Lev GUMILYOV
Biotsenoz – tabiiy makon
Turli xavf-xatarlardan oʻzini saqlash tuygʻusi barcha umurtqali hayvonlarda uchraydi. Bu tuygʻuga yana oʻzidan koʻpayish va avlod qoldirish instinktlari (tugʻma hissiyot) ham qoʻshiladi. Hayvonlar ham, insonlar ham koʻproq joylarni egallab, tarqalishga va yangi muhitga moslashishga (adaptatsiyaga) intiladilar. Odatda jonivorlar oʻz ajdodlari yashab oʻtgan muayyan joyga – tabiiy muhitga moslashadi. Ammo bu moslashuv muayyan joylar bilan chegaralanadi. Ayiq (oʻrmonda yashaydi) sahroga chiqib ketmaydi, qurbaqa, suvilon baland togʻlarga koʻtarilmaydi, quyon daryolarga, suvga tushib, baliq ovlamaydi.
Yer yuzidagi turli harorat, iqlim sharoitlari jonivorlarning yashash joyini yanada cheklaydi. Tropik iqlimdagi daraxtlar, oʻsimliklar shimoliy kengliklarda koʻkarmaydi va aksincha, shimol oʻsimliklari janub iqlimida oʻsmaydi. Baʼzi qushlar sovuq tushganida boshqa, issiq oʻlkalarga uchib ketadi, ularning koʻchishi ham maʼlum marshrutlar – yoʻllar bilan chegaralangan.
Faqat inson bu qoidaga boʻysunmaydi. U bir turdagi jonivor boʻlsa ham, Yer yuzining hamma tomoniga tarqalaveradi. Demak, insonlar turli iqlim sharoitlariga (ijtimoiy sharoitlarga ham – tarj.) eng koʻp moslasha oladi. Ammo bu yerda bir jiddiy muammo bor. Oʻrmonlardagi moʻtadil iqlimda yashovchi ibtidoiy odam nima uchun oʻz joylarini tark etib, choʻllarga yoki tropik changalzorlar – junglilarga borib qoladi? Axir har bir jonzotning biotsenozi – oʻrganib qolgan makoni, topiladigan oziq-ovqati bor. Geo-biotsenoz tabiat bilan hayvonlar va insonlarning tarixiy, ekologik, fiziologik aloqadorlikdagi moslashgan makoni, “oʻzi bilgan joyi bor. Jonzotlarni oʻz uyidan ketishga nima majbur qilar ekan?”.
Geo-biotsenoz – yegulik topish bilan bir-biriga bogʻliq jonzotlar: inson, hayvonlar va oʻsimliklardan iborat murakkab tizimdir. Oʻsimliklar va hayvonlar inson tirikligida ozuqa boʻlar ekan, inson oʻlganida (tuproqqa aralashib) oʻsimliklar uchun ozuqaga aylanadi. (V. Shekspir bu qonuniyatni bilgan, uning “Hamlet” asarida shunday fikr bor: Inson chuvalchangni oʻldirib, baliqlarga yediradi. Baliqlar chuvalchangni yeydi. Baliqlarni odamlar yeydi. Odamlar oʻlganida esa chuvalchanglarga yem boʻladi. (Bu fikr Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asaridan olingan – tarj.)
Evolyusiya (tadrijiy rivojlanish) ortga qaytmaydigan jarayon. Ibtidoiy odamlar turli tabiiy sharoitlarga asta-sekin moslashib, (oʻsimliklar sovuqqa chidamli yangi navga aylanganiday), insonlar ham barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtib, tobora kengroq joylarga tarqalib, turlicha tabiiy muhitlarda mustahkam oʻrnashib qoladi. Ammo, inson yangi tabiiy muhitda fiziologik (tana tuzilishi) jihatdan oʻzgarmaydi, balki faqat xulq stereotipi (odatlari) oʻzgaradi. Yaʼni, u yangi etnosga aylanadi! Nima uchun shunday boʻladi? Bu savolga javob berish oson emas. Biz bu jarayonlar haqida tasavvur hosil qilish uchun muammoni bir oz cheklaymiz.
Agar insonlarning turli iqlimlarda xulqi oʻzgarishi biologik, aniqrogʻi, zoologik sabablarga bogʻliq boʻlsa, hayvonlarning ham xulqi oʻzgarishi kerak edi. Inson boshqa tabiiy muhitga tushganida ongli ravishda oʻz tabiatini, xulqini oʻzgartirgan deya olmaymiz. Ijtimoiy, siyosiy formatsiyalar – davlat tuzumlari oʻzgarishi ham inson tabiati, xulqini oʻzgartirolmaydi. F. Engels yozishicha, hayvon goʻshti va baliq bilan oziqlanuvchi hindularning bosh miyasi faqat oʻsimliklar bilan oziqlanuvchi Yangi Meksika hindulari bosh miyasidan kattaroq ekan.
Geografik tabiiy muhit ijtimoiy tuzumga taʼsir koʻrsatmaydi
Tabiiy muhit, iqlimlar oʻzgarishi oʻsha muhitdagi barcha noz-neʼmatlardan oziqlanuvchi xalqlar feʼl-atvoriga taʼsir koʻrsatishi shubhasiz. Ammo, tabiiy, jugʻrofiy muhit ijtimoiy tuzumga kuchli taʼsir koʻrsatolmaydi.
Shunga qaramay, landshaft – insonlar yashayotgan joyning tabiati etnoslar hayotiga, etnik jarayonlarga majburiy taʼsir koʻrsatadi. Italiyada oʻrinlashgan etnoslar – etrusklar, lotinlar, gallar, greklar, suryoniylar, arablar, langobardlar, normanlar, shvablar, fransuzlar asta-sekin, ikki-uch avlod almashuvi jarayonida italiyalik xalqlarga qoʻshilib, oʻziga xos xarakterli, rang-barang xulqli etnoslarga aylandilar. Boshqa joylarda ham etnoslarning shunday evolyusiyasi sodir boʻldi. Demak, biz etnoslarning shakllanishini ijtimoiy taraqqiyot hosilasi deb emas, balki alohida gʻaroyib hodisa – fenomen sifatida oʻrganishimiz zarur.
Toʻgʻri, insoniyat taraqqiyoti hayvonlar olami kabi faqat tabiiy sharoitlar taʼsiri ostida emas, balki texnika taraqqiyoti va ijtimoiy institutlar – milliy urf-odatlar bilan ham bogʻliqdir. Ammo bu ikki soha oʻzaro bogʻliq holda taʼsir koʻrsatadi. S. Kalesnik oʻz kitobida odamlar yashayotgan bir joydagi jugʻrofiy sharoitlardan foydalansa-da, jugʻrofiy muhitga taʼsir koʻrsatolmaydi, deb taʼkidlaydi. Biz oʻz tadqiqotlarimizda mana shu tamoyilni asos qilib olamiz.
Inson va tabiat kurashuvi
Inson (oʻz aqliy imkoniyatlari bilan) landshaftga, tabiiy muhitga moslashibgina qolmay, tabiatni oʻz talab va ehtiyojlariga muvofiq holda oʻzgartirishga intiladi. Ammo insonlarning bu ijodiy qobiliyati hamisha ham yaxshilikka olib kelavermaydi. Shumerlar eramizdan avvalgi uchinchi ming yillikda kanallar qazib, Dajla va Frot daryolarining suvini sayozlashtirdilar. Xitoy hukmdorlari 4000 yil avval Xuanxe daryosiga toʻgʻon qura boshladilar. Sharqiy Eron hukmdorlari yangi era boshlanishida qoʻriq yerlarni sugʻorishda korizlar qazib, yerosti buloqlari suvlaridan foydalandilar. Polineziyaliklar oʻz orollariga Amerikadan shirin kartoshka (kumara) olib kelib eka boshladilar. Yevropaliklar esa Amerikadan kartoshka, pomidor, tamaki hamda nashani olib keldilar. Yevroosiyo dashtlarida paleolit davrida uddaburon ovchilar mamontlarni qirib tashladi. Eskimoslar Bering dengizida suv sigirlari (stellerlar)ni ovlab tugatdilar. Maoriylar yangi Zelandiyada mao qushini tamom qildilar. Old Osiyoda arablar va forslar arslonlarni ovlayverib, deyarli tugatdilar. Amerikani bosib olgan mustamlakachi ispanlar, golland va inglizlar bizonlar va sayyoh kabutarlarni, Avstraliyani bosib olgan mustamlakachilar kengurularning bir necha turini yoʻqotdilar. XIX asr va XX asrlarda hayvonlarni ovlab, qirish shunday avjiga chiqdiki, zoologlar va zoo-geograflar bu haqda koʻp yozganlari uchun, biz gapimizni muxtasar qilamiz. Insonlarning hayvonlarga vahshiyona munosabati barcha formatsiyalarda (ijtimoiy-siyosiy tuzumlarda) boʻlgani sababli, tabiat va inson qarama-qarshiligi ijtimoiy taraqqiyotga bogʻliq emas, deb oʻylaymiz. Barcha tuzumlarda (quldorlikda, feodalizmda, kapitalistik, sotsialistik tuzumlarda) odamlar tabiatga zarar yetkazib keldilar. Insonlar har gal tabiatga har xil yondoshsalar-da, umumiy jarayonda tabiatga hujumlar davom etaverdi.
Ammo tabiat insonlardan oʻzini himoya qiladi (goho oʻch ham oladi). Nozikkina yovvoyi oʻt-maysalar tosh yoʻllar va asfalt yoʻllarni yorib, nurga talpinadi. Baʼzi hayvonlar odamlarning tabiatga hujumidan foydalanib ham qoladilar. Preriyalar (choʻllar)da odamlar bizonlarni, yaklar va qoʻtoslarni qirib, shu biotsenoz muhitda qoʻylarni koʻpaytirganlarida, kasal bizonlar va bugʻularni tutib yeydigan ochkoʻz boʻrilar kamayib ketdi. Kasallarni yoʻqotuvchi boʻrilar kamaygach, bugʻu va qoʻylar orasida kasallik epidemiyasi boshlandi, bugʻular va qoʻylar kasallangach, ularni tutib yeydigan koyotlar – echkiemarlar koʻpaydi, endi bu jonzotlar qoʻylarning kasallarini yoʻqotib, tozalab turdilar.
Amerikadan kartoshka keltirib, ekin maydonlarini kengaytirish Yevropada kolorado qoʻngʻizlarini koʻpaytirdi. Ular Amerikadan Kordilyera togʻlaridan Atlantika okeanini kesib oʻtib, Yevropaga gʻolibona bostirib keldi. Angliya savdo kemalari Polineziya orollariga kalamushlarni va chaquvchi chivinlarni olib keldi. Odamlar bulardan qochib doimo dengiz shamoli esib turgan qumli sohillarga koʻcha boshladidar. Odamlarning Avstraliyaga quyonlarni va Madeyra oroliga echkilarni koʻchirib kelishi qanday fojiali oqibatlarni keltirib chiqargani hammaga maʼlum. Tabiatning cheklanish davrlari ham insoniyatning tub ijtimoiy oʻzgarishlari bilan bogʻliq emas. Insonning tabiatni boʻysundirishga urinishi har doim salbiy oqibatlarga olib keladi, buni taraqqiyot deb boʻlmaydi. Shunday ekan, bu jarayonlarda tabiatning qisman vayron qilinishini turli iqlimdagi etnoslarning eng tez harakat qiluvchi stereotiplari bilan bogʻlash mumkin. Biz endi oʻz mavzuimizga yaqin keldik.
Sotsium (ijtimoʼ), politiya va etnos
Har bir inson muayyan ijtimoiy guruh (oila, jamoa, jamiyat) aʼzosidir. Barcha zamonlarda qaysidir oʻrda, qabila, urugʻ-aymoq, jamoa, guruhning aʼzosi boʻlmagan insonni topish qiyin. Sotsial (ijtimoiy), siyosiy va etnik jamoalar oʻrtasidagi munosabatlarni narsalarning uzunligi (hajmi), ogʻirligi va haroratiga oʻxshatish mumkin. Bular parallel ravishda yashaydi, ammo bir-biriga muvofiq kelmaydi. Sarkardalar, islohotchilar, elchilar faoliyati geografik sabablarga bogʻliq emas. Ammo tabiat va inson muammosini etnik jamoalar faoliyati bilan hal etish mumkin. Insonlarning tabiatga munosabati va oʻzaro taʼsiri faqat ibtidoiy zamonlarga emas, balki hozirgacha (XX asrgacha) boʻlgan rivojlanish bosqichlarida ham kuzatiladi.
Yuqorida aytilgan uch yoʻnalishning oʻzaro munosabatlarini Angliya va Fransiyaning oʻtmishdagi voqealarida kuzatish mumkin. Buning uchun juda koʻp manbalarga va bibliografiya changalzorlariga murojaat qilish shart emas. Ijtimoiy jihatdan ikkala mamlakat bir necha formatsiyalarni – davlat tuzumlarini boshdan kechirdi. Har ikkala mamlakat Rim istilochilariga qadar urugʻ-qabilachilik tuzumini, Rim imperiyasi davrida quldorlik tuzumini (garchi Britaniya sobiq Fransiya, Galliyadan uch asr orqada qolgan boʻlsa ham), har ikkalasi feodalizm va kapitalizm tuzumini boshdan kechirdi (bu gal Fransiya yuz yil keyinroq kapitalizmga oʻtdi). XX asr odamlariga La-Mansh boʻgʻozi bilan ayrilgan bu ikki millat (inglizlar va fransuzlar) siyosiy jihatdan klassik (mumtoz) etnik-hududiy birlik boʻlib koʻrinadi. Goʻyo boshqacha boʻlishi mumkin emasdek.
Jugʻrofiy landshaft jihatidan bu hudud uch mintaqaga boʻlinadi: Janubiy Fransiya – subtropik mintaqada, Shimoliy Fransiya va Janubiy Angliya oʻrmonlar mintaqasidir, Angliyaning shimoli Shotlandiya tolzorlari va Nortumberlend – sub-borial zonada – iqlimda joylashgan. Har bir iqlim landshafti (er tuzilishi) odamlarni tabiiy muhitga moslashtiradi. Shu asosda muayyan etnoslar shakllanadi. Masalan, Rona daryosining quyi oqimi sohillarida keltlar tokzorlar oʻstiradilar, uzum hosilini oladilar. I-V asrlarda bu yerga kelgan Rim kolonist mustamlakachi jangchilari, V asrda bu joylarni bosib olgan burgundlar, VII asrda kelgan arablar, oʻn birinchi asrda kelgan kataloniyaliklar – hammasi bogʻbonchilik bilan shugʻullana boshladilar. Mazkur hududda sobiq turli qabila, urugʻ-etnoslar bir sohada mehnat qilish, birga yashash oqibatida tillari va urf-odatlari, xulqlari bir-biriga yaqinlashdi. Bu yerda XII asrda avvalgi kataloniyaliklar, provansallar, linkuriyaliklar bir xalqni – franklarni (fransuzlarni) tashkil qildilar. Albigey urushidagi qirgʻin-barot bu xalqni yana boʻlib yubordi. Shu sababli bu hudud xalqlaridan janubiy fransuzlar XIX asrga qadar provansal tilida soʻzlashar edilar, ularning koʻpchiligi fransuz tilini ham bilardi.
Norvegiyalik baliqchilarning farzandlari Normandiyani egallab, ikki avlod davomida fransuz dehqonlariga aylandilar. Ularning faqat yuz qiyofalari (antropologik tuzilishi) mahalliy fransuzlardan farqlanar edi. Oʻsha norvegiyaliklarning yana bir qismi Tvid vodiysida janubiy shotland choʻponlariga aylandilar. Shimoliy Shotlandiyada mahalliy keltlar uzoq vaqtlar davomida urugʻ-qabilachilik tuzumini saqlab qoldilar. Shunday qilib, siyosat emac, balki asosan landshaft tabiiy-muhit chegaralari etnoslarni shakllantirdi.
Fransiyaning shimoliy yarmi, uning qalbi oʻrtasining landshafti konvergensiya (urf-odat, tillarning yaqinlashuvi) yoʻli bilan qadimgi vaqtlarda – beljilar, akvitanlar va keltlar, milodning boshlarida lotinlar va germanlar, ilk oʻrta asrlarda franklar, burgundlar, alonlar, brittlar, uygʻonish davrida ingliz, italyan, ispan va golland muhojirlarini yaqinlashtirib, fransuzlarning shakllanishiga hissa qoʻshdilar. Bularning barchasi fransuz dehqonlariga aylandilar. Mana shunday dehqonlarnig hayotini etnograflar, tarixchilardan koʻra Balzak, Emil Zolya kabi realistik yozuvchilar yorqin tasvirlab berganlar.
Shunday ekan, savol tugʻiladi: nima uchun landshaftlari va ijtimoiy tuzumlari oʻxshash boʻlgan bu ikki hudud (Angliya va Fransiya) bir davlat, bir mamlakat boʻlib birlashmadi? Birlashuv bu ikkala hudud xalqlari uchun foydali edi-ku?
Oʻrta asrlarda qirollar buni yaxshi tushunib, har ikki hududni bir davlatga, bir mamlakatga birlashtirishga uch marta harakat qilgan edilar. 1066 yilda Fransiya qirolining vassali (noibi), Normandiya gersogi Gayum Britaniyaning Anglo-Saksoniya qismini egallab oldi. Gayo sulolasi agʻdarilgach, bu hudud boshqa fransuz feodali – Genrix Plantagenet qoʻliga oʻtdi. 1154 yilda Normandiya yana bir marta Angliyani oʻz davlatiga qoʻshib oldi. Keyinroq Angliya, Normandiya, Puatu, Akvitaniya (Fransiya janubi, Sena daryosi atroflari) va Overn viloyatlarini birlashtirgan Genrix Plantagenet davlati vujudga keldi. Plantagenetlar sulolasi ketgach, 1205 yilda Fransiya qiroli Filipp Avgust Angliya qirolidan Normandiya, Puatu, Turen va Anju viloyatlarini tortib oldi. Angliya qoʻl ostida (Fransiya yerlaridan) Bordo va Bayonna qoldi. Bu viloyatlarda Gasskom baronlari planagenetlarni qoʻllab-quvvatlar edilar.
Angliya va Fransiyani yana birlashtirish uchun 1339 yilda yuz yillik urush boshlandi. Bu gal urushni Angliya qiroli boshladi. Uzoq yillar davom etgan urush oxirida Angliya qiroli Genrix Lanpaster toj kiyib, Fransiya taxtiga oʻtirdi. Ammo u taxtda uzoq oʻtirmadi. Uni Janna D, Ark boshchiligidagi gʻalayonchilar Fransiyadan quvib chiqardilar. Shundan soʻng ikkala mamlakatni birlashtirish harakatlariga chek qoʻyildi.
Tabiiy geografik va siyosat sohasidagi bu oʻzgarishlarning sabablarini izlash foydasiz, lekin iqtisodiy geografiyani oʻrganish bu masalalarga ravshanlik kirita oladi. Koʻpchilik tarixchilar hozir shunday qilmoqdalar. Siyosiy birlashmalar, davlatlar barqarorlik va rivojlanish uchun bir xil xoʻjalik mahsulotlariga emas, balki rang-barang iqlimlardagi turli-tuman mahsulotlarga ehtiyoj sezadilar. Iqtisodiy jihatdan turlicha va xilma-xil mahsulotlar yetishtiruvchi viloyatlar bir-birini toʻldirib, davlatni kuchaytiradi. Shimoliy Angliyadan qoʻy yungi, Kentdan va Normandiyadan bugʻdoy, Overndan vino, Turendan gazlamalar kelib turgan vaqtda Plantaganetlar davlati kuchaygan edi. Iqtisodiy aloqalar turli etnos-millatlarni yaqinlashtirdi, podshohlarni boyitdi. Ammo shunday sharoitda ham turli etnoslar birlashib ketmadi. Nima uchun? Bu savolga javob berish uchun yuqorida aytilgan hududlarda yashovchilarning etnik tarkibini oʻrganib chiqish zarur.
Rus tilidan Mahkam MAHMUDOV tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
https://saviya.uz/hayot/nigoh/etnoslar-va-tabiiy-muhit/