FARGʻONA TUMANI — Fargʻona viloyatidagi tuman. 1926-y. 29 sent. da tashkil qilingan. 1962-y. 24 dek. da Quva tumaniga qoʻshib yuborilgan. 1964-y. 22 fev. da qayta tuzilgan. Shim. dan Margʻilon va Fargʻona sh. lari, sharqdan Quva tumani va Quvasoy sh., jan. sharq va jan. dan Qirgʻiziston Respublikasi, shim. gʻarbdan. Oltiariq tumani bilan chegaradosh. Mayd. 0,62 ming km2. Aholisi 168,5 ming kishi (2004). Tumanda 1 shaharcha (Chimyon), 13 fuqarolar yigʻini (Avval, Gulshan, Damkoʻl, Vodil, Kaptarxona, Logʻon, Soyboʻyi, Mindon, Navkat, Oqbilol, Xonqiz, Chekshoʻra, Chimyon) bor. Tuman markazi — Vodil qishlogʻi.
Tabiati. Tuman hududi viloyatning jan. qismida, PomirOlay togʻlari etaklarida joylashgan. Relyefi jan. da qiradirlar (Xontaxt, Sariquchma, Kattakam, Kichikkam, Nomozgoʻy, Xirmonjoy) bilan band. Togʻlardan Oltiariqsoy, Fayzobodsoy, Chimyonsoy oqib tushadi. Shim., asosan, tekislikdan iborat. Foydali qazilmalardan neft, tabiiy gaz, ohaktosh, marmar bor. Mineral buloq koʻp. Iklimi kontinental. Yanv. ning oʻrtacha trasi —2,7°, eng past t-ra —27°. Iyulning oʻrtacha trasi 26,4°, eng yuqori t-ra 42°. Yillik yogʻin miqdori 174 mm. Vegetatsiya davri 240 kun.
Tuproqlari, asosan, oʻtloqi boʻz tuproq. Yovvoyi oʻsimliklardan shuvoq, yantoq, qovul, yalpiz, changal, lolaqizgʻaldoq, bangidevona, ajriq, ituzum, itqoʻnoq, burgan, boʻztikan, otquloq, ayiqtovon, qoʻzgʻa, qamish, doʻlana, shoʻra va b. usadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, chiyaboʻri, tulki, sugʻur, quyon, jayran, qobon, jayra, yumronqoziq, kalamush, har xil ilonlar, echkemar, sichqon; qushlardan kaklik, bedana, bulbul, oʻrdak, gʻoz, kaptar, laylak, musicha, chumchuq, qaldirgʻoch, mayna, zagʻizgʻon, olaqargʻa, sor, qirgʻiy, qizilishton, toʻrgʻay, zargʻaldoq, qarqunoq, boyoʻgʻli va b. qushlar bor.
Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar, qirgʻiz va b. millat vakillari xam yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 271,8 kishi. Shahar aholisi 3,4 ming kishi, qishloq aholisi 165,1 ming kishi (2004).
Xoʻjaligi. Tumanda sanoat korxonalari, shu jumladan, taʼmirlashmexanika z-di (Chimyon), MTP, maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari, 394 kichik, 2 qoʻshma korxona, pillani qayta ishlash z-di va b. bor. Q. x. paxtachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik (ayniqsa, malinasi mashhur), chorvachilik va pillachilikka ixtisoslashgan. Shirkat xoʻjaliklari, 293 fermer xoʻjaligi mavjud. Tuman xoʻjaliklarida paxta, kartoshka, sabzavot, don, ozuqa ekinlari ekiladi. Tumandagi shaxsiy va jamoa xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, parranda boqiladi.
61 umumiy taʼlim, musiqa maktablari, litsey, 4 kasbhunar kolleji, markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, madaniyat uyi, 11 klub muassasasi, 2 muzey ishlab turibdi. Markaziy stadion, sport zallari, futbol maydonlari bor. Markaziy kasalxona, poliklinika, tugʻruqxona, qishloq vrachlik punktlari, dorixonalar va b. tibbiy muassasalar faoliyat koʻrsatadi. «Chimyon», «Zilol», «Nurafshon» va b. sanatoriylar ishlab turibdi. Fargʻona — Shohimardon, Vodil—Oltiariq avtomobil yoʻllari oʻtgan. 1932-y. dan «Shonli mehnat» tuman gaz. nashr etiladi.
Toir Abduraimov.