Agar dunyoda ikkita beozor odam boʻlsa bittasi Ermon buva. Agar dunyoda ikkita beozor odam boʻlsa yana bittasi – Ermon buvaning kampiri – Habiba buvi. Mabodo dunyoda ikkita yuvosh sigir boʻlsa bittasi Ermon buvaning ola sigiri. Agar shunaqa sigir dunyoda bitta boʻlsa shu sigirning oʻzi.
Ermon buvaning chap oyogʻi oqsoq: hassa bilan yuradi. Sigirining oʻng shoxi singan. Ola sigirning shoxi qandoq singanini hech kim bilmaydi. Ammo Ermon buvaning oyogʻi nega oqsoqligini hamma biladi. Biladi-yu, hamma har xil gapiradi. Oyimning aytishiga qaraganda, Ermon buvaning oyogʻi bosmachilar bilan urushda singan emish. Dadam boʻlsa boshqacha tushuntirgan. Qishloqni bosmachi bosganida Ermon buva daraxtga chiqib ketayotganda yiqilib, oyogʻi choʻloq boʻp qolganmish.
Xullas, nima boʻlgandayam u oqsoqlanib yuradi. Bahor paytlari ola sigirini yetaklab kelib qoladi. Qoʻlida hassa, sigirining butun shoxiga tuguncha ilib qoʻyilgan. Oʻtloqqa yetganidan keyin sigirning shoxidagi tugunchani oladi-da, oʻzini qoʻyib yuboradi. Belidagi qiyiqchasini tol soyasiga tashlab “bismillohu rahmonur rahim” deb maysa ustiga yonboshlaydi. Ola sigir shundoqqina uning yonida poyezddek pishillab oʻtlashga tushadi. Ora-chora shu ishim maʼqulmi, degandek egasiga qarab-qarab qoʻyadi. Shunaqa yuvosh sigirki, bolalar tagiga kirib emsa ham hoy, nima qilyapsan, deb qayrilib qaramaydi. Biroq bolalar Ermon buvani ham, sigirini ham qattiq hurmat qilishadi. Hatto joʻraboshimiz ham buvani koʻrishi bilan yuvosh tortib qoladi, ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib:
– Assalomu alaykum, buvajon, – deb salom beradi.
– Vaalaykum assalom, mullo boʻling, tasadduq, – deydi Ermon buva salmoqlab. Bari bir uning ovozi salmoqli chiqmaydi: xotinlarnikidek ingichka, ammo nihoyatda mehribon.
Uni har koʻrganda oyim aytib bergan Xizr esimga tushadi. Nega deganda Ermon buvaning sochi ham, soqoli ham, hatto koʻziga qayrilib tushgan oʻsiq qoshlarigacha oppoq. Oppoq yaktak, lozim kiyib yuradi. Habiba buvi kiyimini doim top-toza qilib yuvib, dazmollab beradi. Yaktagining delvagay yoqasidan koʻrinib turgan koʻkragidagi tuklariyam oppoq. Faqat ikki yuzi qip-qizil. Oyimning aytishiga qaraganda, farishtali odamning yuzidan nur tomib turarmish. Farishtaning qanaqa boʻlishini bilmaymanu, ammo Ermon buvani yaxshi koʻraman. Judayam yaxshi koʻraman.
U yonboshlab yotganicha yaktagining choʻntagidan nosqovogʻini chiqarib bir otim nosni tili tagiga tashlaydi-da, koʻzlarini qisib bahor oftobiga tikilgancha hassasini chertib xirgoyi qiladi:
“Tolda chumchuq sayraydi, koʻrsam koʻnglim yayraydi…”
Shunda endi yoʻlga kirgan ukam ishtonchan chopqillagancha uning yoniga keladi. Ermon buva xirgoyisini toʻxtatadi. Ukamning buti orasiga qoʻl choʻzib hazillashadi:
– Nosdan bering, otam, nosdan bering.
Ukam qitigʻi kelib qiqirlab kuladi. Ermon buva tirnoqlari qiyshayib ketgan barmoqlarini hidlagan boʻladi-da, ataylab aksa uradi.
– Ap-ap-ap-shu! Voy-boʻ! Nosingiz zoʻr ekan-ku, otam!
Ukam huzur qilib qiqirlaydi. Nariroqqa qochib boradi-da, tagʻin buvasiga “nos bergisi” kelib qoladi. Qaytib keladi. Keyin hammasi yangitdan boshlanadi.
Bir mahal oyim maydon chekkasida turib meni imlab chaqirayotganini koʻramanu yuguraman. Oyim qoʻlidagi obdastani uzatadi.
– Ma, buvangga oborib ber.
Bilaman, obdastada iliq suv bor. Bir qoʻlim bilan obdastaning bandidan, ikkinchi qoʻlim bilan joʻmragidan tutib halloslab chopib kelaman.
– Mang, buva!
Ermon buva hayron boʻlgandek qarab turadi-da, mamnun jilmayadi:
– Peshin boʻp qoldi deng, qoravoy? Barakalla! Umringizdan baraka toping, Poshsha qizim sizlarning rohatingizni koʻrsinlar.
Shunday deydi-da, bir qoʻlida hassa, bir qoʻlida obdasta panaga oʻtadi. Bir ozdan soʻng yuz-qoʻlini artib qaytib keladi. Qiyiqchani joynamoz qilib oʻt ustiga tashlaydi-da, pichirlab uzoq namoz oʻqiydi. Bolalar jimib qolishadi. Nihoyat u choʻkkalab oʻtirgancha ovozini chiqaradi.
– Ilohi omi-in! Yurtimiz tinch boʻlsin, u dunyoyu bu dunyo qirgʻinbarot boʻlmasin, ollohu akbar.
Bolalaru qizlar chuvillashib baravar salom berishadi. Ermon buva alik oladi-da, chordana qurib oʻtiradi. Boyagi tugunni shoshilmasdan yechadi.
– Qani qoravoylar! Qani popuklar, – deydi qandaydir tantanavor ohangda. – Dasturxonga marhamat. Uyalmanglar, tasadduqlar!
Dasturxonda zogʻora nonmi, arpa nonmi boʻlgan kuni hammamizga bayram. Koʻpincha unisiyam boʻlmaydi, bunisiyam. Biroq tutmayiz albatta boʻladi. Tutmayizni yeb olsangiz darrov qorningiz toʻyadi. Shunaqa shirin, shunaqa mazali! Men bir kaft mayizni ogʻzimga tashlaymanu uyga gʻirillayman. Oyim albatta choy damlab qoʻygan boʻladi. Olma choymi, boshqami, ishqilib choy-da! Shundoq qilib hammamiz birgalashib ovqatlanamiz. Oxirida Ermon buva dasturxonga fotiha oʻqiydi.
– Yaratgan neʼmatingga shukur! – deydi ingichka ovozda. – Ilohi omi-in! Yurtimiz tinch boʻlsin, u dunyoyu bu dunyo qirgʻinbarot boʻlmasin, ollohu akbar!
Ana undan keyin Oltmishvoyning taʼrifi boshlanadi. Oltmishvoy Ermon buvaning oʻgʻli. Habiba buvi koʻp tuqqan. Hammasi chillasi chiqmasdan oʻlib ketgan. Ammo Oltmishvoy boshqacha yigit-da! Bittayam kasal boʻlmagan. Menday paytida otni egarlab oʻzi choptirgan. Joʻraboshimizday boʻlganida ketmon bilan bir tanob yerni hashpash deguncha agʻdarib tashlagan. Oltmishvoy ana shunaqa yigit!
Avvaliga Habiba buvi oltmishta tuqqani uchun Oltmishvoyning oti shunaqa deb oʻylagan edim. Yoʻq, keyin tushundim. Oltmishvoy Ermon buva oltmishga kirganda tugʻilgan ekan.
– Mening Oltmishvoyimdaka yigit dunyoda yoʻq, – deydi Ermon buva har kungi gapini qaytarib. – Bunaqa yigitni xudo bitta yaratganu qolipini sindirib tashlagan! – U oʻzining hikoyasidan oʻzi zavqlanib ketadi. Nosqovogʻidan kaftiga moʻlroq solib tilining tagiga tashlaydi. – Mana, hozir nemisning dodini berib yuribdi. Oʻziyam Azob dengiz degancha bor-da, tasadduq! Bir shamol tursa bormi, har suv koʻtariladiki, togʻdek keladi. Ammo mening Oltmishvoyim azobdan qoʻrqmaydi. Rosa savalayapti, pashist demaganni! Komandiri mazasi yoʻq bola ekan! Oltmishvoy giroy boʻlib oʻldi, deb yozibdi… – Ermon buva birdan jimib qoladi. Oppoq quyuq qoshining tagidagi koʻzlari negadir yiltirab ketadi. Kuladimi, yigʻlaydimi hech kim bilmaydi. – Mana, meni aytdi dersizlar, – deydi ovozi titrab. – Erta-indin kirib keladi. Qoʻsha-qoʻsha ordin taqib kirib keladi. Oʻshanda kamandiriga xat yozaman. Oltmishvoyga aytib turaman, oʻzi yozadi. Sen bola, diyman, mazasi yoʻq bola ekansan, diyman. Mana, Oltmishvoyim keldi-ku, giroy boʻlib kirib keldi-yu, diyman.
Ermon buva sukutga choʻkadi. Bolalar ham, qizaloqlar ham jimib qolishadi. Ermon buva nosini tupuradi. Kaftining orqasiga labini artib sigiriga qarab qoʻyadi.
– Oltmishvoyim kelsa, sigirni sotib toʻy qilamiz, – deydi orzumandlik bilan. Keyin hassasini chertib xirgoyi qiladi:
“Tolda chumchuq sayraydi, koʻrsam koʻnglim yayraydi…”
Ermon buva qoʻshiq aytadi. Men boʻlsam unikiga oyim bilan borganim, Oltmishvoyning suratini koʻrganimni eslab ketaman. Aslida Ermon buvaning uyi hammamizniki. Ayniqsa tut oqarishi bilan qishloqning hamma bolasi Ermon buvanikiga koʻchib boradi. Uning devori juda past. Eshak minib oʻtsangiz, hovlisi koʻrinib turadi. Lekin bu hovliga devorning keragiyam yoʻq. Eshik doim ochiq turadi. Kirib borishingiz bilan doka roʻmolini u yoqqa tashlagan, bu yoqqa tashlagan Habiba buvi peshvoz chiqadi.
– Voy uyingga bugʻdoy toʻlgurlar, voy koʻpaygurlar, kela qolinglar, – deydi ovozi tovlanib. Oʻsha zahoti bolalar tutga tarmashadi. Tut ham egasiga oʻxshagan. Hovlining yarmini egallab yotadi-yu, ammo tik oʻsganmas. Shoxlari tarvaqaylab ketgan. Bemalol osilib chiqaverasiz. Shundoq boʻlsayam, Habiba buvi bolalarni tutga chiqarmaydi.
– Hoy koʻpaygur, osilma! – deydi chirqillab. – Yiqilib ketasan. Hozir buvangni chaqiraman!
Zum oʻtmay ayvon yonboshidagi pastak hujradan hassasiga tayanib Ermon buva chiqadi.
– Ie-iye, qoravoylar, kep qopsizlar-da! – deydi quvonib. – Qani, kampir, chodirni opchiq.
Habiba buvi qirq yamoq boʻlib ketgan chodirni olib chiqadi. Kamida oʻttizta bola qaldirgʻochdek tizilib chodirning toʻrt tarafidan ushlab turadi. Ermon buva oqsoqlagancha tut tagiga boradi-da, inqillab-sinqillab shoxga minadi. Habiba buvi pastdan turib uzun tayoq uzatadi. Ermon buva “bismillo” deb tayoqni bir urishi bilan duv etib tut yogʻiladi. Tut boʻlgandayam shunaqangi tutki, har bittasi pilladek keladi. Bolalar chodirni qoʻyib yuborgancha qiy-chuv qilib oʻrtaga tarmashadi. Yuqorida Ermon buvaning ingichka tovushi keladi.
– Shoshmanglar, popuklar, shoshmanglar qoravoylar, yana besh-oʻn marta qoqay, hammalaringga yetadi.
Qarabsizki, hammamiz tutga toʻyib olamiz. Ayvonda esa uchta kattakon xum qatorlashib turadi. Har bittasi mendek keladi. Habiba buvi shinni pishirib shu xumlarga toʻldirib qoʻyadi. Qish boʻyi qachon kelsangiz, shinniga toʻyasiz.
Shunday qilib, Ermon buva har qachon Oltmishvoyni gapirganida oyimga ergashib ularnikiga borganim esimga tushadi. Ayni tut pishigʻi edi. Ermon buva tut qoqib berdi. Habiba buvi yuvib, tozalab, sopol laganga toʻldirib keldi. Maza qilib yedik. Keyin Habiba buvi kuyunchaklik bilan tushuntirdi.
– Tut yurakni oʻrtab yuboradi, koʻpaygurlar. Yuringlar, choy ichamiz.
Oldinma-keyin tizilishib pastak hujraga kirdik. Tokchalarga eski barkashlar bezak qilib qoʻyilgan xonaga kirishim bilan eng avval nonga koʻzim tushdi. Bunaqangi chiroyli nonni birinchi koʻrishim edi. Ustiga sedana sepilgan, qip-qizil patir non. Qiziq, nonni negadir devorga mixlab qoʻyishibdi. Bir chekkasi kemtik.
– Oyi-i, non! – dedim yalinib.
Oyim yarq etib qaradi-yu, labini tishlab bosh chayqadi. Bildimki, onam uyalyapti. Endi Habiba buviga tarmashdim. Bilaman, dunyoda Habiba buvidan saxiy odam yoʻq.
– Buvi, non, – dedim yana oʻsha ohangda. Devordagi nonni koʻrsatdim. – Buvi, no-o-on!
Qiziq, negadir Habiba buvi bu safar saxiylik qilmadi.
– Bu nonga tegib boʻlmaydi, koʻpaygur, – dedi boshimni silab. – Qorningni qorachigʻidan aylanay, tegib boʻlmaydi. Bu non Oltmishvoy akangniki. Koʻrdingmi, bir chetini tishlab ketgan. Kelganida yana bitta tishlaydi-da, qolganini senga beraman. Ana, Oltmishvoy akang ham senga qarab turibdi.
Qarasam, nonda chindan ham Oltmishvoy akaning tishlagan izi koʻrinib turibdi. Nonning tagida esa oʻzining surati. Surat negadir sargʻayib ketgan. (Habiba buvining koʻz yoshi tomaverib sargʻayib ketganini keyin tushunganman). Suratda dengizchilarning kokildor shapkasini kiygan qop-qora yigit jilmayib turibdi.
– Qurut yeysanmi? – dedi Habiba buvi yana boshimni silab.
Oyimga qarasam, qovogʻini solib turibdi. Indamay qoʻya qoldim. Tashqariga chiqqanimizdan keyin onam dashnom berdi.
– Uyatga oʻldirding-ku, bolam. Nonni Oltmishvoy akangga atab qoʻyishibdi, bildingmi? Oltmishvoy akangdan qoraxat kelgan, tushundingmi?
Nimani tushundim, nimani tushunmadim, bilmaymanu, ammo Ermon buvaning gaplariga ishongim keladi. Erta-indin Oltmishvoy aka giroy boʻlib keladi. Ermon buva uning komandiriga xat yozdiradi. Sen yaxshi bolamas ekansan, deydi. Mana, Oltmishvoyim giroy boʻp keldi-ku, sen boʻlsang uni oʻldi deyapsan, deydi… Keyin ola sigirni sotib toʻy qilishadi.
Ermon buva Oltmishvoy akaning taʼrifini rosa keltirganidan keyin har kuni aytadigan afsonasini boshlaydi. Shu choʻpchagi menga hech yoqmaydi: qoʻrqaman. Ammo hadeb qaytaravergani uchun yodimda qolgan. Qiziq, negadir joʻraboshimiz xuddi shu choʻpchakni yaxshi koʻradi.
– Buva, – deydi yalinib. – U yurt bilan bu yurtni aytib bering.
Ermon buva jon deb rozi boʻladi.
– Boʻpti, qoravoylar, popuklar, yaqinroq kelinglar.
Aytmoqchi, Ermon buva hech qaysimizni otimizni bilmaydi. Oʻgʻil bolalarning hammasi uning uchun qoravoy, qizlarning hammasi popuk. Bundan tashqari, hech kimni sen demaydi, hammani sizlab gapiradi.
U nosni yana otib oladi-da, afsonasini boshlaydi:
– Bir bor ekan, bir yoʻq ekan… Bir-biri bilan qoʻshni turadigan ikkita yurt bor ekan. – Ermon buva birdan jimib qoladi-da, qizlardan biriga dashnom beradi. – Hoy popuk, ukangizni burnini artib qoʻying, tasadduq!
“Popuk” birovning ukasi boʻlsayam, etagini qayirib, yonida oʻtirgan bolaning burnini artishga majbur boʻladi.
– Barakalla! – deydi Ermon buva mamnun boʻlib. – Shundoq qilib desangiz, u yurtdagilar ham, bu yurtdagilar ham tinchgina bugʻdoyni sepib, molini boqib yurarkan. Ammo-lekin tasadduqlar, gʻalamis degani oʻsha zamonlardayam bor ekan-da! Oʻrtaga gʻalamis aralashib ikki yurtning orasini buzibdi. U yurtning ichiqora odamlari oʻz podshosini yoʻldan uribdi. “Bu yurtda shunaqangi yaylovlar borki ot minib uch kun choptirsangiz u boshidan bu boshiga yetolmaysiz”, debdi. “Bosib olsangiz xazinangiz oltinga toʻladi”, debdi. Bu yurtning ichiqora odamlariyam oʻz podshosini koʻngliga gʻulgʻula solibdi. “U yurtda shunaqangi bogʻ-rogʻlar borki, jannatga oʻxshaydi”, debdi. “Bosib olsangiz xazinangiz oltinga toʻladi”, debdi.
Ermon buva nosini tupurib birdan Toyga koʻzi tushib qoladi.
– Iya, qoravoy, sizniyam burningiz oqib ketdi-yu, artib oling, tasadduq!
– Qoʻyavering, buva! – deydi joʻraboshimiz bilagʻonlik qilib. – Artgani bilan foydasi yoʻq. Buniki qaynab chiqaveradi.
Toy jahl bilan “shilq” etib burnini tortadi. Zum oʻtmay yana oqib ketganiga parvo qilmaydi. Ermon buva boʻlsa berilib hikoya qiladi.
– Shundoq qilib, u yurtning podshosi ham, bu yurtning podshosi ham lashkar toʻplashga kirishibdi. Tagʻin qanaqa lashkar deng! Har bittasi mening Oltmishvoyimga oʻxshagan norgʻil yigitlar emish. Yigitlarning moʻysafid otalari, keksa onalari gʻamboda boʻlib qolishibdi. Urushdan kimga foyda-yu, kimga ziyon, deyishibdi. Urush qilib xazinasini boyitadigan podsholaru bolamizni ajalning ogʻziga yuboradigan bizmi, deyishibdi. Ammo kambagʻalning dodini kim eshitardi, tasadduqlar! U yurtning lashkari bu yurtnikiga ot suribdi. Bu yurtning lashkari u yurt ustiga bostirib boribdi. Shundoq qilib desangiz, qirgʻinbarot boshlanibdi. Ne-ne oydek qizlar oyoqosti boʻpti, beshikdagi bolalar onasidan, onalar bolasidan ayrilibdi. Popukday qizlar, nozaninday juvonlar, norasida bolalar Xudoga nola qilishibdi. “Podsholar bir-birining yurtini bosib olaman desa bizda nima gunoh”, deyishibdi. “Nimaga bizni onamizdan judo qilasan, akamizdan ayirasan?” deyishibdi. Lekin ularning nolasi Xudoga yetib bormabdi.
Ermon buva jimib qoladi. Xazinasini oltinga toʻldiraman deb urush ochgan u yurtning podshosini ham, bu yurtning podshosini ham yomon koʻrib ketaman. Onalarni bolasidan, bolalarni onasidan judo qilgan u yurtning gʻalamis odamlarini ham, bu yurtning gʻalamis odamlarini ham yoʻq qilib tashlagim keladi.
– Iya, qoravoy, ishtonni koʻtaring, ishtonni, – deydi u kulimsirab. – Bulbulingiz koʻrinib ketdi-ku, tasadduq.
Shosha-pisha ishtonni koʻtaraman.
– Barakalla, tasadduq! – deydi Ermon buva jilmayib. – Umringizdan baraka toping… Shundoq qilib, qirq yil qirgʻin boʻlibdi. U yurt ham, bu yurt ham vayronaga aylanibdi. Yo tavbangdan ketay, tasadduqlar, ne-ne daryolar qurib, ne-ne bogʻlar kultepaga aylanibdi. Boringki, yilt etgan bitta giyoh qolmabdi. Tikkaygan bitta daraxt qolmabdi. Jamiki parrandalaru darrandalarga qiron kepti. Oxiri daraxtlaru oʻt-oʻlanlar, daryolaru qushlar Xudoga nola qipti: “Urushni qiladigan-ku odamlar, bizda nima gunoh”, debdi. “Sen bizni odamlar uchun yaratgan eding-ku, nimaga odamzod bizga qiron keltiradi”, debdi. “Odamzodning feʼli shunaqa yomon boʻlsa biz nima qilaylik”, deb yigʻlashibdi. Ana oʻshanda Olloyi-taoloning qattiq qahri kepti. U yurtni ham, bu yurtni ham choʻl-biyobonga aylantirib tashlabdi. U yurtda ham, bu yurtda ham, bironta qimirlagan jon, na bitta daraxt, na bitta oʻt-oʻlan, na bir tomchi suv – hech nima qolmabdi. Oʻshandan buyon oftob ham shu yurtlarni chetlab oʻtarmish. Shamol yaqiniga bormasmish. Qush uchmasmish. U yurt ham, bu yurt ham zimistonga aylanib qolgan emish.
Ermon buva nosini tupurib chuqur xoʻrsinadi. “Ana shunaqa gaplar”, degandek maʼnodor bosh chayqab qoʻyadi.
– Mana, tasadduqlar, pashist deganiyam jazosini oldi-ku. Meni Oltmishvoyim ham pashistni jazosini beraman deb qilich oʻynatib yuribdi-da. Boʻlmasa Azob dengizda suzish osonmi! – U menga qarab koʻzini qisib qoʻyadi. – Oltmish akangizni-chi qilichi bor. Alpomishnikiga oʻxshab qirq gaz keladi. Qaytib kelgandan keyin oʻsha qilichni sizga beraman.
…Ermon buva vaʼda qilgan Oltmishvoy akaning qirq gazli qilichi menga nasib etmadi. Uning oʻzi ham, qilichi ham urushdan qaytmadi. Oʻsha yili birinchi qor tushgan kuni Ermon buva yana bitta afsona aytib berdi. Bu choʻpchakni atigi bir marta aytgan boʻlsa ham negadir xotiramda saqlanib qoldi.
Kechqurun Ermon buvaning ayvoniga toʻplandik. Tashqarida gupillab yirik-yirik qor yogʻar, ayvon oldiga oʻzimiz tut qoqib yegan qirq yamoq chodir tutib qoʻyilgan, sovuq edi. Hammamiz sandalga oyoq tiqib oʻtiribmiz. Oyoq iligani bilan badandan muz oʻtib ketgan. Sandal ustiga bir qop koʻsak uyub tashlangan. Ermon buvaning aytishiga qaraganda oʻn pud koʻsakni chuvish zimmamizga tushgan emish. Ertagacha chuvib boʻlmasak, brigadir Haydar shamol xafa boʻlarmish. Koʻraklar sovuqda muzlab qolgan, ushlasangiz qoʻlingizni uzaman deydi. Ikkita tokchaga bittadan lip-lip chiroq qoʻyilgan. Chiroqlarning piligi lipillagan sayin xotinlarning devordagi bahaybat soyalari ham afsonaviy devlardek sakrab-sakrab ketadi. Xotin-xalaj indamay koʻrak chuviydi. Bir qopi tugashi bilan Ermon buva ikkinchi qopni eski dasturxonga agʻdaradi… Qoʻlim akashak boʻlib qoldi. Buning ustiga koʻrak tikandek qotib qolgan. Paxtasini sugʻurib olguncha tirnogʻingiz orasiga kirib qonatib yuboradi. Ermon buva menga qarab-qarab qoʻyadi.
– Qoʻlni isitib oling-da, qoravoy!
Oxiri onamning ham toqati toq boʻldi.
– Paxtasiyam oʻlsin! – dedi zorlanib. – Qoʻlimda qoʻl qolmadi-ya!
Ermon buva sokin bosh chayqadi.
– Unaqa demang, Poshsha qizim, – dedi ingichka ovoz bilan. – Gunoh boʻladi. Paxta jannatdan chiqqan, tasadduq!
U qishda ham delvagay ochib yuradigan yaktagining choʻntagini uzoq kavlashtirib nosqovogʻini topdi. Tilining tagiga uch-toʻrt urib nos otdi.
– Paxta jannatdan chiqqan, – dedi ishonch bilan. – Men sizlarga bir hikmatni aytib beray, tasadduqlar.
Shunday deb men eshitmagan afsonani aytib berdi.
– Qadim zamonda bir yurtni yov bosibdi. Odamlar qalʼa ichiga berkinib olishibdi. Yov shaharni oʻrab olib kutaveribdi, kutaveribdi. Oxiri qalʼa ichidagilar ham, yov ham holdan toyibdi. Qamalda qolganlarning ochlikdan sillasi quribdi. Odamlar oqsoqol oldiga borib, boʻldi endi, shaharning darvozasini ochib beramiz, deyishibdi. Oʻzimiz och, bolalarimiz yalangʻoch, otlarga yem yoʻq, oʻtin yoʻq, deb nolishibdi. Ammo oqsoqol dono kishi ekan. – Ermon buva tantana bilan qaddini kerib qoʻyadi. – Bir hujraga yigʻib qoʻygan allaqancha gʻoʻzapoyani opchiqibdi. Paxta degani jannatdan chiqqan, menga ishoninglar, tasadduqlar, debdi. Buni qarangki, chol aytgan gap toʻgʻri chiqibdi. Paxtaning momigʻini askar bolalarning yarasiga bosishibdi. Tolasini yigirib boʻz toʻqishibdi, kiyim tikishibdi, chaqaloqlarga yoʻrgak qilishibdi, chigitni yogʻini eritib goʻsht qovurishibdi. Kunjarasini otlarga berishibdi. Gʻoʻzapoyani yoqib uylarni isitishibdi. – Ermon buva ovozini yanayam balandlatadi. – Qarabsizki, yovning holi tang. Sichqonning ini ming tanga boʻlib ketibdi. – Ermon buva namatni qayirib nosni tupuradi. Tomogʻini taqillatadi. – Ana koʻrdinglarmi paxtaning xosiyatini, tasadduqlar. Qani, kampir, shinnidan opke. Bir maza qilaylik!
Habiba buvi ildam oʻrnidan turib xumga sopol piyolani botiradi. Yana bir marta… Keyin yana bir marta. Birpasda ayvonni tut shinnining isi tutib ketadi…
…Oʻsha birinchi qor tushgan kuni Habiba buvini oxirgi marta koʻrayotganimni bilmagan ekanman. Hali yangi yil kelmasidan ketma-ket qor yogʻib qahraton sovuq boshlandi. Shunday kunlardan birida ertalabki choydan keyin onam toʻsatdan soʻrab qoldi.
– Ermon buvangnikiga borib kelamizmi?
Quvonib ketdim. Ermon buvanikiga boʻladi-yu, yoʻq deymanmi!
– Shinni yeyishgami? – dedim hovliqib.
Onam ohista bosh chayqadi.
– Yoʻq. Habiba buvi zotiljam boʻp qopti. Oʻtini yoʻqmish. Koʻmir oborib beramiz.
Bultur oʻzimizning oʻtinimiz qolmaganida qanaqa ahvolga tushganimiz esimdan chiqqanmas. Shuning uchun boʻlsa kerak, bu yil dadam koʻmirni yaxshilab gʻamlab qoʻygan edi.
– Menam oboraman! – dedim irgʻishlab. – Qopda oboraman!
– Boʻpti, – oyim boshimni siladi. – Sen qop koʻtarolmaysan, chelakda oborasan.
Dadam ishda, akalarim maktabda. Opam echki sutini sotish uchun shaharga ketgan. Uyda oyim, ukam qolgan. Ukamni amallab beshikka tiqdik. Oyim aldab-suldab uxlatdi. Oshxonaga kirib qopga koʻmir soldik. Men ogʻzini ochib turdim, oyim xokandoz bilan soldi. Sandalga yirik koʻmir boʻlmaydi. Albatta kukunidan solish kerak. Tez choʻgʻ oladi, uzoq turadi. Onam har gal xokandozni boʻshatganida qop-qora chang koʻtariladi. Bir zumda oyimning ham, mening ham ogʻiz-burnimiz qorayib ketdi. Keyin kichikroq paqirga men koʻmir toʻldirdim. Ikkalamiz yoʻlga tushdik. Onam burni yerga tekkudek boʻlib enkaygancha qorda chuqur-chuqur iz qoldirib yurib ketdi. Ketidan men ergashdim. Kichkinagina chelak avvaliga yengil tuyulgan edi. Ellik qadamcha yurmasimdan juda ogʻirlashib ketdi. U qoʻlimdan bu qoʻlimga olaman, bu qoʻlimdan u qoʻlimga olaman, sirgʻanib-sirgʻanib ketaman. Bu ham yetmagandek, qoʻlimga soʻzak kirib ketdi. Paqirning bandi kaftimga chippa yopishib qolgan. Oʻng qoʻlimdan chap qoʻlimga olayotganimda terimni shilib olayotgandek boʻladi.
– Oyi, qoʻlim muzlab qoldi, – deyman yigʻlamsirab.
Onam menga achinib qarab qoʻyadi-yu, toʻxtamaydi.
– Yura qol, jon bolam, yaqin qoldi.
Qopning tagini ham sichqon teshgan ekan: qor ustida bora borgancha qop-qora iz tushib bordi.
Nihoyat Ermon buvaning ochiq eshigi oldiga keldik.
– Sen kirmay qoʻya qol, – dedi onam harsillab. – Men hozir. – Shunday dedi-yu, ikki bukilgancha hovliga kirib ketdi, zum oʻtmay qaytib chiqib paqirni ham olib kirdi.
– Alahlab yotibdi bechora! – dedi qaytib chiqib. – Buvang tepasida duo oʻqib oʻtiribdi.
Bu safar buvining shinnisiga umid bogʻlamadim. Oyim ikkalamiz darrov izimizga qaytdik. Oyimning qoʻlida paqir, paqir ichida boʻshagan qop…
Qorda tushgan koʻmir izini dadam koʻribdi shekilli, kechqurun oyimdan soʻradi:
– Kimga koʻmir berding?
Oyim aybdor qiyofada yerga qarab turdi-da, rostini aytdi.
– Habiba buvi shamollab qopti. Koʻmiri yoʻq ekan, oborib berdim.
Dadam oyimni urishmadi.
– Chatoq boʻpti, – dedi sekin. – Achinskaga xabar berish kerak.
Onam bosh chayqadi.
– Judayam zarilmas shekilli. Mana, uyi isib qoldi. Ajabmas, erta-indin tuzalib ketsa…
Lekin Habiba buvi tuzalmadi… Indini ertalab ishga ketgan dadam yarim yoʻldan qaytib keldi. Ukamni tizzasiga oʻtkazib choy ichirayotgan oyim hayron boʻlib dadamga qaradi:
– Tinchlikmi?
Dadam negadir koʻzini yashirdi:
– Odamzodning ahvoli shu ekan-da, – dedi xoʻrsinib. – Habiba buvi omonatini topshiribdi.
– Voy… Voy bechora! – Oyimning rangi quv oʻchgancha shunday ingrab yubordiki, qoʻrqib ketgan ukam bir zum olazarak boʻlib turdi-da, chirillab yigʻlay boshladi. – Kecha borganimda tuzalib qoluvdi-ku! – Oyimning koʻzidan tirqirab yosh chiqib ketdi. Ukamni siltab koʻrpachaga oʻtkazdi-yu, ikki kafti bilan yuzini toʻsgancha oʻkirib yubordi.
– Nachora, kuni bitgan-da, – dedi dadam tomogʻini boʻgʻgan koʻz yoshidan ovozi hirillab. – Kim bilibdi shunaqa boʻlishini!
Dadam, uning ketidan ukamni koʻtargan oyim, uning ketidan men Ermon buvanikiga yugurdik. Birpasda tumonat odam toʻplanibdi. Zebi xola u yoqdan-bu yoqqa yugurgan. Isroil moʻylov hovlidagi qorni kuragan, Sepkilli xola bilan Kelinoyi “voy onamlab” yigʻlashgan…
Ermon buva kimni koʻrsa javdirab qaraydi. Yaktagining delvagay yoqasidan koʻrinib turgan oppoq tuk bosgan koʻksiga mushtlagancha ovozi yanayam ingichkalashib, nuqul bitta gapni qaytaradi:
– Bittagina bolasini koʻrolmay ketdi-ya! Oltmishvoyning diydoriga toʻyolmay ketdi-ya!
Yoʻq. U yigʻlamaydi. Faqat ingraydi. Titrab-titrab ingraydi. Bosh yalang boʻlib olgan. Oppoq sochlari, oppoq soqoli, oppoq koʻksini muzday qor zarralari qoplagan.
Doim odamlarga buyruq berib oʻrganib qolgan brigadir Haydar shamol ham tut tagida choʻkkalab oʻtirgancha peshonasiga mushtlab yigʻlaydi.
– Voy onam-a! Roʻshnolik koʻrmagan onam-a!
Ustiga paranji yopilgan tobutni hovliga opchiqishganida ayniqsa qiyomat boʻldi. Oyim dodlagancha tobutga yopishdi.
– Onajon! Yolgʻizini koʻrolmay ketgan onajonim!
Erkaklar tobutni koʻtarishganida oyim besh-olti qadam yugurdi-yu, kalishi sirgʻanib ketib chalqanchasiga yiqildi.
– Oyi, oyi! – dedim uning ustiga egilib. Yigʻlab yubordim. Onamning koʻzi olayib ketgan, chamasi meni tanimas edi.
– Voy onajon-a! – dedi ingrab. – Kun koʻrib, kuni roʻshnolik koʻrmagan onam-a!
Oʻsha kundan boshlab onam gʻalati boʻlib qoldi. Bir nuqtaga tikilib oʻtiraveradi, oʻtiraveradi. Birov gapirsa eshitmaydi. Faqat ukam yigʻlaganida hushi joyiga keladi… U Habiba buvining kir yuvdisi, yettisida yelib yugurib xizmat qildi. Maʼrakaga borganida oyogʻi olti, qoʻli yetti boʻlib yuradi-yu, uyga kelganda yana gʻalati boʻlib qoladi.
Habiba buvining yigirmasiga Ermon buva sigirini sotdi. Dadamning aytishiga qaraganda, Haydar shamol oʻrtaga tushib, shu ishni qilmang, desa ham Ermon buva koʻnmapti. “Kampirim bechora dunyoga kelib nima koʻrdi. Hech boʻlmasa oʻzi koʻrmaganni arvohi koʻrsin, Oltmishvoyim kelganida amallab boshqa sigir olarmiz”, debdi. Sigirni Dalavoy suv tekinga sotib olganmish…
Oʻshandan keyin onam sal oʻnglangandek boʻldi. Har kuni Ermon buvanikiga qatnaydi, goh yaktagini yuvib, sandal ustida quritib beradi, goh lavlagi sharbatiga holvaytar pishiradi… Nuqul bitta gapni qaytaradi: “Buvangga jabr boʻldi, bolam, buvangga jabr boʻldi…”
Bir kuni dadam yangi gap topib keldi. Ermon buva kampirining qirqida ham yurtga osh berarmish. Odamlar oʻrtaga tushib yoʻldan qaytarmoqchi boʻlgan ekan, koʻnmapti. “Qirq degan xotinlarning maʼrakasi boʻladi. Kampirimning arvohi shod boʻlsin”, debdi.
Xuddi oʻsha maʼrakadan uch kunmi-toʻrt kun ilgari gʻalati voqea boʻldi. Yakshanba boʻlsa kerak, dadam ham, akalarim ham uyda edi. Bir mahal hovli tomonda gurji kuchugim bir-ikki akilladi-yu, negadir jimib qoldi. Toʻsatdan eshik ochildi. Ostonada yaktak kiyib olgan Ermon buva paydo boʻldi. Tashqarida qor yogʻayotgan boʻlsa kerak, uning yalang boshi, yaktagining yelkasi qorga koʻmilgan edi. Qiziq, qoʻlida hassa yoʻq. U ostona hatlab chiqqanidan keyingina oyoq yalang ekanini koʻrdim. Uning katta-katta oyoqlari qip-qizil goʻsht boʻlib ketgan, negadir lozimining pochasini qayirib olgan, toʻpigʻigacha qoplagan tuklariga kir qor yopishib qolgan edi. Dadam bilan akalarim ham, oyim bilan men ham hayratdan qotib qoldik.
– Oltmishvoyim keldi, – dedi Ermon buva iljayib. – Keldi! Kampirim ham keldi. Ikkovlari mozor boshiga ketishdi.
Oyimning yuziga bir zum tabassum qalqidi-yu, keyin dahshat ichida dadamga qaradi.
– Keldi, – dedi Ermon buva tagʻin gʻalati iljayib. Keyin oʻng qoʻli bilan chap qoʻlini dutor qilib cherta boshladi. – Tolda chumchuq sayraydi, koʻrsam koʻnglim yayraydi… – U toʻsatdan jimib qoldi. Birdan menga koʻzi tushdi-yu, gʻayritabiiy, ingichka ovozda kulib yubordi. – Iya, sizam shu yerdamisiz, qoravoy! Oltmishvoy akangiz keldi. Keldi… – dedi ovozini pasaytirib. Keyin toʻsatdan xaxolab kula boshladi. Uning bunaqangi bor ovoz bilan kulganini hech qachon eshitgan emasdim. Goʻshti chiqib ketgan oyoqlarini gursillatib yerga urgancha yana qoʻshiq aytdi. – Tolda chumchuq sayraydi, koʻrsam koʻnglim yayraydi.
Hammamiz sehrlangandek qotib qolgan edik. Ermon buva xoʻp oʻynadi! Yalang oyogʻining boldiriga yopishgan loy aralash qorlar namatga sachrab ketdi. Keyin u charchab, choʻkkalab qoldi. Kavshandoz tomonga qarab yuziga fotiha tortdi.
– Ilohi omi-i-in! Yurtimiz tinch boʻlsin, illo-billo qirgʻinbarot boʻlmasin. Ollohu akbar!
Ertasiga uni jinnixonaga olib ketishdi. Haydar shamol bilan dadam birgalashib oborishdi. Dadamning aytishiga qaraganda, Ermon buva jinnixonaning eshigidan kirayotganda ham qibla tomonni qidirib choʻkkalab olganmish. Osmonga qarab iltijo qilganmish.
– Ilohi omi-i-in! Illo-billo qirgʻinbarot boʻlmasin, ollohu akbar! – deganmish.
Oʻtkir HOSHIMOV
“Dunyoning ishlari”dan
https://saviya.uz/ijod/nasr/ermon-buvaning-tilagi/