Bir noyob qoʻlyozma risola haqida
Ulugʻ mutasavvif Xoja Ahmad Yassaviyning hayoti, tariqati va ijodini ilmiy oʻrganish XX asrda boshlandi. M. F. Koʻpruli, A. Saʼdiy, A. Fitrat, V. A. Gordlevskiy, A. K. Borovkov, E. Rustamov kabi olimlarning tadqiqotlari Ahmad Yassaviy hayoti va ijodini oʻrganishda salmoqli oʻrin egallaydi. Istiqlol yillari esa Ahmad Yassaviyga qiziqish yanada kuchaydi. Yangi tadqiqotlar vujudga keldi, yangicha qarashlar shakllandi. Bu jarayon davom etmoqda.
Lekin taʼkidlab oʻtish joizki, yaqin vaqtlargacha Ahmad Yassaviyga oid tadqiqotlarning aksariyati shoir hikmat-larining soʻnggi asrlarda koʻchirilgan nusxalari va ular asosida Toshkent, Qozon va boshqa joylarda eʼlon qilingan nashrlarga asoslangan edi. Zero, Ahmad Yassaviy hikmatlarining shoir yashagan davrga mansub qadimiy qoʻlyozma nusxalari hozirgacha topilgan emas. XVI asrda yashab, ijod etgan Sulton Ahmad Haziniy qalamiga mansub “Javohir ul-abror” asari 1593 yili yozilgan boʻlib, hozirgi kunda uning yagona qoʻlyozma nusxasi Sulaymoniya kutubxonasida 1425-raqami ostida saqlanmoqda. Filologiya fanlari nomzodi N. Hasan keyingi yillari Sulton Ahmad Haziniy hayoti va ijodi haqida maxsus ilmiy-tadqiqot yaratdi. N. Hasan kitobida “Javohir ul-abror”da Haziniy tomonidan keltirilgan Ahmad Yassaviyning “ichinda” radifli hikmatining eʼlon qilinishi Yassaviy hikmatlari tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga egadir.
Ahmad Yassaviy hayoti va faoliyatini oʻrganishda amerikalik olim Deni Di Uning “Islam na territorii biʼvshey Rossiyskoy imperii” nomli ensiklopedik lugʻatning 4-sonida eʼlon etilgan “Ahmad Yassaviy” sarlavhali maqolasi ham eʼtiborga molik. Deni Di U XVII asrda yaratilgan Olim Shayx Aliobodiyning “Lamahot” asariga suyanib, Ahmad Yassaviy haqida yozilgan va hozirgacha topilmagan ikki manba boʻlganligini taʼkidlaydi. Ularning biri Ahmad Yassaviyning muridi Soʻfi Muhammad Donishmandning “Manoqib” asari boʻlsa, ikkinchisi XIII asrning oxiri – XIV asrning boshlarida yashagan Husomiddin Husayn Sigʻnoqiyning risolasidir. Afsuski, bu manbalarning taqdiri hozirgacha nomaʼlum. Binobarin, yangi-yangi manbalarni izlab topishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda.
Yaqinda Qoʻqondagi Gʻ. Gʻulom nomidagi viloyat adabiyot muzeyi xazinasiga qabul qilingan qoʻlyozmalar orasida 698-qayd raqamli qoʻlyozma eʼtiborimizni tortdi. Avvalo, uning nisbatan qadimgi oʻzbek tilida yozilganligi, ikkinchidan esa, mashhur mutasavvif Xoja Ahmad Yassaviy tariqatiga bagʻishlanganligi sababli biz mazkur qoʻlyozmani sinchiklab oʻrganishga kirishdik. Ushbu maqolada qoʻlyozmani oʻrganish jarayonida paydo boʻlgan dastlabki fikr-mulohazalar va taxminlarimizni bayon qilmoqchimiz.
698-qayd raqamli qoʻlyozmadagi birinchi asar “Tanzil us-solihin va kashfu hojotil – muridin” (“Solihlarga nozil qilish va muridlar hojatlarini kashf etish”) deb nomlangan. Qoʻlyozma oʻlchovi: 17,5×25,5. Matn sargʻish rangli ipak qogʻozga oʻrtacha taʼliq xatida qora siyoh bilan zich qilib yozilgan. Qurʼon oyatlari va hadislar hamda ayrim ahamiyatli jumlalar qizil chiziq bilan ajratilgan. Qoʻlyozma taxminan Fargʻona vodiysida koʻchirilgan. Kotibi nomaʼlum. 21 varaq (1b – 21b).
Qoʻlyozmaning boshlanishida risola muallifi sifatida shayx Ahmad Yassaviy nomi keltiriladi. Ahmad Yassaviy nomidan keyingi “rahmatullohi alayh” jumlasi asar uning vafotidan keyin koʻchirilganligiga ishora qilib turibdi. Biz oʻzimizda mavjud manbalar va ilmiy adabiyotlardan aynan shu “Tanzil us-solihin” asari haqida hozircha biror maʼlumot topolmadik. Binobarin, fikr-mulohazalarimizda asosan shu qoʻlyozmaga suyanamiz. Asarning yozilishi sababi haqida muallif quyidagicha yozadi(v. 2b): “Ul sababdin bizing asrimizdogʻi tariqat sultonlari va haqiqat burhonlari – Turkiston mashoyixlari risola qoʻldilar. Ersakim, muridlargʻa, niyozmandlargʻa mavʼizate boʻlsun teb va mashoyixlargʻa tazkirate boʻlsun teb, oshiq koʻngliga tasalli boʻlsun teb va oriflar jonigʻa tajalli boʻlsun teb ul vajhdin nafaslarini ijobat qilib, qogʻaz uza mashoyix kalimotini parishon xotir birla jamʼ qidim…
… Kerakkim, darvishlar bizing haqimizda malomat uzatib, ayb qilmasalar va amal qalqonini oʻtru tutsalar va hasad qilichini cholmasalar, gʻayrat yosini qurub, tashniʼ oʻqini otmasalar va mehnat zahrini sojmasalar. Bu vajh uza risola tartib qilib, bu risolagʻa “Tanzil us-solihin va kashfu hojotil-muridin” ot qoʻydum”.
Risola oʻn bir munojot(bob)dan iborat boʻlib, ular quyidagi sarlavhalarga ega: birinchi munojot: tavhidning bayoni haqida(v. 2b); ikkinchi munojot: maʼrifat bayonida(v. 4a); uchinchi munojot: ishq bayonida(v. 5a); toʻrtinchi munojot: zikr bayonida(v. 6b); beshinchi munojot: tasavvuf bayonida(v. 7b); oltinchi munojot: faqr bayonida(v. 9a); yettinchi munojot: shayx, murid va ular oʻrtasidagi odob bayonida(v. 10b); sakkizinchi munojot: shariat, tariqat va haqiqat bayonida(v. 14a); toʻqqizinchi munojot: riyozat bayonida(v. 19a); oʻninchi munojot: samoʼ va uning shartlari bayonida(v. 19b); oʻn birinchi munojot: samoʼ sifatlari va ularning bayoni haqida(v. 20b).
Munojotlarning aksariyati sajʼ bilan yozilgan. Masalan: “Ilohi, avvalsen, avvalingning bidoyati yoʻq va oxiri – sen va oxiringning nihoyati yoʻq va karime sen – karamingning gʻoyati yoʻq. Ilohi, saning jalolating oyi xusuflamas va saning izzating hargiz kusuflamas”(Birinchi munojot, v. 3a).
Eʼtibor berilsa, bu Navoiyning “Munojot” asariga oʻxshab ketishini sezish qiyin emas. Asarning tili XIV asrdagi oʻzbek tiliga yaqin. XIV asrdagi oʻzbek adabiyoti namunasi – Nosuriddin Rabgʻuziyning “Qisasi Rabgʻuziy” asari bilan “Tanzil us-solihin” risolasi matnini solishtirganimizda bu ikki asar tili bir-biriga yaqin kelishini koʻrdik. Yaʼni “Qisasi Rabgʻuziy”da uchraydigan, lekin keyingi asrlardagi oʻzbek adabiy tilida qoʻllanmagan koʻplab soʻzlar, soʻz shakllari va ayrim sintaktik birikmalar “Tanzil us-solihin”da ham mavjud. Sakkizinchi munojotda olingan quyidagi parcha yuqoridagi fikrimizning isboti uchun xizmat qiladi: “Evguluk qilmoq karamu fazl turur. Yavuzluqqa yavuzluq javru jahl turur. Evgulukka evguluk qilmoq mahorot turur. Yavuzluqqa yavuzluq mukofot turur” (v. 15b).
“Tanzil us-solihin” risolasining alohida ahamiyatga molik tomoni yana shundaki, uning har bir bobi(munojot) oxirida(toʻqqizinchi munojot bundan mustasno): “Andogʻkim shayx Ahmad Yassaviy aytur(rahmatullohi alayh)” jumlasidan keyin oʻzbekcha sheʼrlar keltirilgan. Asar oxiridagi sheʼrni hisobga olmaganda, qolgan hamma sheʼrlarda taxallus qoʻllanmagan. Mazkur sheʼrlar Ahmad Yassaviyning mashhur “Devoni Hikmat” kitobidagi sheʼrlar ichida uchramaydi. Adabiyotshunos I. Haqqul Ahmad Yassaviy “Hikmatlar”ining eng qadimiy qoʻlyozma nusxalari XVII asrga taalluqli deb taʼkidlagan edi.
Endi ikki ogʻiz soʻz risolaning yozilgan vaqti xususida. Qoʻlyozmaning oxirgi 21b-varagʻida Ahmad Yassaviy tilidan aytilgan sheʼrda asarning yozilgan vaqti haqida misralar mavjud:
Ush emdi bu samoʼ bobi ichinda,
Boʻldi bu risolaning tamomi.
Oʻlturgʻil yana tizing choʻkubon,
Eshit Xoja Ahmadning kalomi.
Taʼrix erdi zi hijrat “dol” u “fo”da,
Qalamni qoʻydi “ayn” u “mim” u “lom”i.
Oxirgi ikki misradagi “dol”, “fo”, “ayn”, “mim”, “lom” birikmalarning abjad hisobidagi umumiy qiymati 407ga teng. Bunga “qalam” soʻzining abjad hisobidagi qiymati – 170ni qoʻshsak, 577 raqami hosil boʻladi. Demak, risola hijriy 577(milodiy 1181) yili yozilgan boʻlib chiqadi. Ammo ilmiy manbalarning aksariyatida Ahmad Yassaviyning hijriy 562(milodiy 1167) yili hayotdan koʻz yumgani qayd etiladi. Bizningcha, bu 577 sanasi risolani Ahmad Yassaviy vafotidan keyin koʻchirgan kotib tomonidan qoʻyilgan boʻlsa kerak. Yoki Ahmad Yassaviy vafoti sanasini 562 deb belgilanishini ilk manbalarga suyangan holda qaytadan tekshirib koʻrish kerakka oʻxshaydi.
Shu oʻrinda amerikalik tadqiqotchi Deni Di Uning yuqorida biz zikr etgan “Ahmad Yassaviy” nomli maqolasidagi quyidagi fikr-mulohazalarni keltirib oʻtish oʻrinli deb oʻylaymiz: “Bizgacha muallifi Ahmad Yassaviy, deb ishonch bilan aytsa boʻladigan birorta yozma asar yetib kelgan emas. XVI asr boshida “Mehmonnomai Buxoro” muallifi Fazlulloh bin Roʻzbehon Xunjiy Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qilgani borgan paytida mazkur avliyo tomonidan yozilgan bir kitobni koʻrgani haqida xabar beradi, Haziniy esa Ahmad Yassaviyning “Boʻston ul-orifin” nomli asari borligiga ishora qiladi. Har ikkala asar ham nasriy boʻlishi va tasavvufga oid boʻlishi lozim edi(ularning tili nomaʼlum)…”. Fazlulloh bin Roʻzbehon Yassi(Turkiston)da koʻrgan va Ahmad Mahmud Haziniy ishora qilgan qoʻlyozma asar mana shu “Tanzil us-solihin” emasmikan?
“Tanzil us-solihin” risolasi haqidagi fikrlarimizni yakunlar ekanmiz, risola muallifi Ahmad Yassaviy boʻlishi mumkin degan taxminni ilgari surmoqchimiz.
Quyidagilarni bu taxminga dalil sifatida keltiramiz. Birinchidan risola “Ammo bilgil va ogoh boʻlgʻil, ey rafiqi mushfiq va ey, siddiqi muvofiq! Andogʻ aytur abd al-faqir al-haqir al-muznib ilallohi taolo shayx Ahmad Yassaviy…” jumlalari bilan boshlanib, “Oʻlturgʻil yana tizing choʻkubon, eshit Xoja Ahmadning kalomi” misralari bilan tugaydi. Ikkinchidan, risolada Boyazid Bistomiy, Junayd Bagʻdodiy, Maʼruf Karxiy, Ibrohim Adham, Hasan Basriy, Shahobiddin Suhravardiy singari mashhur mutasavviflarning nomlari zikr etilgani holda Ahmad Yassaviydan oldin yoki undan keyin Movarounnahr va Turkistonda yashagan birorta ham shayxning nomi tilga olinmaydi. Uchinchidan, risola boshdan-oyoq eski oʻzbek tilida yozilgan. Unda birorta ham forscha jumla uchramaydi.
“Tanzil us-solihin” risolasining nashr etilishi mumtoz adabiyotimiz tarixidagi ayrim muammolarga oydinlik kiritishi mumkin deb umid qilamiz.
Abdullatif Turdialiyev,
Qoʻqondagi Gʻafur Gʻulom nomidagi viloyat adabiyot muzeyi direktori
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/eshit-xoja-ahmad-kalomi/