Umrining oxirgi daqiqasigacha bir ogʻiz soʻz demagan insonning ayni jon berar vaqtida tilga kirishi juda gʻaroyib hol edi. Bu holat bir menga emas, balki uni tanigan, bilgan hatto eshitganlarning ham barchasini hayratlantirdi.
Oʻsha kuni na qoʻli, na oyogʻi va na koʻzi qolgan bu bemor jon berar paytida tilga kirdi. U shunday baland ovoz bilan gapirdiki, jarrohlik xonasidagilarning barchasi muzxonaga tashlangan baliqday qotib qolishdi. Xayolimizni bir joyga jamlab, to oʻzimizga kelgunimizcha bemor allaqachon uzilgandi. U nimalar deb gapirganini hech kim tushunmadi. Ovozi chiqishi bilan goʻyo qaytarib boʻlmas bir ofat kelayotganday hamma oʻzini yoʻqotib qoʻygandi. Necha yillik tajribasi boʻlgan bosh jarroh ham bunday holatga birinchi bor duch kelishi boʻlsa kerak, azbaroyi hayajonga tushib qolganidan ogʻzini kappa-kappa ochar, koʻzlari soqqasidan chiqib ketgudek boʻlib, goh chapdan oʻngga, goh oʻngdan chapga aylanardi. Bu holni koʻrib yordamchi shifokor, hamshira, farrosh ayol, barchasi murda bilan ishlari boʻlmay qoldi. Bosh jarrohning atrofida gir aylanib, unga “birinchi yordam” taraddudiga tushib ketishgandi. Men esa qoʻlimdagi jarrohlik pichogʻini mahkam tutgancha murdaga qarab turardim. Uni birinchi marotaba koʻrgan odam bu xonada turganlardan ham battarroq holatga tushishi aniq edi. Uning tashqi tuzilishi inson qiyofasidan butunlay uzoqlashib ketgandi. Murdaning bir paytlar oʻyib olingan koʻzlari oʻrnida terak poʻstlogʻida paydo boʻladigan xolchalarga oʻxshash chuqurchalar bor edi. Faqat ular gorizontal va ketma-ket joylashganligi uchun uquvsiz haykaltarosh yasagan beoʻxshov yumuq koʻzga oʻxshab ketar, ikki qoʻli va oyoqlari qirqib tashlanganligidan uning butun jussasi endigina tayyorlanib, oʻrnatishga taxt qilingan byustni eslatardi. Oftob koʻrmagan, sargʻishtob yuziga qarab murda ancha vaqtdan beri toʻshakka mixlanib qolganini bilish qiyin emasdi. Jussaga tikilib turarkanman, miyamga kelib qolgan savolga javob axtara boshladim. Nima uchun bunday boʻldi? Ha, bu savol birinchi marta xayolimga kelishi edi. Nega shu paytgacha kelmaganiga oʻzimning ham aqlim yetmasdi. Axir uni ilk marotaba koʻrganimdayoq yoki undan keyin ham shu savol tugʻilishi mumkin edi-ku?
Bemorni birinchi bor koʻrgan kunim ishga kelganimga toʻqqiz oy boʻlgandi. Oʻshanda u ikki oyogʻi kesib tashlangan, nogironlar aravachasida turardi. Rangi biroz siniqqan, biroq egnidagi zamonaviy koʻylak, soqolining qirtishlab olingani, sochining bir tarafga silliq qilib taralganligi, bilagidagi muskullarning boʻrtib chiqib turishi buni bilintirmasdi. Qattiqroq razm solmasa deyarli sezilmasdi. Oyoqlaridan tashqari, boshqa barcha aʼzolari soppa-sogʻ boʻlib koʻringani uchun unga unchalik eʼtibor bermagandim. Ammo ishxonada kimdir bemorning tilsiz ekanligini aytganidan soʻnggina qiziqishim ortib, navbatchilikda qolgan kunim kasallik varaqasini koʻrib chiqishga kirishdim. Oyogʻining kesib tashlanishiga sabab boʻlgan tashxisdan figʻonim falakka chiqdi. Necha yillardan beri ishlab, oʻz ishining ustasi boʻlgan shifokorning qilgan ishidan hayratda edim. Kasallik varaqasiga “varikoz” yozilgan bemor oyogʻining kesib tashlanishi haqiqatdan ham ajablanarli edi. Bundan bir jahlim chiqsa, bir jarroh besabab bu ishni qilmagandir, degan oʻy bilan uni oqlardim. Biroq haqiqat aytilmagan soʻzday mavhum edi. Bu soʻzni ayttirish uchun esa men turli yoʻllarni oʻylab topardim. Biroq uddasidan chiqolmay xunobim oshardi.
Kun bilan tun xuddi yil chiroqlaridek tinimsiz oʻrnini bir-biriga boʻshatib berardi. Jumboq esa jumboqligicha qolaverdi. Unga boʻlgan qiziqishim soʻnib, bemor toʻgʻrisida oʻylamay qoʻydim. Marhumga oʻxshash bemorlar koʻpchilikni tashkil qilganidan boʻlsa kerak, endi shifoxonaning “havo”siga oʻrganib ketgandim. Lekin marhumchalik hech biri menda chuqur taassurot qoldirmagandi. U garchi gapirmasa-da, aytmoqchi boʻlgan gaplarini koʻl harakatlaridan yoki koʻzlaridan oʻqib olish qiyin emasdi. U doim tabassum bilan qarab turar va joni chekayotgan azoblarni sezdirib qoʻymaslikka urinardi. Biroq bemorning koʻzlariga boqib, u bilan suhbatlashish jarayoni koʻpga choʻzilmadi. Yuragimdan otilib chiqishga uringan isyon bosh jarrohning oʻtli qarashlari oldida bosh egib, soʻnayotgan choʻgʻdek xiralashib borardi. Bosh jarroh bemorning koʻzlarida “katarakta” bor, deya tashxis qoʻygan, ammo jarroh kataraktani emas, balki koʻzning oʻzini olib tashlashni qaror qilgandi. Bu ishga aralashmayman deb bosh tortolmadim. Goʻyo kimdir boʻgʻzimdan olib, “Gippokrat qasami”ni buzayapsan, deganday boʻlaverdi. Vaholanki, bemorning koʻzlari soppa-sogʻ, biz esa ularni olib tashlashimiz kerak. Qanday bedodlik, deya hayqirgim kelardi. Biroq bemorning bamaylixotir oʻtirishini koʻrib shashtimdan tushdim. Bemorni yomon koʻrib ketdim ham. U esa biz aytgan narsalarni ikkilanmay bajarardi. Jarrohlik stoliga yotgunicha uning koʻzlarida hayot aks etib turdi. Faqat narkoz taʼsiridan soʻng yonib turgan koʻzlar, bir lahza ichida, hayotga toʻymay jon bergan murdaning koʻzlariga oʻxshab qoldi. Ming-minglab tiriklarni “yorib”, koʻnikib ketgan jarroh uchun soʻniq koʻzlarni koʻchirib olish odatiy hol edi. U xuddi kulchacha yasash uchun xamirdan bir chimdim olgan novvoyday koʻzlarni joyidan koʻchirib tashladi. Bemorning keyingi hayoti bundan-da ayanchli boʻlishini bilib, sezib tursak-da, birontamiz gapirishga botinolmasdik. Mana shu lahzalarda tilsiz bemorga havasim kelib ketdi. Gapirolmaslik ham bir tarafdan baxt ekanligini anglab yetdim. Endi bemor koʻzsiz, oyoqsiz yashashga mahkum etilgandi. Bosh jarrohning “Endigi navbat qoʻliga”, deganida ham indamadim. Mendagi kuch-gʻayrat yoʻqolib borayotgandek edi goʻyo. Ular nima desa, shunga koʻnishga oʻrganib qolgandim. Bemorlarning barchasi bir-biriga oʻxshash boʻlganligi uchunmi, nazarimda, ularning ruhiyatiga singishib ketayotgandek edim. Bemor oyogʻining kesilishi, koʻzining oʻyib olinishi va navbat qoʻlining ham kesilish jarayonlari qisqa vaqtlar ichida amalga oshirilayotgandek ediki, bularning barchasiga endilikda kundalik mashgʻulotni takrorlayotgandek behafsala qarardim.
Bemor qoʻli kesiladi degan kuni kechasi bilan uxlolmay chiqdim. Qoʻllarim qaqshab, goʻyoki mening qoʻllarim qirqiladiganday bosinqirab, uygʻonib ketaverdim. Erta tongdan gʻashlik hukm sura boshlagan koʻngilga taskin berish uchun chora topolmay, ishga otlandim. Shifoxonada barcha oyoqqa turgan, u tomondan bu tomonga zir yugurishardi. Bir necha muddat qoʻl-oyogʻi kishanlangan mahbusday qimir etmay turdim-da, keyin bemor yotadigan xonaga shoshildim. U xonada nogironlar aravachasida oʻtirgancha graffel bilan priborga nimalarnidir yozardi. Buni koʻrib hayratga tushdim. Bemor qachonlardir “Brayel yozuvi”ni oʻrgangan va hozir oʻsha ilmini amalda qoʻllayotgandi. Koʻzi ojizlarning maxsus daftar-qalamini kim qachon keltirib bergani yana bir jumboq edi. Shu lahzalarda men bu haqda oʻylamasdim. Oʻylaganim: gunglar alifbosini, brayel yozuvini qachon oʻrgana qoldi ekan? Axir u tugʻilganidan buyon shifoxonadan koʻchaga chiqmagan boʻlsa. Buni menga qorovul aytib bergandi. “Bola chala tugʻilgan, asrab qolishning iloji yoʻq”, degan xabarni eshitgan ota-onasi “Umidimiz sizdan” deya bosh jarrohga chaqaloqni tashlab ketishgan ekan”, degandi oʻshanda qorovul. Shu ketganicha qaytib biror marotaba xabar olishmagan ekan. Aslida esa bola chala tugʻilmagan. Faqat bosh suyagi jussasiga nisbatan kattaroq boʻlgan. Nega bola tugʻruqxonada emas, aynan mana shu shifoxonada tugʻilgan, degan savol koʻnglimga kelgandi oʻshanda. Biroq savol tugʻilishi qanchalar tabiiy boʻlsa, uning javobsiz qolishi ham shifoxonadagilar uchun shunchalar tabiiy edi. Ishchilarning hammasi “programma”lashtirilgan robotlarga oʻxshab bosh jarrohning chizgan chizigʻidan chiqmasdi. Bosh jarroh ham oʻzicha buyruq bermas, biz uchun mavhum boʻlgan kimningdir buyrugʻiga itoat qilardi.
To hamshira qiz kelib, “Operatsiyaga tayyorlanar ekansiz”, demagunicha uni kuzatib turdim. Hamshira menga gapirish mobaynida bemorning qoʻlidagilarni tortib olib deraza tokchasiga itqitib yubordi-da, aravani itarib yoʻlakka chiqdi. U bemorni jarrohlik xonasiga olib ketayotgan edi.
Meni yana xayollar chulgʻab oldi. Ular bemor aravasining gʻildiraklariga osilib, jarrohlik xonasiga shoshilardi. Hozir bemorning qoʻli ham kesiladi. Keyin nima boʻladi? Keyin bemor bundan ham dahshatliroq holga tushib qoladi. Nimalarnidir yozib, oʻzini ovuntirib yashayotgan bemor qoʻlidan ham ayrilsa, hayotdan butunlay uzilib qoladi-ku! Bunga yoʻl qoʻymaslik kerak. Lekin qanday qilib? Shu payt koʻz oʻngimdagi devor, devordagi tibbiyotga oid suratlar, yoʻlak, bularning barchasi suv solingan shaffof idish ortidan qaragandek koʻrina boshladi. Boshimni kimdir qattiq qisayotgandek tuyuldi. “Qon bosimim koʻtarilyapti”. Miyamdagi birinchi signal aniq va bexato tashxis edi. Biroz muddat hech narsani oʻylamaslikka tirishib, devorga suyanib turdim. Organizmim toʻliq oʻzini tiklamagan boʻlsa-da, oʻzimni ozroq yengil his qilgach, jarrohlik xonasiga joʻnadim. Endi qarorim qatʼiy edi – bemor qoʻlining kesilishiga yoʻl qoʻymayman! Shuncha vaqt azob tortgani yetadi. Hayotimda hech boʻlmasa bir marotaba kimgadir yaxshilik qilay… Yoʻq, niyatim amalga oshmasligini sal fursatdan keyin angladim. Yetib borganimda jarrohlik xonasi taqa-taq berkitilgan edi. Operatsiyagacha hali chamasi oʻn daqiqacha bor, ammo eshik allaqachon berk. Oʻzim ham bu operatsiyaga qatnashishim kerak-ku? Nima uchun bunday qilishdi? Hozir taajjublanib oʻtiradigan payt emas edi. Eshikni qattiq urib baqira ketdim: Ochinglar eshikni! Men kirishim kerak, oching eshikni! Eshityapsizlarmi?!
Ichkaridan hamshiraning ovozi keldi:
– Halal bermang. Kirishingizga ruxsat yoʻq. Bosh jarroh shunday dedi.
– Haqqi yoʻq uning! Bemorning qoʻlini kesishga haqqi yoʻq! Men kirishim kerak, oching eshikni, – chinqirdim tomogʻim qirilgudek boʻlib.
– Birovlarning taqdirini oʻzgartirishga sening haqqing yoʻq. Ishtirok etishing mumkin, xolos. – Endi yoʻgʻon ovoz keldi ichkaridan. Bu bosh jarroh edi.
Uning ovozini eshitib negadir boʻshashib ketdim. Eshikka suyangancha oʻtirib qoldim. Qiziq, ovoz qulogʻim ostida xuddi ninasi bir chiziqqa tuzib qolgan plastinkaday takrorlanardi: “Birovlarning taqdirini oʻzgartirishga sening haqqing yoʻq. Ishtirok etishing mumkin, xolos. Birovlarning taqdirini…” Shu zaylda jarrohlik xonasi ochilgunga qadar oʻtiribman. Bosh jarrohning gapidan soʻng oʻzimga kelib, oʻrnimdan turdim. U yoʻlak boʻylab ketar ekan:
– Uch oydan keyin tilini operatsiya qilamiz. Oʻshanisiga ishtirok etishingiz mumkin. Tilda bizga notanish, mayda pufakchalar paydo boʻlyapti, – dedi. Keyingi belgilangan sana bemorning oxirgi kuni ekanligini bu paytda bilmasdim.
* * *
Yoʻldaman. Qabristondan birga chiqqan sheriklarim mendan ancha ilgarilab ketishibdi. Kimdir yelkamga qoʻl tashladi. Bosh jarroh ekan. Gapirgim kelmadi, indamay ketaverdim. To uyimga olib boradigan yoʻl boshiga kelguncha shu zaylda yurdik. Bosh jarroh men bilan xayrlasha turib shunday dedi:
– Bu siz bilan soʻnggi koʻrishishimiz boʻlsa kerak. Mening faoliyatim nihoyasiga yetdi. Endi qaytishim kerak.
– Qayoqqa? – soʻradim uning horgʻin yuziga tikilib.
U gapirmadi, faqat koʻzlari bilan osmonni koʻrsatdi.
Asliddin MUSTAFOYEV
“Yoshlik”, 2012 yil, 4-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/fanodagi-chiziq/