Ertaklarning qanday foydasi bor?

Dunyoda milliy ertagi boʻlmagan xalq-elatning oʻzi boʻlmasa kerak. Deyarli hammamiz bobo-buvilarimiz, ota-onalarimiz, aka-opalarimiz yoki oʻqituvchilarimizdan ertak eshitib ulgʻayganmiz. Hech boʻlmaganda kitoblardan oʻqiganmiz.

Aniq esimda. Uch-toʻrt yoshlarimda dadam rasmli ertak kitob olib kelib bergan edi. Yozuvi yoʻq, faqat rasm. Ayam undan ertak toʻqib bergan, men esa undagi voqealar va qahramonlarni oʻzimcha tasavvur qilardim. Oʻsha ertaklar dunyosida yashardim. Yaqinda internetda ertakning foydalari haqidagi kichkina maqolaga koʻzim tushib qoldi. Oʻylab qarasam, unda aytilgan xulosalar, umumlashmalar menda ham bor ekan. Maqoladagi fikrlar bilan tanishib, balki siz ham shunday toʻxtamga kelarsiz. Xoʻsh, ertakning bola ruhiyatiga, uning tarbiyasiga qanday taʼsiri bor?

Ertak faqat oʻqish-oʻrganish vositasigina emas, davolash vositasi hamdir. Masalan, ota-onasini yoʻqotgan bolaga ota-ona obrazi qatnashgan ertaklarni aytish yoki bevosita uning oʻziga shunday ertaklarni toʻqitish katta ruhiy dalda beradi. Bu ertak yordamida u oʻzi bilan oʻzi yuzlashadi, oʻzini yaxshi, odobli va baxtli qiyofada koʻradi. Yaxshi tasavvur va fikrlar unga katta yordam koʻrsatadi.

Jamoa boʻlib ertak toʻqishning ham foydasi katta. Bu oʻsmir (oʻn-oʻn ikki) yoshdagi bolalar uchun oʻzini va tengdoshlarini anglashga yoʻl ochadi. Yosh bolalarda esa boshqalar bilan oʻzaro aloqaga kirishish qobiliyatini shakllantiradi.

Bolasi bilan birga ertak tuzadigan ota-ona farzandining boshqa paytlarda ochiq aytmaydigan fikrlarini, xohish-istaklarini bilib oladi va u bilan oʻzi tushunadigan tilda soʻzlashish imkoniga ega boʻladi.

Ertak yordamida ota-onalar va bolalar oʻzlarida mutoyiba va soʻzni his qilish qobiliyatini rivojlantiradi, ijodiy fikrlash imkoniyatlarini kengaytiradi. Bola ertak qahramonlari timsolida oʻzini koʻradi, voqealarda “qatnashadi”. Natijada unda tasavvur qobiliyati rivojlanadi. Bu esa muhim fazilat – ijodiy fikrlashning asosidir.

Ertaklar yaxshi nimayu yomon nimaligini anglatishda ham beqiyos koʻmakchidir. Ertak qahramonlari hamisha yaxshilar va yomonlarga boʻlinadi. Ertak taʼsirida bolada yaxshilarga mehr, xayrixohlik va yomonlarni yomon koʻrish hissi shakllanadi. U yovuzlik va ezgulikni ajrata boshlaydi.

Albatta, ertaklarni bolaning yoshiga qarab tanlash zarur. Nisbatan kichik yoshdagi bolalarga voqealari murakkab boʻlmagan, tushunilishi oson choʻpchaklarni aytish kerak. Bunda rangli rasmlardan yoki qoʻgʻirchoqlardan foydalanish ertakning anglanishini yengillashtiradi. Farzandingiz ulgʻaygani sari ertaklar ham “kattarib boradi”. Ayniqsa, oʻzi mustaqil oʻqishni boshlaganidan keyin hajmi katta, syujeti bir necha voqealardan iborat ertaklarni tavsiya etishingiz mumkin.

 

Orif Tolib

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ertaklarning-qanday-foydasi-bor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x