Nashriyotdagi bir xodimimizning toʻyiga bordik. Oʻtirish uzoqqa choʻzildi. Sheriklarimizdan biri bezovtalanib, men uyga bormasam boʻlmaydi, xotinim betobroq, deb joyidan qoʻzgʻaldi. U chiqib ketgach, boshqa sherigimiz Erkin akaga oʻgirilib hiringladi:
– Yolgʻondan bahona qildi, uyga kech borishga xotindan qoʻrqadi. Erkak degani, mana, bizdaqa boʻlishi kerak, “gah” desak, xotin ship etib qoʻlga qoʻnadi.
– Gapingizga toʻliq ishonaman, – deb miyigʻida jilmaydi Erkin aka. – Xotinni mensimasligingizni tunov kuni oshxonada ovqatlanganimizda, ofitsiant qizga pulni paypogʻingizning ichidan olib berganingizdayoq fahmlagan edim.
Anvar OBIDJON
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/erkakchilik/