Tor, qiyshiq koʻchaning oʻksik oqshomini Tursunqul akaning churuk darvozasi tepasiga oʻtqizilgan bir fanorning titrak nurlarigina yoritar edi. Uni har kun kechqurun past boʻyli, burushiq yuzli bir chol kelib, yoqib ketar edi. Biz uni “Fanorchi ota”, der edik. U juda yuvvosh, indamas kishiydi, kichkina narvonchasini chaqqon qoʻyib, allaqanday ustalik bilan chiqar, qoʻltigʻidan kir roʻmolchasini olib, avaylab fanor oynalarini artardi. Fanorni yoqqach, yerga tushib, obkashdek bukilgan yelkasiga narvonchasini qoʻyib birpasda koʻzdan yoʻqolar edi.
Fanor qurilgan vaqtlarda butun mahalla quvonib, unga allaqanday mehr ila qaragan boʻlsalar-da, faqat bu mehr uzoqqa choʻzilmagandi. Keyincha har kim unga parvosiz boʻla boshladi.
Ayniqsa, mahalla bolalari ila fanor orasida anglashilmas dushmanlik uygʻondi. Toʻplanishib, avvalo bir-birimizning doʻppimizni otishar, fanorga doʻppi kiygizgan oʻrtoq merganligi ila kerilar edi. Keyincha bu ham bizni zeriktira boshladi. chunki piston qadalgan yoki har turli ipaklar bilan bezalgan doʻppini kiyib olib, fanor chiroyli bir tus olar, bizni xafa qilgandek boʻlar edi. Shuning uchun qoʻlimizga tosh, kesak olib, fanorga hujum qilishni oʻrgandik. Bunda u juda kuchsiz edi: kichkina bir kesak yoki tosh parchasi bechora fanorning oyna koʻzlarini oʻpirib tushirardi. Keyin-keyin Fanorchi ota haftada uch-toʻrt marta unga “yangi koʻzoynak” taqib ketishga majbur boʻlardi. U ketdi, darrov biz yangi “koʻz”ini oʻyib olardik. Shunday boʻlsa-da, Fanorchi ota “lom” deb ogʻiz ochmasdi. Uning bu qiligʻi bizga sira yoqmas, tutib olish uchun poylasa, hatto birontamizni tutib ursa ekan, der edik. Ammo shu tilaklardan bittasi ham yuzaga chiqmasdi.
Bir kun, namozshom vaqti, koʻchada bolalar koʻp edi. Ichimizda eng koʻp qoʻrqmaydigan, eng battol Qosim choʻloq:”Bolalar!”, dedi.
Changga botgan yuzlarimiz yangi bir narsa kutib, uning koʻzlariga tikildik.
– Fanorchi ota keladigan vaqt yaqin. Sindiramiz. Nima qilar ekan? – dedi-da, qoʻlga ilinadigan bir narsa qidira boshladi.
Qoʻllarimizdan gʻizillab uchgan tosh-kesaklar fanorning hamma koʻzlarini teshib oʻtgan edi. Uzoqdan Fanorchi otaning bukilgan kichkina qomati yaqinlasha boshladi. Narvoncha yelkadan tushib, taʼzim ila devorga suyandi. Fanorchi ota uning ustiga chiqdi-da, “chirt” etib, gugurtni yoqdi: fanor toʻrt tarafdan qulagan uy kabi ajava tusda, yana bir tomonga qiyshayib turar edi. Biz hammamiz kerilib turar edik. Baʼzilar “piq-piq” kulishdi. Chol kasal odamga oʻxshab, sekin-sekin pastga tushdi. Oʻsiq qoshlari tagida qisilib yotgan koʻzlari ila hammamizga yalingansimon qaradi-da, mayin bir tovush bilan:
– Tentak bolalarim, bu qanday gap? Fanorga tegmasanglar, bir narsa boʻladimi? U yuqorida, sizlar pastda oʻynay beringlar-da.
Bolalar jim boʻlgan edi.
– Sizlar hali yosh, koʻzlaringiz oʻtkir. Qorongʻu ham, yorugʻ ham baravar. Xufton boʻlmasdan onalaringizning quchogʻida pish-pish uxlab qolasiz hammangiz. Bizga oʻxshash qari-qartanglar uchun chirogʻ judayam kerak, – dedi.
Bolalarning koʻzi cholda edi.
– Tunov kuni kechasi qattiq yomgʻir yogʻib turgan edi. Bu yoqqa kelsam, koʻcha qop-qorongʻu. Fanorning teshik oynasidan shamol kirib oʻchirib qoʻygan. Ana u ariqning boʻyiga borganimda bir nima suvni shapillatardi. Yopiray, nima ekan, deb fanorchamni ariqqa tutsam, mendan ham qari bir kishi ariqdan chiqolmay yotgan ekan. Darrov qoʻlidan tortdim, bir amallab chetga chiqardim, hamma yogʻi loy, jiq-jiq suv.
Bolalardan biri:
– Voy, boyaqish, soqoliyam, yuziyam loymi?
– Hamma yogʻi loy boʻlgan… Keyin yetaklab uyiga eltib qoʻydim, – dedi chol. Mening koʻzimga Fanorchi otaning degani shunday koʻrinib kelgandi, Qosim choʻloq:
– Yolgʻon-yolgʻon! – deb baqirdi. Bolalar birdan:
– Rost! – deb javob qaytarishdi.
– Kim endi sindirsa, shuni tutib beramiz otamga, – dedi Ahmad. Fanorchi ota:
– Ha, barakalla, endi sindirmaysizlarmi? – dedi.
– Yoʻq-yoʻq, – javob berdik biz shu zamon. Kichkina narvonini yana yelkasiga ilib, chol qorongʻulikka kirib yoʻqoldi.
Shundan beri, haqiqatan, fanorga hech shikast tegmadi. Hozir shu fanorning oʻrnida sim toʻr bilan oʻralgan tuxumdan kattaroq elektr lampochkasi yonib turadi. Uning uchun na yoquvchi, na gugurt, na moy kerak. Hech bir bola tegajaklik qilib tosh ham otmaydi. Uning yorugʻida yurganda yoshligimning bir parchasini va Fanorchi otanigina xotirlayman.
1930 yil
OYBEK
https://saviya.uz/ijod/nasr/fanorchi-ota/