Emizikli ayol homilador bo‘lsa…
Shifokorlar ikki homiladorlik o‘rtasidagi muddat kamida uch yil bo‘lishi kerak, deb bejiz ta’kidlashmaydi. Zero, bu vaqt oralig‘ida ayol organizmi o‘zini tiklab olish hamda yetarlicha vitamin va mineral moddalar zaxirasini to‘plashga urinadi. Ko‘pchilikka ayonki, bolani emizish payti oy ko‘rmaganliklari sabab, ko‘pchilik onalar homiladorlikdan saqlanish haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Aslida esa go‘dakning kundalik taomnomasiga qo‘shimcha ozuqalar kiritilishi bilan organizmda yana ovulyatsiya holati tiklanishi, shubhasiz. Bu esa kutilmagan homiladorlikdan saqlanish kerak, deganidir.
So‘z — pediatr shifokorga‼️
Ayol bemavrid homilador bo‘lgach, laktatsiya jarayoni o‘z-o‘zidan to‘xtab qolmaydi — ona qo‘lidagi go‘dakni har qanday vaziyatda ham emizishga majbur. Ammo shunisi borki, homilador onaning sutida gormonal o‘zgarishlar tufayli laktoza miqdori kamayadi. Natriy esa orta borib, natijada, ko‘krak sutining ta’mi o‘zgaradi, ya’ni shirin bo‘lmay qoladi. Go‘dakka sutning yangicha mazasi yoqmagach, u emishdan bosh tortadi va injiqlana boshlaydi. Qolaversa, laktatsiya jarayonida homilador bo‘lib qolgan ayollarning 70 foizida ko‘krak suti miqdori kamayib ketadi. Shu bois har ikki holatda ham go‘dakka qo‘shimcha ozuqa va sut berish zarur.
‼️Tavsiyamiz shuki…
Homiladorlik va emizish davrida ayol organizmi jismoniy, ruhiy hamda gormonal o‘zgarishlarga yuz tutadi. Emizikli go‘dagi bor ayol homilador bo‘lib qolsa, albatta, shifokor ko‘rigidan o‘tishi va keyinchalik nima qilishi lozimligi haqida jo‘yali maslahatlar olishi darkor. Shuningdek, bir qancha xavfli holatlarni ham ko‘zdan qochirmaslikni tavsiya etgan bo‘lardik. Yana ham aniqrog‘i, go‘dak emayotganida ona organizmi oksitotsin gormonini ishlab chiqara boshlaydi. Mazkur gormon bachadon qisqarishiga sabab bo‘lgani bois, homila tushishi xavfi bor. Umuman, bu borada ginekolog shifokorlarning ikki xil fikri mavjud.
Birinchisi, homilador ayol organizmiga oksitotsin gormonihomila 20 haftalik bo‘lguniga qadar ta’sir etmaydi. Ikkinchisi esa homilador ayolning to‘ng‘ich farzandni emizishda davom etishi ona uchun ham, emayotgan bola uchun ham xavflidir. Ayniqsa, bachadon miomasidan aziyat chekuvchilar va ilgari homila tushishini boshdan kechirganlar ehtiyot bo‘lishlari lozim. Bir so‘z bilan aytganda, homila ikkinchi uch oylik bo‘lguniga qadar birinchi farzandni emizmagan ma’qul.
‼️Uch kishi uchun ovqatlanamiz!
Emizikli va shu bilan birga homilador ayol endi naq uch kishi uchun ovqatlanishi zarur. Xuddi egizaklarga homilador bo‘lganlar kabi ozuqaviy kuchi yuqori bo‘lgan taomlarni iste’mol qilish kerak. Ayniqsa, birinchi uch oylikda toksikoz kuzatilsa, o‘ta ehtiyotkor bo‘lish tavsiya etiladi. Ayol organizmi, birinchi navbatda, homilani, so‘ng emizikli go‘dakni va nihoyat o‘zini darmondorilar bilan ta’minlaydi.
Taomnomada vitaminlarga boy yeguliklar mavjud bo‘lmasligi esa bolalarning o‘sib-rivojlanishida aks etadi. Ya’ni ularda avitaminoz va shuning oqibatida yuzaga keladigan kasalliklar kuzatilishi ehtimoli kuchayadi. Ayol organizmida gemoglobin miqdori pasayib ketishi esa temir moddasi tanqisligi hamda surunkali gepoksiya holatiga sabab bo‘lishi mumkin.
‼️Qo‘shimcha ozuqa tanlashda adashmang!
Go‘dakni ko‘krak sutidan ajratish qaroriga kelgan ekansiz, buni sekin-astalik bilan amalga oshirishingiz lozim. Mazkur yumushni ikkinchi farzandingiz dunyoga kelishi kutilayotgan muddatdan kamida ikki–uch oy avval bajarishni maslahat beramiz. Chunki bu vaqt oralig‘ida go‘dak onaning ko‘kragini biroz unutadi. Avvaliga kunduzgi emizishlardan voz kechish, bolaga qo‘shimcha ozuqa berib borish kerak.
So‘ng tonggi va tungi emizishlarni ham sekinlik bilan cheklash lozim. Tabiiyki, bolaga qo‘shimcha ozuqa berishda ba’zi muammolar, ya’ni diareya va allergiya kuzatilishi mumkin. Shuning uchun, bolaga ozuqa tanlashda pediatr shifokor bilan maslahatlashishni tavsiya etamiz.
Bolaga ko‘krak berishni kamaytirganingiz sayin sut ham ozayib boradi. Agar bunday holat kuzatilmasa, shifokor maslahatlariga amal qilgan holda laktatsiyani to‘xtatuvchi dori vositalaridan foydalanishni tavsiya etamiz.