Javobsiz qolgan “doʻstlik” taklifi
Aksariyat zamondoshlar kabi kamina ham facebookda vaqtni behuda oʻtkazish kasaliga duchor boʻlganman. Lekin boshqalardan koʻra ustunroq bir jihatim bor – xalqimizning koʻzga koʻringan, qalam tebratib, bir nimalar qoralagan vakillariga doʻstlik taklifi joʻnatib qoʻyaman. Ular bilan gaplashmasam, tanishmasam ham, faoliyatidagi yangiliklardan xabardor boʻlib turaman. Shu deng, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzamga ham doʻstlik taklifi joʻnatib qoʻyibman. Oradan oylar oʻtsa ham, qabul qilmadilar. Odatda, ijodkorlar sheʼrlarini, qissayu hikoyalarini oʻquvchilarga ulashib, muxlis koʻpaytiradi. Erkin Aʼzamga muxlisning keragi yoʻq, bu bosqichdan oʻtib ketganlar. Yoki shunchaki, feysbukka kirishga vaqtlari yoʻq, balki, “trnet-prnet” deganlarini, umuman, tushunmaydilar. Xullas, doʻstlik taklifim javobsiz qoldi.
Toʻgʻri-da, bizga oʻxshagan oʻzini tuppa-tuzuk “professional jurnalist” sanab yurgan yigitcha qayoqda-yu, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam qayoqda?!
Adabiyotshunoslar oilasida tugʻilib oʻsganman. Shuning uchun, esimni tanibmanki, uyda yozuvchi-shoirlarning ism-sharifi tilga olinadi, yozgan maqolasiyu kimnidir “urgan-surgan”i muhokama qilinadi. Bolaligimda: “Faloncha pistonchini boplab “uribdi”, deyishsa, chinakamiga doʻpposlabdi, deb tushunar edim. Keyin bilsam, matbuotda maqola bilan “urilish”dan, rosmana kaltak yegan maʼqul ekan. Gʻaybulla as-Salom, Najmiddin Komilov, Azim Suyun, Usmon Azim, Mahmud Saʼdiylarning oʻzini tanimasam ham ism-sharifini yoddan bilardim. Dadam ukam ikkimizni shahar aylantirishga olib chiqib, oʻzlari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi tahririyatida soatlarcha qolib ketardilar. Biz esa Mahmud Saʼdiy degan bir “qora shaxs”ni yomon koʻrib, tashqarida kutib oʻtirardik. Kuni kelib, oʻzim ham shu ajoyib ustozga shogird tushdim. Bitiruv malakaviy ishimga ilmiy rahbarlik qildilar, keyin magistrlik ishimda ham maslahatlar oldim. Soatlab yonlarida oʻtirdim.
Xullas, Erkin Aʼzam ham qulogʻimizga singib ketgan shaxslardan. “Tafakkur” jurnalining bosh muharriri, ixcham qomatli, boshqalarga oʻxshamaydigan yoʻgʻon ovozli bir inson ekanliklarini bolalikda bilardim. Televizorda intervyularini eshitganman, baʼzida ovozlarining yoʻgʻonligidan mikrofon yaxshi yozolmaganini ham sezganman. Lekin u kishi bilan haqiqiy tanishish “Ertalabki xayollar” degan kitoblari qoʻlimga tushganidan keyin boshlandi.
Oʻzbekchani sogʻinganda oʻqilgan kitob
Peshonada bor ekan, xorijda ilmiy tadqiqot qilyapman. Boshqa til, boshqa tushunchalar, boshqacha dunyoqarashga-ku ancha moslashib qoldim. Ammo oʻzimizning xalqona hazillaru qogʻozga oʻrab aytiladigan piching gaplarga, hangomalaru afandinamo latifalarga nima yetsin?! Oʻzga tilni qancha oʻzlashtirmang, baribir, oʻzbekcha oʻqilgandagi maroqni topish qiyin. Ona tilida oʻqishning “yutum”i yaxshi boʻlarkan, endi bilsam. Ayniqsa, yoningizda kitobdan boshqa hech kim oʻzbekcha “gapirmasa”, u eng yaqin doʻstingizu hamrohingizga aylanar ekan.
Xullas, “Ertalabki xayollar”ni ertalab ham, kunduzi ham, farzandlaru ota-onani sogʻinib, uyqu kelmagan kechalari ham oʻqishga odatlandim. Boshqacha aytadigan boʻlsam, xayol tovlagan har mahalda Erkin Aʼzamning xayollari bilan suhbat qurdim. Naq uch oylik mutolaa boʻldi oʻziyam. Baʼzi joylarni qayta-qayta oʻqidim. Alaloqibat, kitob anchagina eskirdi, paxtaday oppoq sahifalari jinday sargʻaydi, baʼzi joylariga qalam ham tegdi. Muallifga aytadigan uzrim bor!
Muallif bu kitoblarini dadamga: “Azizim Sulton Murod! Bul kitobda Sizning-da ulushingiz bor. Shugina bilan qarzimni uzolmasman, rozi boʻlgaysiz. Erkin. 29.03.16”, degan dastxat yozib, sovgʻa qilganlar. Bu chizganlarim uchun hali dadamdan kechirim soʻrashga toʻgʻri kelar. Mayli-da.
Keling, endi kitobning baʼzi joylariga xat tortganim, ertaga davomini oʻqirman, degan niyatda buklab qoʻyganim va hokazo “ayb”larimni yuvay – kuzatuvlarimni siz bilan oʻrtoqlashay.
Ishni, avvalo, kitobning dizayni, sifatidan boshlasak. Kitob “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida 2015 yili ikki ming nusxada nashrdan chiqqan. Buning oʻzi koʻp narsadan darak beradi.
“Ertalabki xayollar”ning varaqlari oppoq, hech qayerida boʻyoqlar surkalib ketmagan, sahifalar baʼzi kitoblardagi kabi teskari tushib qolmagan. Xaridorga qimmatroq kelar, ammo yilda bir dafʼa boʻlsa hamki, kitobning sifatlisini olgan yaxshi, fikrimcha. Ammo bu asosiy masala emas: gap – oʻsha oppoq varaqlarga tushgan bosmada, bitilgan fikrlarda. “Ertalabki xayollar” kitobi – “Tafakkur” jurnalini oyoqqa qoʻyib, uning mamlakatimizdagi eng toshi ogʻir, nufuzli nashrga aylanishiga 23 yildan buyon bosh-qosh boʻlib kelayotgan bosh muharrirning, diplomli, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, ayni paytda Oʻzbekiston xalq yozuvchisining publitsistik asarlari toʻplami, desak ham boʻlar. Unga muallifning asosan, mustaqilligimiz ilk yillaridan to yaqin kunlargacha yozilib, matbuotda eʼlon qilingan yoki bosilmay qolgan maqolalari jo boʻlgan.
Saranjomlik
Kitob kiroyi saranjomlik bilan tartib berilgan.
Undan, “Gapni oʻzimdan boshlasam…” sarlavhali besh sahifali sarsuxandan tashqari, 136 asar oʻrin olgan. “Asar” deganimga eʼtiroz qilib oʻtirmang: garchi toʻplamga jurnalistik-publitsistik materiallargina kiritilgan boʻlsa ham, adib ularning har birini xuddi hikoya yoki qissa yozayotgandek yuksak mahorat bilan bitgan.
Materiallar janri va yoʻnalishiga koʻra, besh boʻlimga ajratilgan.
Tajribasizroq qalamkash janrlarning oʻzinigina sarlavhaga chiqarib qoʻya qolishi ham mumkin edi. Biroq atoqli adibning mahorati shundaki, u buni qavsga oladi-da, har bir boʻlimga ismi jismiga mos goʻzal, taʼsirchan, jozib sarlavhalar topadi: “Siyosatu sayohat (Maqola va safarnomalar)”, “Shap-shap deguncha… (Fiqralar)”, “Yoʻl-yoʻlakay (Adabiy qaydlar)”, “Yondoshlar, zamondoshlar (Portret va xotiralar)”, “Menimcha… menimcha… (Suhbatlar)”.
Xayollar yetagida
Gapni “Siyosatu sayohat (Maqola va safarnomalar)” qismidan boshlasam. Bu boʻlimga jami 19 maqola kiritilgan. Ilk maqola “Vatan masʼuliyati” sarlavhasi bilan berilgan. Muallif bu yerda oʻzining oʻzgarishlar davriga guvoh boʻlayotganidan, qariyb bir asr hukmronlik qilgan puch gʻoyalardan voz kechilishining bevosita ishtirokchisi ekanidan xursandligini namoyon qiladi. Toʻqsoninchi yillarning azobu uqubatlari, keskin oʻzgarishlar, muammolar, yechimini kutayotgan masalalar ilhomi yoxud alami bilanmi yozilgan maqola biz tengilar uchun oʻsha davrni yaxshiroq tushunishga, zamonni boshidan oʻtkazganlar uchun yana bir yodga olib: “Shukr!..” deyishga undaydi.
“Tanqiddan maqsad – tanqid, oʻch olish, yer bilan yakson qilish, badnom etish emas, haqiqiy manzarani ochib berish, kamchiliklarni baralla aytish, ishni yaxshilashga oid yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatish, oqilona, foydali xulosalar yasashdan iborat boʻlmogʻi kerak”. Bu jumlalarni muallif 1997 yil yozgan ekan. Matbuotimiz tahlili asosida soʻz yuritilgan bu maqolada jurnalistlarning tanqiddan qoʻrqishi-yu tanqidiy maqoladan keyin bosh muharrirga keladigan aks taʼsirlar qalamga olingan.
Materialning yozilganiga naq 20 yil toʻlibdi. Bu muddat ichida, publitsistik maqolalar u yoqda tursin, kattakon ilmiy kitoblaru ne-ne tadqiqot natijalari ham keraksiz boʻlib qolyapti. Lekin ayni bu mavzu hali ham dolzarbligini yoʻqotmadi. Endi-endi bizdagi ommaviy axborot vositalarida tanqid chinakamiga jamiyatni rivojlantirish yoʻlida xizmat qila boshladi. Davlat ham, xalq ham jurnalistlardan hayot tahlili asosidagi tanqidiy munosabatni talab qilyapti, shu yoʻl bilan xatolar tuzalishiga umid bildiryapti. Jurnalistning vazifasi faqat va faqat “ura-ura” qilish, olam munavvarliklarini namoyon etishdan iborat emasligini tushunib yetishimiz uchun chorak asr vaqtimiz ketdi-ya…
Yaqinda London shahriga yangi hokim (mayor) saylandi. Qachonlardir Pokistondan koʻchib kelgan oilaning farzandi ekan. Lekin Angliyada tugʻilib oʻsgan, bir qarashda, inglizdir u, balki. Xullas, Sodiq Xon janoblarining musulmon ekani, siyosiy-ijtimoiy qarashlari, hamma-hammasini butun dunyo erinmay muhokama qildi-da oʻziyam. “Mana, demokratiya, inglizlar diyorida pokistonlik hokim saylandi, biz taraflarda ham demokratiyaning bu bosqichlariga erishilsa edi”, deya fikrlovchilar orasida kamina ham bor edi. Toʻgʻrisi-da, hokimlar bizda ham saylansa nima qilar ekan? Har qanday hokimlikka daʼvogar saylovda qatnashsa, oʻz dasturini ishlab chiqib, xalqqa taqdim etsa…
Erkin Aʼzam bu haqda chapanicha, hamma tushunadigan bir misol bilan javob yozgan ekanlar. “Masalan, viloyat hokimi lavozimiga kelib chiqishi har joydan boʻlgan uch kishining, deylik, boysunlik, sherobodlik va shoʻrchilikning nomzodi qoʻyildi. Saylov chogʻi, ishonavering, boysunlik deputatlar – boysunlik nomzodga, sherobodlik – sherobodlikka, shoʻrchilik esa, albatta, shoʻrchilikka yon bosadi, oʻshanga ovoz beradi. Natijada viloyatga emas, Boysunga, Sherobodga yoki Shoʻrchigagina hokim saylangan boʻlib qoladi. Elning orasi buziladi, tarafkashlik, mahalliychilik battar avj oladi. Demak, hozircha sabr qilib turgan maʼqul”.
Sizni bilmadim-u, kamina sayohatning shaydosiman. Yillar oldin: “Pasportimda yurtdan chiqqanligim haqida muhr yoʻq”, deb, qanchalar ich-etimni yeb yurganimni aytmaysizmi?! Doʻstlarni aeroportda kuzatar ekanman, ichimdan qirindilar oʻtganini-ku, asti soʻramang! Xullas, yoʻlchilik, gashtak, desa, jonimga jon kiradi. Erkin akaning bu boradagi qarashlari qanday ekanini toʻliq bila olmadim-u, Eron, AQSH, Germaniyaga qilgan sayohatlarini miriqib oʻqidim. Chet elga chiqqan yurtdoshimiz kam ekanmi, bir-ikki haftalik sayohat tugul, Pariju Londonni xuddi oʻzining mahallasidek, koʻchama-koʻcha biladigan baʼzi vatandoshlarimizni taniyman. Shu jihatdan qaraganda, Erkin akaning safarlari hech gap emasdek. Lekin masalaning bir jihatini unutmaylik, bu sayohatlar toʻqsoninchi yillarning boshlarida, hali Oʻzbekistonni, koʻp davlatlarda qizil bayroq ostida birlashgan bepoyon dalaning bir parchasi, deb biladigan paytlarda amalga oshirilgan. Ustiga-ustak, inglizchani bilmay qilingan sarguzashtning, illoki, bir ishkali boʻladi, chuv tushirgan holatlari, garchi aytilmasa ham, bordir, albatta. Qolaversa, yozuvchining koʻzi bilan koʻrilgan manzara, ogʻzimizni amerikancha qilib talaffuz qiladiganimiz HD (eych di) kamera obʼyektivlaridan ham mukammalroq tasvirlanadi.
Muallif Erondagi qora rangga burkangan ust-boshlarga-yu bir necha kunda tubdan oʻzgargan Eron jamiyatiga eʼtibor qaratadi. Badia juda taʼsirchan jumlalar bilan tugatilgan. Isfahondagi “Shoh Abbos” musofirxonasiga kiraverishda muallifning koʻzi “baland, tik zinapoyaning qoq tepasidagi devor burchagida bir qora haykaldek qotib tur”gan “sim-siyoh libosga burkangan yoshgina qiz”ga tushadi. “Navbatchi boʻlsa kerak. Devor – oppoq, qiz – qop-qora!” Keyin oʻzini gʻaflatda qoldirib, uni suratga olganini aytib, xulosa qiladi: “Negativ tasvirda teskari chiqdi: devor – qop-qora, qiz esa – oppoq. Bamisoli kabutar, oppoq kabutar. Xudo haqi, shunisi koʻngilga yaqindek…”
Yozuvchimiz Amerikaga borganida Vashingtondagi bayroqbozlikka, yanada batafsilroq aytsak, hamon-hamon har binoning (hatto, qurilishi endi boshlangan inshootning ham) tomiga qadalgan bayroqlarga, davlatboshidan tortib, koʻchadagi oddiy yoʻlovchigacha kuzatish mumkin boʻlgan hech bir maʼnosiz tabassumlarga… toʻxtaladi. Olmon yurtida esa, har daqiqasini bir necha kun avval rejalashtirib yashaydigan nemislarning naq bir yarim soat milliy qoʻshiqlarimizni qimirlamay tinglaganini gʻurur bilan tilga oladi.
Yaqin oʻtmishda yoshroq bir hamkasbimiz rahbarlikka tayinlanibdi. Birinchi kundan majlis yigʻib: “Meni “Falonchi aka”, “Falonchijon”, “Falonchibek” deb oʻtirmanglar, menga faqatgina “Falonchi Pistonchiyevich”, deb murojaat qilasizlar”, deb turib olibdi. Yana bir holat, yaqinda oilaviy kinoga tushdik. Xususiy bir korxonaning yoshroq rahbariga otasi tengi odam kelib: “Falonchi Pistonchiyevich!” deb murojaat qilyapti. Xoʻsh, endi, ayting, birinchi holatdagi hamkasbimiz kinolardan oʻrganib, shunday talab qoʻyganmi yoxud kinochilar u hamkasbimizdan oʻrganib, ssenariyga shunday dialogni qoʻshishganmi? Aslida, sababi – juda oddiy. “Tovarishʼ Aleksandr Timofeevich!” deb yurgan paytlarimizdan qolgan anʼana bu. Oldin nima boʻlsa, boʻlibdi, endi oʻzgarishimiz kerak emasmi mabodo?! Avvalo, pasportlardan “-ov”, “-ovich”larni uloqtirishimiz kerak emasmikin?! Hay, mayli, hujjatda “-ov”, “-ovich” boʻlib qolsak, qolibmiz, zarari yoʻq, oddiy bir rasmiyatchilik. Lekin oʻzaro suhbatlashganda “Falonchi Pistonchiyevich” deb yurishimizga nima bor?! Yoʻq, chamamda rahbarlarimizga (asosan, toza tekkan, yosh rahbarchalarimizga) oddiygina “aka” yoki “Falonchijon”, “Falonchibek” boʻlish xush kelmaydi. Erkin Aʼzamning 2006 yili yozilgan “-Ov”, “-ov”… “-vich”, “-vich”…” sarlavhali fiqralarida ham shu haqda soʻz yuritiladi. “Istiqlolimizga peshvoz chiqqan dastlabki qonun davlat tili haqida edi. Unga ham oʻn yetti yil boʻldi (1989–2006). Lekin kamina hamon – ovman! Nega? (Albatta, gap men haqimdagina borayotgani yoʻq.) Oʻsha tarixiy hujjatda ism-sharifimizni milliy-anʼanaviy shaklda yozishga izn berilgan-ku!”
Qozogʻistonlik bir doʻstimdan ularda bu holat qandayligini soʻradim. Aytishicha, qozoq tilida murojaat uchun ism yoniga qoʻshiladigan soʻzning yetishmasligi tufayli darrov “-ov”, “-ovich” qilib yurilar emish. “Bayke (boy aka)” bor-ku”, desam: “U – juda xalqona-da, rahbarlarga bunday murojaat qilinmaydi”, deydi. Ahvol bir xil, ishqilib…
“-Ov”, “-ovich”chilikning bir foydasi bor. Chet elda, xususan, “-ov”chilar yashamaydigan yerda biror “-ov” familiyasini eshitib qolsangiz, darrov qandaydir bir yaqinlik his etasiz. “Nima boʻlsa ham, oʻzimiz taraflardan-da”, deb qoʻyasiz. Mabodo, gaplashishga toʻgʻri kelib qolsa, deb, xayolan shift+alt tugmalarini bosish orqali miyangizni rus tiliga oʻtkazib qoʻyasiz.
Tilni kimdan oʻrganamiz?
Yaqinda adabiyotimizning yirik namoyandasi Gʻafur Gʻulomning 1924–1925 yillarda yozilgan hikoyalarini turk tiliga tarjima qilishga toʻgʻri keldi. “Ie, hikoya ekan-ku, bor-yoʻgʻi 3-4 betlik narsa, “shest sekundda oʻgirib tashlayman”, deb, ishga oʻtirdim. Har jumladan, desam, yolgʻon boʻlar, har uch gapdan birida bugungi zamondoshimiz aniq izohlab berolmaydigan soʻz chiqdi-yov. Oʻtgan asrning 20-yillaridan to hozirgacha tilimiz, qarang, qancha oʻzgarishlarni boshdan kechiribdi. Yangi tushunchalar, narsa-ashyolar deganday, oxir-oqibat, bor-yoʻgʻi yuz yillik tarixga ega matnlarimizni tushunishga qiynaladigan ahvolga kelib qolibmiz. Yana bir savol: shoʻro davrida yozilgan maqolami, ilmiy risolami oʻqiganmisiz? Bir qarashda oʻzbekcha yozilgan, lekin u bugungi biz bilgan oʻzbekcha ham emas-da! Yana bitta holatni aytay, oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillarida yurtimizdan boshqa oʻlkalarga ketganlarning oʻzbekchasini eshitsangiz, yana boshqacha. Endi 18-20 yoshlardagi yigit-qizlarning televizorlardagi burro-burro intervyusini bir tinglang. “Ayni mana shunday”, “takomillashtirish”, “balandroq koʻtarish”, “demak”… kabi soʻzlardan toʻxtovsiz jumlalar qurib ketaveradi-yu, oʻz atrofida aylanib qoladi. Nega? Soʻz boyligida muammo bor. Tili – kambagʻal.
Balki, oshirib yuborayotgandirmiz, ehtimol, yanglishdir, lekin Erkin Aʼzamning “Ertalabki xayollar”ini oʻqir ekansiz, muallif sizni zamonlar osha u yoqdan, bu yoqqa sudrayotganga oʻxshaydi. Bir qarasangiz, Navoiylar qoʻllagan kalimalardan, bir qarasangiz, yanada qadimlardan kelayotgan eski turkiy soʻzlardan oʻrnaklar koʻrasiz. Eng qizigʻi, hammamiz bilgan soʻzlarning yanada xalqona ishlatilishi kishini matnni beixtiyor kulimsirab oʻqishga undaydi. Masalan, militsiya idorasi – “melisaxona”, Yevropa – “Ovrupa”, aytguvchi – “oytqich”, hamroh – “esh”, yaxshiroq – “behroq”, oʻrganish uchun – “oʻrgamchik”, kapital – “yotirim”. Bularni biz ham bilamiz-ku, degan fikr xayolingizdan oʻtishi tabiiy. Lekin, ayting, qaysi birimiz va qayerda qoʻllaymiz bu soʻzlarni? Millatdoshlarimizning koʻpi hozircha bu soʻzlarni tushunadi, ular baʼzi shevalarimizda, ehtimol, hali ham faol isteʼmoldadir. Ammo yaqin orada butunlay unutilishi – turgan gap. Tilimizni unutayotganimiz yoʻq, qaytangga yanada yaxshiroq gapiryapmiz, adabiy tilimizda soʻzlaydiganlar ham son-sanoqsiz. Muammo shuki, momo-bobolardan qolgan kalima, ibora, maqollar, ha boringki, oddiy jumlalarning koʻpi faol emas, bilamizu ishlatmaymiz, oʻqiymizu yozmaymiz.
“Oʻzbekchani Erkin Aʼzamdan oʻrganish kerak!” Bu yerda muallifni yolgʻiz bir inson deb tushunmang. Buni Erkin Aʼzam va uning zamondoshlari, deya qabul qiling. Bu avlod – oʻzbekchaning bobo-momolar, ota-onalardan qolgan tiynatini, aka-uka, opa-singillardan kelayotgan tanbehu tazyiqona soʻzlarni, dunyo hamjamiyatidan olingan xalqaro tushunchalarni oʻzida jo qilgan avlod. Bu qalamkashlar, hatto, oʻsha oʻtgan asrning 20-yillarida ishlatilgan, yuqorida qayd etganimiz Gʻafur Gʻulomlar yozgan, bizdan anchagina yiroqlashgan ona tilimizning tirik tashuvchilari, desak ham boʻladi. Shunday ekan, Erkin Aʼzam va zamondoshlaridan oʻzbekchaning boy merosini oʻzlashtirishimiz lozim, fikri ojizimcha.
“Ertalabki xayollar”ning xulosalari
Ertalab tinglagan musiqangiz kun boʻyi kayfiyatingizga taʼsir qilib turar ekan. Amerika filmlarida qahramonlarning ertalabdan qulogʻiga goʻshakni taqib olib yugurishi bejiz emas, shekilli. Ertalabki oʻy-xayollar kuni bilan jigʻibiyron qilishi ham – rost. Afsuski, boshdan kechgan xayollarni amalga oshirish “bits-bits” musiqa ostida yugurish kabi oson kechmaydi-da. Rejalar doim puchga chiqishi, vaqtning behuda oʻtishi ehtimoldan xoli emas. Muallifning bu kitobdagi fikrlari ham ertalablari, sumkani qoʻltiqlab ishga ketar chogʻi pishgan boʻlsa, ajab emas. Lekin bularning barini oʻquvchiga yetkaza olish uchun necha saharu qancha mulohaza lozim boʻldi ekan? Har holda, oʻtgan asrning saksoninchi yillarida yozilgan maqolalardan tortib to kitobni bosishga imzo chekkunga qadar oʻtgan har tong ana shu “Ertalabki xayollar”ni chetlab oʻtmagandir-ov.
Shuni baralla aytish mumkinki, mazkur kitob – oʻquvchining koʻplab tongu tunlariga tatigulik, oʻylantirgulik. Nashr biz – kitobxonlarga yetib keldi. Lekin bu yogʻi tamom-vassalom bilan bitmaydi. Muallif endi “Ertalabki xayollar” haqidagi xayollar bilan ovora. Bu – aniq. Bunday holat haqida oʻzlari ham bir yerda aytib oʻtibdilar: “Kitobing chiqdi, har kim har xil fikr aytdi: birov maqtadi, birov ayamay yerga urdi. Ammo uning haqiqatda qanday ekanini yolgʻiz oʻzing bilasan; quvonadigan ham oʻzing, kuyinadigan ham oʻzing, yolgʻiz oʻzing! Bilasan, oʻylanasan, qiynalasan”.
Gʻafur Gʻulomning Shum bolasiga oʻxshab, boshida: “Mening bir aybim bor”, deb aytgan edim. Feysbukda koʻp vaqtimni behuda oʻtkazaman. Kuzatganimni soʻylay, koʻpchilik oʻz sahifasiga Sitseron, Konfutsiy, Umar Xayyom va yana allakimlarning fikrlaridan iqtiboslar keltirib, status qilib qoʻyishadi. “Qishda havo sovuq boʻladi”, “Yoz yomgʻiri noyobdir” kabi “dono” fikrlar… Erkin Aʼzamdan chinakamiga statusbop jumlalar toʻplami chiqarsa boʻladi. Quyidagi jumlani, hozirgina status qilib qoʻydimu maqolaga yakun yasadim:
“Vatan muhabbati shumikan? Bilmadim. Har holda, shu yurtsiz, shu elsiz mening hech kim, hech nima emasligim – haqiqat. Vatanga muhabbat shumikan?..”
P.S.
Bu satrlarni oʻqib, sezib turibmanki, sizning ham shu kitobni mutolaa qilgingiz kelib qoldi. Ishingizni oson qilib, avval-boshdan aytib qoʻya qolay: bu – kattagina kitob. Naqd 30,66 shartli bosma taboq! 584 bet!
Lekin charchamaysiz. Muallif sizni zeriktirmaydi.
Kitob ham farzandga oʻxshaydi. Bir marta tugʻiladi. Shunday ekan, har qanday nashr haddi aʼlosida bekamu koʻst boʻlishi kerak. Nuqtasi, verguligacha.
Bu ham – tilga hurmatdan.
Axir, tilga hurmat xalqqa hurmat emasmi?!
Shohruxbek OLIM
1987 yilda tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetining bakalavr va magistratura bosqichlarida tahsil olgan. Hozirgi paytda Turkiyaning Gazi universitetida jurnalistika yoʻnalishida falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun tadqiqot olib bormoqda.
“Sharq yulduzi”, 2017/9
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ertalabki-xayollar-xayoli/