ESTRADA ORKESTRI

ESTRADA ORKESTRIorkestr turi; estrada musiqasi va jaz namunalarini ijro etuvchi ijodiy jamoa. 20-asrning 20-y. larida jaz orkestri negizida yuzaga kelgan. Tarkibi 14 dan 30 gacha (va undan ortiq) sozandalardan tashkil topadi: kuy yoʻlini ijro etuvchi melodik (asosan, mispuflama cholgʻular — 3—4 truba, 3—4 trombon, 4—5 saksofon) va ritmik (fortepiano, elektr gitaralar, urma cholgʻular) guruxlardan iborat. Estrada orkestrining torlikamonli (skripka, violonchel kabi) va boshqalar cholgʻular qoʻshilishi hisobiga kengaytirilgan turi simfojaz (estradasimfonik orkestri) deb ataladi. Estrada orkestri tarkibiga, shuningdek, xonanda, raqqos va boshqalar sanʼatkorlar kirishi mumkin.

Oʻzbekistonda ilk Estrada orkestri lari 1940—50 yillarda shahar bogʻlari, raqs maydonchalari va boshqalar joylarda faoliyat koʻrsata boshladi. 1958-yilda Oʻzbek davlat estrada orkestri (1972-yilgacha) tashkil topdi. Uning birinchi badiiy rahbari Sh. Ramazonov, dirijyor A. Dvoskin, yakkaxon xonandalar orasida Botir va Luiza Zokirovlar, Klara Jalilova, Bahrom Mavlonov va boshqalar, Isohor Oqilov va M. Gerdt rahbarligidagi raqs guruhi hamda soʻz ustalari (K. Qobulov va Gʻ. Aʼloyev) boʻlgan. Repertuaridan xorijiy Sharq (Misr, Suriya, Hindiston va boshqalar) kompozitorlarining Estrada orkestri uchun Yan Frenkel tomonidan aranjirovka qilingan asarlar («Arabcha tango», Daris alAtrosh; «Goʻzal qizga», Raxbani; «Arzixamari», Sh. Choudxuri va boshqalar), oʻzbek kompozitorlari asarlari (M. Burhonovning «Maftun boʻldim», Sh. Ramazonovning «Ey, mehribonim», «Namanganning olmasi», Ik. Axbarovning «Gazli», «Raʼno», «Qaydasan» va boshqalar) oʻrin olgan.

Hozirda Oʻzbekistonda quyidagi Estrada orkestri faoliyat koʻrsatmoqda: Oʻzteleradiokompaniyasi qoshidagi Estradasimfonik orkestri (1963; birinchi badiiy rahbari — H. Izomov, dirijyorlari — E. Solihov va Ye. Jivayev, xonandalari — M. Shamayeva, R. Sharipova, Yu. Toʻrayev, S. Rahimov, A. Ioshpe, E. Oʻrozboyeva va boshqalar; 1997-yildan bosh dirijyori A. Ikromov). Mazkur jamoalar bilan koʻpgina Oʻzbekiston kompozitor va aranjirovkachilar (H. Izomov, E. Solihov, A. Kalvarskiy, A. Kroll, A. Malaxov, Ye. Shvars, Ye. Jivayev, Ye. Shiryayev, F. YanovYanovskiy, E. Qalandarov va boshqalar) asarlar yaratishgan. Keyingi yillarda oʻzbek kompozitorlaridan R. Abdullayev, B. Lutfullayev, A. Nazarov, A. Mansurov, D. Omonullayeva, A. Rasulov, Gʻ. Xoliqov, Hab. Rahimov, V. Saparov va boshqalar, xonandalardan B. Lutfullayev, Yu. Abdullayeva, G. Erqulova, H. Sherov, P. Borisov, D. Marasulova, N. Nosirova, E. Roʻzimatov, D. Ismiyaminova va boshqalar ijodiy hamkorlik qilmoqda. Xalq badiiy jamoalar direksiyasi tarkibidagi Botir Zokirov nomidagi Estrada orkestri (1994, birinchi dirijyori A. Xabirxanov, hozirda dirijyor — Ye. Jivayev, badiiy rahbar — M. Toshmatov). Repertuaridan jaz musiqasining mumtoz namunalari (S. Kentonning «Brodvey», B. Gudmenning «Savvondagi raqs», X. Tizolning «Karvon» kabi), oʻzbek kompozitorlari asarlari («Yomgʻir yogʻdi», D. Omonullayeva; «Shirin ertaklar», M. Toshmatov; «Yoʻlda», E. Qalandarov) hamda oʻzbek mumtoz namunalarining estrada aranjirovkalari (mas, Ye. Jivayevning «Moʻgʻulchai Dugoh») oʻrin olgan.

Davlat Mullajonov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x