Bir paytlar Shoislom Shomuhamedov, Asqar Muxtor, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Jumaniyoz Jabborovlar bilan oilaviy suhbat (“gap”)imiz boʻlardi. Tajribali, ishni koʻzini biladigan inson sifatida Shoislom aka bunday suhbatlarimizning tashkilotchisi boʻlib, ular juda sipo, botartib, kamtar, bolalar tarbiyasiga alohida eʼtiborli, umuman, oilaga mehribon inson edilar.
Suhbatlarimiz, asosan, adabiyot toʻgʻrisida borar, bu shajaraning katta bir shoxi boʻlmish sheʼriyat toʻgʻrisida ham bahslar boʻlardi. Dunyo adabiyoti ustida gap ketganda, albatta, sharq adabiyoti, jumladan, fors sheʼriyati koʻproq oʻziga tortar edi. Aslida, biz maʼnaviy xazina eshigigacha borardik. Mirtemir domla aytganlariday, bizni “eshik ogʻo” si Shoislom Shomuhamedov kutib olib, fors sheʼriyati durdonalari bilan oshno etardilar…
…Isteʼdodli olim va tarjimonning Firdavsiy “Shohnoma”si ustida olib borgan ijodiy mehnati, tashkiliy ishlari, ayniqsa, tahsinga loyiq. Jahon sheʼriyatining durdonasi, ulugʻ shoirning oʻttiz yillik mehnati mahsuli boʻlgan bu ulkan adabiy yodgorlikni bir necha yil ichida oʻzbek kitobxoniga yetkazish uchun Shoislom akadek hurmatli insonning kuyunchakligi kerak edi. Domla oʻzlari ham kecha-kunduz ishlab, Mirtemir, Hamid Gʻulom, Jumaniyoz Jabborovlarga ham tinchlik bermay qilgan saʼy-harakatlari natijasi boʻlib, oʻzbekning uyiga oʻzbek tilida soʻzlab Firdavsiy kirib bordi.
“Shohnoma” bitilgan vazn – mutaqorib jangovar shiddat barobarida, harbiy mashqlar oʻynoqiligi aks etgan vazn. “Saddi Iskandariy” shu vaznda yozilgan.
Shoislom Shomuhamedovning aruz va barmoq vaznlarida tarjimalar qilib orttirgan tajribasi “Shohnoma”ni oʻgirishda qoʻl keldi. Mutaqorib vaznining oʻn bir hijoli barmoq vazniga yaqinligidan foydalanib “Shohnoma” tarjimasida shunday yoʻl tanlandiki, dostonni aruz vaznida ham, barmoq vaznida ham oʻqish mumkin. Bu ish bilimdonlik barobarida, katta mahoratni ham talab etadi.
“Gap” yigʻinlarimizdan birida navbat sheʼr oʻqishga keldi. Shoislom aka Hayotxon kennoyimizga bagʻishlagan ruboiysini oʻqib berdilar:
Baxtiyor desalar arzir otimni,
Keltirayin bunga qoʻsh isbotimni:
Koʻkrakdan oʻq yedim, oʻlmayin qoldim,
Muhabbatdan topdim chin Hayotimni…
– Hayotxon opa, – dedi qarsaklar tingach Jumaniyoz Jabborov, – ustozning ruboiyga mehr qoʻyganlariga siz sababchisiz. Nomingiz toʻrt harfdan iborat. Har bir harfiga bir satrdan muvashshax yozib, oʻzbekning Umar Xayyomi boʻldilar. Shoislom aka va Hayotxon kennoyi totuv turmush kechirdilar, oilada olim-olima farzandlar kamol topdilar. Domladan ilmiy monografiyalar, badiiy ijod, nodir asarlardan tarjimalar, koʻplab shogirdlar, eng avvalo, yaxshi nom qoldi.
Bori elgʻa yaxshilik qilgʻilki, bundin yaxshi yoʻq,
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ…
Mirzo Boburning bu satrlarini sevib takrorlagan ustoz olim va shoir-tarjimonning hayot kitobiga yaxshilik soʻzi sarlavha boʻlgʻulikdir.
Erkin VOHIDOV,
Oʻzbekiston Qahramoni,
Xalq shoiri
“Sharq yulduzi”, 2011–2
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ezgulikka-yogrilgan-hayot/