* * *
Taqdir meni siyladi har kez,
Yoʻq ohanglar qalbim etdi rom.
Hammasidan buyukroq aziz –
Seni menga ayladi inʼom.
Qancha doʻstlar?
O, buncha eʼzoz –
Muhabbat, baxt berdi koʻp yillik.
Faqatgina biroz Vaqtim oz –
Faqat umrim qisqa, shekilli.
Axir, jonim emas beega,
Chekmasam ham boʻlar-ku alam.
Hayot berdi Xudoyim menga –
Oʻlim bilan tugamaydigan.
Yomgʻir
Bulutlar yoyildi koʻkni toʻldirib,
Shamol quvib ketdi sovuq qishlarni.
Yana daraxtlarni oʻyga choʻmdirib,
Qorasi koʻrindi oppoq qushlarni…
Bugun ham otgisi kelmay otdi Tong,
Bugun ham dardini ichiga yutdi.
Keksaygan holiga qaramay osmon,
Suzgʻichdan oʻtkazib olar bulutni.
* * *
Yana quyuqlashdi qorongʻi osmon,
Koʻrib boʻlmay qoldi narigi betni.
Koʻz oldimda butun dunyo zimiston,
Shu baland uying ham koʻrinmay ketdi.
Shamol gandiraklar.
Tongga bor qancha,
Xazonlar oʻziga kelolmas hanuz.
Daraxtlar yer chizar. Endi yozgacha –
Bogʻlarda adashib qolib ketar kuz.
Oy chiqdi. Dosh berarmikan asabing,
Yop-yorugʻ kunlardan borday nom-nishon.
Qayga borishini unutgan kabi
Oy sening tomingda turar parishon.
* * *
Kim boʻldi shivirlagan –
Oʻxshar kimning sasiga?!
Qirlar yopinib olgan
Qizil duxobasiga.
Qoʻrqaman – hamma tomon
Qorongʻiga oʻralgan.
Boshimda tubsiz osmon,
Ilon izi yoʻllardan.
Jonlanar nogoh koʻzing,
Tebranar muallaq dasht.
Bir kichkina yulduzning
Jimirlashi umidbaxsh.
Oy qaygadir yoʻqolgan,
Hech kimsa yoʻq. Tun. Shamol.
Faqat Senga atalgan
Ulkan muhabbatim bor.
* * *
Hali muzdan tushmasidan yer,
Izgʻib yurganida izgʻirin.
Koʻchalarga chiqmay ulus-el,
Daraxtlarning ochilar siri.
Hali sovuq ketmay tanidan,
Koʻtarilmay turib qad-basti.
Boʻrtib chiqqan kurtaklaridan
Uyaladi olcha daraxti.
* * *
Daraxtlar ham olar aksiga,
Yashirmaydi qalin shoxlar ham.
Oʻtar tunning bir chekkasiga
Oy qorongʻi tushishi bilan.
Joy topolmas bogʻlar oʻziga,
Yoʻqotadi gullar es-hushin.
Uxlatmaydi oyning koʻziga
Yulduzlarning yorugʻi tushib.
* * *
Daraxtlar oʻzini zoʻrgʻa ushladi,
Silkindi jonini qoʻliga olib.
Erta kuzdan ketib qolgan qushlarni,
Bahor haydab kelar oldimga solib.
Buguncha dalalar qamchilaydi ot,
Ertaga… Ertani Xudo biladi.
Yerni koʻrmay qolgan bogʻlarni Hayot –
Oyoqlar ostiga tashlab kuladi.
* * *
Tirikmanmi oʻzi?
Bormanmi yo yoʻq,
Oʻzimni suyashga yetishmas holim.
Yonar vujudimda boshdan-oyoq oʻt –
Qayerga qochishni bilmaydi jonim.
Qaygadir yoʻqolgan koʻksimdagi taft,
Nimaki ish boʻlsa – qoʻl silkir qoʻlim.
Koʻzimda goʻyoki osmon ham bir kaft,
Zamin ham koʻrinar bir siqim boʻlib.
* * *
Oymoma chayqalib ketar har zamon,
Yulduzlar titraydi, xoʻrsinar falak.
Yomon boʻlar ekan. Judayam yomon –
Bir Soʻzga aylanib qolsa tevarak.
Balki qushlar kelar bir kun kechirib,
Balki qishlar kelar poʻrim isingan.
Faqat yashirinib – ichkari kirib –
Isinib olyapman Sening ismingga.
Xosiyat RUSTAMOVA
“Yoshlik”, 2017–5
https://saviya.uz/ijod/nazm/faqat-senga-atalgan-ulkan-muhabbatim-bor/