Post Views:
1 639
Eski oʻzbek yozuvi – arab grafikasi asosida shakllangan va 11-asrdan 20-asrning boshlarigacha qoʻllangan oʻzbek yozuvi; arab alifbosidagi 28 ta harfga arab tilida boʻlmagan, lekin eroniy va turkiy tillarga xos boʻlgan tovushlarni ifodalash uchun yana 4 ta harf qoʻshish bilan shakllantirilgan. Ushbu harflar arab alifbosidagi tayyor harflarga qoʻshimcha nuqta yoki chiziq orttirish yoʻli bilan hosil qilingan va ularning har biri alifbo qatorida oʻziga asos boʻlgan harfdan keyin joylashtirilgan; ularning nomlanishi ham asos harflarning nomlanishiga moslashtirilgan.
Eski oʻzbek yozuvida arab yozuvining , arab alifbosidagi barcha harflarning yozilish xususiyatlari, ularning qanchasi nechta shaklga ega boʻlishi, oʻzidan keyingi harfga qoʻshilib yoki qoʻshilmay yozilishi holatlari va boshqalar arab yozuvidagidek aynan qabul qilingan. Alifboda harflar soni 32 taga yetgan boʻlsada, ularning asosiy shakllari 18 tani tashkil etadi, xolos; koʻp harflar bir-biridan ustiga yoki ostiga qoʻyiladigan nuqtalar bilangina farqlanadi.
Eski oʻzbek yozuvida sof oʻzbekcha (turkiy) soʻzlardagi deyarli barcha unli va undosh tovushlar alohida harflar orqali ifodalanadi. Biroq oʻzbek tilidagi arab va fors tilidan oʻzlashgan soʻzlarda undosh tovushlar va o, u, i choʻziq unlilarigina yoziladi; qisqa unlilar talaffuz etilsada, ular alohida harfga ega boʻlmaydi. Yozuvda aks etmaydigan qisqa unlilarni va boshqalar fonetik holatlarni koʻrsatish uchun esa harakatlar deb ataladigan va tegishli undoshlar ustiga yoki ostiga qoʻyiladigan 10 dan ortiq yordamchi belgilar: fatha, kasra, zamma (forscha nomlari: zabar, zer, pesh), tanvin, madd, tashdid, hamza va boshqalar mavjud.
Eski oʻzbek yozuvida «alif» harfbelgisi asosan o, a tovushlarini, arabcha soʻzlar boshida esa, qaysi harakat qoʻyilishiga qarab, u, i, e tovushlarini ham bildirgan; «vov» harfbelgisi v undoshini, shuningdek, oʻzbekcha soʻzlar oʻrtasida u, oʻ unlilarini bildirgan; «yoy» harfbelgisi y undoshini hamda soʻz oʻrtasida i, e unlilarini bildirgan; harf birikmasi oʻzbekcha soʻzlar boshidagi u, oʻ tovushlarini, harf birikmasi esa oʻzbekcha soʻzlar boshidagi i, e unlilarini ifodalash uchun joriy ztilgan. Arab tilida portlovchi boʻgʻiz tovushini ifodalovchi «ayn» harfbelgisi eski oʻzbek yozuvida arabcha soʻzlarni yozishda anʼana sifatida alifbo qatoridan oʻrin olgan: u alohida tovush tarzida emas, balki oʻzidan keyin turadigan yoki oʻqiladigan choʻziq va qisqa unlilar bilan qoʻshib talaffuz qilinaveradi.
Eski oʻzbek yozuvi 1920-21 yillarda bir qancha oʻzbek ziyolilari, jumladan, Fitrat boshchiligidagi “Chigʻatoy gurungi” aʼzolari tomonidan jiddiy isloh qilindi. Bunda oʻzbek adabiy tilida mavjud boʻlgan 6 ta unli tovush uchun maxsus harflar joriy qilindi, faqat arabcha soʻzlardagina uchraydigan, oʻzbek tili uchun yot boʻlgan harflarini alifbodan chiqarish, harfining qoʻllanishini chegaralash haqida qaror qabul qilindi. 1921 yil yanvda boʻlib oʻtgan Tilimlo qurultoyining materiallari ana shu islohga amal qilib nashr etilgan dastlabki kitob boʻldi.
Shuni aytish kerakki, mazkur islohgacha eski oʻzbek yozuvida imlo, yaʼni soʻzlarning toʻgʻri yozilishida, diakritik va punktuatsion belgilarning ishlatilishida izchillik, barqarorlik boʻlmagan. Isloh natijasida yuqoridagidek kamchilik va nuqsonlar maʼlum darajada bartaraf boʻldi.
Oʻzbek yozuvi 1929 yilda lotin grafikasi, 1940 yilda rus grafikasi asosida shakllantirilgach, Eski oʻzbek yozuvini oʻqishoʻrganish nihoyatda sustlashdi, hatto bunga qarshiliklar ham boʻldi; uni biluvchilar doirasi ancha toraydi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, bu yozuvni oʻrganishga keng imkoniyatlar berildi, uni oʻrganish boʻyicha maxsus kurslar tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi qonunida ham arab alifbosini, yaʼni E.oʻ.yo.ni oʻrganish va undan foydalanish uchun zarur sharoitlar saqlab qolinishi alohida qayd etilgan.
Abduvahob Madvshiyev, Ergash Umarov
https://shosh.uz/uz/eski-o%ca%bbzbek-yozuvi/