Shoir va tarjimon Faxriyor bilan suhbat
– Siz adabiyot olamiga yangi nafas bilan kirib keldingiz. Koʻplab sheʼr shaydolarining yuragidan joy oldingiz. Biroq oxirgi sheʼriy toʻplamingiz “Geometrik bahor”ning chop etilganiga, adashmasam, oʻn yil boʻlyapti. Adabiy nashrlarda ham faol emassiz. Shoir Faxriyorni sogʻingan, undan yangi sheʼrlar kutayotgan sheʼrxonlarga bu holatni qanday izohlaysiz?
– Toʻgʻri aytasiz, bu oʻzim uchun ham ogʻriqli masala. Tanaffus darsdan choʻzilib ketsa, vaqt qimmatini yoʻqotadi. Faqat bir taskin bor – bekor oʻtirganim yoʻq, tinmay ishlayapman. Tarjima bilan shugʻullanyapman. Katta-katta loyihalarda qatnashyapman. Kim biladi deysiz, bugun xalqqa ularning nafi sheʼrdan koʻra koʻproqdir.
– Shoirning katta ruh bilan oʻzini erkin qoʻyib ijod qilishi uchun nima kerak, deb oʻylaysiz?
– Buning uchun botiniy erkinlik zarur. Botiniy erkinlik va ruhiy xotirjamlik uchun esa ijodkor iqtisodiy jihatdan muhtoj boʻlmasligi kerak. Mashrab shusiz ham katta shoir boʻlgan-ku, degan gapni aytishlari mumkin. Lekin katta adabiyot yoʻl-yoʻlakay toʻqilgan sheʼrlar bilan emas, xotirjam holatda har jihatdan puxta oʻylangan asarlar yozish bilan yaratiladi.
Albatta, zamonga boqmay, u bilan hisoblashmay ijod qilgan va qilayotgan ijodkorlar ham koʻp. Lekin qani Navoiy darajasidagi shoirlar, Tolstoy darajasidagi yozuvchilar?
– Ijodingiz koʻplab bahslarga sabab boʻlgan. Ayrim tanqidchilar sizni faqat shakliy eksperimentlar qilib yurgan ijodkor deb bilsa, boshqalari ijodingizga yuksak baho beradi. Oʻz ijodingiz haqida qanday fikrdasiz? Sizningcha, yaxshi sheʼr qanday talablarga javob berishi kerak?
– Har doim takrorlab kelganman: men sheʼrni birovning qosh-qovogʻiga qarab yozmayman, koʻnglimdagi gaplarni oʻzimga maʼqul yoʻsinda ifoda qilishga intilaman. Aksariyat tanqidchilarning fikri bir vaqtlar rahmatli adabiyot oʻqituvchimning sheʼrlaringni tushunmadim, degan gapidan nariga oʻtmaydi va bundan xafa boʻlmayman. Har kimga bir “osilib” koʻradigan, asli kasbi folklorshunos yoki mumtoz adabiyot tabdilchisi boʻlgan tanqidchilar yoki biz tengilarni nigilizmda ayblashga uringan marhum yozuvchi bilan pachakilashib oʻtirishga vaqtim ham, istagim ham boʻlmagan.
Bu – adabiy jarayon. Kimdir tanqid qilsa, kimdir maqtaydi. Men bundan havolanib ham ketayotganim yoʻq – oʻzimni bosib olar yoshga allaqachon yetganman.
Oʻz-oʻzimga baho berishga kelsak, men uchun bitta mezon bor – yozganing avvalo oʻzingga yoqishi, undan zavq ola bilishing kerak.
Yaxshi sheʼr sanʼat namunasi boʻlishi uchun – eksperimental yoki anʼanaviy boʻlishidan qatʼiy nazar – eplab yozilishi shart. Binobarin, har qanday ijod mahsuli chinakam sanʼat asari boʻlishi uchun badiiyat talablariga javob bera olishi kerak. Bor-yoʻgʻi shu. Yostiqday roman yozganing bilan u oddiy xronika yoki muxbirning maqolasidan farq qilmasa, undan yomoni yoʻq.
– Badiiyatning yuksak talablarini har kim oʻz qarichi bilan oʻlchaydi. Sizning-cha, bu talablar nimalardan iborat?
– Albatta, ijod mohiyati va mezonini belgilaydigan yagona talab yoki qoida oʻylab topilsa, ijod qilib oʻtirishning hojati qolmas edi, chunki badiiy ijod hech bir qoliplarga boʻysunmas erkinligi bilan ham qadrlidir. Lekin shu holicha ham badiiy ijodning oʻziga yarasha talablari, mezonlari mavjud. Men ularni nimalarda koʻraman?
Har bir asar avvalo men uchun yangilik boʻlishi, “sunʼiy” (“sanʼat” soʻzi bilan kelib chiqishi bir) ekaniga qaramay badiiy toʻqimasi – obrazligiga ishontira olishi, unga yolgʻon va gʻaraz aralashmasligi kerak.
– Keyingi paytlarda ssenariyingiz asosida suratga olingan kinofilm va serialni tomosha qildik. Kino olamiga sizni nima yetakladi? Moddiy ragʻbatmi yoki qiziqish?
– Aniqlik kiritmoqchiman. Men ssenariylarni taniqli kinorejissyor va ssenarist Jahongir Qosimov bilan hamkorlikda yozganman. Bunga turtki boʻlgan narsa faqatgina moddiy ragʻbat emas. Kinematografiya soʻz sanʼatidan qanchalik farqli boʻlmasin, kinoarboblaru kinotanqidchilar uni yozuvchilardan qanchalik rashk qilmasin, Oʻzbekistonda faqat 3-4 ta diplomli kinossenarist bor deb bu sohani raqobatchi yozuvchilardan “ihotalash”ga urinmasin, badiiy ijod va kino asarlarining umumiy jihatlari koʻp va bugungi kunda Murod Muhammad Doʻst, Erkin Aʼzam, Shomirza Turdimov singari yozuvchilardan oʻtkazib, yaxshi ssenariylar yozilmayotgan, boshqa tarafdan esa “Oʻzbekkino” Milliy agentligi yozuvchilar bilan hamkorlik masalasini qayta-qayta koʻtarayotgan ekan, nega men oʻzimni bu sohaga begona deb bilishim yoki ssenariy yozmasligim kerak?
Kechirasiz-u, oʻzini oʻzbekning ziyolisi deb bilib, ona tilida ikki jumlani eplab qogʻozga tushira olmaydigan, ammo buni tan olishni istamay, almoyi-aljoyi ssenariylar yozib, ular asosida yana oʻzi rejissyorlik qilib, bir pulga qimmat filmlar ishlayotgan “shovvoz”larga nega toqat qilib oʻtirishimiz kerak?
Shu maʼnoda badiiy ijod sirlaridan ozroq boʻlsa-da xabardor odam sifatida ssenariy yozishga haqqim bor deb hisoblayman. Hamkorlik jarayonida Jahongir Qosimovdan koʻp narsalarni oʻrgandim, buning uchun u kishiga ming rahmat.
Tarjimadan qoʻlim bir oz boʻshasa, bu ishga qaytish niyatim bor.
– Ijodkor koʻp qirrali boʻlgani yaxshimi, yomonmi?
– Koʻp qirrali boʻlish oʻz holicha yaxshi ham, yomon ham emas. Hamma gap qilayotgan ishingni qay darajada eplay olishingda. Olimlik bilan badiiy ijodni omuxta qila olgan qanchadan-qancha ijodkorlarni bilamiz. Navoiy hazratlari buyuk shoir boʻlishi barobarida yirik tilshunos olim va tazkiranavis ham boʻlgan. Yoki Ogahiyning forsiydan qilgan tarjimalarini eslang. Zamonaviy adabiyotda ham bunga misollar koʻp.
– Ijodkorning jamiyatdagi oʻrni qanday boʻlishi kerak, deb oʻylaysiz?
– Ijodkorning asosiy vazifasi zamonu zulmga maddohlik qilmaslik, taʼma ilinjida asar yozmaslikdir.
Biz koʻpincha Vatanga nihoyatda tor tushuncha sifatida qaraymiz. Bunday yondashuv bir qoʻshiqchi shoirning sovet zamonida Moskovga borib, “biz oʻzbeklar obraz-pobrazni tushunmaymiz, pryamo yozamiz”, degan gapidan farq qilmaydi. Bu ham yetmaganday, baʼzan adabiy nashrlarga, mustaqillik yoki Navroʻz bayramiga, Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlab sheʼr yozing, degan buyurtma berib turiladi. Oqibatda buyurtma asosida pyesa yoki sheʼr yozadigan ijodkorlar toifasi paydo boʻldi. Muhimi – shakl, muhimi, bu – sanash, hisobotlarga tirkash uchun qulay. Lekin baʼzan kimlarnidir qargʻashga aylanib ketayotgan, katta sahnalarda buyurtma bilan aytilayotgan qoʻshiqlarni biror shinavanda xirgoyi qilib yurganini eshitganmisiz? Umuman, hadeb “vatanparvar”ligimizni taʼkidlayverishimiz oʻzini qanchalik oqlaydi, tinglovchi unga qanchalik ergashadi? Bu uning gʻashiga tegmaydimi?
– Siz tarjima qilgan “Saroy javohiri” seriali tomoshabinlar yuragidan joy oldi. “Amerika hikoyalari” kitobida ham bir necha hikoyani tarjimangizda oʻqidik. Oʻzbek kitobxonini dunyo sheʼriyatining nodir namunalaridan bahramand etish imkoniyatingiz bor. Nega sheʼriy tarjimalar qilmaysiz?
– Keyingi 10-15 yil ichida faqat boshqa turdagi tarjima bilan band boʻlib qolayotganim uchun badiiy tarjimaga qoʻlim tegmayapti. Lekin shunga qaramay, yaqinda rus adabiyotshunos olimi Mixail Epshteynning “Yuksak poeziya va alpodam” maqolasini tarjima qilib, “Jahon adabiyoti” jurnaliga berdim – chiqib qolsa kerak. Oʻsha maqolada eplangan har bir narsa poeziyadir, degan fikr ilgari suriladi. Maqola mantigʻidan kelib chiqilsa, yozgan ssenariyingu texnik tarjimang yoki Puankare teoremasini isbotlashing ham qaysidir maʼnoda poeziyadir.
Badiiy tarjima bilan jiddiy shugʻullanish niyatim bor. Hech narsa ijodkorga tarjimachalik koʻp narsa, saboq bermaydi. G. Garsia Markes, tarjima – oʻqishning eng teran usuli, deb bekorga aytmagan.
– Siz juda samimiy, hayotda ham, ijodda ham oʻz qatʼiy prinsipiga ega insonsiz. Bu yaxshi, albatta. Lekin negadir hayot ilmiliqlikni, boshqacha aytganda, meʼyorni yaxshi koʻradi. Oʻta samimiylik oyogʻingizdan chalmaydimi?
– Kinoyangizni tushundim. Toʻgʻri, hayot oq yoki qora emas, oʻrta ranglardan iborat, degan gap bor. Insoniy munosabatlarda birovning dilini ogʻritmaslik uchun qattiq gapirmaslik maʼnosida uni qabul qilsa boʻladi. Lekin u baribir – hech kimga yomon gapirmay qulay yashashga oʻrganib qolgan konformist odamning aqidasi. Hayot haqida oʻz qarashlari, prinsiplariga ega boʻlgan ijodkor oqim boʻylab suzmasligi kerak. Tolstoyning hatto dinning qotib qolgan, sxolastik qarashlariga qarshi isyonini eslang. Ijodkor qanday qilib oʻzi koʻrib, bilib turgan bemaʼni narsalar bilan murosa qilishi mumkin?
Toʻgʻrisoʻzlik har kimga ham yoqmaydi, lekin illatlarni koʻrib koʻrmaslikka olib yashash qanchalik toʻgʻri? Hammamiz ham farzandlarimizga, toʻgʻri gapir, toʻgʻri yur, deb oʻrgatamiz. Lekin quruq gapirish bilan ish bitganida barimiz farishta boʻlib ketar edik. Ular tarbiyasiga hech narsa gapirayotgan gapimizga oʻzimiz rioya qilmayotganimizchalik salbiy taʼsir koʻrsatmaydi.
Adabiyot ikkiyuzlamachilikni mutlaqo kechirmaydi.
– Oʻn yil oldingi Faxriyor bilan bugungisi oʻrtasida farq bormi?
– Albatta, farq bor. Vaqt oʻtgan sayin tajriba ortib, yoshlikda yoʻl qoʻyilgan xatolarni anglaysan, hayotga boshqacha koʻz bilan qaray boshlaysan. Bu – tabiiy. Vaqt oʻtishi bilan qoʻlimdan keladigan, eng muhimi, istagan narsalarimni u yoki bu narsa bahona boʻlib, yoza olmayotganim uchun afsuslarim ortdi. Oʻn yil boshqa narsalarga yem boʻlib ketdi: kitoblarim yozilmay qoldi. Mana shunisi yomon.
– “Men 60 yoshli goʻdakman”, degan edi rahmatli musavvirimiz Roʻzi Choriyev. Vaqt oʻtgan sayin yoshlikda yoʻl qoʻyilgan xatolarni anglash, hayotga boshqacha koʻz bilan qarashday tabiiy jarayon ijodkor uchun topishmi yoki yoʻqotish? Qaysidir maʼnoda ulugʻ yoshning aqli bilan yoshlikdagi ayrim xatolarni takrorlashga jurʼat topa olmaslik, hayotni avvalgidek sirli, moʻjizali koʻra bilmaslik ogʻriqli holat emasmi?
– Vaqt oʻtishi bilan yurakning hovuri pasaya borishi bor gap. Lekin yoʻl qoʻyilgan xatolarni anglay borish oqibatida yuzaga keladigan pushaymonga toʻla kechinmalar – iztirob yozilajak asarlar uchun yaxshi xamirturush boʻlishi mumkinligini ham esdan chiqarmasligimiz kerak.
Adabiyotimiz iztirobdan, qalbni tozartiradigan mungdan uzoqlashib qolganday. Millatning dardini ifoda qiladigan buyuk iztirob yetishmayotganday. Ehtimol, aksariyat ijodkorlar yoshlik xatolarini anglashni, koʻnglidagi gaplarni ayta olmaslikni yoʻqotish deb anglayotgani uchun ham oʻsha iztirobni sheʼr yoki roman qilish oʻrniga ichkilik bilan yuvib tashlashga urinayotgandir.
Agar savolingizning ikkinchi qismida ijodkorlarda vaqt oʻtishi bilan jurʼatning soʻna borishini aytayotgan boʻlsangiz, bunga bir misol keltirmoqchi edim: amerikalik yozuvchi va shoir Edvard O’Brayendan soʻng uzoq yillar AQSHdagi yozuvchilarning eng yaxshi hikoyalarini topib, toʻplam holida chop etib yurgan Marta Foley 20-asrning 50-yillari oxirlariga kelib, Amerika adabiyotiga kirib kela boshlagan konservatizmga quyidagicha norozilik bildirgan edi: “Yetakchi mutafakkirlari faqat yashil chiroq yonganda yoʻlni kesib oʻtadigan mamlakatda uch-toʻrt nafar qizil chiroqni pisand qilmaydigan piyoda boʻlsa yaxshi edi”. Afsuski, bizda ham umrini yashil chiroqni kutib, sarflab qoʻyayotgan ijodkorlar koʻp.
– Nimalarni, kimlarni oʻqiyapsiz? Bugungi adabiy jarayondan koʻnglingiz toʻladimi?
– Oʻqish borasidagi qiziqishlarim boshqalarga maʼqul kelmasligi mumkin, chunki bu individual, hatto aytish mumkinki, intim hodisa va faqat badiiy adabiyot bilan cheklanmaydi. Deylik, taniqli tarjimon Nora Galning “Tirik va oʻlik til”, bir vaqtlar Xrushchyov bilan Brejnevga tarjimonlik qilgan Viktor Suxodrevning “Tilim mening – doʻstim mening” yoki tarjima nazariyasiga oid kitoblar hammaning ham eʼtiborini tortmasligi tabiiy. Bundan tashqari, til amaliyoti talabidan kelib chiqib, Oʻrxun Pamuq romanlari, asli kelib chiqishi hindistonlik boʻlgan, Londonda tugʻilib, AQSHda yashayotgan bengal yozuvchisi Jumpa Lahiriyning hikoya va qissalarini inglizchada oʻqiyapman. Ushbu yozuvchini menga kashf qilib bergan doʻstim, shoir Bahodir Ahmedovga rahmat.
Yana adabiy jarayonni ham baholi qudrat kuzataman. Yaqinda yozuvchi Shodiqul Hamroning “Ismsiz” degan qissasi qoʻlyozmasini oʻqib chiqdim. Mistika bilan yoʻgʻrilgan bu qissa jahon adabiyoti tajribalarini milliy adabiy tafakkur anʼanalari bilan sintez qilishning yaxshi namunasi boʻlibdi. Yaqin kunlarda nashr boʻlib, oʻquvchilarini topishiga ishonaman.
Yangi-yangi nomlar ham paydo boʻlayotganini koʻryapman. Vaqt oʻtib, ularning saʼy-harakatlari yirik asarlarga aylanishi va oʻquvchisini topishidan umidim bor.
– Bir paytlar adabiyotga jamiyatni albatta yaxshi tomonga oʻzgartira oladigan kuch sifatida qaralar edi. Hozir-chi?
– Milliy tafakkur taraqqiyotining muayyan bosqichlarida adabiyotga qiziqish nihoyatda ortib ketganini, u qaysidir maʼnoda taʼsirga ega moddiy kuch boʻlganini koʻrish mumkin. U sanʼatning boshqa turlari qatori hamisha inson tafakkuriga, uning estetik qarashlari shakllanishiga taʼsir etib kelgan va shunday boʻlib qoladi, ammo uning jamiyatni oʻzgartira oladigan darajadagi kuch ekani haqidagi gaplar, nazarimda, mubolagʻadan boshqa narsa emas. Buyuk yozuvchi bizni, dunyoni goʻzallik qutqaradi, deb qanchalik ishontirishga urinmasin, bu fikr juda ishongimiz kelgan orzuligicha qolmoqda.
Afsuski, keyingi 10-15 yil ichida dunyoning turli mamlakatlarida roʻy bergan voqealar inson bolasi oʻtmish xatolaridan tegishli xulosa chiqarishga qobil emasligini koʻrsatdi: tamaddunning oldi deb qaraladigan Yevropada fashizm, millatchilik singari boshqalarning huquq va erkinliklarini tan olmay, kamsituvchi mafkuralar qayta bosh koʻtarmoqda. Siyosatchilar multikulturalizm – biror mamlakatda madaniy xilma-xillikni saqlab qolishga yoʻnaltirilgan siyosat – gʻoyasi Gʻarb jamiyatlariga singmaganidan taassuf bildiryapti.
Qonunlarga amal qilinishini taʼminlashga qaratilgan davlat tizimlari bunday ekstremistik harakatlarni jilovlashga qiynalayotgan chogʻda adabiyot yoki madaniyatning taʼsiri haqida gapirish ortiqcha emasmi?
Zamonaviy jamiyat tamoyillari haqida soʻz ketganda bir cheti omma madaniyatiga ulashib ketgan oldi-qochdi adabiyot marginallashib, aksariyat hollarda isteʼmolchining talablari darajasiga tushib borayotgan ermak vositasi boʻlib qolmayaptimi, degan haqli savol tugʻiladi.
– Bu bilan madaniyat va sanʼat, jumladan, adabiyot umuman chetga chiqib qolyapti, demoqchimisiz?
– Yoʻq, modernizmning universal gʻoyalar mavjud va ular ustuvor boʻlishi kerak, degan qarashlari davrida oʻsganimiz uchun ham adabiyotdan keragidan ortiq narsalar kutishga oʻrganib qolganimizni aytmoqchiman. Sovet ideologiyasi sanʼatning boshqa turlari qatorida adabiyotni ham tarbiya gavroniga aylantirib olgan va sinfiy kurash gʻoyalarini omma ongiga singdirish uchun undan vosita sifatida foydalanar edi. Bugun esa bunday vositalar (TV, radio, gazeta, internet, mobil aloqa vositalari va hk.) koʻp va mafkura adabiyotning “boʻyniga minib olmayotgani”ni shu bilan izohlash mumkin. Bu albatta yaxshi – ijodkorga erkinlik beradi. Lekin bu uning meynstrimdan (asosiy oqim deymizmi, bilmadim) chetga chiqib qolishiga olib kelmasligi kerak.
Shu oʻrinda dunyoga mashhur fizik olim, aniq fanlarning tolmas targʻibotchisi Sergey Kapitsaning bir gazetaga bergan intervyusida “Madaniyatni, kerak boʻlsa, zoʻrlab singdirish kerak”, degan fikrini keltirishni joiz deb bilaman. Bu adabiyotga ham tegishli.
– Sizningcha, adabiyot nima uchun kerak? U insonga nimadir berishga majburmi?
– Adabiyot voqelikni badiiy toʻqima – obrazlilik orqali idrok qilishga asoslangan fikrlash tarzi, inson tafakkurini rivojlantiruvchi, yuksak ideallarni kuylovchi va targʻib qiluvchi vosita sifatida har doim kerak. U insonning orzu-umidlarini, intilishlarini ifoda etuvchi sanʼat turi oʻlaroq, jamiyat taraqqiyotida har doim katalizator vazifasini oʻtaydi. Bugungi kunda hayotimizga dadil kirib kelayotgan axborot-kommunikatsiya vositalarini olasizmi yoki kosmik kemalarning olis sayyoralarga parvoz qilishini olasizmi – barchasi bir zamonlar folklorda, mumtoz adabiyotda va fantastik yozuvchilarning asarlarida gʻoya koʻrinishida paydo boʻlgan edi. Adabiyotshunoslar bugungi Gʻarb jamiyatining yuksak taraqqiyotga erishishida modern adabiyotning taʼsiri katta boʻlganini taʼkidlamoqda.
Shu oʻrinda bir narsani alohida qayd etmoqchiman: adabiyot mavjud jarayonlarga bevosita emas, bilvosita taʼsir koʻrsatadi, yaʼni u “oynayi jahon”, “uchar gilamlar” haqida gʻoya beradi, ularni televizor yoki uchoqqa aylantirish – boshqa aniq fanlar vakillarining ishi.
– Rahmat.
Oydin Niso suhbatlashdi
“Yoshlik”, 2015 yil 3-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/eplab-yozishdan-boshqa-mezon-yoq/