Faqat Vatan bordir, cheksiz bir Vatan…

SAMODA

Bir siltanib yerdan uzildi uchoq,

Bir siltanib nedir uzildi dilda.

Onqadar zamindan ketyapman uzoq,

Men endi arosat atalmish elda.

 

Darchadan qarasam avtolar ushoq,

Boyvachchalar qasri tobora mayda.

Doʻstim, koʻzingni och, sen ham qarab boq,

Togʻ boru, suyangan togʻlaring qayda?

 

Birinchi terimga tayyor paxtazor –

Kabi bulutlarning paykali chaman.

Bu hosilda sening chevarliging bor,

Xudoyim, shukronang aytib uchaman.

 

Doʻstim, qara, qanday moʻjiza bu, o!

Charaqlab turibdi quyosh – mayogʻing.

Eldan uzilmagay nasibang aslo,

Yerdan uzilmasa agar oyogʻing…

 

Jonsarak qarayman bulutlar ora,

Yuragim terlaydi, uvishar badan.

Doʻstim, koʻzingni och, zaminga qara,

Faqat Vatan bordir, cheksiz bir Vatan…

 

SARMISHSOY

Sarmishsoy qoyalari…

Sarmishsoy qoyalari…

Bagʻringizga bobolar tigʻ bilan rasm solmish.

Mangulik orzusimi ularning gʻoyalari?

Yo shunchaki oʻzining koʻngliga razm solmish?

 

Ana, toshlar oralab buralib kelar qoplon,

Ana, choʻkka tushgancha maysa chimdiydi gʻizol.

Ana, chavandoz ovchi qiyalab tortar kamon,

Ana, oshiq va maʼshuq gurung qurar bemalol.

 

Toʻrt ming yil naryogʻida qotib qolgan hayot bu,

Har bitta chizigʻida katta isteʼdod izi.

Nazarimda bu menga ajdodlarning maktubi,

Suvratlar aro boqar mungrayib qora koʻzi…

 

Men ham qoya ustiga tirmashib chiqdim bugun,

Mangulik orzusida tosh tanladim supaday.

E voh! Chizgilar tortsam qalamim boʻldi kukun,

E voh! Bir nuqta cheksam tosh toʻzgʻidi upaday.

 

Sarmishsoy qoyalari,

Sarmishsoy qoyalari…

Qarshingizda shohasar xonqizi dogʻicha yoʻq.

Qolgan sanʼat arkoni, xolos, ruh soyalari,

Evazi rasmdagi buqaning shoxicha yoʻq.

Ha, shunday moʻjiza bor oʻzbekyurt quchogʻida,

Intilsang yulduzlarga eltar naqd poyalari.

Istagim – har insonning pastu baland chogʻida

Yuraktogʻida boʻlsin Sarmishsoy qoyalari…

 

DEV

“Odam!

Odam isi!” – gulduradi dev,

oʻorning xarsanglari titroqqa tushdi.

Panada

bir boshga bitta oʻlim deb

Turgan bahodirning qoni uvishdi.

 

“Chiq!

Odam boʻlsang gar, roʻparamga chiq!

Odamday soʻz aytib jonimni yoqqin!

Qalqonga aylanib qolgan qorachiq,

Nursiz koʻzlarimga odamday boqqin!”

 

Oʻzini zarralab yigʻdi bahodir,

Ichidagi devday qoʻrquvni yanchdi.

Oʻ, odam bolasi nelarga qodir!

Devning yelkasiga gʻarch xanjar sanchdi…

 

Kesilgan chinordek gurs quladi u,

Shivirladi: “Netay, oʻsha goʻl devman.

Odamzod kimligi menga ayon-ku,

Odam mehmon boʻlib kelibdi debman…”

 

MISOL

Oshiqlik koʻp ogʻir kulfat:

misol uchun,

Kecha-kunduz chekdim-a dard

visol uchun.

Kecha dardi ogʻir, kunduz undan ogʻir,

Shunday kechar kunim battar kundan ogʻir.

Onam meni qiynoq uchun tuqqan ekan,

Bilmayman bu sevgi qaydan yuqqan ekan.

Koʻzim yumsam, koʻzi kulib turaverar,

Koʻzim ochsam, oʻzi kulib turaverar…

Unutaman deyman, ahdim unutaman,

Kimligimni koʻrgan vaqtim unutaman…

Barmogʻida koʻzim bogʻlab olgan oʻsha,

Koʻngiljonimni nikohlab olgan oʻsha…

Ha, shunaqa, dunyo chappa

misol uchun,

Borgan sari olisdaman visol uchun…

 

XAYR…

Rangi oʻchdi atirgullarning,

Xayr…

Chamanimdan nozboʻylar ketdi.

Xayr…

Oq-qoraga koʻchdi kunlarim,

Xayr…

Achchiq sogʻinch tunlari yetdi…

Xayr…

 

Xazondan tashqari yuribman.

Xayr…

Tumandan qoshimu kiprigim hoʻl.

Xayr…

Xayrlashgan joyda turibman…

Xayr…

Fayz bargdek toʻkildi… sen omon boʻl…

Xayr…

 

DAVR

Duo ol, Onangning koʻnglini iydir,

Otangni amallab koʻndirgin, oshna.

Davring keldi, Oyga doʻppingni kiydir,

Quyoshning tojini qoʻndirgin boshga!

 

KOʻRGAN-KEChIRGANLARIM

Kechiring, ey meni yomon koʻrganlar,

Unuting soʻkkanim, urganlarimni.

Jigardan urganlar, yoʻldan urganlar,

Kechirib boryapman koʻrganlarimni…

 

 

Iqbol MIRZO,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“OʻzAS”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nazm/faqat-vatan-bordir-cheksiz-bir-vatan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x