Har bir davlat, har bir respublika, viloyat yoki shahar oʻz timsoliga ega. Buni hamma biladi. Lekin shaxs-timsollar ham borligini koʻpchilik bilavermaydi. Bunday kishilar u yoki bu hududning tabiati, xarakteri, madaniyatiga qiyos boʻladi, oʻsha hududdagi xalqning ruhiyati, mohiyatini namoyon etadi. Rasul Hamzatov – Dogʻiston timsoli.
Oʻn yilcha oldin Dogʻiston oʻzi qanaqaligini, umuman qayerda joylashganini birovga tushuntirish qiyin edi. Lekin Rasul Hamzatov nomi tilga olinishi bilanoq, “O, Dogʻiston..” deb hayqirib yuborishardi. Bu nom, bu zot togʻli oʻlkaning nomini, millatining ruhi va tafakkur tarzi qandayligini butun mamlakatga, Yevropa, Amerika, Osiyoga namoyish qildi.
Shoirning sheʼrlari oʻzini, yurtini – hech qachon bir-biriga nisbatan dushmanlik hissini tuymagan elatlar yashaydigan vatanini koʻklarga koʻtardi.
Shoirning yetti iqlimga taralgan ovozi samo farzandlari – togʻliklarga xos joʻshqinligi va hassosligi bilan tinglovchilar koʻnglini zabt etdi, oʻziga maftun qilib qoʻydi.
«Rossiyada undan zoʻr shoir yoʻq», deya taʼkidlagandi Yevgeniy Yevtushenko. Bu mardona eʼtirof Rasul Hamzatov bilan yana bir bor ochiq muloqot qilishimga turtki berdi. Baxtimga, buyuk shoir taklifimni rad etmadi.
– Rasul Hamzatovich, soxta kamtarlikni bir chekkaga yigʻishtirib turamiz, toʻgʻrisini ayting: sizni avliyo sanaylikmi yoki adabiyotning otasi deylikmi?
– Unisiyam emas, bunisiyam. Oʻzimni hatto oʻqituvchi deb ham sanamayman. Baʼzida soddadil, yaxshi odamlar biz – shoirlarni shunday deb koʻkka koʻtaradi. Lekin biz oʻzimizni boshqalardan yaxshiroq bilamiz-ku. Mayakovskiy oʻz davrida shoirlarga “xalqning xizmatchilari, haydovchilari” deb taʼrif bergandi. U haqmi yo nohaq – bilmayman.
Shoirlar – oʻquvchi, ularning ustozlari esa tabiat, asrlar tajribasi va davrning genialligidir.
– Lekin sizni sheʼriyatning otasi deb atash yoki sanash mumkinmi?
– Bu ibora nima degani – bilmadim. Agar yosh nazarda tutilsa, mendan kattalar bor. Agar ishning qiymati nazarda tutilsa, bu borada osmondagi oyni oldim, deb hisoblamayman.
– Sheʼrlaringiz orqali qanday taʼlimotni yoydingiz? Chin sheʼriyatni ibodat deb ham qabul qilish mumkin-ku.
– Sheʼriyat ibodat emas. Toat takrorlash bilan toʻkis boʻladi, sheʼr esa takror sabab buziladi. Yoʻq, sheʼriyat sigʻinish emas, lekin sheʼrda yukunch, oʻtinch boʻlishi kerak. Chunki shoir ijod jarayonida oxirgi marta yozayotgandek va birinchi marta sevayotgandek boʻladi.
Men Hajga borganman, Kaʼbada boʻlganman, u yerda ibodat qilganman, hatto oʻshanda ham koʻnglimdan sheʼrlarni quvib chiqara olmaganman: ularni ibodatga qoʻshib pichirlaganman.
– Sizni yetti iqlim tanigan, juda mashhur boʻlgansiz. Bugun-chi?
– Men mashhurlikdan qoʻrqaman. Shuhratga erishish sharafga erishish degani emas. Otam va buyuk Mahmud[1]ni jahon tanimagan, lekin ularni xalq yaxshi koʻradi, sevib oʻqiydi.
Mashhurlikni davr yaratyapti. Bugun televizion mashhurlik ham paydo boʻlgan… Men bu mashhurlikdan qoʻrqaman. Va oʻz ijodimga shubha bilan qarayman.
Adabiyot tarixi juda koʻp ibratli misollarga guvoh. Oʻz davrida urra-urra boʻlgan proletar shoirlarini bugun kim biladi? Yoki Bestujevni olaylik, oʻz davrida qanday shuhrat topgandi u? Hozir-chi? Undan nima qoldi?
Oʻsha paytlarda Pasternak, Svetayeva, Bulgakov mashhur boʻlganmidi? Pasternak “Taniqli boʻlish yoqimsiz” deb yozgandi…
Yaxshi eʼtiroflar ham shoir qilmaydi odamni. Isteʼdod, haqiqat, goʻzallik tarbiyalaydi shoirni.
– Sizning asarlaringizda dard koʻp, men bu dardni his qilib, sezib turaman. Ularning yuzaga chiqishiga nima turtki bergan, qayerdan paydo boʻlgan ular?
– Ishonganlarimdan koʻnglim koʻp qolgan. Oʻzimni aldashlariga yoʻl qoʻyib berganman. Yaqinlarim va qadrdonlarimning ayriligʻi yuragimga yuk boʻlib tushgan. Ishonganingdan ayrilish, doʻstlaringni yoʻqotish koʻngilni ogʻir yaralaydi.
Lekin qaygʻu va musibat damlarida Yer yuzida isteʼdodli odamlar kamayib ketmaganini, xalqimiz zaxirasida juda koʻp ezgulik, sofdillik va oliyjanob tuygʻular borligini oʻylab taskin topganman.
– Rasul Hamzatovich, siz quvnoq odamsiz, lekin birdaniga ogʻrib qoldingiz. Nahotki xushchaqchaqlik pardasi ortida Siz bilan birga hamisha dard yashab kelgan boʻlsa?
– Men oʻzimni xushchaqchaq odam sanamayman. Kim hamisha vaqti chogʻ – shunchaki ahmoq, degandi shoir. Lekin… odam suhbatdoshiga shodlik ulashishi kerak, gʻam-gʻussa emas.
Hozir mening oʻn tomligim avar tilida tayyorlanyapti. Dard, sevgining tomir urishi sezilib turgan sheʼrlar oʻn tomlik nashrga kiritildi, gʻazabli kunlarda yozilgan yoki hissiy zalvori yetishmaganlarini olib qoʻydik. Baxtimga, menda bundaylari kam.
– Biz boshqa dunyodan, ruhlar dunyosidan judayam qoʻrqamiz. U haqida oʻylashdan choʻchiymiz. Sizning bugungi sheʼrlaringizda esa, xuddi ana shu dunyo bor. Fikrimcha (sheʼrlaringizni oʻqigach, shunday xulosaga keldim), Siz u biz bilan yonma-yon yashashini va undan umuman qoʻrqmaslik kerakligini hamisha bilgansiz.
– Inson tugʻilganidayoq hayotdan qoʻrqadi. Oʻlim yaqinlashganda esa, oʻlimdan. Men u dunyodan qoʻrqmayman. Koʻp narsalarni aytolmay qoldim deb qoʻrqaman. Madorim qurigan. Oʻy, fikr koʻp, lekin u dunyodan telegrammalar kelyapti, telefon qoʻngʻiroqlari jiringlayapti: yoʻqlashyapti…
Baxtli onlar uzoqlarda qoldi…
Yana bir narsani aytishni istayman, har qanday baxt evaz talab qiladi. Men uni “evaz” emas, “jazo” deb atagan boʻlardim. Ana shu jazo onlari yaqin qolyapti. Va men uni mandona qabul qilaman.
Lekin koʻp narsalar oxiriga yetmay qolayotganidan juda afsusdaman. «Dogʻistonim mening» tugallanmay qolyapti – bugun hatto u menikimi yo boshqanikiliginiyam ajratolmayman. Marshakka vaʼda bergan asarim – «Dingir Dangarchu» dostoni oxiriga yetmagan… Mahmud va Maryamning buyuk muhabbati haqidagi dostonga soʻnggi nuqta qoʻyilmagan.
– Buyuk fors shoirlari Umar Xayyom, Firdavsiy, Jomiy kabilar narigi dunyodan qoʻrqmagan, aksincha tarannum etgan… Antik adabiyot-chi? Dante?
– Bizning davrimizda Tvardovskiy «Tyorkin narigi dunyoda» degan dostonini yozdi, Bulgakov bu mavzuga nasrda qoʻl urdi. Bizning sovet adabiyotimiz ateizm – xudosizlik ruhida tarbiyalangan edi. Ha, mening ham voqealar narigi dunyoda roʻy beradigan «Odamlar va ruhlar» degan dostonim bor. Bir paytlar Tvardovskiy menga taʼna-gina qilgan edi, goʻyo men uning fikrlarini oʻgʻirlagan emishman. Oʻshanda men bu motivlar ungacha boshqalar ijodida eskidan bor boʻlganini aytganman.
– Odam shu dunyoda mutloq baxtli boʻlishi uchun unga nimalar kerak? Siz buning sirini bilasizmi?
– Baxt mutloq yoki yarim-yorti boʻlmaydi. Ochiqchasiga aytadigan boʻlsam, hozir baxtning oʻzi yoʻq. Hozir boylar ham yigʻlayapti. Nimaga? Chunki baxt xavfli boʻlib qoldi.
Shaxsan men mutloq baxtga erishmaganman va unga yetishgan odamni ham bilmayman. Mutloq baxt uchun kimlargadir sogʻliq, boshqalarga pul, uchinchi kishiga esa vaqt kamlik qiladi, koʻpchilikka esa hammasi yetishmaydi.
Hozir baxtsizlikdan qanday qutilib qolishni oʻylash kerak.
Yana bir gap: bugun baxtning orqasidan quvish yoki ruhlar dunyosidan qoʻrqib oʻtirish kerak emas, isnoddan qoʻrqish kerak. Isnodga qolish esa uchrab turibdi.
– Oʻn yil oldin mafkuramiz bor edi, butun mamlakat, hayotimiz mafkuralashtirilgan edi. Bugun u yoʻq. Lekin bosh qotirib yotibmiz – bizga mafkura kerakmi-yoʻqmi deb. Ayting-chi, sizning mafkurangiz bormi?
– Mafkura hamisha boʻlgan va u hozir ham bor. Erkinlik esa hech qachon boʻlmagan, hozir ham yoʻq. Bitta sinfni yuqori koʻtaradigan, bitta partiyaga hammaning ustidan hukmronlik qilishga, bitta idoraga hammani boshqarishga imkon yaratadigan mafkura insonni siqib-cheklab qoʻyadi.
Men ikkita partiya tuzgan boʻlardim – yaxshi odamlar va yomon odamlar partiyasi. Yaʼni, yomon odamlar yaxshi boʻlsin, yaxshilari yanada yaxshilansin.
Har bir davrning yaxshi-yomon tomonlari bor…
… Mening mafkuram – yagona oila hissi, birodarlik hissi.
Men koʻpinchi oʻzim bilan oʻzim mulohaza yuritaman: biz Konstitutsiyaga qoʻl qoʻyib qasamyod qilamiz. Qurʼonga yoki Bibliyaga emas. Konstitutsiya doimiy oʻzgarishda, muqaddas kitoblar esa asrlardan beri yashab kelyapti. Qurʼonni tabiatga qiyoslaydigan boʻlsak, Konstitutsiya ob-havoga oʻxshaydi.
– Rasul Hamzatovich, baxtli kunlarda ham, qaygʻuli kunlarda ham atrofingizda doʻstlaringiz boʻladi. Ular kundalik hayotingizda ham bormi?
– Birlarini Oliy Kengash, boshqalarini kabinetlar, uchinchilarini ayollar tortib oldi. Halovatsiz hayot ularni adoyi tamom qilyapti. Nimayam qila olardim, ularni kechirish kerak.
«Na til, na millat; na tan, na qon rangi, bizni faqat yurak doʻstlashtiradi», degandi Shekspir. Men otamning doʻstlarini bilaman: taqdirlarida qanday burilish roʻy berishidan qatʼi nazar ayrilib ketmaganlar, doʻst boʻlib qolishgan. Va yuzlab misollarni bilaman, doʻstlik rishtalari uzilgach, qadrdon birodarlar ashaddiy dushmanga aylanib ketgan.
– Sizni yaxshi koʻrganlarga va sizga hasad qilganlarga nima degan boʻlardingiz?
– Dushmanlarim umuman yoʻq. Men nimagadir yo kimgadir dushman boʻlishim mumkin: meni koʻplar oʻziga dushman deb hisobladi.
Menga hasad qiladiganlar, albatta, bor, lekin menda hasad qiladigan narsaning oʻzi yoʻq. Hasadchilarga achinaman – ular kasal odamlar. Axir hasad – oʻta ogʻir kasallik.
Meni sevganlarga, bahoyimni oshirib yubormang, deyman. Qanday nuqsonlarim borligini koʻpchilik bilmaydi. Meni taʼriflaganlariday yaxshi emasman, hasadchilar aytganday yomon ham emasman. Paytida ularning daʼvolariga ham quloq osganman. Mening hayotim jangi jadal emas, sevgi. Sheʼrlarim qahru gʻazabdan emas, ezgulikdan soʻylaydi.
– Hayotning oʻtkinchiligi haqida koʻp gapirilgan. Hayot shirin roʻyomi?
– Shunchaki ajablanarli: hamma uni haqoratlaydi, bir tiyinga arzimasligini aytadi. Lekin oʻsha haqoratlagan odam hayotni yanada koʻproq yaxshi koʻradi.
Hayot eri bevafoligi uchun haqoratlaydigan va shu bilan birga usiz yashay olmaydigan hurliqoga – ayolga oʻxshaydi. Mana, u qanday roʻyo.
– Yuzga kirmoqchimisiz? Deylik, Buyuk Britaniyaning qirolicha-onasi Yelizaveta I ga oʻxshab?
– Miyam bilan yuragim oʻrtasida ixtilof kelib chiqqan. Miya – qirol, aqlli qarorlar chiqaryapti, yurak – shahzoda esa ularni eshitmayapti. Qatʼiy, doimiy kurash kertyapti.
Albatta yashashni istayman, chunki Yer yuzida hali koʻplab toʻgʻrilanishi kerak boʻlgan ishlar, qilinmagan ibodatlar qolgan. Va shu bilan birga, yuz yosh – devorning turtugʻiday gap. Ortiqcha tashvish boʻlishni istamayman. Buning ustiga, yuz yoshli odamdan ayrilish – unchalik fojia emas.
– Rasul Hamzatovich, tugʻilgan kuningizda sizga uzoq va xayrli umr – ijodiy umr tilayman.
– (Uning oppoq soqol qoplagan yuzida bolararga xos begʻubor tabassum aks etdi.) Rahmat, azizim.
Feliks Baxshiyev suhbatlashdi.
«Dagestanskaya pravda» gazetasi, 2000 yil 8 sentyabr (№175)
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi.
“Ovoza” gazetasining 2007 yil 17 may (№20) sonida chop etilgan.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/ezgulikdan-soylar-mening-sherlarim/