Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga
Oʻzbek sanʼati dargʻalari – Halima Nosirova, Saodat Qobulova ijro etgan, keyinchalik koʻplab xonandalar ijro repertuaridan mustahkam joy olgan bir qoʻshiq bor. Sulaymon Yudakov musiqa bastalagan, “Kashmir afsonasi” nomi bilan sahna yuzini koʻrgan va oʻz zamonasining eng mashhur tomoshalaridan biriga aylangan operada kuylangan Nargiz ariyasi kattayu kichik sanʼat ixlosmandlariga yaxshi tanish:
Dugonalar, bormisiz, omonmisiz?
Jam boʻlishib, ochilib gulzormisiz?
Ushbu operaga xalqimizning atoqli farzandi Sharof Rashidov qalamiga mansub “Kashmir qoʻshigʻi” qissasi asos qilib olingan. Bu fidoyi inson nafaqat taniqli siyosiy arbob, balki oʻz davrining bilimdon adabiyotshunosi, talabchan munaqqidi, publitsisti, shoiri va adibi ham edi. Uning ijodi oʻtgan asr 30-yillari ikkinchi yarmida boshlangan. Koʻpchilik ijod ahli kabi dastlab sheʼriyatda qalam tebratgan ziyolining birinchi sheʼriy toʻplami “Samarqand kuylari” nomi bilan oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilingan. Ikkinchi jahon urushi yillarida yozilgan, ona yurt himoyasi tarannum etilgan, dushmanga qarshi mardonavor kurashga chorlovchi, shu yoʻlda jon olib-jon berib kurashayotgan yurtdoshlari haqidagi ilk turkum sheʼrlari esa 1945 yilda nashrdan chiqqan “Qahrim” toʻplamida jo boʻlgan. Keyinchalik nasrda qalam tebratgan Sharof Rashidovning bir qator qissa va romanlari dunyo yuzini koʻrdi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Sharof Rashidov ijodida maqolanavislik muhim oʻrin egallaydi. Shuning uchun uning badiiy asarlarida publitsistik ruh yetakchilik qiladi. Adibning 1953 yilda yaratilgan “Gʻoliblar” qissasida xalqimizning urushdan keyingi tiklanish, tinch-osuda mehnat ogʻushidagi hayoti aks ettirilgan boʻlib, muallif bu asarni 1972 yilda qayta ishlaydi va roman shakliga keltirib, qayta nashr ettiradi. 1958 yilda eʼlon qilingan “Boʻrondan kuchli”, 1964 yilda yaratilgan “Qudratli toʻlqin” romanlarida ham xalq hayoti, umum mehnati, yutuqlari, oʻsha murakkab davrdagi insoniylik jasorati aks ettirilgan.
Sharof Rashidov ijodida muhim oʻrin egallagan asarlardan biri 1957 yilda chop etilgan “Kashmir qoʻshigʻi” lirik qissasidir. Bu asarning oʻziga xos yaratilish tarixi bor. Sharof Rashidov oʻtgan asr 50-yillari boshida Hindiston safarida boʻladi. Hindistonning soʻlim Kashmir viloyatida hindlar orasida keng tarqalgan bir rivoyatni unga soʻzlab beradilar. Bu haqida muallif mazkur asar xotimasida shunday yozadi:
“Biz tushgan kema Kashmirning Jilam daryosi oʻrtasidan suzib borar ekan, Nargiz va Bambur sevgisi, vafosi haqidagi, ularning son-sanoqsiz doʻstlari toʻgʻrisidagi ana shu ajib qoʻshiqni eshitdik. Bu qadimiy qoʻshiq bizni chuqur mazmuni, tengsiz latofati bilan maftun etdi…”
Ozodlik va erk uchun kurash, sof muhabbat tarannumi oʻlaroq yangragan bu afsona-qoʻshiq va bu afsonani milliy ozodligi uchun kurashgan, alaloqibat mustamlakachilar ustidan gʻalabaga erishgan jafokash hind xalqining shu kurashlarda qatnashgan oddiy odamlari soʻzlab bergani adibga qattiq taʼsir qiladi. “Bular goʻzal vodiy bogʻbonlari, togʻlardan tushgan gʻallakorlar, chorvadorlar, shaharlarning ishchilari, mohir hunarmandlar edilar. Bular mustamlakachilar zulmiga qarshi, oʻz vatanining ozodligi va mustaqilligi yoʻlida hormay-tolmay kurashib, gʻalaba qozongan, yer islohotini muvaffaqiyatli oʻtkazib, xalq farovonligi uchun, yer yuzida tinchlik va baxtli kelajak uchun kurashayotgan azamatlardir. Jilam daryosida suzar ekanmiz, qirgʻoqlarda surnay sadolari, yoqimli qoʻshiqlar yangrardi. Biz bu qoʻshiqlarni tinglaganimizda Kashmir va Jammu xalqlarining mustamlakachi zolimlarga qarshi kurashlarini, ularning Nargiz va Bambur timsolida kuylagan mard oʻgʻil va qizlarini koʻz oldimizga keltirdik”, deydi adib. Keyinchalik shu afsona asosida ramziy timsollar koʻmagida lirik qissa yaratadi va uni “Kashmir qoʻshigʻi” deb nomlaydi. Shuni ham taʼkidlash oʻrinliki, bu adibning Hind diyori taassurotlaridan yuzaga kelgan yagona asari emas. 1959 yilda yaratilgan “Komde va Mudan” nomli qissa ham shu el hikoyatlari asosida yozilgan. Ammo “Kashmir qoʻshigʻi” asari oʻz badiiy latofati, taʼsirchanligi, sheʼriyatga xos nafosatni oʻzida jamlagani bilan tez orada mashhur boʻlib ketdi. Adibning ukasi, tiniqli tarjimon va adabiyotshunos Asil Rashidov ushbu asar haqida shunday degan edi: “Sharof Rashidov birgina “Kashmir qoʻshigʻi” qissasi bilan ham oʻzbek adabiyoti tarixida umrbod qolishga haqlidir. Bu asar dunyoning 56 tiliga oʻgirilganining oʻzi barchasini anglatib turibdi”.
Darhaqiqat, qissaning shu qadar mashhur boʻlib ketgani bejiz emas. Uni jahonning koʻpgina xalqlari oʻz ona tillarida oʻqidilar, oʻzlariniki kabi qabul qildilar. Oʻsha davrda asar dunyo tillarida 797 ming 500 nusxada nashr etilgani maʼlum. Buning asosiy sababi esa “Kashmir qoʻshigʻi” eng ulugʻ tuygʻu – erk, ozodlik tuygʻusi, bu neʼmatga erishish yoʻlidagi mardonavor va tengsiz kurashlar, odamzod qalbining nafis javohiri – muhabbat mavzusida yozilgani edi. Asarning qisqacha mazmuni esa shunday:
Kashmirdagi soʻlim vodiyda gullab-yashnagan bir bogʻ bor. Gullar bogʻi deb ataladigan bu bogʻda Lola, Atirgul, Navroʻzgul, Sariqgul, Oq atirgul, Yovungul singari biri biridan goʻzal gullar barq uradi. Ularning sardori, eng goʻzali, shu bilan birga, jasoratli, irodalisi Nargiz guli edi. Asalarilar shohi Bambur bilan bir-biriga koʻngil bergan bu ikkovlonning sof muhabbati, Gullar bogʻidagi chechaklarning erkin, ozod hayotlari tahlika ostida qoladi. Har bir ertakda boʻlgani kabi bu afsonada ham ezgulikni koʻrolmaydigan kuchlar – yovuzlik timsollari boʻlmish Boʻron bilan Xorud hamda ularning dajjollari sevishganlar yoʻliga toʻgʻanoq boʻladi. Ikki oʻrtada tengsiz kurash boshlanadi. Noziknihol gullarning ayamajuz boʻroniga qarshi kurashi qanchalik ojizona boʻlmasin, ular qalbidagi ishonch, ozodlik ishtiyoqi barcha mashaqqatlar, balo-qazolarni yengib, oxirida gʻalaba qozonishlariga madad beradi. Adib bu jarayonni oʻziga xos lirika bilan mohirona tasvirlagan:
“Nargiz ochilib turgan yaproqlarini, u bosib turgan etaklarini siltab yigʻib olganday, xoʻmrayib yigʻib oldi.
– Boʻron,- dedi unga ohista tik boqib, bu safar undan ham, uning dahshatli vujudidan ham hayiqmadi. – Sen bilan biz hech qachon kelisha olmaymiz! Yer bilan oftob balki birlashur, ammo omonlik bilan yovuzlik, urush bilan tinchlik – hech qachon! Ovora boʻlma, daryolarni ters burib, togʻlarni agʻdarganingda ham maqsadingga yetolmaysan! Gulni uzib tashlaysan, ammo hamisha ochilaveradi! Ochilaveradi! Ochilaveradi! Bamburning yoʻllariga oʻt qoʻyasan, bari bir u kelaveradi! Togʻlar paydo qilasan, baribir u kelaveradi, yoʻllarimizni daryolar bilan toʻsarsan, baribir u, suv kechib kelaveradi! Kelaveradi! Kelaveradi! Hamma narsaga qodirsan, ammo sevishganlarni ajratib tashlashga aslo qodir emassan!
Nargizning soʻnggi soʻzi Boʻronni larzaga keltirdi! Nargizni oʻrab turgan gullar, dugonalari, qushlar, qumrilar, bulbullar, jamiki giyohlar gurillab, chugʻullab chapak chalishdi! Boʻronga qarab bostirib bordilar. Boʻron chekinishga, sharmandasi chiqib chekinishga majbur boʻldi!”
Bu kabi nazmga monand satrlarni ora-orada ohangdor, maʼnodor kichik-kichik sheʼrlar bezagan:
Olamda gullar yashar,
Bogʻlarga jamol boʻlib,
Gulzorlarga yarashar
Ular husni xol boʻlib…
Ushbu sheʼrlarni oʻqiganda beixtiyor oʻquvchi quloqlari ostida ohangdor va shirali, yoqimli ovozda qilinayotgan xirgoyini eshitganday boʻladi. Shu sabab ham qissa eʼlon qilinganidan soʻng tez orada mashhur kompozitor Sulaymon Yudakov nazariga tushgan va to hanuz ohori toʻkilmagan asar yaratilishiga asos boʻlgan.
Qissaning 26-nashriga masʼul muharrirlik qilgan shoir Turob Toʻla shunday yozgandi:
“Bu qoʻshiqni men birinchi bor eshitganimda, adibning davr va zamon tomirini yaxshi bilishiga, mulohazasiga, soʻz, til va ohang kuchiga hayron qolgan edim. Asar shunday samimiy, sodda va fusunkor, oʻqishli yozilgan ediki, lirikadan, haqiqiy sheʼrdan ajratib boʻlmasdi. Tinglardimu, vazni bilan qofiyasini axtarardim xayolimda, balki “bahri tavil”dir deb oʻylardim. Ammo ularning bittasi ham yoʻq edi, qora soʻzning oʻzida shunday chiroyli edi. Ohang sel qilardi, ohang va soʻz, hissiyot va hayajon yetaklardi kishini. Afsonaviy obrazlar, gul bilan gilam vodiy, vodiy baxtini muhofaza qilib turgan, muhofaza qilib kuzatib turgan baland-baland togʻlar, buyuk Himalay hali yuqorida eslaganimiz Kashmirni, oʻsha Srinagarni, oʻsha Jilamni, ularning odamlarini eslatardi…”
Asar davr shiddatiga, sinoviga dosh bera olsagina, haqiqiy asarga aylanadi. “Kashmir qoʻshigʻi” qissasi ana shunday davr sinovida toblangan, barcha toʻsigʻu chigʻiriqlardan omon oʻta olgan badiiy durdonadir. Uning mutolaasi esa har bir kitobxon qalbida goʻzal hissiyotlar uygʻotib, ezgulik gʻalabasi, sevgi tantanasi, erk tarannumi sifatida chuqur taassurot qoldiradi.
Xurshida ABDULLAYEVA
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/erk-ozodlik-va-muhabbat-qissasi/