Eng birinchi 8-mart bayrami!
1857-yil 8-martda Nyu-Yorkdagi to‘qimachilik fabrikasining 15 mingga yaqin ayol ishchilari ko‘chalarda bo‘sh kastryulkalar bilan yurib, ish haqining pastligi, sharoitining yomonligi va erkaklar bilan teng huquq berilishini talab qildi. O‘sha paytda ayollar kuniga 16 soatgacha ishlardi va mehnati uchun juda kam ish haqi olardi. Bu hodisa butun dunyoning e’tiborini tortdi. Shu kuni boshqa ko‘plab shaharlarda yuzlab ayollar saylov huquqi berilishini talab qilib namoyishga chiqdi.
1910-yil 27-avgustda Daniya poytaxtida Butun Yevropa ayollar forumida Nyu-Yorkdan kelgan ayollar delegatsiyasi tarkibida taniqli nemis inqilobchisi Klara Setkin ham bor edi. U forumda otashin nutq so‘zlab, shunday dedi: “Nyu-York ayollari haq edi, yevropalik ayollar ham bunday talablarni qo‘yishlari kerak. Men 8-martni ayollarning ijtimoiy huquqlari uchun kurash kuni deb nomlashni taklif qilaman”. Mana shu nutq 8-mart bayramiga asos soldi.