Erkak

Bolalar dunyosi kamina uchun ochilmagan qoʻriqqa oʻxshaydi. Zero, har bir bolaning oʻzi bir dunyodir. Ammo bu dunyo shunchalar nozikki, unga hech qachon toʻgʻridan-toʻgʻri kirib boʻlmaydi. Buning uchun bola boʻlib, ushbu dunyoda yashamoq zarur. Biz kattalar yorugʻ olamga aynan bola nigohi va shuuri, quvnoqligi va begʻuborligi ila boqmogʻimiz lozim. Qiziq jihati, davr va zamon nechogʻlik tuslanmasin, bolalar dunyosi hamisha oʻzligicha qolaveradi. Demoqchimanki, biz kattalar bu dunyo oldida gʻoyatda masʼulmiz, yaʼni bolalardagi barcha yuksak fazilatlarning rivoj topmogʻida kattalarning oʻrni gʻoyatda muhimdir. Zigʻirdek ehtiyotsizlik yoxud loqaydlik bola qalbida oʻchmas, oʻchirib boʻlmas darajada noxush iz qoldirganidek, oʻz navbati, bizdagi bagʻrikenglik, sabr, eʼtibor va mehr ular kamolida yetakchi rol oʻynaydi. Sharq donishmandlaridan biri aytganidek, biz kattalar oʻzimizga nisbatan eʼtiborsiz boʻlmogʻimiz mumkindir, ammo zinhor-bazinhor bolalarga nisbatan emas.

Men “Yoshlik” jurnalida eʼlon qilinayotgan bu ikki hikoyada turli davr bolalarini tasvirlaganman. Ammo har ikkisida ham bolaning taʼsirchan qalbi, begʻubor tabiati va qarashlarini ifodalashga urindim. Hikoyalarni oʻqib, baholash esa Sizga havola, aziz oʻquvchi.

 

Muallif

 

– Uf-f, bu sagʻirlarniyam tashvishi toza jonga tegdi-da, lekin!..

Bu sovuqdan-sovuq iddaoli sas ammasi darvozasidan chiqib ulgurmay, bolakayning ortidan quvib yetdi va jimitdek yuragini tilkalab, koʻzlarini yoshlatdi. Bir xayoli, bu gapni aytmoqdan andisha qilmagan katta oʻgʻli – Nortoji tanbalning ogʻziga urish oʻrniga sukutni afzal bilgan ammasiga achchiq qilib, yer tepinib, ovozi boricha yigʻlagisi keldi. Afsuski, unga yigʻlash mumkin emas, nega deganda, hafta burun olis ovuldan kelib-ketgan Suyun togʻasining jiddiy oʻgitiga koʻra, endi u bola emas, oilaning yagona bosh erkagi emish, erkakka, ayniqsa, bosh erkakka koʻz yoshi qilish sira mumkin emas emish! Agar qiz boladay salga koʻzining siydigini oqizaversa, onasi, ayniqsa, ikki singlisi, misli jalada qolgan palaponlardek, oʻzlarini ojiz va panohsiz his etisharmish!

Bolakay shularni oʻylab, bir amallab oʻzini yigʻidan tiydi. Soʻng oʻzicha fikr qildi. Hozir alami oshib-toshib, koʻzlarini qizartirib uyiga borgani bilan kim ham uning ozorli koʻngliga taskin bera olardi? Onasi dalada, singillari esa guzardagi bolalar bogʻchasida, keng hovlida, tovuqlarni hisobga olmaganda, eshagi va olapar itidan boʻlak jon yoʻq. Toʻgʻri, iti oʻta ziyrak – bolakayning tushkun kayfiyatini zumda sezadi. Ayniqsa, otasini qoʻmsab hiqqilay boshlagan kezlari boyoqishning koʻzlari namlanib-namlanib, ichki ingrashga oʻxshash gʻalati bir ovozda gʻingshib-gʻingshib, asta kelib qoʻllarini yalaydi, nega yigʻlaysan, axir bu yoqda men borman-ku, deganday tizzalariga suykaladi. Ammo qoʻradagi eshagi itining gʻirt aksi – xuddi ammasining oʻgʻillaridek behis, beparvo, unga qolsa osmon uzilib yerga tushmaydimi, muhimi, oldidagi toshoxurdan yemishi uzilmasa bas – bosh koʻtarmay, kurtillatib chaynagani chaynagan. Shunga qaramay, u eshagini yaxshi koʻradi, boisi, jahllangan paytlarida shoʻrlikka ne zulm oʻtkazsa-da, gʻiq etmaydi-da.

U gʻamnok kayfiyatda hovlisiga kirib borarkan, oldiga yugurib chiqqan oʻyinqaroq itiga qiya ham boqmay, birinchi galda soʻldagi ombortom eshigi yonida turgan bugʻdoy toʻla olaqopga alamnok koʻz tashladi. Sababi, kechagidek, bugungi koʻngil xiraliklarning asosiy sababchisi shu edi-da, yaʼni onasi tomonidan gʻalvirdan oʻtkazilib, tozalab qoʻyilgan qopdagi donni tegirmonga olib borish masalasi kechadan buyon ammasi oʻgʻillari oʻrtasida sansalor boʻlib kelmoqda. Bu kamdek, uylarida bir chaksa un yoʻq. Kecha oqshom non yopgan onasi bir xamirlik unni qoʻshnidan olgan. Shu bois bugun ertalab alohida tayinlab ketgan, tegirmonga borishni akalaring­­ga eslatish yodingdan chiqmasin-a, ulim, deb. Bu gapni avvalgidek, feʼliga xos, dadillik bilan emas, xuddi ilojsiz qolgan odamday, koʻzlari gʻiltillab-gʻiltillab aytgan. Ayni tobda koʻziga misli baloday koʻrinayotgan bu laʼnati qop bugun ham oʻrnidan jilmasa, oqshom onasining koʻngli vayron boʻlmogʻi tayin. Bolakayning bor tashvishi shundan edi. Togʻasi aytmishli, oilaning bosh erkagi boʻla turib, onasini gʻam ummoniga choʻmdirmoq yoxud alam oʻtida qovurmoq juda uyat-da, axir! Biroq oilaning bosh erkagi boʻlish oson emas, gʻoyatda mushkul ekan!

Bolakay buni endi bilayapti.

Bolakay buni endi sezayapti.

Bolakay oʻzining kichikligidan oʻksindi.

Bolakay ammasining oʻgʻillaridan avvalroq dunyoga kelmaganidan oʻkindi.

Biroq uning bor kuchi xayol surmoqqa yetdi: qani endi, otasidek kuchli va oʻktam boʻlsa-yu, mehmonxona devoriga osigʻli turgan anovu qamchilardan birini qoʻliga olib, shu zahotiyoq ammasining uyiga urib borsa, ishdan koʻra vaysashni xush koʻradigan anovu tanbaltabiat Nortoji xomsemizning avval oʻng yagʻriniga, soʻng soʻl yagʻriniga qarsillatib-qarsillatib qamchi tushirsa, qochmoqqa uringan inisi Qulman mahmadanani kunjakka tiqib, hovlidagi joʻjalariga kun bermaydigan yovvoyi mushukni tutib bigʻillatganiday rosa bigʻillatsa! Salim kenjani esa dunyoga kelganiga ming bor poʻshaymon yedirsa! O-o, zap zoʻr ish boʻlardi-da lekin!

Bu boʻronli xayoldan bolakay maza qildi.

Bu toʻfonli oʻydan bolakay huzur qildi.

Bu girdobli tasavvurdan boʻyi toʻrt qarich oʻsganday boʻldi.

Nortoji tanbalning, tavba qildim, deya yalinishlarini koʻz oldiga keltirib, beixtiyor va baxtiyor jilmaydi. Esida, bir gal otasi qamchi ostiga olganida, u boshini qoʻllari bilan toʻsgancha, xuddi shu yoʻsinda yolvorgandi. Yana shu narsa yodidaki, otasining bu qiligʻi oʻsha kuni tasodifan kelib qolgan Suyun togʻasiga unchalik yoqmagan: “Qamchining kuchi bilan yoʻq mehrni yoʻndirib, oqibat minorasini tiklab boʻlarkanmi, kuyov! – degan boshini saraklatib. – Agar botinida boʻlmasa, bu urinishlardan naf yoʻq, qaytamga yomon koʻringaningiz qoladi!..” Oʻshanda bolakay “botin” soʻzi neligini anglayolmay, uning maʼnosi bilan qiziqsinganida, togʻasi oʻng kaftini soʻl koʻksiga qoʻyib, “yurak” deganday boʻlgandi.

Biroq ayni tobda bolakay “yurak” emas, qamchi tarafdori edi.

Ana, u quruq xayol bilan cheklanib qolmay, amaliy ishga oʻtdi – don toʻla qopni Nortoji tanbal oʻrnida tasavvur etib, qoʻliga ilingan xivich bilan uni ayamay savalashga tushdi. Biror muddatdan soʻng hovuri bosilib, hushi joyiga kelgach, maʼyus tortib, jilmaydi: yoʻq, qarindoshi oʻzini savalatib qoʻymaydi, otang urgani kammidi, deya oʻzining taʼzirini berib qoʻyadi!

Otasining qattiqqoʻlligi oʻlgudek jigarchilligi bois edi. U hamisha xeshlari boshini qovushtirib, barchani oʻz yoʻrigʻiga boʻysundirib kelardi. Ayniqsa, uch bola bilan erta tul qolgan yolgʻiz opasini oʻzgacha ardoqlardi, unga boʻron tugul, yengilgina yelvizakni ham ravo koʻrmasdi va shu sababdan ham gap uqmas jiyanlari uning qaynoq qahriga tez-tez duch kelib turishardi. Ammo otasi qazo qildi-yu, Suyun togʻasi aytmish­li, u bunyod etgan “oqibat minorasi” sekin-asta nurashni boshladi. Bu borada bolakayning ilk fahmlab yetgani shu boʻldiki, soʻnggi damlarda shusiz ham xiyla kamnamo boʻlib qolgan xeshlarida oʻziga nisbatan burungi iliqlik va xushhollik yoʻq, borsa, oshkora hadik bilan qarshilashadi: “U-uf, yana qanday tashvishni boshlab keldi-ya bu bola?!” Buni sezgan bolakay iloji boricha ammasining uyiga bormaslikka urinadi. Oʻziga qolsa-ku, bugun ham qadam bosmasdi-yu, lekin tegirmon degan balo uning bolalarcha gʻururidan ustun kelgandi. U qiya ochiq darvozadan ichkarilab, xeshlari nonushta qilib oʻtirgan hovli toʻridagi soʻriga yaqinlashar ekan, oʻgʻillariga gapi oʻtmaydigan shoʻrlik ammasi koʻzlari javdirab-javdirab, ularga yuzlanib-yuzlanib dedi:

– Bola bechorani buytiblar mahtal qilmay, biroving qoʻzgʻal endi!

– Bugun mening umuman vaqtim yoʻq! – dedi bunga javoban Nortoji tanbal keskin ohangda. – Agar vaqti boʻlsa, ana, Qulmaningiz borsin.

– Bugun men rayon enishim kerak, – dedi Qulman degani, ogʻzidagi luqmasini chala-chulpa yutib, piyoladagi choyni xoʻrillatib icharkan. – Ha, aytgancha, hademay Salim kep qoladi-yu…

Oxiri shu toʻxtamga kelishdi – kecha shomda qoʻshni qishloqqa toʻylab ketgan Salimni kutadigan va u qora berishi bilan, qulogʻidan burab boʻlsa-da, tegirmonga zingʻillatadigan boʻlishdi. Vaholanki, kechayam shunga yaqin gap boʻlgandi. Ammo erta peshindanoq muyulishdagi doʻkon peshayvonida qarta chiylab oʻtirgan bekorchilar qavatidan oʻrin olgan Salim issiq oʻrnini sovitgisi kelmadi, boshda, mana hozir-ana hozir, deb turgan odam birdan aynib, bugun emas, ertan, deya gapni qisqa qildi-da, bolakayni haydab soldi. Yoʻq, Salim akasi oʻlgudek tuturiqsiz, bu turishida bugun ham biror bahona topmay qoʻymaydi. Aslida, shu feʼli tufayli ham doimo otasining gʻazabiga duchor boʻlib yurardi. Kecha buning alamini boladan olganday, ushbu gapni aytmoqdan zigʻircha andisha qilmagan: “Ih-hi, otang oʻlib, endi kunlaring menga qoldimi!” Biroq buni kimga va nima deb aytadi? Bolakay shularni xayolidan oʻtkazarkan, ammasi uzatgan shirinlikka qiyo boqmay, sekin iziga qayrilgan va darvozaga yetib-yetmay ushbu xitob izidan quvib yetgan: “Uf-f, bu sagʻirlarniyam tashvishi toza jonga tegdi-da, lekin!..”

Bu sovuq xitobning alamini qopdan olgan bolakay qoʻlidagi xivichni chetga uloqtirib, hovli yuzida besamar kezina boshladi. U oqshom onasining sassiz ezilishini oʻylab, qattiq be­zovtalanmoqda edi. Qani endi, togʻasining ovuli yaqin boʻlsa-yu, yugurib borsa yoxud oʻz tengi bolalarga sira mumkin boʻlmagan bu ishga dadil qoʻl urib, qopni tegirmonga oʻzi olib borib, unni oʻzi tortib kelsa. Shunda u qoʻshni qishloq etagidagi tegirmonni koʻz oldiga keltirib, birdan sergak tortdi. Shoshma, axir otasiga ergashib, bir emas, ikki bor tegirmonga borgandi-ku. Manovi dardisar qopni bir amallab tegirmonga yetkazsa, qolgan ishni tegirmonchi cholning oʻzi eplab-seplab bermasmikan? Toʻgʻri, dastlab, nima, uyingda sendan kattarogʻi yoʻqmidi, deya koyib berishi tayin. Oʻtgan safar hali oʻsmir yoshiga yetmagan bir bolani shunday deya yanganiga oʻzi guvoh boʻlgan. Agar u koyinar boʻlsa, uyda erkaklardan eng kattasi oʻzimman, deya rostini aytadi-qoʻyadi va gap orasida hov birda otasiga ergashib kelgani hamda tegirmon biqinidagi eski soʻrida jamlanishib, birga-birga choy ichishganini astagina qistirib oʻtadi. Bu gapdan keyin, tegirmonchi yaxshi odam, qayishsa kerak.

Bolakay shularni xayolidan kechirar ekan, toʻyqusdan oʻzini har ishga qodirdek his eta boshladi. Hatto zumda boʻyi oʻsib, ovozi yoʻgʻon tortgandek tuyuldi. U bir qarorga kelishi bilan eshagi tomon, bolalarcha pildirab emas, xuddi otasidek salmoqlanib-salmoqlanib odimladi va bu yurishi oʻziga juda yoqib tushdi.

Qoʻra devori ustidagi toʻqimni qoʻliga olayotib, boʻshab qolgan otxona tarafga birrov nazar tashlab qoʻyarkan, otasi oʻlimidan keyin, bu endi silarga yuk boʻlishdan boshqasiga yaramaydi, deya toʻriqni sottirib yuborgan togʻasini ichida yanib-yanib qoʻydi. Negaki, oʻzidek bir yigitga eshakdan koʻra ot yaxshi-da, ustida odamday kerilib oʻtirasan kishi! Lekin otasi tegirmonga otda emas, eshakda borishi yodiga tushgach, shu ondayoq otni unutdi.

Eshagini yaxshilab toʻqimladi.

Keyin koʻmakka odam chaqirish umidida oʻsha salmoqli odimlar bilan koʻchaga yoʻnaldi. Baxtiga, ariq boʻyidagi keksa tol tagida ikki qoʻshni yigit suhbatlashib turgan ekan, qadam olishini zarracha oʻzgartirmagan koʻyi, bir-bir bosib, yigitlarga yaqinlashdi va ilgargidek shunchaki salom berib qoʻya qolmay, har biri bilan qoʻl berib-qoʻl berib koʻrishdi, soʻng ularni yanada hayratga solib, kattalarga xos sokin bir alfozda hol-ahvol soʻrashgan boʻldi. Keyin esa tomoq qirib-tomoq qirib, niyatini bayon etdi:

– Akalar, agar sizlarga malol kelmasa, shu… hovlida ozgina yuk borday edi. Shuni eshakka tashlab berolmaysizlarmi? Iltimos!

Yigitlar uning ortidan ergashar ekan, biri ikkinchisiga sekin dedi:

– Sobir chavandoz tirilib keptimi?

– Shunga oʻxshaydi, – dedi ikkinchisi kulib.

Yigitlar qopni eshakka yuklasharkan, biri ajabsinib soʻradi.

– Xoʻsh, yoʻl boʻlsin, Doniyorboy?

– Tegirmonga, – dedi bolakay andak viqorlanib.

– Yoʻq, bu ishga sen hali yoshlik qilasan.

Bolakay qarasaki, ish chatoq, yigitlar bu ishiga royish beradigan emas, shunda u darrov yolgʻonlashga tushdi.

– Yoʻq, tegirmonga men emas, Salim akam boradi. U kishi toʻydan qaytguncha men bu zormandani ammamning uyiga oborib tashlashim kerak…

– Oʻzi kelsa, oyogʻi sinib qolmasdi! – deya toʻngʻilladi ikkinchisi, bolakayni qoʻltigʻidan tutib qopning ustiga oʻtirgʻizib qoʻyar ekan. – Yaramas, tullak!

Biroq koʻchaga chiqishgach, ammasining uyi bu tomonda qolib, u butunlay teskari tarafga yoʻl tortganini koʻrgan yigitlar dastlab hayron boʻlishdi, soʻng voqeani fahmlab, biri olgʻa intilgandi, boshqasi uni toʻxtatdi.

– Qoʻyaver, qaytamga pishiydi.

Bolakay qir yoqalab ketgan tuproq yoʻlga tushib olgach, yengil nafas oldi. U mushkul muammo tez va osongina hal boʻlganidan, yaʼni ikki kundan buyon ombortom eshigida koʻnglini xira, dilini vayron qilib turgan olaqop nihoyat oʻrnidan jilganidan oʻzida yoʻq xursand edi.

Bu yogʻi esa bir gap boʻlar!

Biroq sal oʻtmay bolakay tagʻin notinchlana boshladi. U olisda qorayib turgan tegirmonli qoʻshni qishloqqa hadiklanib-hadiklanib boqarkan, choʻntagida bir mirri yoʻq, tegirmonchi urishib-urishib, izimga qaytarib yuborsa-ya, degan xayolga bordi. Boya shuni oʻylamagani endi kor qila boshladi. Shunda tegirmon haqiga otasidan pul emas, bir chelakcha un olingani elas-elas esiga tushib, yana qushday yengil tortdi va qoʻlidagi xalachoʻp bilan eshagi sagʻrisiga sekingina urib qoʻydi.

Qishloq etagida, sharqiroq soy boʻyidagi quyuq daraxtzor orasida joylashgan choqqina tegirmonga yetib borganda, ichkaridan chiqib kelgan tegirmonchi Shoyim chol qop ustida mushtdekkina boʻlib oʻtirgan bolakayni koʻrib anqayib qoldi. Keyin eshik tomonga yarim oʻgirilib, manovini qara-manovini qara, deya ichkaridan kimnidir yoniga chorladi. Koʻp oʻtmay uning yonida moʻylovi shopday, oʻzi devday bir erkak paydo boʻldi. Bu orada Shoyim chol, balki izidan odam kelayotgandir, degan oʻyda oʻng kaftini qoshi ustiga qoʻyib, yoʻlga koʻz soldi. Biror qorani ilgʻamagach esa, kuyinchaklik bilan soʻradi:

– Qaysi uying kuygir bitta oʻzingni yubordi, a?

– Hech kim, oʻzim keldim, – dedi uning ovozida mehr sezgan bolakay, dadil tortib.

– Kimning ulisan?

– Sobir chavandozning uliman, – deya boshi bilan ortda qolgan qishlogʻiga ishora qildi bolakay.

– I-i, rahmatli Sobirning ulimisan? – Shoyim chol unga bir zum achinish-la tikilib turdi-da, soʻng birdan diydiyo qilishga tushdi: – Ha, yetimning koʻrgan kuni qursin-a! Enang shoʻrlikning kuni endi sen yetimchaga qoldimi, a?!

“Yetim” soʻzi bolakayga juda ogʻir botdi.

– Men yetimcha emasman! – dedi qoshlarini norozi chimirib.

– Emasam, kimsan? – dedi chol dardnok xoʻrsinib.

– Men erkakman! – dedi bolakay charslanib. – Oilaning bosh erkagiman!

– Nima-nima?! – dedi hayratdan shopmoʻylovning koʻzlari katta-katta ochilib. – Shu gaping­­ni yana bir qaytar, jiyan!

– Men erkakman! – dedi bolakay bu safar qaysarlanib.

– Ha, tilingdan, tilginangdan seni! – shopmoʻylov yayrab kuldi-kuldi-da, soʻng Shoyim chol tomonga ilkis yuz oʻgirib, qatʼiy va joʻshqin bir ohangda dedi: – Shu gapi uchun ham tegirmon navbati buniki! Ha-ha, men oʻz navbatimni shu bolaga beraman! Avval bu, keyin men! Ha, erkakman degan tilingdan seni!

U bolakayni eshakdan tushirib, ogʻir qopni quchogʻiga ola-ola, yana dedi:

– Ha, koʻzingdan seni!

Bolakay soy yoqasidagi chimzorga eshagini qantarib, ichkariga qimtinib bosh suqqanida, olaqopdagi don allaqachon doʻlga agʻdarilgan va gʻirillab aylanayotgan tegirmon toshlari orasiga dastlabki bugʻdoy donalari bir maromda toʻkilmoqni boshlagan edi.

Tegirmon navbatini bolakayga bergan shopmoʻylov kechga tomon kelishini aytib, ular bilan xayrlashib ketdi. Ketayotib ham, ha, koʻzginangdan seni, deya bolakayni erkalab-erkalab ketdi. Shoyim chol esa bu yogʻiga nima qilarini bilmay, goh chir aylanayotgan tegirmon toshiga, goh doʻl kosasidan tushayotgan don oqimiga, goh devor yoqalab qator terilgan qoplarga, goh un gardidan oqargan pastak shiftdagi xira chiroqqa bir-bir tikilib, anqayib turgan bolakayning qoʻliga boʻsh qopni tutqazib, tashqariga qoqib-suqib kelishni buyurdi. Keyin qop chetlarini qayirib-qayirib, uni xampa yoniga oʻngʻaylab joylashtirdi-da, choqqina ogʻoch kurakni bolakayning qoʻliga tutqazib, yigʻilgan unni qopga qanday qilib solishni oʻrgatib, odam kelsa, chaqirarsan, deya hovlisiga chiqib ketdi.

Ish joʻn va oson edi.

Yolgʻiz qolgan bolakay birpasda tegirmonni oʻziniki qilib oldi. Xampaga un yigʻilgan kezlari, uni qopga solib, qolgan payt soy boʻyidagi quyuq daraxtzorni aylandi, qiya ogʻoch novdan quyiga intilayotgan suv kuchidan chir aylanayotgan tegirmon parragini obdon tomosha qildi. Tegirmonga odam kelsa, hayallamay qoʻshni hovlidan Shoyim cholni chaqirib keldi. Tushda esa cholning nevarasi olib chiqqan chinni lagandagi oshni maza qilib urib oldi.

Oqshom oldi bolakay un toʻla qop ustida, oʻzicha kerilib qishlogʻiga kirib borarkan, bugun tegirmonga borishi lozim boʻlgan Salim akasini doʻkon oldida, oʻziga oʻxshagan uch-toʻrt ulfatlari davrasida gʻirt mast holda koʻrdi. Qoʻshni ayollar bilan daladan qaytayotgan onasiga esa oʻz darvozalari roʻparasida duch keldi. Ular oldinma-keyin hovliga kirisharkan, voqeani toʻla idrok etgan va bundan mehri daryodek joʻshgan ona boshdan-oyoq oppoq un gardiga belangan oʻgʻlini mahkam quchib, oʻpmoqqa intildi. Biroq bolakay bunga izn bermadi, keskin yuz burdi – birinchi bor oʻzini bolalarcha suyub, erkalashlaridan orlandi.

Ona bundan hayron boʻldi.

Ona bundan oʻksindi.

Oʻgʻliga tiklab-tiklab qaradi va birdan sergak tortdi, qoshida oʻzi bilgan jimitdek oʻgʻli emas, rosmana bir erkak, menda boshqa gapingiz yoʻqmi, deganday jiddiy boqib turardi.

Biroq bu “erkak”ning chogʻi eshakdagi qopni yerga tushirmoqqa yetmasdi. Shu sabab qoʻshni yigitlarni koʻmakka chorlash oʻyida salmoqli odimlar ila tashqariga yoʻnaldi.

Bundan onaning koʻzlari yoshlandi, biroq bu beixtiyor qalqigan sevinch va gʻurur yoshlari edi.

 

Normurod Norqobilov

 

2016 yil

 

 “Yoshlik”, 2017–3

https://saviya.uz/ijod/nasr/erkak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x