* * *
Men nogoh toʻlgʻondim, nogoh toʻlgʻondim.
Negadir bu sahar yigʻlab uygʻondim.
Koʻnglim: “Olislarga ketsaydim”, dedi,
Ammo angladimki, ketishsiz edi.
Biroq yoʻl yurmovdan tonish yoʻq edi –
Ammo olislarda olis yoʻq edi.
Barcha yoʻl “oh”i yoʻq bir makon edi,
Faqat koʻnglim manim bepoyon edi.
Koʻnglim na mantiqqa bu sahar yetdi?
Oʻziga ketdi u, oʻziga ketdi.
Nimani axtarib oʻzida chopdi?
Oʻzini, Oʻzini, Oʻzini topdi.
Topgani amiru beksizlik edi,
Sarhadi besarhad cheksizlik edi.
Soʻzlarning bemiqdor rangi bor edi…
Va faqat tangrining amri bor edi.
* * *
Tuzogʻin uzib ketdim,
Qopqonin buzib ketdim –
Dunyodan qutulganman.
Bir farogʻat ichraman,
Ming samovat ichraman –
Koʻngilga tutilganman.
Naqadar asir oʻldim!
Koʻngil boʻlmoqqa koʻndim –
Uchdim dardda beqiyos.
Inja ovozlar topdim,
Soʻngsiz parvozlar topdim –
Parvozimga osmon oz!
Yulduzlarga toʻkildim,
Oyda xatday oʻqildim,
Yerda… Yerda ne holim?
Yer – aziz uyim mening,
Eng ogʻir kuyim mening –
Zavolimu iqbolim!..
Dunyodan qutulganman,
Koʻngilga tutilganman –
Ozodman! Ozod! Ozod!
Sheʼrimmi? U – qon yutgan,
Maston ruhimni tuqqan –
Izillab yurgan hayot.
Afandi ayiq
Qishdan qishgacha
koʻp charchadi ayiq.
Koʻp charchadi.
Mehnat qildi
tinmay.
Qorinni toʻydirish azobini
tortdi,
tentiradi oʻrmonda,
daraxtlarga chiqdi,
daryolarga tushdi,
nimalarnidir ovladi,
kimlardir uni ovladi…
Qishda
bir toʻyib uxlamoq uchun
shunday azoblar koʻrdi
bu ayiq.
* * *
Toʻda-toʻda,
olomon-olomon,
olam-olam odamlarni koʻrdim,
Ammo ularning har birini
yolgʻiz-yolgʻiz
sezdim dunyoda.
Har biriga yolgʻiz-yolgʻiz
aytdim dardlarimni,
har birini
tingladim yolgʻiz-yolgʻiz.
Har bir odam uchun quvondim
barchaga qoʻshilib,
har bir odam uchun
yigʻladim
yolgʻiz-yolgʻiz…
* * *
Qamchi urmoqlik bekor,
Bekorga ortiq zugʻum –
Otim toʻxtadi!.. Gʻaffor!
Beligacha yetdi qum.
Toʻfon esa guvillar –
Barxanlarni shopirib.
Miyamga yetdi chanqoq –
Ajalning jim shotiri.
Men bir faqir odamman,
Dunyoning chekkasida.
Dovul nechun tashlandi
Ustimga – tikkasiga?
Na etdim yomon niyat,
Na bir qaltis soʻz dedim –
Faqat sahrodan oʻtib,
Uyga yetmoqchi edim.
Xurjunimda roʻzgʻorga
Atalgan lash-lush, buyum…
Nima qildim? Ne uchun
Meni yutmoqchi quyun?
Manglayi shoʻr odamman,
Xasman – dunyoda uchgan.
Nechun dunyo men bilan
Bahsga tushgani tushgan?
Nechun bu dahshat qahr,
Nechun etmoqchi nobud?
Mening ham dunyoligim
Oshkor boʻldimi yoxud?..
* * *
Mana, yetib keldi chin soʻzning roʻzi!
Xavotir keltirma koʻnglingga, osmon:
Oʻlsam, uchmagaydir biror yulduzing –
Hamma yulduzlaring qoladi omon.
Umr uchib borar. Toʻzgʻiyotgan – jon!
Sitilib qolmoqda bahor, yozu kuz…
Oʻlsam, bagʻring yana toʻladi, osmon,
Oʻlsam, koʻpaygaydir bir tirik yulduz.
* * *
Bu sukunat buncha jim?
Birov yigʻladimi?
Yo Qariyalar uyiga
eltishdimi
kampirni?
Yuzga kirgan chol
etim qoldimi?
Chaqaloq
ingaladimi
chiqindi qutida?
Bir yaxshi odamni
doʻstlari sotdimi?
Yoki
Vatanini sotdimi
birov?
Nima boʻldi oʻzi?
Nega tildan qoldi sukunat?
U endi
hech qachon
gapirmaydimi?
Sukunat
uyaladimi
gapirishdan?
Mard inson haqida ballada
Adolatli – imoni bor,
Lafzi bordir – soʻzi soʻz!
Yomonlarga – qanoatli,
Yaxshilarga sodiq doʻst;
Rostin aytar – boshiga togʻ
Qulasa ham qaytmaydi!
Sotaverar uni riyo,
Birovni u sotmaydi.
Mardu maydon! Choʻchimaydi!
Dunyo bilan etar bahs…
Uning oʻzi bir dunyodir,
Unga dunyo kerakmas.
Davlat vaʼda etar dunyo,
U boqmaydi qayrilib,
Boyvachchaday yuraverar –
Bor-budidan ayrilib.
Halol yashar, zavol yashar –
Zarra yetmaydi parvo.
Uning oʻzi shoʻr dunyodir,
Uning oʻzi zoʻr dunyo!
Bu zaminning dardu gʻamu
Faqat unga qolganday –
Qul dunyoda, kul dunyoda
Oʻzi yolgʻiz yonganday.
Toʻpigʻiga chiqmagandir,
Bozorlarning gʻavgʻosi
(Kelib-ketish, axir, bir bor,
Bir bor umr savdosi!).
Yoʻllarida adil yurar –
Kirmagandir toʻsatdan –
Bu yoʻllarni qorni emas,
Orli koʻngli koʻrsatgan!
Boshi uzra aylanadi,
Qanot qoqmay kalxatlar.
Bir “oh” ursa, nafasidan
Yirtiladi sarhadlar.
Pasayadi osmonlar ham –
Ufq koʻksin yoradi!..
Yuragidan shafaq oqib,
U osmonday boradi.
Uyda esa onajoni
Oʻrtanib aylar duo:
– Osmonday shu dilbandimga,
Dunyoday shu farzandimga –
Bir doʻst bergin, xudo-yo!
Otasi ham pichirlaydi:
– Bolam umri fidodir!
Unga osmon kerakmas,
Unga dunyo kerakmas,
Bir doʻsti bor – xudodir.
Kelajakka yozilgan
iltimos xat
Yer balandda,
osmon pastda…
Albatta,
bu ixtirolaringni
qoʻllab-quvvatlayman.
Oyogʻimiz
osmondan kelib ham
yashayveramiz.
Faqat
yashashimiz uchun –
ozgina joy qoldiringlar
Yeru Osmon
oraligʻida.
* * *
Yozda qorayadi quyon.
Qishda junlari oppoq.
Fasllarga qarab
oʻzgaradi shunday.
Boʻri koʻrmasin deb,
shu koʻyga tushadi
bechora!
Yirtqichlik qoʻlidan kelmagach,
boshqa iloji ham
yoʻqdir
quyonning.
Ikki ming
yillar avval
qulogʻimga
chalingan aytishuv
– Na molim bor, na holim bor,
Bir shoʻrgina aʼmolim bor.
Seni olib qochay desam,
Na Gʻirot, na Chiborim bor.
– Aʼmolingdan etma gina!
Mol-holing boʻlmasa nima?
Gʻayrating ham yoʻqmi sening,
Shoʻrlikkina, shoʻrlikkina…
Dunyo
Dunyo sirin yashirdi –
Hiylalarning bastiga:
Goh shirin soʻz, goh aldoq,
Goh shiorning ostiga.
Goh jannat qurmoq boʻldi,
Qurmoq boʻldi goh bozor.
Yoʻllarni burmoq boʻldi –
Vaʼdalar berdi bisyor.
Meni yomon koʻrdi u.
Chunki angladim ayon:
Dunyo – hiylagar tulki –
Ming jilvayu ming yolgʻon.
Voh, oqdi qancha ogʻu
Gapining koʻpigida.
Ammo uning savdosi
Chiqmadi toʻpigʻimga.
Uning turishi shudir,
Asli yurishi shudir.
Barchani nodon sanab,
Gapni burishi shudir.
Unga parvo etmayman.
Dardni chizarkan
Soʻzga, Anglayman:
men – oʻzgaman,
Uning zamoni oʻzga.
Izillayman – mohiyat
Ilkis koʻchadi dardga…
Tangriga joʻnar bir yoʻl
Toʻlgʻonib yotgan qalbdan.
Negadir “oh” uraman,
Miyam ogʻrir zirqirab…
Bu hol nima?
Men kimman?
Yorab! Tushuntir, Yorab!
Yigʻlayotgan poyezd
Poyezd qichqirar.
Vagonlardan tushgan yoʻlovchilar ortidan poyezd qichqirar.
Yoʻlovchilar istagan taraflariga ketayapti.
Poyezd qichqirar.
Dunyoning sonsiz yoʻllaridan
odamlar
ketib borayotir.
Poyezd qichqirar.
Changli,
tosh,
asfalt,
qisqa,
uzun,
chalkash,
pastu baland
va yana bir balo yoʻllardan ketib borar odamlar.
Poyezd qichqirar.
Kimdir
yoʻlini tashlab, oʻtadi oʻzga yoʻlga,
kimdir soatga qaramaydi, bekatlarga qaramas –
toʻxtamay borar umrining soʻngigacha.
Kimdir yoʻl kashf etar har daqiqada –
har daqiqada yoʻli yap-yangi!
Qanday yaxshi!
Dunyoda hurlik ufirar!
***
Ichim yigʻi bilan toʻlgandir:
izillab yashashga koʻngandir,
izillab kezyapman dunyoni,
bir faryod sezyapman dunyoni.
Qatma-qat dardlarim beizhor –
ichimda qanchalar gʻussa bor!
Xudoyim, ne hasrat imoratingman –
Nechun koʻz yoshlardan iboratingman?..
Shoir
O, bir marta oʻlmoq qanday baxt!
Faqat haqni – roʻyrost – beyolgʻon –
Kuylamoqda aylagandan ahd –
U har soʻzda topshiradi jon.
O, bir bora yashamoq ham – baxt!
U har soʻzda tirilar qayta –
Sheʼr uchun jon bermoqlikka ahd
Etgan mashʼum u kundan boshlab.
Usmon AZIM
Oʻzbekiston xalq shoiri
“Ijod olami”, 2017–1
https://saviya.uz/ijod/nazm/faqat-konglim-manim-bepoyon-edi/