Ayrimlar shu yo‘l bilan bolani hammadan yaxshiroq bajarishga undayapman, deb o‘ylashadi. Ammo bu xatodir. Bu yondashuv hatto kattalarda ham samara berishi mushkul.
– Ko‘zimga ko‘rinma
Bu gapni eshitgan bola o‘zining ham, tashvishlarining ham ota-onasi uchun ahamiyatsizligini payqab qoladi. Ba’zan ota-onalar shu yo‘l bilan muqarrar yuzaga keladigan ziddiyatdan qutulmoqchi bo‘lishadi. Ammo bu muammoni chuqurlashtiradi xolos.

Yana o‘qing:  Tovuq go‘shtidan mazali salat

Buning o‘rniga doimo bolaga yordam qo‘lini cho‘zish darkor. Muqarrar ziddiyatli vaziyat yuzaga kelganda bag‘rikenglik bilan yondashish lozim.
– ………………….(shaloq so‘kinish)
So‘kinishni bilmagan, xalq og‘zaki ijodiga mansubidan bir shingil eshitmagan inson yo‘q, shu sababli sarlavhachamizga chiqarmadik. Asli bolalar oldida sasitib so‘kinish yomonligini ko‘pchilik bir qadar tushunadi, shunga qaramay… Xo‘sh, uyatli a’zolar nomini eslab nima demoqchisiz? Buni eshitgan bola aqllilashib qolsinmi?
Shaloq so‘zlarning o‘rniga “jin ursin” kabi yengilroq shakllarini qo‘llash mumkin (bolaga qarata emas). Nutqingizdan tamoman chiqarib tashlasangiz – yanada yaxshi.
– Seni bozordan olib kelganmiz
Bola murg‘ak shuurida ota-onasi uchun o‘zini yuksak qadr-qimmatga ega deb hisoblaydi. “Seni laylak olib kelgan”, “ko‘chadan topib olganmiz” kabi qo‘pol hazillar uning ruhini cho‘ktiradi, keraksiz ekanini his qiladi. Esini tanib yolg‘onligini payqagach, kattalardan ranjishi mumkin.
– Sen tug‘ilmaganingda shu mashmashalar yo‘q edi…
Bolada aybdorlik hissi shakllanadi. Bola o‘zining borligiyoq ota-onasiga tashvish keltirayotganini anglaydi, bu bolaning nozik qalbini qattiq jarohatlaydi, ruhiyatida asorat qoldiradi. O‘z omadsizligingizni bolaga to‘nkamoqchimisiz?
Buning o‘rniga nima deyish kerak? Marhamat, hamma o‘zi hal qilsin, ammo har ne bo‘lganda ham bolaga bunday deyish yaramaydi.
– Ahmoqsan!
Bolalar ota-onasi bergan bahoga ishonadi. Bergan ta’rifingizga mos bo‘lib o‘sadi. “Botirsan” deng – botir bo‘ladi. “Ahmoqsan!” – desangiz kim bo‘lardi?
Bola ayb ish qilsa, “Ahmoqsan”, deyish o‘rniga, “Bu ishing noto‘g‘ri”, “Yaxshi ish qilmading”, deb tushuntirish lozim. Bolani emas, xatti-harakatini baholang.
– Seni yomon ko‘raman!
Odatda bu ham bola biror xato ish qilganda aytiladi. Ota-ona mehri quyoshga o‘xshab beg‘araz va cheksiz bo‘ladi. Undan ayrilish bola nazdida hayotdan ayrilish kabidir. Bunday deyishdan tiyilganingiz ma’qul. Bolani qo‘rqitmang, baribir uni yaxshi ko‘rasiz, yaxshi ko‘rishga majbursiz.
Buning o‘rniga nima deyish kerak? Avvalgi punktga qarang.
– Seni tashlab ketib qolaman
Bola uchun ota-onasi eng aziz insonlaridir. Ularsiz hayotini tasavvur etolmaydi. Yuqoridagi iborani ishlatsangiz, dastavval, maqsadingizga erishasiz. Bu shunchaki po‘pisa ekanini bola payqab yetguncha ayni hol davom etadi.
Tashlab ketish bolaga urgandan qattiq ta’sir qiladi. Bolangizni qo‘rqitmang. Eng to‘g‘risi qo‘rqitish va jazolarsiz yondashuvdir. Bu oson emas, ammo natijasi mashaqqatga arziydi.

Yana o‘qing:  Kumush xosiyati va xususiyatlari

Manba: sof.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x