Oʻzbek xalq dostonlari va ertaklari tarkibida keluvchi badiiy tush namunalarida ishtirok etgan asosiy obrazlar maʼlum belgi va oʻziga xos xususiyatlariga koʻra guruhlarga ajratilib, tasnif qilinsa, epik asarlardagi tushlarda qanday obraz va detallar faol qoʻllanishi oydinlashadi. Shu bilan bir qatorda, ularning qanday ramziy maʼnolar tashishini belgilab olish imkoni tugʻiladi.
Oʻzbek xalq dostonlari va ertaklarida keluvchi tushlarda qoʻllangan yetakchi obrazlarni quyidagi tarzda yaxlitlashtirib tasnif etish mumkin.
- Xalq dostonlarida keluvchi obrazlar:
- Ilohiy kuchlar, paygʻambar va aziz-avliyolar: tangrining ovozi, paygʻambarimiz Muhammad (s. a. v), Xizr, Shohimardon pir, chilton, Bobo Qambar, Gʻovsul Gʻiyos, Shohi zamona, Oydin Yusuf.
- Turli shaxslar: qiz koʻrinishidagi kampir, uch kishi, moʻysafid, suluv, otli kishi, 360 jallod.
- Osmon yoritkichlari: quyosh, oy, yulduz.
- Doston qahramonlari: Alpomish, Barchin, Qorajon, Boyboʻri, Boysari, Goʻroʻgʻli, Yunus pari, Kuntugʻmish, Xolbeka va hokazo.
- Tabiat koʻrinishlari: togʻ, gʻor, koʻl, goʻzal bogʻ, xazonli bogʻ.
- Qushlar: davlat qushi, shunqor, burgut, tarlon, qarchigʻay, oʻrdak, quzgʻun, qargʻa, boshqa qushlar.
- Hayvonlar: ajdarho, mast tuya, yoʻlbars, sher, sherbachcha, ot, koʻk boʻri, qoʻy, baliq.
- Tabiat unsurlari: oʻt, suv, shamol, tuman, tutun,
- Imorat va uy jihozlari: oʻtov, chongʻoroq, hovli, imorat, chiroq, oʻrin-toʻshak.
- Buyum, kiyim va taqinchoqlar: chochbovmat, tulugʻ, uzuk, tilla taqinchoq.
- Inson aʼzolari: yuz, soch, tirnoq, yalangʻoch tana, qon.
- Roʻzgʻor buyumlari: tuzoq, qamchi, lagan, qilich, oʻq.
- Raqamlar: 2,3, 39,40,360.
- Ichimlik va taomlar: May, ovqat.
- Yigʻin, tantana: toʻy, maʼraka.
- Oʻzbek xalq ertaklarida keluvchi obrazlar:
- Ilohiy kuchlar: aziz-avliyolar, farishtalar, Xizr, moʻysafid chol.
- Osmon yoritqichlari: oy, yulduz, quyosh.
- Turli shaxslar: ota, qiz, farzand.
- Tabiat koʻrinishlari: togʻ, mevali bogʻ, hovuz, koʻprik.
- Qushlar: burgut, murgʻ, qush tuxumi.
- Hayvonlar: ajdar, shoqol, toʻngʻiz.
- Imorat va uy jihozlari: uy, hovli.
- Buyum, kiyim, taqinchoq: munchoq, tayoq.
- Inson aʼzolari: qoʻl, oyoq.
- Roʻzgʻor buyumlari, qurol-aslaha: miltiq, qilich.
- Raqamlar: 1,7, 15,20,40,80.
- Ichimlik va taomlar: kabob, yongʻoq, dovuchcha.
Yuqorida keltirilgan tasnif natijalariga koʻra, xalq dostonlari va ertaklaridagi tush tafsilotida keluvchi asosiy obrazlar oʻzaro solishtirib chiqilsa, quyidagi holat aniq boʻladi:
Birinchidan, ertaklarga nisbatan dostonlarda tush motivi mukammalroq koʻrinishda kelishi ulardagi obrazlar miqdoriga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda.
Ikkinchidan, biz shartli ravishda ajratgan oʻn besh guruhdagi obrazlardan oʻn bittasi ertaklarda ham uchraydi. Lekin dostonlardagi obrazlarga solishtirilganda ularning soni kam ekanligi maʼlum boʻladi.
Uchinchidan, bir qator obrazlar faqat dostonlar tarkibida kelsa, boshqa xil obrazlar esa faqat ertaklar tarkibida keladi.
Ushbu holatlar tushdagi obrazlar maʼlum epik janrlar orasida ham oʻziga xos ravishda namoyon boʻlishidan dalolat bermoqda.
Oʻzbek folklorshunosligida, xususan, xalq dostonlari va ertaklari tarkibida keluvchi tushlardagi yetakchi obrazlarning maʼnolari, birinchi galda, bevosita tush taʼbir etilgan oʻrinda aytilishi bilan alohida ahamiyatga ega. Bu jihatdan dostonlardagi tushlar xarakterlidir. Masalan, folklordagi badiiy tushning mumtoz namunasi sifatida keltirish mumkin boʻlgan “Alpomish” dostonidagi Alpomish va Barchinning koʻrgan tushlarini, Barchin tushining Suqsuroy kanizi tomonidan taʼbirlangan oʻrinlarni semantik nuqtai nazardan qarab chiqaylik.
Alpomish yoʻlda choʻponlar qoʻshxonasida tunab qoladi. “Alpomish choʻponlarning qoʻshxonasida uxlab yotdi. Kechasi fayzi sahar vaqtiga yetdi, sahar vaqti choʻponlarning qoʻshxonasida yotib, bir tush koʻrdi. Izlab borayotgan Barchin yori, bul ham baxmal oʻtovda yotib, subhi sodiq tuqqan vaqtda bir tush koʻrdi. Kashal gʻorida, toʻqson qalmoqning ichida Qorajon alp ham bir tush koʻrdi. Uchovining tushi oldin-keyin, doʻgʻilish koʻrdi. Avval Alpomishning tushi: Bir qusarmas piri tushida bu soʻzlarni aytib bildiribdi:
Hakimbek kirganda oʻn toʻrt yoshiga,
Mehmon boʻldi choʻponlarning qoʻshida,
Ul kechasi fayzi sahar boʻlganda
Rasuli xudoni koʻrdi tushida.
Mast uyquda yotib edi bu shunqor,
Faflatidan koʻzin ochdi Iskandar,
Koʻziga koʻrindi rasul paygʻambar,
Bu soʻzlarni rasul paygʻambar aytdi:
“Adashgan ummatim shafqatdoringman,
Tanib qolgin rasul paygʻambaringman,
Ummatlarni mudom yoʻlga solurman”.
Bu soʻzni eshitib Hakim shu zamon:
“Paygʻambarim, eshit ohu zorimni,
Sabil qilmam elda kirdikorimni,
Hali ololmayman Barchin yorimni,
Koʻrolmadim Shohimardon pirimni”.
“Fam yema ummatim, – deydi paygʻambar, –
Ostida dulduli, belda zulfiqor,
Jilovida Bobo qambar jilovdor,
Famingda otlandi Shohimardon pirlar,
Fayratingdan boʻzlab ketar qalmoqlar,
Hech kim boʻlmas sening bilan barobar,
Senga taqdir qildi Barchin zulfakdor”.
Bu soʻzni eshitdi yotgan Iskandar,
“Rahm aylab yubordi xol qilgan jabbor,
Hamma pirlar boʻldi senga madadkor,
Koʻnglingdan ketadi bir zarra gʻubor”,
Bu soʻzlarni aytib rasul paygʻambar”.[1]
Alpomishning tushida paygʻambarni koʻrishi va Shohimardon pir yordamida murod-maqsadiga yetishi karomat qilinmoqda. Atoqli folklorshunos olim Hodi Zarifov Shohimardon pir bilan bogʻliq voqealarni keyingi davrlar mahsuli, deb qaraydi. Aslida, Alpomishga pirlik, yaʼni homiylik qilgan, oʻzida ajdodlar kultini tamsil etgan Qultoydir. Buni Alpomishning aynan choʻponlar qoʻshxonasida uxlab qolishi va u yerda tush koʻrishi ham tasdiqlab turibdi. Shuning uchun ham Alpomishning tushiga aynan homiy ruh – Qultoy kiradi. Zero, Alpomish tunab qolgan choʻponlar qoʻshxonasi oddiy qoʻshxona emas, balki muqaddas joy hisoblanadi. Tushda tangrini, ilohlarni koʻrish har doim ham yaxshilikka yoʻrilgan. Shuning uchun ham tushda Alpomishning qiyinchilik, yaʼni sinovlarni yengib, murod-maqsadiga yetishi oldindan karomat qilinmoqda.
Barchinning tushi esa ushbu tushning davomi sifatida keladi:[2]
3–Jadval.
Barchinning tushini Suqsuroy taʼbir qilgan holat
№ | Barchin koʻrgan tushdagi asosiy oʻrinlar | Suqsuroy taʼbiri |
1 | Qibla betdan bir oy tugʻib keladi… | Qibla betdan bir oy tugʻib kelsalar, Oy emasdir, ul ham rasul paygʻambar…. |
2 | Oy girdini toʻrtta yulduz oladi… | Yulduz emas toʻrt choriyor muqarrar |
3 | Yer yuzini tutib ketdi aydahor… | Yer yuzini tutib ketsa aydahor, Makkadan Mashriqqa kuli eranlar |
4 | Kelayotgan mast tuyaman, aydahorlar aralash… | Kelayotgan mast tuyaman aydahorlar aralash, Madinada oʻttiz uch ming sahobo Fotma der, Zuhra der kanizi dargʻa. |
5 | Choʻlda koʻrdim qirqta aydahor… | Qirq aydahor qirqta chiltan pirlar bor |
6 | Qirq aydahor bir burgutni koʻtarar, Shul burgut kelib tushdi qoshima. | Koʻtargan burguti bobong chibori, Ustida qarchigʻay Hakim shunqori… |
7 | Qanotining uchi tegdi boshimga… | Erta choshka kelar bobongning uli |
8 | Bir nechalar ushlab turdi qoʻlimni… | Boychibori yem yemaymi qoʻlingdan |
9 | Aydahorlar tishlab turdi tilimdan… | Vakillari savol surar tilingdan |
10 | Qaysar yoʻlbars paydo boʻldi keynimdan, Qochsam qoʻymay mahkam quchdi belimdan. | Qochsang nega seni qoʻysin Alpomish, Baxmal uyda mahkam qisar belingdan. |
11 | Baxmal uyning chongʻorogʻi oʻyildi… | Baxmal uyning chongʻorogʻi oʻyilsa, Men biluvda toʻqson qalmoq soʻyildi. |
12 | Mendayin oyimning zulfi yoyildi… | Xafa boʻlma, mudom oʻynab kulginchi |
13 | Orqamdagi chochbovmatim tuyildi… | Sening koʻnglingdagi boʻlib qoladi |
14 | Solib qoʻygan bu toʻshagim jiyildi… | Senday oyim bunda oʻynab kuladi |
Suqsuroy Barchin koʻrgan tushdagi oyni paygʻambar, toʻrt yulduzni toʻrt choryor deb taʼbir qilmoqda. Tushdagi ajdarho, mast tuyalarga quli eranlar, qirq chilton maʼnolari yuklanmoqda. Ajdarholar koʻtargan burgut Hakimbekni olib kelayotgan Boychibor ekanligi, burgut qanotining tegishi, otning Barchin qoʻlidan yem yeyishi, ajdarholarning Barchin tilini tishlab turishi, nikoh vakillarining rozi-rizolik olishi, tez orada Alpomish va Barchin birga qovushiib, murod-maqsadlariga yetishlariga ishorat qilinmoqda. Dostondagi tush va uning taʼbiri xalqimizning tush tartibi, undagi xabarlarning yaxlit bir tizim sifatida kelishi, maʼno ushbu tizimni birgalikda olgan holda chiqarilishi haqidagi tasavvurlarini ham koʻrsatayotganligi bilan ahamiyatlidir.
Eng avvalo, shuni aytish kerakki, tush, gʻaybdan keluvchi xabar. Xabar gʻayb olami vakillari vositasida olinadi. Baʼzan tizimning ushbu halqasi aniq koʻrsatilmasa-da, bilvosita anglanadi. Gʻayb olami vakillari koʻkka tegishli va ular koʻk (osmon) timsollarida namoyon boʻladi. Barchinning koʻrgan tushida tizim toʻliq va osmon (koʻk) yoritqichlari – oy-yulduzlar – paygʻambar, choriyorlar, deb taʼbir etilmoqda. Ayni holat tush taʼbirlari uchun anʼana ekanligini unutmaslik kerak. Tushlardagi osmon yoritqichlari koʻp oʻrinlarda homiy kuchlar boʻlib keladi. Eski inonchlarga koʻra, osmon kuchlari yerdagi har bir voqeadan voqif boʻlib, insonlarning xatti-harakatini boshqarib turadi.
Ikkinchidan, qadim tasavvurga koʻra, gʻayb olami bilan inson bevosita muloqotga kirishishi qiyin. Aksariyat hollarda ikki oʻrtada bogʻlovchi – vositachi kuchlar mavjud, deb ishonilgan. Barchinning tushida ana shu vositachi kuchlar zoomorfik timsollarda ifodalangan. Bular ajdarho, tuya va burgut timsollaridir. Ajdarho – mifologik obraz. Hayotda ajdarhoga aylanishi mumkin boʻlgan ilonlar haqida koʻplab afsonalar mavjud.
Suqsuroy taʼbirida ajdarho – qulli eran, qirq chilton, deb aytilgan.
Barchin tushidagi ajdarholarga aralash kelayotgan mast tuya, islomiy taʼbirlar nuqtai nazaridan qaralganda, oddiy tuya emas. Oʻzbek xalq amaliy sanʼati naqshlarida, turli suratlarda ham aks ettirilgan qanotli tuya – aynan ushbu tuyaning suvrati, deyish mumkin. Xalqona taʼbirda tuya – aziz avliyolar, baʼzi oʻrinlarda ajal farishtasi, deb aytiladi. Dostondagi taʼbirda asosiy maʼno, yaʼni, aziz-avliyo mazmuni berilmoqda. Taʼbirda: “… Madinada oʻttiz uch ming sahoba, Fotma der, Zuhra der kanizi dargʻa…”, deyilmoqda. Burgut timsoli taʼbirda Boychibor deb izohlangan. Anʼanaviy talqinda tushda koʻrilgan ot – murodning hosil boʻlishi, maqsadga yetishdir. Burgut timsoli semantik qamrovi ayni mazmunni ham qamraydi.
Barchin tushidagi vositachi, bogʻlovchi kuchlarni ifodalaydigan timsollarning umumiy bogʻlovchi jihati ham borligini nazardan qochirmaslik kerak. Bu ularning barchasi qanotli mavjudotlar ekanligida. Obrazlardagi qanot muhim ahamiyatga ega. Chunki ular taʼbir olinuvchi kuchlar qudrati, vazifasini aniq tasavvur etishga xizmat qiladi.
Barchin tushidagi shartli uchinchi boʻgʻini bevosita yer olamiga, inson hayotiga bogʻliq timsol, ramzlarda koʻrinadi. Bu oʻrinda zoomorfik obrazlar bilan bir qatorda xalq marosimi, udumlari, irimlari, turmush anjomlariga koʻchma maʼno yuklatilgan. Jumladan, yoʻlbars – Alpomish, yoʻlbarsning beldan siqishi – visol, “changʻaroq oʻyilishi”, “chochbovmat tuyilishi”, “toʻshak jiyilishi” kabi birikmalar hayotiy-maishiy mazmun kasb etmoqda.
Eʼtiborli jihati shundaki, Barchin koʻrgan tush tizimida dastlabki ikki qatlam anʼanaviy timsollarga tayangan boʻlsa, uchinchi boʻlimda xususiy holat bilan bogʻliq ifodalar shartli ramziy maʼno tashimoqda.
Mazkur tush parchasini ruhiy tahlil metodidan kelib chiqib tahlil qilishga harakat qilib koʻraylik.
Tushda “oy va yulduz koʻrish” dostonda paygʻambar, choryorlarni koʻrish tarzida sharhlanadi. Bu gʻoyat bahsli taʼbir. Zero, tushdagi ramzlar mantiqan bir-birini toʻldirmogʻi zarur. Bizningcha, “oy koʻrmoq” qizning balogʻatga yetganini anglatayapti. Chunki vaziyat aynan Barchinning qalmoqlar “qoʻl soʻrab kelishi” kutilayotgan paytda sodir boʻlayaptiki, voqean tush ramzlari ham shunga bogʻliqdir.
Tushdagi oy qizning balogʻatga yetganini bildirishi – xalq ichidagi gap. Tanadagi oʻzgarish tushda ham aks etishi fanda ham maʼlum. Yulduzni esa xalq goh farzand, goh yaxshi kunlar taʼbiri sifatida baholaydi. Xalq dostonida xalq ruhiyati aks etar ekan, tushga ham xalq taʼbirini qoʻllagan maʼqul. Shunda biz keyingi ramzlar bilan mantiqiy uzviylikni koʻramiz: balogʻatga yetgan qizga sovchi keldi, uning koʻngli boshqada. Parchada, koʻrib chiqqanimizdan tashqari, yana oʻn uchta ramz bor. Bu tushni Barchin qirq alp uni qayliqlikka soʻrab-zoʻrlab turgan paytda koʻrgan. Shu sababli zoʻrlik bir necha ramzda – mast tuya, qirq ajdarho chovut solmoq, choʻl, ajdaholarning Barchin tilini tishlab turgani tarzida namoyon boʻlmoqda. “Mast tuya” bilan “yoʻlbars” aynan bir maʼnoni anglatmoqda. Ammo tushda ham qalmoqlarning Barchin koʻngliga, mayliga yoqmaganligi sababli bu hissiy mayl “mast tuya” shaklida kelayotir. Mast tuyaning sovchi boʻlib kelgan qalmoqlarning umumiy talablariga aloqasi yoʻq, aksincha, shu talab ostida turgan ishqiy istak ramzidir. Bu istak qalmoqlarda qanchalik mastona boʻlsa, Barchin tushiga ham mast tuya qiyofasida kirayapti.
Bu sharh bir oz bahsli boʻlib tuyulishi mumkin, biroq shuni aytib qoʻyish lozimki, har qanday balogʻatga yetgan qiz oʻzini har xil ishqiy mayllardan himoya qilish instinkti bilan tarbiyalanadi. Bu instinkt sovchi boʻlib kelgan kishini koʻrishi bilan qizning shuurida uygʻonadi va mayl bildirgan erkak bilan qiyoslanadi. Barchinning tushida ham xuddi shu holat aks etgan. “Mast tuya” va “yoʻlbars” mayl va aks mayllarning ramzlaridir.
Yorning mayli, yaʼni Hakimbekka Barchinni bogʻlab turuvchi rishta dostonda burgut va yoʻlbars qiyofasida koʻringan. Bu tush Barchinning ayni paytdagi ruhiy holatini gʻoyat yaqqol ifodalamoqdaki, bu parcha dostonning mahorat bilan chizilgan psixologik parchasidir. Eʼtibor bersak, burgut Barchinning oldida, yoʻlbars orqasida paydo boʻlayapti. Barchinning ruhiy kechinmalariga bu manzara juda mos. Chunki Barchin musofir sifatida ikkilangan, jurʼatsizlangan payti, bu yerda ajdarhodan qoʻrquv, shuningdek, Hakimbekdan umid aks etgan. Bundan tashqari, yana bir narsaga toʻxtalib oʻtmoq zarur. Ayolning ishqiy maylini tahlil qilgan Z. Freyd ayollar oʻzlari ishqiy mayl bildirgan kishilarni tushlarida tayoq, xanjar, yogʻoch, qalam, bolgʻa ushlab turgan holatda yoki oʻzlariga yoqimli boʻlgan qush va hayvonlar qiyofasida koʻrishini taʼkidlagan edi. Yoʻlbars Barchinning ishqiy mayli ramziki, bu uning tarbiyasi va feʼl-atvoridan kelib chiqadi. Barchin dasht va kenglik hamda botir va jasur kishilar orasida tarbiya topgan qiz sifatida maylini ham botir, qoʻrqmas kishi – yoʻlbarsga bildirayapti.
Qahramonning ishqiy mayliga qarab tadqiq qilish bizning adabiyotshunoslikda rasm boʻlgani yoʻq. Biroq tushdagi ramzlarni sharhlashda biz bu xil tadqiqotdan ham oʻzimizni chetga torta olmaymiz. Chunki tush oʻzida boshqa kishilarga aytib boʻlmaydigan intim munosabatlarni ham aks ettiradiki, biz tushni toʻgʻri sharhlash uchun bu munosabatlarga ham murojaat qilishimizga toʻgʻri keladi. Nega yoʻlbars Barchinning orqasida paydo boʻlayapti? Bu timsolni ikki xil sharhlash mumkin va ikkala holda ham ramz oʻzini oqlaydi. Birinchi sharh muddat maʼnosida: Barchin ishqiy mayl bildirgan kishi uning oʻtmishida qolgan, shu sababli yoʻlbars orqada turibdi. Faqat Hakimbekka bogʻliq tuygʻu va kechinma (burgut) Barchinning oldida, qoshida turibdi.
Keltirilgan parchada yana uchta ramz borki, bular aka-uka janjalidan soʻng qalmoq yurtiga kelib qolgan Boysarining yaqin orada yana koʻch-koʻroni yigʻishtirilib, koʻchishga tushishiga ishora bor. Barchin oʻz tushida yaqin vaqtlarda yana uning “chongʻarogʻi oʻyilib”, “zulfi yoyilib”, “toʻshagi jiyilib”, qayta koʻchish boshlanishini oldindan koʻrayapti. Dostonning boshdan oxirigacha boʻladigan butun jarayon ana shu parchada – tushda ayon boʻlmoqda.
Bunday misollarni xalq ogʻzaki ijodidan yana istagancha keltirish mumkin. Xalq dostonlari va ertaklaridagi ramzlar va tushni sharhlash milliy tafakkur darajasini aniqlash uchun gʻoyat muhimdir. Chunki bu ramzlarda milliy tafakkurga xos, millatning ijod, tasavvur, fantastik salohiyati yotadiki, bu ramzlarni oʻrganish xalq maʼnaviy tarixini, ruhiy dunyosini oʻrganishga olib keladi va bunday tadqiqotlar shaxsni tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi.
Xalq ogʻzaki ijodidagi har bir detal oʻziga xos timsolga ega boʻlib, ularni sharhlash ertak va dostonlarning maʼnosini toʻla anglashga yordam beradi. Toʻgʻri, baxshi yoki ertakchi ham asarga oʻz individual oʻxshatish, qiyoslarini kiritishi mumkin. Ammo bu ham anʼanaga, epik ijod qonuniyatiga mos kelmasa, asar syujetiga singishmaydi, uning “yotligi”ni xalq darrov anglab oladi. Oʻzida xalqning anʼana, udum, marosim, fikr tarzini ifoda etgan detalgina xalqona obrazning maʼnosini ochishi, kengaytirishi mumkin. Ayni holat dostondagi aksariyat badiiy tushlarga xos ekanligi kuzatiladi.
“Alpomish” dostonining boshqa variantlarida, xususan, Omon shoir Razzoq oʻgʻli,[3] Berdi baxshi,[4] Poʻlkan va Ergash Jumanbulbul oʻgʻli[5] variantlari oʻzaro muqoyasa qilinsa, epik asar tarkibidagi tush motivi badiiy tasviri qaysi bir variantda mukammal ijro etilganini aniqlash imkoni tugʻiladi. Ayni paytda, anʼanadan chekinish holati eposdagi ushbu motivning qaysi uzvlarda roʻy bergani, timsollar oʻrtasidagi uygʻunlik va farqlar oydinlashadi.
Omon shoir Razzoqov variantidagi tush tasviri Fozil shoir variantiga ancha yaqin. Tush anʼanaviy shaklda, dostondagi voqealar boshida va rivojida keladi. Barchin koʻrgan tush voqea rivojidan joy olgan: “Barchin tush koʻrib, tushida bir ajoyib ish koʻrib, Suqsuroy kanizini chaqirib:
Bunda keling boʻyginangdan, Suqsuroy,
Bul kecha yotibman tushlar koʻribman.
Tush boshida bir ajoyib ish koʻribman,
Yer yuzini bosib keldi ajdahor,
Bu tuyalar aralashib koʻrindi.
Qibla betdan bir oy tugʻib koʻrindi,
Oy yonida ikki yulduz koʻrindi.
Bul osmonda uchib keldi bir burgut,
Burgutning boshida tillo tumogʻi.
Burgut kelib oq uyimning tuynugiga qoʻnibdi,
Oq uyimning tuynugiga chang urdi.
Oq uyimning changʻorogʻi oʻyildi.
Bu tushimning taʼbiri ne, Suqsuroy?[6]
Suqsuroy ajdarho – qirq chilton, tuyalar – Boyboʻri, oy yonidagi ikki yulduz – Kuntugal va Qaldirgʻoch, burgut – Boychibor, uyga qoʻngani – ot yem yegani, tumogʻi – Alpomish, deb taʼbir qiladi.
Omon Razzoqov variantida tush tasviri Fozil shoir variantiga qiyos etilsa, bir qator uzvlardagi tarqoqlikni, taʼbirda esa anʼanadan chekinish holatlari mavjudligini kuzatamiz. Ushbu holat epik asar ijrosida keluvchi har bir motiv, umuman, dostonning mukammal koʻrinish olishida ijrochi mahoratini, uning anʼana yoʻllarini nechogʻlik egallaganini va boshqa obʼyektiv hamda subʼyektiv faktorlarga bogʻliq ravishda voqe boʻlishini oydinlashtirmoqda.
Eʼtiborli jihati shundaki, “Alpomish” dostonining aksariyat variantlarida Alpomish qalmoq yurtiga kelishi arafasida Barchinning tush koʻrishi bayon etiladi. Lekin har bir variantdagi poetik ifoda shakli, tush bilan bogʻliq timsollar oʻziga xos tarzda namoyon boʻladi.
Dostonning Saidmurod Panoh oʻgʻli variantida toʻrtlik sheʼriy shakl va savol-javob usuli tanlangan. Ushbu variantda Barchin oʻz koʻrgan tushini opa (ona)siga aytib, taʼbirini soʻraydi:
Bugun yotib bir tush koʻrdim, opajon,
Koʻrgan tushim yaxshilikka yoʻrsang-chi.
Qaygʻu-hasrat bilan oʻldim, opajon,
Koʻrgan tushim yaxshilikka yoʻrsang-chi.
– Menga aytgin endi koʻrgan tushingni,
Hali zamon koʻrasan Alpomishingni,
Seldayin oqizma koʻzda yoshingni,
Endi sen koʻrarsan Alpomishingni.
– Bir tarlon talpinib Qoʻngʻirotdan uchdi.
Yaxshilikka yoʻri, opa, bu tushdi,
Gurgonning boʻyida qirdi koʻp qushdi,
Koʻrgan tushim yaxshilikka yoʻrsang-chi.
– Uchgan boʻlsa, Alpomishday xoningdir,
Boysin elda qolgan mehriboningdir,
Qirgan qushi qalmoq Qorajoningdir,
Endi sen koʻrarsan Alpomishingni.
– Soʻngra ustiga qoʻndi uyimdi,
Koʻnglimdan koʻtargan qaygʻu-voyimdi,
Koʻk yol boʻri kelib, qirdi qoʻyimdi,
Koʻrgan tushim yaxshilikka yoʻrsang-chi.
– Talpinib ustiga qoʻnsa uyingdi,
Koʻnglingdan koʻtarar qaygʻu-voyingdi.
Koʻk yol boʻri – yoring, qalmoq – qoʻyingdir,
Endi sen koʻrarsan Alpomishingni.
– Soʻngra parvoz etib keldi qoshima,
Humoyunday soya soldi boshima,
Soya solib changal soldi toʻshima,
Koʻrgan tushim yaxshilikka yoʻrsang-chi.
– Kelgandan soʻng yoring kelar qoshingga,
Humoyunday soya solar boshingga,
Yoring kelsa, changal solar toʻshingga,
Endi sen koʻrarsan Alpomishingni.
– Bir pasl oʻtirdi mening yonimga,
Qahrlanib changal soldi sonimga,
Bu sonim boʻyaldi qizil qonimga,
Koʻrgan tushim yaxshilikka yoʻrsang-chi.
– Yoring kelsa kelar sening yoningga,
Kelgandan soʻng changal solar soninggga,
Yoring kelsa, boʻyamaymi qoningga,
Endi sen koʻrarsan Alpomishingni.[7]
Bu oʻrinda baxshi tanlagan poetik shakl qahramonlik eposiga xos boʻlgan tush aytish anʼanasiga zid. Chunki hayotda ham, qahromonlik eposi tarkibida ham tush toʻliq aytilib, soʻngra taʼbir etiladi. Ikkinchidan, Barchin hali tushini aytmay turib, onasi “Hali zamon koʻrasan Alpomishingni”, deb xabar bermoqda. Bu esa tinglovchida tabiiy ravishda onasi Alpomishning kelishini qaysi asosga koʻra bilib, aytmoqda, degan savol tugʻdiradi.
Saidmurod Panoh oʻgʻli variantida kelgan tush timsollariga diqqat qilaylik: “Qoʻngʻirotdan uchgan tarlon”, “koʻk yol boʻri”, “qoʻylar”. Tushda ana shu timsollar vositasida xabar aytilib, taʼbir qilingan.
“Alpomish” dostonining yuqorida qarab chiqqan uch variantida timsoliy obrazlar va ularning makon, zamonga taalluqlilik oʻrinlari taʼbirda kelayotgan semantik koʻlamlari oʻzaro muqoyasa etilsa, har bir variantning badiiy qimmati, ijrochining anʼana oʻzanidagi mahorati namoyon boʻladi.
Fozil shoir variantidagi tush tasviri, taʼbiri mukammal. Unda xabar aytuvchi, yetkazuvchi, oluvchilar aniq. Taʼbir ham mifo-poetik anʼanalarga mos. Tushning badiiy ifoda shakli, kompozitsion qurilishi ham mukammal. Ushbu holatlar Fozil shoir variantidagi tush bayoni va taʼbirida xatoliklar, anʼananing buzilish holatlari yoʻqligini koʻrsatadi.
Omon Razzoqov va Saidmurod Panoh oʻgʻli variantlarida bosqichma-bosqich anʼanadan chekinish holatlari kuzatiladi. Bu oʻrinda tush motivi, tush koʻruvchi, taʼbirchi va tushning badiiy yuki boʻlishi barobarida, tush bilan bogʻliq voqeaning ifoda etilishi, timsollar, taʼbirdagi maʼnolarda anʼanadan uzoqlashilganini koʻrishimiz mumkin. Masalan, Omon Razzoqov variantida tush bayonida umumtizim boʻlimlarining tartibi almashgan. Yaʼni koʻk qatlami tasviri ikkinchi oʻringa olingan. Anʼananing bu tartibda oʻzgarishi, oʻz navbatida, taʼbir mazmuniga ham taʼsir etgan. Tushning “vositachi” timsollar bilan bogʻliq uzvida ham uzilishlar mavjud. Saidmurod Panoh oʻgʻlida esa Fozil shoir variantidagi mukammal tizimni deyarli koʻrmaymiz.
Ushbu qiyosiy tadqiq u yoki bu tush motivi, maʼlum bir obraz va uning semantikasi xususida xulosa chiqarishda uning ijrochi tomonidan anʼanaga ne qadar uygʻun ijro etilganini ham nazardan qochirmaslik kerakligini koʻrsatmoqda.
Doston tarkibidagi tushning asar kompozitsiyasi, syujet qurilmasidagi oʻrni, badiiy vazifasi va ushbu motivning tub asoslari, undagi timsol, ramzlarning semantik koʻlamini atroflicha tahlil va tadqiq etish umumfolklordagi tush hodisasining tabiati, badiiy-estetik qimmatini yoritish imkonini beradi.
Doston syujetida tush motivi oʻzaro qiyoslanib tahlil qilinganda tush motivi ayrim variantlarda barqaror, ayrim variantlarda nobarqaror motiv boʻlib kelganini koʻramiz.
Maʼlumki, nafaqat turkiy, umuman, dunyo xalqlari epik asarlarida maʼlum miqdordagi motivlar va sanoqli syujet tiplari mavjud boʻlib, dostonlar ana shu motivlarning biror bir syujet tipi doirasida u yoki bu darajada kombinatsion yangilanishi natijasida paydo boʻladi.
Epik asarlar syujet tizimida koʻpincha biror bir motiv yetakchi oʻrin egallaydi. Qolganlari esa ushbu tayanch motiv atrofida birlashadi. “Kuntugʻmish” dostonidagi tush motivi ana shunday birlashtiruvchi, asosiy oʻzak vazifasini oʻtab kelganini koʻramiz. Asar qahramonlari – Kuntugʻmish va Xolbekaning doston boshidagi tushlarini bunga misol tariqasida keltirishimiz mumkin.
“Kuntugʻmish” dostonidagi dastlabki tush voqea boshida keladi va asar syujetida oʻziga xos tugun vazifasini bajaradi. Dostonning Ergash shoir variantidagi tasvir eng mukammal boʻlganligi bois ushbu tushni misol tariqasida olamiz. Ushbu tushdagi bir qator holatlar beixtiyor tinglovchi eʼtiborini oʻziga tortadi:
“Kunlardan bir kun Xolbeka noz uyquda yotib edi, bir tush koʻrdi: Chiltonlar va mardon gʻoyiblar bir tongda suhbat qilib oʻtirib edi, bir chilton kelib, Xolbekaning ruhini olib bordi, bittasi kelib, Kuntugʻmishning ruhini olib bordi. Chiltonlar toʻy qilib, Xolbekani toʻraga topshirdilar. Ikkovi bir toʻshakda yotib, bir-biroviga soʻz qotib, Xolbeka soʻradi: “Sen kimsan, joy-manziling qayda, oting kimdir?” Toʻra aytdi: “Otim Kuntugʻmish, otamning oti Avliyoi Qoraxon, otam Noʻgʻoyga podsho, Noʻgʻoy toʻrasi boʻlaman. Sen kimsan, oting kimdir, yurting qayerda?” Xolbeka aytdi: “Otim Xolbeka, otamning oti Shoir vazir, yurtim shahri Zangarda”.
Ikkovi bir-birovi bilan oʻynashib, toʻrasining juzugini Xolbeka olib, qoʻliga soldi; Xolbekaning uzugini toʻra olib, qoʻliga soldi. Shu kecha Kuntugʻmish ham shunday bir tush koʻrdi. Shu ishda ikkovi ham uyondi.
Toʻra bir oh tortib, bu dardini hech kimga aytolmay, niginga qarasa, boshqa nigin; qogʻozga muhr qilib bossa, Xolbekaning oti chiqadi.
Xolbeka ham uyqudan uygʻonib, toʻraning ishqida ilonday toʻlgʻonib, aslo orom-qarori qolmadi. Bu ham uzugini koʻrsa, oʻziniki emas; qogʻozga bosib koʻrsa, Kuntugʻmish toʻraning oti chiqadi.
Xolbekaning Bahragul degan kanizi bor edi, aksari sirlarini Bahragulga aytar edi. Bahragul Xolbekaning bezovtaligini anglab: – Oybibim, seni ilgarilarday koʻrmayman, xotiringning mushavvashligini menga bildirsang, tanda jonim bor, tadorikini – ilojini qilsam kerak. Xolbeka: – E Bahragul, menga bir dard tekkan, iloji ne boʻlishi aslo sira yoʻq, – deb niginni koʻrsatib, koʻrgan tushlarini Bahragulga bir-bir bayon qilib, yana aytdi”.[8]
Diqqatga molik holatlar: 1. Chilton va Mardon gʻayblarning tonggi suhbatlariga Xolbeka va Kuntugʻmishni olib kelishi; 2. Chiltonlarning toʻy qilib, Xolbekani toʻraga topshirishi; 3. Xolbeka va toʻraning bir oʻrinda yotib, manzil joyi va kimligini soʻrab bilishi; 4. Toʻra va Xolbeka uzuklarining almashinuvi; 5. Xolbeka va toʻra uygʻonib, oʻz qoʻlida boshqa uzukni koʻrishlari; 6. Bir tushning bir vaqtning oʻzida ikki kishi tomonidan koʻrilishi.
Mazkur parchada gʻoyiblarning Kuntugʻmish va Xolbekaning ruhlarini tushda uchrashtirishlari mifologik qarashlardagi inson uxlaganda jon, yaʼni ruh tanadan chiqib, sayr etib keladi, degan inonchga toʻgʻri keladi. Chiltonlarning toʻy qilishi, matn osti maʼnosiga koʻra, bu ilohiy nikoh hisoblanadi. Dunyo xalqlarining mifologik tasavvurlariga koʻra, ikki tanlangan juftning nikohi muqaddas sanaladi.[9]
Motivdagi uzuk – bu, birinchidan, yomon kuchlardan himoya qiluvchi halqa, ikkinchidan, ikkalasining ruhi qoʻshilganini tasdiqlovchi ramz. Uzukka qahramonlarning ismi bitilganligi, mifologik tafakkurga koʻra, insonning oʻziga tengdir. Chunki inson ismiga egalik qilish, uning oʻziga, ruhiga egalik qilish deganidir.
Detallar, predmetlar tush motivida turli vazifalarni bajaradilar. Bahrigul tipik taʼbirchi obrazi, tarixan shomonlik bilan bogʻliq. Xolbekaning oʻzida ham shomonlik bor. Chunki u oʻz tushini oʻzi taʼbir qiladi. Bu tush voqea bayonidan joy olgan:
“Toʻra sachrab uygʻonsa, tong otayin depti. “Hay attang, doʻstim ketib qolgandirov”, deb joyidan turganda toʻrasining sharpasidan Xolbeka oyim uygʻonib, toʻrasiga “toʻxta” deb bir soʻz dedi:
…Yotib edim, vallamatim, tush koʻrdim,
Men tushimda bir qabohat ish koʻrdim,
Mabodo koʻnglingga ogʻir olmasang,
Ek qanoti mayib boʻlgan qush koʻrdim.
Vaqti tong koʻribman, mard toʻram, tushdi,
Bu tushdan koʻnglim aylar xurushdi.
Tushimda qoʻlingdan shunqoring qochdi,
Bordi-da, sayyodning toʻriga tushdi.
Mabodo koʻnglingga ogʻir olmasang,
Ikki birday yongan chirogʻing oʻchdi.
Oyim qizman, ishim haqdan koʻrayin,
Shonaman sochimni toblab tarayin.
Mabodo koʻnglingga ogʻir olmasang,
Shu tushimni, toʻram, oʻzim joʻrayin…[10]
Xolbekaning bu tushida ruhlar uni boʻlgʻusi falokatlardan ogoh etmoqda. Biroq Kuntugʻmish uning bu tushiga eʼtibor qilmaydi. Noiloj qolgan Xolbekaning “Endi senga duo qilmoq lozimdir”, deyishida duo yordamida yomon tush ijrosining oldini olishga boʻlgan inonch yotadi.
Alim baxshi variantida tush bayoni juda qisqa berilgan. Avvalgi obrazlar oʻrniga Xizr keladi. Toʻy, uzuk detallari yoʻq.[11]
Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli variantida Xolbeka va Kuntugʻmishning ruhlari uchrashmaydi.[12] Biroq bitta tushni ikkalasi ham bir paytda koʻrishadi. Bu variantdagi tush motivi Ergash Jumanbulbul oʻgʻlinikiga ancha yaqin. Tush avval sajʼda (nasrda), keyin nazmda beriladi. Taʼbirchi Miroxoʻr ham xuddi Bahrigul kabi shomon obrazining dostondagi badiiy ifodasidir. Bekmurod Joʻraboy oʻgʻlida Ergash Jumanbulbul oʻgʻli variantida kelgan ikki tush parchasi birlashib ketgan.
Tushdagi ramzlarga eʼtibor qilaylik: Ikki qanoti mayib boʻlgan qush, qoʻldagi shunqorning uchib ketib, sayyodning qoʻliga tushishi, ikki birday yongʻon chirogʻning oʻchishi. Xolbekaning taʼbiriga koʻra, qahramonlar hayotining keyinida sodir boʻladigan butun voqealar mazkur parchada ramziy ifoda qilib berilmoqda.
Uning tushidagi ikki qanoti mayib boʻlgan qush – ham xotini, ham bolalaridan ayrilib qolgan Kuntugʻmish. Epik ijodda chiroq ramzi keng maʼnoga ega. Koʻp oʻrinlarda u tiriklik, hayot ramzi boʻlib kelsa, bu oʻrinda ikki birday yongan chiroqining oʻchishi farzandlarni ifodalab kelmoqda. Zero, ota-ona oʻz farzandalarini erkalaganda “chirogʻim”, “koʻzimning nuri”, “hayotim”, deb erkalaydi.
Mutaxassislar romanik dostonlarda, ishqiy-sarguzasht xarakterida boʻlsa-da, qahramonlik xususiyatlari boʻrtib turishini alohida taʼkidlaydilar. “Kuntugʻmish” dostonidagi voqealar tizimi uni romanik dostondan koʻra qahramonlik dostoniga kiritish mumkinligini koʻrsatadi. Viktor Jirmunskiy va Hodi Zarifovlar “Kuntugʻmish” dostonidagi sinov motivi koʻp jihatdan “Alpomish” dostonidagi sinov motiviga juda oʻxshash ekanligini taʼkidlaydi.[13] Nafaqat sinov, balki boshqa, jumladan, tush motivi ham olimlarning bu fikrini toʻla tasdiqlaydi.
Dostonning boshida kelgan dastlabki tush tafsiloti har jihatdan real voqelikka oʻxshaydi. Shu sababli ham maxsus taʼbir qilinmagan. Mohiyat eʼtiboriga koʻra, bu parcha “Alpomish” dostonidagi Alpomishning choʻponlar qoʻshxonasida uxlab kolib, koʻrgan tushiga uygʻun keladi.
“Shohimardon piri chiltonlarga aytdi: – Bul bachcha bizning muridimiz boʻladi, bugun sizlarga mehmon boʻldi, koʻnglini naza qilmay, vaqtini xushlab joʻnatingizlar. Shu gapni aytib, Shohimardon piri joʻnab ketdi. Chiltonlar koʻnglini xushlab, otning jilovidan ushlab, Boychiborni tablaga tortib tashlab, Hakimbekni chiltonlar suhbatga boshlab, bekning vaqtini xushlab oʻtirdi. Ot qoqib, yoʻl yurib borgan odam, chiltonlar suhbatida oʻtirib-oʻtirib uyqu olib ketdi. Chiltonlar: – Bu bachcha Shohimardon pirning muridi ekan. Bizning suhbatimizda boʻldi, vaqtini xushlay olmadik, – dedi. Chiltonlar ilmu karomat bilan Chilbir choʻlidan, Oyna koʻlidan, Baxmal oʻtovda uxlab yotgan yeridan Barchinning ruhini olib keldi tanidan. Alpomish munda uxlab yotibdi, uxlab yotgan yeridan buning ham ruhini tanidan oldi. Alpomishning ruhi bilan Barchinning ruhi oʻrtada bir yerga qoʻydi. Bir kosa sharobi antahur chiltonlardan Barchinning ruhiga tegdi. Barchinning ruhi sharobni qoʻliga olib, Alpomishni koʻrib, bir oʻzi ichgani koʻngli boʻlmay, Alpomishning ruhiga oling-oling qilib, bu soʻzni aytib turgan ekan:
Oling, allayor-allayor,
Keling, allayor-allayor,
Boʻling, allayor-allayor.
Kosa ushlab, qoʻlim toldi,
Biyning qizi mahtal boʻldi,
Koʻnglingiz kimdan qoldi,
Boqolmay yurdik sabildi,
Xon toʻram, sizga ne boʻldi,
Oling, allayor-allayor.[14]
Alpomish bu alyorga oʻz javobini berar ekan, qalmoqlar dodini berib, doʻst-dushmanni qoyil qilmaguncha: “… Ichmam allayor-allayor”, deb aytadi. Sahar vaqti chiltonlar ruhlarni jasadga qaytarishadi. Alpomish: “… Qadimgidan sertaraddud boʻlib, biyning qizini tushida koʻrib: – Oq qubba kelgan, qizil chiroyli, xoʻp barkamol, yaxti qiz ekan, – deb yotibdi”.[15]
“Barchin ham kanizlarga kulib oʻtiribdi: – Biy bobomning oʻgʻli tushimga kiribdi, ikkovimiz bir yerda oʻtiribmiz, pok boʻlmasa, it yiqilish boʻlaylik, deb qopmiz, ancha gaplashibmiz, – deb vaqti xush boʻp oʻtiribdi”.[16]
Kuntugʻmish va Xolbeka koʻrgan tushdek Alpomish va Barchinning ham ruhlarini chiltonlar tushida uchrashtiradi. Taqdiri azalda bu qahramonlarning ajralmas juft ekanliklari “Kuntugʻmish”da nikoh uzugi orqali bayon etilsa, “Alpomish”da bu antahur sharobi va alyor orqali badiiy tasvirini topgan. Ushbu tush namunalari boshqalaridan tubdan farq qiladi.
Avvalo, tushda xalqning tush koʻrish haqidagi tasavvuri va uning qanday roʻy berishi bilan bogʻliq dunyoqarash aks etmoqda. Maʼlumki, xalqning koʻhna tasavvurlariga koʻra, har bir kishida ikki ruh bor. Biri – ruhi sokin, ikkinchisi – ruhi ravon. Ruhi ravon kishi uyquga ketgan vaqtda tanani maʼlum muddatga tark etib, turli makonlarga sayr etishi mumkin. Ana shu sayohat kishiga tush sifatida maʼlum boʻladi. Ruhi sokin tanani tark etsa, kishi halok boʻladi. Kuntugʻmish va Xolbeka, Alpomish va Barchinlarning ruhi ravonini chiltonlar tanadan olib, bir-biri bilan uchrashtiradi.
Ikkinchidan, tushni bir vaqtning oʻzida ikki kishi barobar koʻrmoqda va tushdagi koʻrsatmalarga amal qilmoqda.
Uchinchidan, tush – bu xabar, real voqelik esa kelajakda, oʻz maromida roʻy beradi. Dostonlarda bu mantiq ham buzilgan emas. Shu sababli ham Xolbeka va Barchin taqdirim egasi keldi, deb yorlarining oldiga tushib ketishmaydi. Qahramonlar yorga munosibligini qoʻyilgan shartlarni bajarib isbot etishib, murod-maqsadiga yetishadi.
Toʻrtinchidan, ochiq xabar shaklida kelgan tush epos syujetida oʻta muhim oʻrin tutadi va uning taʼbiri butun epik voqelik yakunida, yaxlit badiiy mazmun sifatida yuzaga chiqadi.
Beshinchidan, bu xil ochiq xabar shaklidagi tushlar miqdor jihatidan kamchilikni tashkil etadi va ulardagi timsollar bevosita taqdir, qadar mazmuniga uygʻun yoki shu koʻlamdagi mazmunni ifodalaydi. Masalan, “Kuntugʻmish” dostonida uzuk timsoli, “Alpomish” dostonidagi antahur sharobining ramziy maʼnosi birgina nikoh uzugi yoki mehmondorchilik ziynati boʻlmish may emas. Uzuk koʻkda belgilangan taqdir halqasi, antahur sharob ilohiy ishq mazmuniga ega.
Hayotda boʻlgani kabi badiiy matndagi tushlar, birinchi galda, xabar beradi. Ushbu xabarlar aynan hayotiy tushlardan badiiy asar tarkibida ikki xil, timsol va ramzlarga yoʻgʻrilgan hamda ochiq axborot tarzida namoyon boʻladi. Lekin har qanday asar, birinchi navbatda, ertak va dostonlarimizdagi tushlar asardagi voqelikka chambarchas bogʻliq boʻlgani uchun badiiylik kasb etadi. Shuning uchun ochiq axborot shaklida kelgan tushlar ham ramziylikdan xoli emas. Bu ramziylik esa, yuqorida qayd etganimizdek, asarning yaxlit mazmuni, gʻoyaviy-badiiy yoʻnalishi asosida yuzaga chiqadi.
Ushbu holat tom maʼnoda “eposda taqdir – bosh qahramon”, degan tezisning haq ekanligini tasdiqlaydi. Chunki eposda roʻy berishi mumkin boʻlgan voqealar magʻzi tushda timsolli, ramzlarga yoʻgʻrilgan holda bayon etiladi. Asar qahramonining taqdir chiziqlariga ishoratlar beriladi. Qahramon ana shu taqdirni oʻz xatti-harakatlari bilan namoyon etadi.
Xuddi “Alpomish” va “Kuntugʻmish” dostonidagidek “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarida ham tush motivi alohida oʻrin tutadi. Maʼlumki, “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarining tarqalish geografiyasi Oʻrta Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq mamlakatlari kabi juda katta hududni qamrab oladi. Necha asrlardan buyon ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelayotgan bu epik ijod namunasining oʻzbek, ozarbayjon, turk, turkman, qoraqalpoq, tatar, qozoq, tojik, arman versiyalari anchayin mashhur boʻlib, bugungi kunda ham baxshilar tomonidan sevib kuylab kelinmoqda.
“Goʻroʻgʻli” dostoni turkiy xalqlar orasida ham, xorijda ham anchayin keng oʻrganilgan. Bular orasida A. Xodziko, V. Jirmunskiy, H. Zarifov, B. A. Karriyev, T. Mirzayev, P. N. Baratov, Sh. Elchin, Soim Soka oʻgʻli, F. Turkman, I. Oʻzkan, O. Oʻgʻuz, M. Ekichi, H. Tamxasib, M. Seyidov, X. Korogli, A. Margulon, M. Sayidov, K. Rayxl hamda Sh. Turdimov kabi olimlarning xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtish zarur.[17]
Oʻzbeklar orasida “Goʻroʻgʻli”ning yuzdan ortiq variantlari mavjud. Bu dostonlarning har birini alohida mustaqil doston sifatida baholash ham mumkin.
“Goʻroʻgʻli” dostonining oʻzbek variantlari qiyoslansa, syujet va motivda oʻxshashlik mavjudligini, ular oʻrtasidagi tafovut u qadar katta emasligini koʻramiz. Ular oʻrtasidagi farq uslubda, ijroda va anʼanaga boʻlgan turlicha yondashuvda ekanini kuzatamiz.
“Goʻroʻgʻli” dostonining ana shunday variantlaridan biri Poʻlkan shoirga tegishli. U Qoʻrgʻon dostonchilik maktabining yirik vakili hisoblanadi. Poʻlkandan yozib olingan koʻplab termalar, dostonlar oʻzbek folklorining noyob durdonalari hisoblanadi. Ustoz folklorshunos olim Toʻra Mirzayevning eʼtirof etishicha, Poʻlkan hayratomuz quvvai hofizaga ega yirik dostonchi boʻlgan.[18] Epik repurtuarining nihoyatda boyligi, xilma-xilligi bilan ham oʻzbek dostonchiligida alohida oʻrin tutadi. Odatda, oddiy baxshilar 5–10 ta, eng qobiliyatlilari 30–40 tagacha dostonni yoddan kuylaganlar. Poʻlkan esa 70 dan ortiq dostonni maroq bilan ijro etgan. Uning repertuaridan joy olgan birgina “Qironxon” dostonining oʻziyoq 20000 (yigirma ming) misra sheʼr va qariyb shuncha nasrni tashkil etadi. Eng muhimi, u XX asr boshlarida “Oʻzbek dostonchiligini yangi bosqichga koʻtargan”.[19]
Poʻlkan ijodiga nazar tashlaydigan boʻlsak, asosan “Goʻroʻgʻli” turkumidagi dostonlarni kuylaganini koʻramiz. “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi”, “Zaydinoy”, “Yunus pari”, “Misqol pari”, “Gulnor pari”, “Avazxon”, “Avazxonning uylanishi”, “Hasanxon”, “Temirxon podsho”, “Boʻtakoʻz”, “Avazni izlash”, “Hilomon” kabi oʻnlab dostonlar buning misolidir.
Bularning orasida Poʻlkan kuylagan “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostoni yuksak badiiyati, obrazlarning muvafaqqiyatli talqini, mifologik motivlarning qadimiyligi bilan ajralib turadi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” butun turkum uchun dasturiy asardir. U qahramon va epik otining butun hayot yoʻlini avvaldan belgilab beradi. Folklorshunoslarimiz qayd etishganidek, garchi turkumga kiruvchi har bir doston mustaqil syujetga ega boʻlsa-da, ularning barchasini Goʻroʻgʻli, Gʻirot, Chambil birlashtirib turadi.[20] Bizningcha, bu yaxlitlashtiruvchi uchlikni Xizr, gʻoyib pirlar, Soqibulbul, Yunus va Misqol pari obrazlari, qahramonga Xizr bergan oq va qora patlar kabi badiiy detallar hisobiga yanada koʻpaytirish mumkin. Ushbu dostonda biz ularning barchasini, jumladan, Chambil, Hasanxon, Avazxon haqidagi xabarlarni ham birinchi marta uchratamiz.
Dostondagi Bobo Qambar va Xizrning Goʻroʻgʻliga murojaatlarida qahramonning kelajakdagi butun hayot yoʻli, barchasi boʻlmasa ham, Poʻlkan shoirga maʼlum boʻlgan Goʻroʻgʻli turkum dostonlari haqida formula – kod shaklidagi axborotlar beriladi. Hatto uning oʻz farzandi boʻlmasligi ham badiiy asoslanadi.[21] Qolaversa, afsonaviy Bobo Qambarni baxshilar piri deb ham bilganlarki, juda koʻp dostonlarda Goʻroʻgʻlining baxshilik – shomonlik sifati ana shu qarash bilan bogʻliq.[22] Yana bir eʼtiborli tomoni shundaki, bu dostonda serqatlam Xizr obrazining islomgacha boʻlgan talqinlari ham koʻzga tashlanadi, yaʼni u Gʻirotning homiysi boʻladi. Ot kulti esa turkiy xalqlarda juda qadimdan mavjud boʻlgan.[23]
Qahramonlar, personajlarning tushlari doston syujeti davomida, albatta, badiiy voqelikka aylanishi oʻzbek eposi uchun oʻziga xos bir qonuniyatga ega. Agar baxshi Goʻroʻgʻlining Xizr va pirlar bilan har ikkala uchrashuvini faqat tush sifatida bayon qilganda ham asarning umumiy mohiyatiga putur yetmas edi. Asarda qahramon Bobo Qambar va pirlar bilan birinchi marta tushida uchrashadi, oti va Yunus, Misqol parilar haqida xabar topadi. Dostonda tush motivi asar syujetini shakllantirishda asosiy ahamiyat kasb etib, dostonning har jihatdan yaxlitligini taʼminlashga xizmat qilgan. Asarning nazmiy qismi ham Shoxdorxon tushi va uning taʼbiridan boshlanishi fikrimizning isbotidir.
Boshqa qahramonlik dostonlarimiz kabi mazkur dostonda ham tush va tugʻilish motivi yonma-yon keladi. Zero, oldingi boblarda taʼkidlaganimizdek, qahramonlik dostonlarida tush motivining ayrimlari voqea boshida, ayrimlari voqea rivojida, baʼzilari esa voqea yakunida kelib, har biri oʻrniga qarab dostonda oʻziga xos muhim bir funksiya bajarib keladi.
“Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonida dastlabki tush voqea boshida keladi. Shoxdorxon koʻrgan tushining taʼbirini soʻrab, shunday deydi:
Gumburlarim, bugun uxlab tush koʻrdim,
Men tushimda koʻp qabohat ish koʻrdim.
Yo bilmayman, oʻzi manglayning shoʻri,
Kelgan boʻri, qurʼaandozlar, kim boʻldi?
Ikki boʻri togʻda ikki sher quvdi,
Sherbachchalar qoʻyga oralab qoldi.
Qoʻyimning oʻligin har yoqqa otdi,
Tutunim burnimdan chiqib ketdi,
Bu tushimning taʼbirlari ne boʻldi?
Tepamdan bir lagan tilla sochildi,
Ogʻzimdan bir tolpir qushim uchildi.
Imoratim bari tekis boʻldi,
Bir oy elima paydo boʻldi.
Shuʼlasi olamni yop-yorugʻ qildi,
Qurʼaandozlar, ayting, taʼbir na boʻldi?
Bir chinor elimdan koʻkarim ketdi,
Gʻalt oʻrib shoxasi osmonga yetdi,
Quray, quray soyalagan kim boʻldi?
Sochlaringni tol-tol qilib taranglar,
Bu gaplardi kim koʻrgandan soʻranglar.
Tushi qursin, taʼbirlari koʻp yomon,
Bu tushimning taʼbirini yoʻringlar!
Munajjimlar, ayting, taʼbir ne boʻldi?[24]
Xuddi “Alpomish” dostonida kabi doston davomida kechadigan butun voqealar mana shu kichik bir parchada toʻlaligicha bayon qilib berilmoqda. Yaʼni Yovmit elidan qul qilib olib kelingan Ravshan va Gajdumbekning avlodi – Goʻroʻgʻli tugʻilib, Shoxdorxonning saltanatini yakson etib, yurtga podsho boʻladi va mamlakatni obod qiladi.
Tushdagi ramzlarga eʼtibor qilaylik: boʻri, sher, har yoqqa oʻligi otilgan qoʻylar, burundan tutun chiqib ketishi, tepasidan tillo sochilishi, ogʻzidan qush uchib chiqishi, imorati tekis, yaʼni vayron boʻlishi, porlagan oyning shuʼla taratishi, chinor oʻsib, boʻyi osmonga yetishi, soyasida kimlarningdir yayrashi. Boʻri, sher obrazlari bizga tushunarli. Dostonlarimizda qahramonlarning sherga, boʻriga oʻxshatilishining oʻzidayoq xalqimizning qadim mifologik tasavvur izlarini koʻramiz. Xususan, boʻri juda koʻp turkiy qabilalarning totemi boʻlib, u bilan bogʻliq koʻpgina inonchlar oʻzbeklarda XX asrda ham maʼlum darajada mavjud edi. Bizningcha, Yovmitdan kelgan boʻrilar – Gajdumbek bilan Ravshan, farzandlar – Bibi Hilol bilan Goʻroʻgʻlidir. Taʼbirda aytilmasa-da, tushdagi Shoxdorxon elidan koʻkarib ketgan chinor ham Goʻroʻgʻlidir. Oy deganda Bibi Hilol nazarda tutilmoqda. Chunki hilol yangi chiqqan oy, demakdir.
“Tepasidan tillo sochilishi”, “burnidan tutuni chiqib ketishi”, “ogʻzidan bir tulpor qushning uchib chiqib ketishi” ham animistik tasavvurlar mahsulidir. Bu misralarda Shoxdorxonning tez orada joni uzilib, narigi dunyoga ravona boʻlishi bashorat qilinmoqda. “Imoratim bari tekis boʻldi” misrasi Shoxdorxon saltanatining vayron boʻlishiga ishora qilmoqda.
Dostonda Yusuf qurʼaandozning taʼbiri xalq qarashlariga toʻla mos keladi. Chunki jonning ogʻizdan qush boʻlib chiqishi va tanaga qaytishi dostonlarda devlar obrazi misolida juda koʻp uchraydi.[25] Shuningdek, xalqda jon kapalak boʻlib chiqib ketadi, degan tassavurlar qadimdan bor. Oʻzbeklar tushda imorat qulashini oʻlimga bogʻlab taʼbir qilganlar, hatto imoratning eski yoki yangiligiga qarab boʻlajak marhumning keksa yoki yoshligini ham aniqlashgan. Dostonda taʼbirchi tepadan sochilgan tillani qonga taʼbir qiladiki, bu bir oz aniqlikni talab etadi. Maʼlumki, kelib chiqishiga koʻra oʻzbeklarning qipchoq etnik qatlamlarining baʼzilarida keksa yoshlilar vafot etishganda qabristongacha marhum tobuti ustidan tanga sochib borish odati oʻtgan asrning oʻrtalarida ham maʼlum darajada mavjud edi. Bizningcha, Shoxdorxon tushida ana shu odat ramziy maʼnoda oʻz ifodasini topgan.
Shunga oʻxshash holatning xalqimizning qadim yodgorligi “Irq bitigi – Taʼbirnoma”da ham kelganini yuqorida aytib oʻtgan edik.[26]
Oʻzbek folklorining boshqa namunalari, xususan, ertak, qoʻshiqlarimizda ham uy, imorat, tom obrazlariga bot-bot duch kelamiz.
“Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonidagi Shoxdorxon koʻrgan tushdagi “Imoratim bari tekis boʻldi” misrasi va “Kitobi Dada Qoʻrqut”dagi “Solor Qozon uyining talon-toroj qilinishi” nomli qoʻshiqda Solor Qozon tushidagi “uy” obrazlari hamda “Irq bitigi”dagi imorat timsolini yaxlitlikda olib qarasak, ushbu manbalardagi “uy” obrazining umumiy timsoliy mazmunga egaligini koʻramiz.
Tush tili – ramzlar tili, yaʼni E. Fromm aytganidek, “Bu – barcha xalqlar uchun birdek tushunarli boʻlgan yagona umumiy tildir”.[27] Ammo dostonlardagi tush motivlarida bu tilning murakkabligi turlicha darajada boʻladi. Jumladan, Shoxdorxonning tushi murakkab ramzli boʻlsa, Zaydinoy tushi juda sodda:
E enajon, bugun sahar tush koʻrdim,
Men tushimda bir qabohat ish koʻrdim.
Shu yerga kep, men kir yuvib yotganda
Oʻn besh yashar bachchani yoʻldosh koʻrdim.
Firib bilan ushlab oldi qoʻlimdan,
Zoʻrlik bilan olib ketdi elimdan,
Bir shaharga olib bordi oʻzimni,
Bir qari odam quchib yotdi belimdan…[28]
Bu yerda ramziylik juda kuchsiz. Agar uning tushligi aytilmasa, u badiiy voqelikdan zarracha farq qilmaydi. Uning ahamiyati ham Shoxdorxon yoki Goʻroʻgʻlining tushlari darajasida emas. Tush tushirib qoldirilsa ham asarning umumiy mohiyatiga zarar yetmaydi. Doston bilan tanishib chiqqan odam bachchaning – Goʻroʻgʻli, qari odamning – Ahmad, bir shaharning – Yovmit ekanligini juda tez ilgʻab oladi. Tush motivining bunday qiyosiy tahlillaridan dostonlardagi tushlar qanchalik keng va ramzlarga qanchalik boy boʻlsa, ularning doston syujetidagi oʻrni shunchalik baland va ahamiyatli, badiiy-estetik jihatlar yuqori boʻladi, degan xulosa kelib chiqadi.
Qadimgi professional tush taʼbirchilari oʻzlari bilmagan ravishda ruhiy tahlildan juda unumli foydalanganlar. Shu bois ruhiy tahlil metodini sodda qilib taʼbir va tahlil metodi ham, deyish mumkin.
Umuman olganda, bundan qariyb oʻn asr narida islomgacha boʻlgan xalq dunyoqarashlari, eʼtiqod, tasavvurlar tizimi bilan bogʻliq yaratilgan “Irq bitigi” va oʻrta asrlarda yozma shaklga kelgan “Kitobi Dada Qoʻrqut”, ogʻzaki anʼanalar mahsuli “Goʻroʻgʻli” kabi xalq dostonlari hamda bugungi kundagi xalq taʼbirnomalaridagi uy, imorat, tom timsollarining tub maʼnosi deyarli bir-biriga uygʻun ekanligini koʻrishimiz mumkin.
Darhaqiqat, dostonlarimizdagi uy yoxud biror bir imoratning vayron boʻlishi, qulashi, buzilishi bilan bogʻliq holatlar shunchaki baxshi improvizatsiyasi bilan bogʻliq oddiy oʻxshatish boʻlmay, asrlardan buyon ogʻzaki anʼana doirasida avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan qadimiy tasavvurlarning badiiy koʻrinishidir.
Tushda shartlilik mavjud. Shartlilik poetik sanʼat tabiatiga xos xususiyat. Tushdagi obrazlar taʼbiri, ulardan kelib chiquvchi mazmun ham shartlilik asosida yuzaga keladi. Bu esa tushdagi obrazlar poetik sanʼatlarga uygʻunligini koʻrsatadi. Tushdagi ramz va timsol deb qoʻllanilishiga sabab ham, birinchi galda, ana shu uygʻunlikka tayanadi. Tushdagi obraz har jihatdan poetik ramz va timsollarga yaqin. Folklor asarlarida tushlar ifoda va asar kompotsiziyasidagi oʻrni, vazifasiga koʻra ham ulkan badiiy vazifa bajaradi.
Tushning bu ikki turini ertaklar misolida ham koʻrishimiz mumkin. Faqat ertaklar tarkibida keluvchi tush namunalarida dostonlardagi kabi batafsillik, badiiy voqelik shaklini olishi (xuddi “Alpomish”, “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” va “Kuntugʻmish” dostonlaridagi kabi) kam uchraydi. Bu oʻrinda asar syujetida tayanch vazifani bajaruvchi “Xosiyatli tush” kabi ertaklarni istisno sifatida olish kerak.
“Xosiyatli tush” ertagida oʻtinchi kal bola tushida “oʻng tomonida quyosh, chap tomonida oy boqib turganini, u goh quyoshni, goh oyni quchib, bagʻriga bosayotganini koʻradi…” Kal bola onasining maslahati bilan tushini taʼbirlab berish uchun malikaning oldiga boradi. Oshigʻi bilan oʻtirgan malika esa uni saroydan haydaydi. Kal malikaning bu holatidan hayron boʻlib, uni poylaydi. Malika oshigʻiga: “Agar tushi rost boʻlsa, tez orada shu kal meni xotinlikka oladi. Uning oʻng tomonidagi kun men boʻlaman. Mening ustimga mendan ham chiroyli bir parizodni olar ekan. Kalning chap tomonidagi oy oʻsha parizod”, – deb aytganini eshitib qolib, tadbirga kirishadi. Ertak davomida kalning ana shu tushi oʻngidan kelganligi voqea bayonida maʼlum boʻladi.
Malika taʼbiriga koʻra, kal koʻrgan tush osmon yoritqichlari – quyosh va oy – malika va parizod, deb taʼbir qilinmoqda. Umuman olganda, folklor asarlari tarkibida kelgan tushlardagi ramziy, timsoliy mazmun tashuvchi detallarning tub maʼnolari taʼbirda aniq aytiladi. Shu jihatdan ular hayotdagi tushlardan farqlidir. Hayotda esa tushni taʼbirchigina taʼbirlay olishi mumkin. Bu oʻrinda anʼanaviy xalq taʼbirlari tayanch nuqta boʻlib xizmat qiladi.
“Xosiyatli tush” ertagida quyosh va oyga malika bergan talqin oʻzbek xalqining anʼanaviy tush taʼbirnomalaridagi oʻzak maʼnoga uygʻun. Jumladan, taʼbirnomalardan birida “quyosh chiqishi” – tuhfa, hayotdagi oʻzgarish, yaxshi daraklar, “oy” – katta daromad, “toʻlin oy” – sovchilik, deb koʻrsatilgan.[29] Jumladan, “Taʼbirnomai Yusuf alayhissalom” kitobida esa: “Har kim tushida oftobni koʻrsa, qiyomatda paygʻambarlar qatorida boʻlgʻay. Har kim tushida mohi tobni koʻrsa, podshohlar qatorida boʻlgʻay”, – deyilgan.[30]
Har ikki taʼbirnomadagi talqinlar mohiyatan bir-biriga yaqin keladi. Bu holatlar badiiy asarlar, xususan, folklordagi tushlarning ramz va timsollari maʼnosi, anʼanaviy xalq taʼbirnomalari (yozma va ogʻzaki shaklda) mazmuniga yaqin ekanligidan dalolat beradi.
Bob davomidagi tahlillar, mulohazalarni umumlashtirib, uning soʻngida quyidagi xulosalarga kelindi:
- Insoniyatning ibtidoiy madaniyati davrida bir-biri bilan genetik bogʻliq boʻlgan tasavvur – timsol – mif triadasi tush hodisasining ilk semantikasini tashkil etib, u timsollar tili bilan ifodalangan. Insoniyat tafakkurining birinchi hosilasi boʻlgan timsollar klassik miflar – marosimlar – folklorga poetik maʼno bagʻishladi. Asrlar davomida qayta-qayta mushohada qilish natijasida mifo-poetik tafakkurdan poetik tafakkur mustaqil ajrab chiqdi, ammo oʻzining tarixiy asoslaridan butunlay uzilib qolmadi. Jahon xalqlari, jumladan, oʻzbek xalqi folklori uchun ham tipik boʻlgan badiiy tushning tarixiy-hayotiy asoslari, ramzlar tizimi, timsoliy tili, badiiy-estetik xususiyatlari buning yorqin misolidir.
- Barcha tushlar tili timsollar tili boʻlib, tush hodisasi ruhiy-fiziologik jarayon, badiiy tush ana shu jaryonning qayta poetik mushohadasi boʻlgani uchun ular oʻrtasida qator umumiylik va farqlar mavjud. Tush semantikasi simvollarda ifodalangan tush bayoni va uning taʼbiri, timsollar tashigan axborotlardan iborat.
- Folklorning qaysi bir janri namunasi boʻlmasin, unga tush motivi, tush badiiy detali shunchaki kiritilmaydi. U albatta biror bir badiiy-estetik vazifa bajaradi. Har bir mukammal badiiy tush bayoni oʻz anʼanaviy zachini, tuguni, voqealar rivojiga egaki, taʼbir uning yechimini ifodalab, butun asarning maʼlum bir epizodlari yoki butun asar davomida, “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarida hatto turkum dostonlar syujetida oʻz tasdigʻini topib boradi. Demak, badiiy tush semantikasi: tush bayoni, taʼbiri va bu taʼbirning asar voqealaridagi tasdigʻidan iborat.
- Taʼbir tush bayonidagi timsollar tilini oddiy, soʻzlashuv tiliga oʻgirishdir. Timsollar tilini qay darajada bilishi va oddiy tilga qanday oʻgirishiga qarab taʼbirchilar oddiy va professional taʼbirchilarga boʻlinadi. Turkiy xalq shomonligidagi kabi dostonlardagi taʼbirchilar ayol kishi ham, erkak kishi ham boʻlishi mumkinki, kuzatishlarimiz professional taʼbirchilik tarixan shomonlik bilan bogʻliqligini koʻrsatadi.
- Oʻzbek dostonlarida professional taʼbirchilar qurʼaandoz, taʼbirchi, joʻriqchi, taʼbirlash joʻrish, joʻrash, deb yuritiladi. Biroq barcha folklor namunalari kabi taʼbirlar ham ogʻzaki anʼanada jamoa tomonidan yaratilib, avloddan-avlodga oʻtib, barqarorlik kasb etib kelgan. Keyinchalik ular asosida yozma taʼbirnomalar yaratilgan. Yaratilish davriga koʻra taʼbirlar toʻplamlarini islomgacha va undan keyin jamlangan taʼbirnomalarga boʻlish mumkin. Turkiy tildagi ilk va yagona yozma taʼbirnoma “Irq bitigi” boʻlsa, islomdan soʻng toʻplovchisi maʼlum va nomaʼlum boʻlgan juda koʻplab taʼbirnomalar yaratilgan. Biroq ogʻzaki xalq taʼbirlarini yozma taʼbirnomalarga qiyosiy tahlil qilsak, ular semantikasida farqlardan koʻra umumiyliklar ustuvorligini koʻramiz.
- Oʻzbek folklori yaxlit timsollar tizimiga ega boʻlishiga qaramay, har bir asar, maqol, topishmoq, qoʻshiq, ertak, doston va hokazolar tarkibida oʻziga xos qisqa yoki mukammal semantik maʼno, timsollar miqdoriga ega boʻladi. Shu bois koʻpincha ogʻzaki anʼanadagi tush simvollari talqini folklordagi talqinlardan farq qilishi mumkin.
- Oʻzbek folkloridagi eng mukammal badiiy tushlar namunalari Fozil Yoʻldosh oʻgʻli repurtuaridagi “Alpomish”, Ergash Jumanbulbul kuylagan “Kuntugʻmish”, Poʻlkan shoirning “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonlarida uchraydi.
- Mukammal badiiy tushlar timsoliy obrazlar, detallarga boy boʻlib, ularning har biri oʻziga xos badiiy-estetik maʼno tashiydi. Tushlar doston avvalida ham, voqealar rivojida ham kelib, ularning asosiy, tayanch semantik maʼnosi qahramonlar taqdirini avvaldan belgilab berishidadir. Taqdir esa azalu abad insoniyatni oʻylantirib kelgan masaladir.
Jabbor ESHONQUL
“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan.
[1] Alpomish. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.97 – 98.
[2] Oʻsha manba. – B.98 – 101.
[3] ZOʻFA. Inv. №943. Jami 72 bet.
[4] Alpomish. Doston / Aytuvchi Berdi baxshi. – Toshkent: Yozuvchi, 1999. – B.120.
[5] Alpomish. Doston / Aytuvchilar Poʻlkan shoir va Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. – Toshkent: Yozuvchi, 1999. – B.7, 80.
[6] Alpomish. Doston / Aytuvchi Omon shoir Razzoq oʻgʻli. ZOʻFA inv. №943.
[7] Alpomish. Doston / Aytuvchi Saidmurod Panoh oʻgʻli. Yozib oluvchi Shamsi Murodov Nashrga tayyorlovchi Toʻra Mirzayev // Alpomish. Yodgor. – Toshkent: Yozuvchi, 2000. – B.19 – 20.
[8] Kuntugʻmish. Doston / Aytuvchi: Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi Hodi Zarifov. Yozib oluvchi Isa Ernazar oʻgʻli. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1975. – B.135.
[9] Qarang: Grinser P.A. Drevneindiyskiy epos. – M.: Nauka, 1974; Meletinskiy Ye.M. «Edda» i ranniye formiʼ eposa. – M.: Nauka, 1968; Moldabayev I.B. Epos «Manas» kak istochnik izucheniya duxovnoy kulturiʼ kiʼrgizskogo naroda. – Frunze: Ilim, 1989.
[10] Kuntugʻmish. Doston. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli varianti. – B.136.
[11] Kuntugʻmish. Doston / Aytuvchi Alim baxshi Haqqul oʻgʻli. Qoʻlyozma. Inv. № 929.
[12] Xolbeka. Doston / Aytuvchi Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli. Yozib oluvchi va nashrga tayyorlovchi Zubayda Husainova. – Toshkent: Fan, 1967. – B.16.
[13] Jirmunskiy V., Zarifov X. Uzbekskiy narodniʼy geroicheskiy epos. – S.138.
[14] Alpomish. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli varianti. – B.91 – 94.
[15] Koʻrsatilgan manba. – B.91 – 93.
[16] Koʻrsatilgan manba. – B.93 – 94.
[17] Boratav Pertev Nail. Köroğlu Destanı. – İstanbul: Adam Yayıncılık, 1984; Türkmen Fikret. Köroğlu’nun Özbek Varyantları // Millî Folklor. – Ankara, 1989. -№4. – S.8 – 9; Türkmen Fikret. Köroğlu’nun Özbek ve Ermeni Varyantları //Köroğlu Semineri Bildirileri. – Ankara: Başbakanlık Basımevi, 1983. – S.83 – 90; Türkmen Fikret. Goroglu dastani. – Izmir, 1982; Oğuz, M. Öcal. Halk siirinde tür, sekil ve makam. – Ankara: Akçağ Yayınları, 2001; Turdimov Sh. «Goʻroʻgʻli» nomi xususida // Oʻzbek tili va adabiyoti. – Toshkent, 2000. -№3. – B.62 – 65; Oʻsha muallif.Soqibulbul // Sogʻlom avlod uchun. – Toshkent, 1996. -№2. – B.54 – 55; Oʻsha muallif. «Goʻroʻgʻli» turkumidagi Ahmad Sardor obrazi xususida // Xalq taʼlimi. – Toshkent, 1998. -№4. – B.72 – 76. Oʻsha muallif. «Goʻroʻgʻli» turkumida Xizr obrazi // Oʻzbek folklorshunosligi masalalari. – Toshkent: Fan, 2006. – B.53 – 59.
[18] Mirzayev T. Poʻlkan haqida soʻz // Poʻlkan shoir. – Toshkent: Fan, 1976. – B.5 – 9.
[19] Oʻsha manba.
[20] Qarang: Turdimov Sh. «Goʻroʻgʻli» (maqola va nasriy bayon) // Til va tafakkur. – Toshkent, 2005. -№2 – 3. – B.23 – 25; Ekici Metin. Türk dünyasinda Köroglu. – Ankara: Akçag, 2004; Ekici Metin. Halk Bildisi (Folklor). Derleme ve inceleme yontemleri. – Ankara: Geleneksel yayinleri, 2000.
[21] Qarang: Goʻroʻgʻlining tugʻilishi. Doston / Aytuvchi Muhammad Jomrod oʻgʻli Poʻlkan. – B.6 – 13; Goʻroʻgʻlining tugʻilishi. Doston / Aytuvchi Rahmatulla Yusuf oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi Toʻra Mirzayev. – Toshkent: Yozuvchi, 1996. – B.60 – 63: Goʻroʻgʻlining bolaligi. Doston / Aytuvchi Rahmatulla Yusuf oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi Toʻra Mirzayev. – Toshkent: Yozuvchi, 1996. – B.81.
[22] Shuni alohida taʼkidlash kerakki, «Goʻroʻgʻli» dostonini qadimgi bitiklar hamda epik ijod namunasi boʻlmish «Alpomish», «Manas», «Dada Qoʻrqut kitobi», «Qoblandi Botir», «Kuntugʻmush» kabi dostonlar bilan qiyosiy oʻrganish lozim. Bu dostonlarda bir-biriga oʻxshash, bir-birini toʻldiruvchi jihatlar anchagina. Misol uchun «Goʻroʻgʻli» turkum dostonlarining koʻpgina oʻzbek variantlarida xuddi Xorazm «Oshiq turkumi» dostonlaridagi kabi bosh qahramon baxshi timsolida keladi. Xuddi Qoʻrqut ota kabi Goʻroʻgʻlining dostonda baxshi va elning eng yaqin maslahatgoʻyi sifatida tasvirlanishi uni «Dada Qoʻrqut kitobi» bilan, «Alpomish» dostonida farzandsiz otalarning Shohimardon pir mozorida (ravzasida) tunab qolgandan keyin farzandli boʻlishi, aslida, Alpomishning tugʻilishi ham qaysidir darajada goʻr – qabr, yaʼni ajdodlar kulti bilan chambarchas bogʻliq ekanini urgʻulaydi. Yoxud «Kuntugʻmish» dostonidagi Kuntugʻmush ismining koʻplab maʼnolari mavjudligini olib qaraylik. Bu xuddi «Goʻroʻgʻli» dostonidagi kabi kundan, yaʼni quyoshdan tugʻilgan farzand, kun – quyosh farzandi maʼnolarini ham beradi.
[23] Qarang: Zarifov H. Oʻzbek xalq dostonlarining tarixiy asoslari boʻyicha tekshirishlar // Poʻlkan shoir. – Toshkent: Fan, 1976. – B.65 – 89; Turdimov Sh. Soqibulbul // Sogʻlom avlod uchun. – Toshkent, 1996. -№2. – B.54 – 55; Tilavov A. Oʻzbek xalq dostonlaridagi ot obrazining tarixiy asoslari va badiiy talqini. Filol. fanlari nomzodi diss….avtoref. – Toshkent, 2000.
[24] Goʻroʻgʻli. Poʻlkan shoir varianti. – B.12 – 13.
[25] Eshonqul J. Folklor: obraz va talqin. – Qarshi: Nasaf, 1999. – B.3 – 100.
[26] Irq bitigi –Taʼbirnoma // Qadimgi hikmatlar. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1987. – B.48.
[27] Fromm E. Zabiʼtiy yaziʼk //Dusha cheloveka. – S.184.
[28] Goʻroʻgʻlining tugʻilishi. Poʻlkan shoir varianti. – B.144.
[29] Taʼbirnoma. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2001. – B.20 – 21.
[30] Taʼbirnomai Yusuf alayhissalom / Noshir S.Hasanov. – Toshkent: Oʻzbegim maskani, 1990. – B.7.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ertak-va-dostonlardagi-tush-bilan-bogliq-ramzlar-talqini/