OʻZBEK ONASI
Mushtipar ham oʻzing, buyuk ham oʻzing,
Kuyinchak ham oʻzing, kuyuk ham oʻzing.
Olamga tatirlik suyuk ham oʻzing,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, Oʻzbek onasi, Oʻzbek onasi.
Seni Toʻmaris deb, maqtaganim bor,
Sen Temur beshigin tebratgan bedor,
Sensan Bibixonim, Nodirai zor,
Payti keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, Oʻzbek onasi, Oʻzbek onasi.
Vatanni Ona deb bekor aytilmas,
Ona buyurganda yoʻldan qaytilmas,
Sen oʻzing Kaʼbamsan, Baytul muqaddas,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, Oʻzbek onasi, Oʻzbek onasi.
Boshingdan nimalar oʻtmadi axir,
Vatandek taqdiring boʻldi goh taxir,
Bobur shoh boʻlsada, qoshingda faqir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, Oʻzbek onasi, Oʻzbek onasi.
Gohida balqiding Barchindek toʻlib,
Koʻzadek quriding Tursunoy boʻlib,
Timsoling yalovda yulduzdek kulib,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, Oʻzbek onasi, Oʻzbek onasi.
Farzanding quvonsa – sen ham quvonding,
Faqat bolam deding, yashading, yonding,
Nokasi uchrasa, oʻrtanding, tonding,
Payt kedi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, Oʻzbek onasi, Oʻzbek onasi.
Kelajak toychogʻu toyingizdadir,
Jannat ham, albatta, poyingizdadir,
Vatan-ku Siz turgan joyingizdadir,
Payt keldi, aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, Oʻzbek onasi, Oʻzbek onasi.
Sizga taʼzim qilib turibman bu payt,
Sizga baxshidadir eng shohona bayt,
Aziz Yurtboshimga duolaring ayt,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, Oʻzbek onasi, Oʻzbek onasi.
ONAJON
Onam Turdi Karvon qizi xotirasiga
I
Necha kunki yoʻq oromim,
Kelolmayman hushimga.
Onajonim kechalari
Kirib chiqar tushimga.
Qoʻllarida oq yelpugʻich
Oy nurida yaltirar.
Onajonim imlab meni
Qoshlariga chaqirar.
Keltirarlar goho beshik
Koʻzlarida hayajon.
Yotar payting boʻldi-ku der,
Kela qol, der bolajon.
Qaylargadir yuguraman,
Figʻonimdan chiqar dud,
Yigʻlama deb qoʻllarimga,
Tutqazarlar soʻng tobut,
Tongda ruhsiz koʻz ochaman,
Qovurilar tanda jon.
Onajonim, bunday qilma,
Bunday qilma, onajon.
Axir oʻzing der eding-ku,
Silab oʻksuk boshimni:
– Endi senga bersin umr,
Senga bersin yoshimni.
Afsus, oʻzing erta ketding,
Erta ketding olamdan.
Ukalarim bagʻrim ezar,
Ajraldik, deb, onamdan.
Bevaqt hazon boʻlmay har kim
Yashab oʻtsin dunyoda.
Onajonim, har kim oshin
Oshab oʻtsin dunyoda.
Garchi fano har kimsaga
Azaliy bir qismatdir.
Lekin, ona, tiriklik ham
Bilsang, yarim hikmatdir.
Tushlarimda, mayli, boshim
Silab turgin, onajon
Qolganlarga endi umr,
Tilab turgin, onajon.
II
U kun chetda oh chekardim
gʻussalarning dastidan.
Sen otamga pul beribsan
Yostigʻingning ostidan.
Aytibsanki, onasizlik
Kelmasin hech oʻyiga.
Sarf qilingiz, menga emas,
Abdullaning toʻyiga.
O, oʻgʻlingga sen shafqatni
Bilarding-ku, onajon.
Bundan koʻra bagʻrim oʻysang,
Boʻlardi-ku, onajon.
Zarragina rahm etgali
Sabring menga yoʻqmidi?
Onajonim, bundan oʻzga
Jabring menga yoʻqmidi?
Yoʻqmidi hech oʻzga gaping, –
Nola qilib soʻylasang.
Nahot, axir soʻnggi dam ham
Farzandingni oʻylasang.
Axir orzu qochib ketmas,
Bitkazar-ku tiriklar.
Onajonim, bir kunini
Oʻtkazar-ku tiriklar.
Unutilar gʻussalar ham,
Orzular ham choʻzar boʻy.
Onajonim, balki bir kun
Aytganingday boʻlar toʻy.
Balki sening qabring uzra
Koʻkarganda gul chechak,
Ostonamga qadam qoʻyar,
Sen istagan kelinchak.
Kimdir uning yoʻllariga
Balki gul ham sochadi.
Balki munis opajonim
Kel, deb quchoq ochadi.
Balki doʻstlar davrasida
Kamim boʻlmas hech qachon.
Lekin seni oʻsha damda
Qaydan topay, onajon.
III
Esimdadir, titrar edim –
gʻamgin, bolish pastida.
Kitobimni koʻrdim nogoh
Boshginangning ostida.
Toshday qotdim oʻshal oni
Bor toqatdan ayrilib.
– Shoir oʻgʻlim, – deding menga
Sekingina qayrilib.
Onajonim, soʻng bor menga
Nafas qilding u zamon.
Shoir boʻlgin, deya balki
Havas qilding u zamon.
Onajonim, balki men ham
Bu kun shavqqa toʻlarman.
Balki men ham aytganingday
Bir kun shoir boʻlarman.
Kuylay desam hurmatingni
Ushbu kunda tilim lol.
Balki faqat shu sababli
Shoir boʻlsam ehtimol.
Balki sarson – arosatda
Qolib ketmas bu tanim,
Kamolimni koʻrar balkim,
Yurtim, ona Vatanim.
Payti kelib toʻlar bir kun
Paymona ham beomon.
Kuzatarlar meni ham soʻng
Senga tomon, sen tomon.
Balki u kun boshim uzra
Doʻstlar bosh ham egadir,
Oʻsha damgi iqbolim ham,
Onajonim, sengadir.
Dilda neki jurʼatim bor,
Dilda neki hayajon –
Bari, bari senga boʻlsin,
Senga boʻlsin, onajon.
Senga boʻlsin bor hayotim,
Nomim, shonim bir yoʻla,
Xotirangga ushbu sheʼrni
Yozdi oʻgʻling Abdulla.
ONAMGA XAT
Qaytgim keldi, onam, yoninga,
Yuragimda ismsiz dardlar.
Sovuq xonam, soat chiq-chiqi,
Tashqarida xazonrez bogʻlar.
Yomgʻirning jim xonish qilishi…
Barisi ham nechundir bu dam
Tushirmoqda seni yodimga…
Qaytgim keldi, onam, yoningga.
Yuragimni ochib gapirsam,
Kam-kam boʻlar menda bunday hol.
Shodmon yursam, mening yodimga
Sen tushmaysan rostdan, onajon.
Nogahoniy bunday holda-chi,
Shunday koʻrgim keladi seni.
Aytsam senga bor gaplarimni
Orzularim, hasratlarimni
Yigʻlab, kulib aytgim kelar, ha,
Odamlarning qadru qimmatin,
Anglamaymiz birga boʻlganda,
Ammo nogoh uzoqqa tushsak,
Yo tanholik hasratin cheksak,
Baʼzan shundogʻ,
Odam zotining
Tirnogʻiga zor boʻlamiz, ha!
Tushunmayman bul haqiqatni,
Sen-ku axir onasan, ona…
Ona, ranjimagil xatimdan,
Men rostini yozdim, shod damim
Sen tushmaysan aslo esimga.
Ammo umr oʻzi, bilaman,
Solar seni yodimga bot-bot,
Yaʼni, boshimizni doim ham
Ona boʻlib silamas hayot.
ONA DEGAN NOM…
Deydilar, qahrli bahodirlar ham
Janglarda jon berar chogʻi mardona,
Behad azoblarga chidab soʻnggi dam,
Bitta soʻz dermishlar shivirlab: Ona.
Ulugʻ bir donishmand olamni sharhlab,
Axiyri tanibdi tuqqan elini.
Zabon baxsh etganga ehtirom saqlab,
Ona, deb atabdi ilk bor tilini.
Dunyo shoirlari Vatan shaʼniga
Sifat axtarmishlar qator va qator.
Nihoyat, kelmishlar bitta maʼniga:
Ona Vatan deya bitmishlar ashʼor.
Bisyor boʻlsa agar bol ham beqadr,
Takror aytilganda rangsizdir kalom.
Bu yorugʻ olamda Vatan bittadir,
Bittadir dunyoda Ona degan nom!
ONA
Kimdir savol berdi: – Aytgil, Muhammad,
Yolgʻiz sen Rasulsan butkul olamga.
Kimga koʻp yaxshilik aylay, oʻzing ayt,
Ota onamgami yoxud bolamga?
Rasul javob qildi: – Tingla birodar,
Gapimni uch bora quloqqa ilgʻil.
Imkon topa olsang dunyoda agar,
Eng avval onangga yaxshilik qilgil.
Bu hikmat sharhini oʻyladim uzoq –
Rostdan ona erur qiblai olam.
Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq
Onadan tugʻilgan paygʻambarlar ham.
ONA
Kaʼba qopqasida turgan ey, posbon,
Avval onalarning ochgin yoʻllarin.
Onalar poyiga tiz choʻk oʻshal on,
Tavof qil, koʻzga surt, oʻpgin qoʻllarin.
Hojar onamizning nidosi sabab
Kaʼbada koʻz ochgan obi zam-zam ham.
Bir umr talpinmish onaga qarab
Ne-ne paygʻambarlar, koʻzlarida nam.
Qavmimni ranjitib qoʻymayin, ammo
Tobut yasab kelgan er zoti doim.
Onalar bagʻriga faqat beshik jo,
Hayotbaxsh allalar aytgan, muloyim.
Shoʻrlik odamzodning tolei uchun
Eng avval onalar qilsin ibodat.
Zora, gunohlardan pok boʻlgay ochun,
Onalar oʻtinchi topib ijobat.
Kaʼba qopqasida turgan ey, posbon,
Avval onalarning ochgin yoʻllarin.
Onalar poyiga tiz choʻk oʻshal on
Tavof qil, koʻzga surt, oʻpgin qoʻllarin.
ONAMNI ESLAB…
Shamol uvillaydi,
Qor, boʻron toshib,
Tepalik toʻshiga oʻzni uradi.
U yerda tuproqqa bagʻrini bosib
Tanho bir sagʻana maʼyus turadi.
Qoshiga chiqay deb boʻzlab yoʻl yurdim,
Koʻkragimni tildi izgʻirin, tikan.
…Netay, onajonim, qancha odam koʻrdim,
Sendan yaqin kishim yoʻq ekan…
ONA
Koʻkda yulduz uchsa nogahon,
Bitdi, derlar qaysi bir taqdir.
Bunday gʻamni koʻtarmak oson,
Bu ehtimol, bizlar haqdadir.
Baʼzi tunlar koʻkka tikib koʻz,
Eslab deyman onamni shu on:
Ona ketsa, yulduz-ku yulduz
Qulab tushsa arziydi osmon.
ONAM VAFOTIGA
Makonda nomakonsan, endi qaydan izlagaydurman,
Figʻonim kimga aytib, kimga sendan soʻzlagaydurman.
Birovlar motamida ohu faryod aylagan erdim,
Sening-chun, ey gʻaribim, ich-ichimdan boʻzlagaydurman.
Abdulla ORIPOV
https://saviya.uz/ijod/nazm/eng-avval-onangga-yaxshilik-qilgil/