Ergash Raimov

(1937–2011)

 

Mening doʻstim, qushchalar, siz,

Kuyni xoʻp-u xush chalasiz.

Bahor keldi uchib keling,

Bogʻimizga koʻchib keling.

Men kuylayin gul Vatanda,

Siz kuylangiz gul chamanda,

Kuyga toʻlsin bogʻ-u gulshan,

Kuyga toʻlsin ona-Vatan.

Bu misralar – mustaqil diyorimizning kenjatoyi, ertaning bunyodkori, ona-Vatanimizning guldek yashnab turishi, uning bagʻrida bulbul-u maynalarning xuddi oʻzi kabi erkin xonish qilib yurishlari tarafdori boʻlgan bola tilidan aytilgan qoʻshiq Ergash Raimov qalamiga mansub.

Butun hayoti va ijodini bolalar uchun sheʼr, qoʻshiq, hikoya, doston, drama, qissa va romanlar yoziishga bagʻishlagan isteʼdodli qalamkash Ergash Raimov 1937-yilda Toshkent viloyatining Chinoz tumanida tavallud topdi. Chinozda oʻrta maktabni tamomlab, hozirgi Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika universitetining tarix fakultetida oʻqidi. Bir necha yil “Kamalak” nashriyotida ishladi, mehnat faoliyatining katta qismini esa Oʻzbekiston televideniyasida turli boʻlimlarda muharrirlik vazifasida davom ettirdi.

Ergash Raimov sermahsul qalamkashlardan biri hisoblanadi. Uning “Anhorcha” (1963), “Bulut va bola” (1969), “Jilgʻalar kuylaydi” (1973), “Gullarim, bulbullarim” (1988) sheʼriy toʻplamlarini, “Oqilboy” (1973) dostoni, “Bir dona yaproq” doston-ertagini (1971), “Mehribonlarim” (1979), “Ajab qishloq” (1976), “Eh, biz kattalar” (1979), “Koʻz ilgʻamas shuʼlalar” (1986) “Udivitelniʼy kishlak” (1990) qissalarini bolajonlar sevib oʻqishadi. Dramaturgning “Doktor Hakimning gʻaroyib ixtirosi”, “Yoz kunlarining birida” (E. Musayev bilan hamkorlikda), “Shaharlik kelin” (Alp Jamol bilan hamkorlikda), “Dardisar” (E. Musayev bilan hamkorlikda) komediyalari, “Kaftingda tut”, “Zarang kosa” singari sahna asarlari uzoq yillardan beri yosh tomoshabinlarga estetik zavq baqishlaydi.

Ergash Raimovning quyi sinf oʻquvchilari hayotidan olib yozgan sheʼrlari bir olam. U oʻz sheʼrlarida mustaqil diyorimiz haqida, bu maskanda tashvishsiz yashab, taʼlim-tarbiya olayotgan maktab oʻquvchilarining oʻqishlari, axloq-odoblari, ona-Vatanga, tabiatga, mehnatga boʻlgan mehr-muhabbatlari toʻgʻrisida toʻlibtoshib yozadi.

Rivoyat qilishlaricha, qadimda bir toʻda bolalar oʻyin bilan mashgʻul edilar. Xalq ichida obroʻ va eʼtiborga ega boʻlgan bir qari odam otga minib, tasodifan oʻsha koʻchadan oʻta boshladi. Oʻynab turgan bolalardan biri cholning kelayotganini koʻrib, chetroq joyga chiqib turdi. Qari kishi yetib kelgach, haligi bola qoʻl qovushtirib salom berdi. Boshqa bolalar esa cholga eʼtibor ham bermadilar.

Chol bu bolaning oqilona harakatidan zavqlandi. U bolalarning odobini sinash uchun ularning yoniga kelib, qoʻlidagi uzukni yerga tashladi va:

– Qaysi birlaringiz uzugimni qoʻlimga olib bersangiz, kitob, daftar sotib olish uchun pul beraman, – dedi. Bolalar bir-birlari bilan talashib-tortishib uzukka yopirildilar. Nihoyat, bir bola chaqqonlik bilan uzukni yerdan olib, cholga berdi. Salom bergan bola esa uzukni olish uchun qilgan harakatlarga qoʻshilmay, oʻz joyida jim turardi. Chol bu dafa uzukni uning yoniga tashladi. Bola darhol uzukni yerdan olib, artdi. Cholga taʼzim qilib, uzukni uning qoʻliga berdi. Chol u bolaning odobi, tarbiyasidan zavq-shavqqa toʻlib, tahsin-ofarin aytdi, otdan tushib, bolaning peshanasidan oʻpib, uning haqiga xayr-duo qildi, oʻgʻlini shunday tarbiyali, odobli qilib oʻstirgani uchun uning ota-onasiga rahmatlar aytdi.

Ergash Raimovning koʻp sheʼrlarida yuqorida aytilgan rivoyatdagi bola kabi axloq-odobli qahramonlar obrazi koʻp. Shoir sheʼrlarida taʼkidlab oʻtganidek, oʻzbek xalqi va farzandlari odobaxloq, muomala, salom-alik borasida butun dunyo ahlini oʻziga rom qilib keladi.

Daniyalik bir etnograf olim umrining oʻn besh yilini olam kezish, sayohat qilish bilan oʻtkazadi. Bir qator mamlakatlarda boʻladi, odamlarning muomalasini oʻrqanadi. Bizning mamlakatimizda boʻlgan chogʻida “Yer yuzining koʻp diyorlarida boʻldim, xalq, elatlar bilan suhbatlashdim. Ammo oʻzbek diyoridek salom-alik, tavozega boy yurt-u xalqni koʻrmadim. Oʻn besh yoshli bir oʻzbek qizalogʻining nazokat bilan choy uzatishi meni qoyil qoldirdi”, deb qayta-qayta taʼkidlagan edi.

Bolalar shoiri Ergash Raimovning “Oltin olma – duo ol”, “Olqish olgan bolalar”, “Bobolar rahmat dedi”, “Qizcha” sheʼrlari duo olish, kattalarga hurmat, kichiklarga iltifot koʻrsatishga qaratilgan. Masalan, “Qizcha” sheʼrini olaylik.

Unda maktabga yoʻl olgan oʻquvchi qizning oddiyligi, soddaligi, begʻuborligi bolalarga ibrat, namuna boʻlishi oʻrnak qilib koʻrsatilgan:

Maktabga borar qizcha,

Bamisoli bir gʻuncha.

Qoʻlida jajji papka,

Yuzi oʻxshar oftobga.

Qizcha yoʻlda duch kelgan katta-kichikka salom beradi va rahmat eshitadi, duo oladi. Duo, maqtov, olqish faqat oʻzigagina emas, balki qizchani shu darajaga yetkazgan ota-onasiga, muallimiga ham aytilgan, bu esa yosh kitobxon qalbida uzoq saqlanib qoladi:

Koʻringanga der: – Salom,

Koʻp yasha, balli, bolam.

Odob-u taʼlimingga,

Rahmat muallimingga,

Yoʻlingda baxt esh boʻlsin,

Oʻqishlaring besh boʻlsin,

Duo qiladi chollar…

Shirin-shakar ona qiz,

Katta boʻlgin, dono qiz, –

Duo qilar ayollar.

Yaxshi qiz! Nomi yaxshi,

Elga salomi yaxshi.

Hayotda qaysi bola pokiza kiyinib, gigiyena qonun-qoidalariga amal qilsa, tanasi sogʻlom, oʻzi tetik, bardam boʻladi. “Yorqinoy” xuddi shu mazmunni ifodalovchi asar. Shoirning shiori shunday: “Hamma pokiza boʻlsin”. Ana oʻshanda “Har bolaning odobi yaxshi, oʻqishi aʼlo” boʻladi, katta-kichikning hurmat va olqishiga muyassar boʻladi:

Maktabda ham, uyda ham,

Irkitlikka doim qarshi.

Shuning uchun hamma uni,

Doktor qiz der: Qanday yaxshi!

Bolalar shoiri Ergash Raimovning “Don yigʻishdik”, “Aʼlo oʻqish – aʼlo ish”, “Kattalarga dastyor, hamkormiz”, “Rahmat, dedi muallim”, “Biz ham kichik yordamchi”, “Don ekamiz, don yigʻamiz”, “Don keldi – non keldi” va boshqa sheʼrlari, qoʻshiqlari xalq rivoyatlari, pand-nasihatlar yoʻlida yozilganligi bois taʼsirli, badiiy pishiq chiqqan. Bu asarlarda kattalar mehnatini qadrlash, kichkintoylarni ham xuddi bobolari kabi mehnatkash boʻlishga daʼvat etadi.

Ona-Vatan! Vatanni sevish, ardoqlash, uning har bir qarich yerini oʻzi uchun muqaddas bilish toʻgʻrisida sheʼr bitmagan oʻzbek shoiri yoʻq. Ergash Raimov ham xuddi shu mavzuda sheʼr yozgan. Lekin u mavzuni boshqacha, oʻziga xos yangi uslub, yangi yoʻl bilan ochib berishga harakat qilgan va oldiga qoʻygan maqsadiga bir qadar erishgan. Masalan, “Olaqargʻa”ni olib koʻraylik. Bobolar azaldan: “Qargʻa qagʻ etadi – oʻz vaqtini chogʻ etadi” deb, qargʻaning yengiltakligi, hayotga befarq qarashi, bir onlik rohatini koʻzlab yashashini tanqid qilib keladilar. Shoir oʻsha qargʻada chinakam yurt, el yoʻqligini sheʼrga solish bilan kichkintoylarni qargʻa kabi boʻlmaslikka, onaVatanni astoydil, bir umrga, soʻnggi nafasgacha sevishga chorlaydi:

Olaqargʻa qagʻ etadi,

Oʻz vaqtini chogʻ etadi.

Qorga shoʻngʻib choʻmiladi,

Par toʻshakka koʻmiladi.

Issiq kunlar unga yoqmas,

Yoz kunlari qor ham yogʻmas.

Shuning uchun qishda oʻynar,

Issiq kunda boshi qaynar.

Yoz kelganda uchib ketar,

Yurtin tashlab koʻchib ketar.

Sevmas qargʻa chamanini,

Demak, sevmas Vatanini…

Ergash Raimov “Simlar chaladi hushtak” asarida katta-yu kichik bolalarga ibrat, oʻrnak boʻladigan mavzuni ochib beradi. Asar qahramoni Mavluda ismli qizcha. U mashq, badantarbiya bilan koʻp narsalarga erishish, sogʻlom, tetik, baquvvat boʻlish yoʻlini oʻrganib olgan. Qahraton qish oʻz hukmini oʻtkazib, uncha-muncha odamning sovuqqa bardoshi chidamay turgan bir paytda u bemalol, xotirjam qor ustida mashq qiladi, tanasini chiniqtiradi, hammaning havasini keltiradi:

Qahraton qish chillasi,

Yuzni kesar izgʻirin.

Uydan chiqsang eshikka,

Achishar quloq, burun.

Pisand qilmay sovuqni,

Erta turib Mavluda.

Badantarbiya qilar Rohatlanib hovlida.

Oyisi der: – Hoy qizim,

Shamollab qolma yana.

Yoʻq, oyijon, – dedi u, –

Sovuqda pishar tana.

Chidayolmay sovuqqa,

Simlar chaladi hushtak.

Ammo sportchi qizcha,

Oʻzin sezadi qushdek.

Shoir Ergash Raimov oʻzbek bolalar adabiyotida doston, ertak-doston ijodkorlaridan biri sifatida keng kitobxonlar ommasiga yaxshi tanish. Keksalarga muhabbat, ona-tabiatni, hayvonlar olamini sevish, ardoqlash, uni ehtiyot qilish (“Keksa ovchi qissasi”); yaxshi oʻqish, bilimdon boʻlish, ilm-fan sir-asrorlarini koʻproq oʻrganish, oʻzlashtirish (“Oqilboy”); mehnatkash, halol-pok boʻlish, oʻzgalarni kamsitmaslik (“Bir dona yaproq”) kabi xususiyatlar shoir dostonlarining asosiy mavzusi hisoblanadi.

Butun ijodini kichkintoylarning katta adabiyotiga bagʻishlab kelayotgan Ergash Raimovning “Mehribonlarim”, “Ajab qishloq”, “Koʻz ilgʻamas shuʼlalar”, “Eh, biz kattalar” va boshqa qissalari hozirgi oʻzbek bolalar prozasida oʻziga xos oʻrin egallaydi. Yozuvchi qalamga olgan mavzu har xil, qahramonlar har xil, ammo maqsad, muddao bir xil – davrimiz uchun munosib komil insonlarni tarbiyalashdan iboratdir.

Hayotda bola toʻpalonchiroq, shoʻxroq ham boʻlishi mumkin. Boʻlar bola boshidan, deganlaridek, bola dadil boʻlib oʻssa, oʻz nonini oʻzi topib yeydigan boʻlsa, qanday yaxshi. Biroq Usmonxoʻjaga (“Mehribonlarim”) oʻxshab qolsa, bunday erka, zararkunanda bolaning kelajagi qiyinchilikdan iborat boʻladi.

Bir donishmanddan soʻradilar:

– Qanday alomatlar odamning baxtli ekanidan xabar beradi?

Donishmand aytadi:

– Halol mehnat, saxiylik, gʻayrat, ochiq yuzlilik va shirin soʻzlilik baxtli odam alomatlaridir.

Yana undan soʻradilar:

– Tarbiyasiz farzand nimaga oʻxshaydi?

Donishmand aytadi:

– Bunday farzand ortiqcha oʻsgan barmoqqa oʻxshaydi. Uni kesib tashlamoqchi boʻlsang, ogʻriydi, oʻz joyida qoldirsang, bedavo boʻlib turaveradi.

Usmonxoʻja ham xuddi ortiqcha oʻsgan barmoqqa oʻxshaydi. Usmonxoʻjaning nooʻrin xatti-harakati, oʻyinqaroqligi, manmanligi, kibr-havoga berilganligini muallif meʼyoriga yetkazib tasvirlaydi. Bolaning oʻzboshimcha, bemehr boʻlib kamol topishiga onasi sababchi. Onaning oʻzi shunday illat qobigʻida oʻralashib qolganligi bois yolgʻiz farzandining ham tarbiyasini izdan chiqaradi, uning taltayib ketishiga sharoit yaratadi. Ammo ota haqiqiy inson. Usmonxoʻja maktab jamoasi, ota koʻmagi bilan qayta oyoqqa turadi.

“Ajab qishloq” qissasi oʻsmirlar hayotini ochib berishga qaratilgan. Asarning asosiy qahramonlari Said va Soatdir. Bu qissa yosh kitobxonlar tomonidan sevib oʻqib kelinadi. Shodibek ichkilikka mukkasidan ketgan, obroʻsini yoʻqotgan, ishidan haydalgan inson. Said va Soat ota izidan yurmay, hayotda oʻz oʻrni, oʻz burch-vazifalarini bajarishga intilgan yoshlar sifatida kitobxonda yaxshi taassurot qoldiradi.

Ikkinchi jahon urushi oʻzbek xalqining ham boshiga tushgan balo boʻldi. Fashist bosqinchilariga qarshi kurashda koʻp oilalar kimidandir judo boʻldi. Urushga ketganlarning ayrimlari bir umrga majruh boʻlib qaytdilar. “Koʻz ilgʻamas shuʼlalar” qissasi mana shunday kishilardan birining hayotini koʻrsatishga bagʻishlangan. Boltaboy aka urushdan omon qaytadi. Ammo panjalari toʻmtoq boʻlib qolgan edi. Urush ofatidan, ochlik va yupunlik tufayli otasi, xotini olamdan oʻtgan edi. Boltaboy frontdan qaytgach, yolgʻiz qizi Toʻxtaxon ham bezgak azobidan

 

qazo qiladi. Ammo Boltaboy akaning atrofida yaxshi, saxiy, mehribon, bagʻrikeng odamlar koʻp. Ana oʻshalar ichida Boltaboy aka oʻzini erkin tutadi, dunyoda yolgʻizmasligini his qilib yashaydi. Doʻsti sovgʻa qilgan ayiq bolasiga ismi oʻchmasin deb Toʻxtaxon degan nom beradi. Toʻy-hashamlarda ayiq oʻynatib, katta-kichikka kulgi, quvonch, shodlik ulashadi. Shu yoʻl bilan Boltaboy aka odamlarning umrlariga umr ulashadi, eldan duo olib, oʻzi ham qalbiga taskin berib umr oʻtkazadi. Zero, adibning oʻzi kitob soʻzboshisida yozganidek, “Baʼzi odamlarni saxiy, bagʻri keng daryolarga oʻxshatgim keladi. Sokin daryolar tubida qanchalar kuch-qudrat, qanchalar joʻshqinlik, algʻovdalgʻov poʻrtanalar borligi hammaga ayon”. Majruh qalb Boltaboy aka atrofida ham Sher ota, Abdulla kabi haqiqiy insonlarning borligi, kimsasiz, chorasiz, gʻarib koʻnglini koʻtarib, uni yashashga, yashash uchun kurashishga daʼvat etib, hayotda uchraydigan qiyinchiliklarni matonat bilan yengishga undaydi. Ularni ham yaxshi oʻqishga, oʻzgalarga oʻrnak boʻlishga mudom chorlab turadi.

E. Raimovning sevgi va sadoqat, poklik, insoniylik va oilaviy burch haqida yozgan “Eh, biz kattalar” qissasi bolalar oʻrtasida katta shov-shuvga sababchi boʻldi. Asardagi yetakchi qahramon Jaloliddin toʻrtinchi sinfda oʻqiydi. U sipo, aʼlochi, mehnatkash, sodda bola sifatida hammaning havasini keltiradi. Uy-roʻzgʻor ishlarida onasiga koʻmaklashadi. Mehnat qilish, oʻqish bilan onasining koʻnglini koʻtarishga, ularni tashlab ketgan ota oʻrnini bosishga intiladi. Qissada Jaloliddinning ruhiy kechinmalariga, yaʼni otasizligi tufayli bolalarning achchiq gap-soʻzlariga sabrtoqat bilan chidab yurishi haqidagi mavzuga keng oʻrin beriladi.

Dramaturgning “Doktor Hakimjonning gʻaroyib ixtirosi”, “Kaftingda tut”, “Zarang kosa” kabi pesalari oʻz muxlislariga ega boʻlib, uzoq yillardan beri mamlakatimiz yosh tomoshabinlar teatrida, Oʻzbekiston televideniyasida qayta-qayta namoyish qilinmoqda.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

 

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ergash-raimov/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x