Umr
Bahor shoshqinligi oʻxshaydi selga,
Yoz oʻtar mahtal boʻb bir tutam yelga.
Horgʻin koʻzlaringga urinadi kuz,
U endi sen bilan qolishga kelgan…
* * *
Bilaman, hech narsa abadiy emas,
mangu narsa yoʻq bu dunyoda, baski,
nechun ayriliqdan qoʻrqayda abas,
ozurda dilimga izlayin taskin?
Balki, sen shoddirsan mendan olisda,
lekin arimasdan koʻzimda yoshim,
qayta uchrashmoqni istama-ista,
qoshimdan chiqarsan yana, quyoshim.
Izingdan abad zor qolmasman qarab,
mangu tark etmoqdan sen-da umid uz –
aylanib-aylanib zamin muqarrar,
yana meni senga qilar yuzma-yuz.
* * *
Koinot – qorongʻi xona,
Yulduzlar parvona.
Sokin tin olar
Yer –
Oy tuqqan ona.
* * *
Gul yuzingning xizmatida
tursin deya belin bogʻlab
guldastalar yuborsamki,
gullarning ham koʻksin dogʻlab,
bir qarab ham qoʻymagaysan.
Yulduzlarday yana sonsiz
sen tomonga yoʻllaganim –
nomalarim nom-nishonsiz,
nomaʼlumdir ne boʻlgani.
Lek, shunda ham tinch qolmasdan,
ne qilarim bilmay, ammo,
boray desam, topolmasdan
borurga bir bahona ham,
koʻksimdagi sogʻinchlarim,
oʻkinchlarim, oʻtinchlarim
misralarga bitib barin
yana senga joʻnatgayman.
Koʻzing tushib unga birda
eʼtiborsiz qoʻl siltaysan:
Ikrom Iskandardandir-da.
* * *
Tashvish dolgʻalanib gohi dengizday,
oʻying qamraganda gʻarq gʻulgʻulasi,
olislarda qolgan bolalik yoqda
miltillab koʻrinar umid shuʼlasi.
* * *
Gohi qurshab qorongʻi oʻylar,
goh koʻngilni yoritib nurlar,
oqarishgan somon yoʻlida
xasday toʻzgʻib borar umrlar.
Uchraganga hatto qoʻl silkib
qoʻymoqning ham topmay ilojin,
ne makonu zamonlar osha
oshiqadi qayga bu ochun?
Yonib turgan yulduzlar aro
tin bilmasdan, bilmam, qay sori
aravaday tortib yer sharin,
elib borar vaqtning tulpori.
Oy va yulduzlar tegrasida
I
Dardim senga yetkazsin deya,
Aytsin deya sogʻinganimni,
Huzuringga yubordim oyni.
Koʻp kuttirdi, bir oy deganda,
Choʻpday ozib, yana boshi xam,
Qaytib keldi qaddi bukilib.
Yoʻl azobi ezdimi uni,
Mahtal qoldi eshigingda yo
Yetkazishdan xijolatdami
Sendan olgan xabarni menga?
Yana senga yubormoqdaman,
Omon qaytsin endi oy borib.
II
Sen haqingda yaxshi gaplar aytgan edilar,
Huzuringga boshlab kelgan edilar meni,
Seni kutar, seni sevar, degan bir ulkan
Ishonchni ham yuragimga solgan edilar.
Hamroh boʻlib kelgan edi oʻzlari hatto…
Mana, endi ostonangda turibman zor-zor…
Chiqarmisan, tezroq chiqa qolsang-chi… Axir,
Koʻzlarimdan bekingancha chekka-chekkada,
Qorongʻida milt-milt kiprik qoqib, jonsarak,
Xijolatdan yerga boqib turar yulduzlar.
* * *
Tuni bilan timirskilanib,
Ne izlading hovlida tinsiz?
Qorongʻida yaxshi koʻrmasang,
Shamol, shamol, qoʻlingga sham ol.
* * *
Husningga ul moh ham emish mahliyo
Senga matlub boʻlmoq boʻlib matlabi,
Ki, qayon bormagil, ortingdan oy ham
Ergashib yurarmish dugonang kabi.
Akam xotirasiga
Bola edik, oʻyinga mushtoq,
Talashsak-da baʼzan erta-kech,
Yurar edim doim ergashib,
Ortingizdan qolmas edim hech.
Chorlaganda oʻrtoqlaringiz,
“Dum” boʻlmasin deb meni yana,
Chiqardingiz uydan yashrinib,
Oʻzingizni qilgancha pana.
Yoʻqligingiz bilgach, izillab,
Izingizdan ich-etimni yeb,
Qilar edim hammani bezor,
Akam qani, qayga ketdi, deb.
Qaydan bilay, oʻsha payt rosa
Qaysar bola ekanman, balki.
Bir dam qoʻymay oʻz holingizga,
Joningizga tekkanman, balki.
Yillar bizni ulgʻaytirganda,
Koʻksimga bir armonni joylab,
Yana qayga ketdingiz, aka,
Mening uyda yoʻqligim poylab?
Poliz natyurmorti
Bir taraddud kezar polizda.
Garchi hali osmon moviydir,
qaynoq kunlar qolgan olisda –
tarqayotgan tun salqinida
qovunning badani soviydi.
Oʻtayotgan vaqt talqinida
tasvir topgan qoq qovoqqa boq.
Mana, endi, suvlar tinidi,
qanday yetildi u, bir paytlar
handalakdan olgandi saboq.
Quyosh hali oʻqimay baytlar,
hali qochmay shudringning nami,
tarvuz tongga salomlar aytar –
tarsillagan tarang tanidan
taraladi tarovat taʼmi.
* * *
Ochilib bu zarrin gul qopqasi,
taralar xush isli qahqahasi,
tong bila uygʻongan nozin koʻring,
bong ila uygʻun bu sozin koʻring –
bulbulni kuylatgan ham oʻshadir,
koʻngilni soʻylatgan ham oʻshadir –
oshkora etibman suyganimni,
ishqida oʻt-otash kuyganimni,
koʻzimni yoʻlida naqsh etganim,
jonimni koʻyida baxsh etganim,
vale, bir dod-figʻon etmaganim,
vale, bir vasliga yetmaganim,
dilimning qatiga koʻmganlarim
soʻylabman, sel boʻlib oʻmganlarim,
ochilar qachon deb darvozasi,
kelar deb gʻunchaday ovozasi –
dardimga malhamday emish shuncha
tong chogʻi ochilgan kumush gʻuncha.
* * *
Huzuringga shamolday
shoshilib borajakman,
shovullagan qoʻshigʻim –
senga bitgan qasidam
avjlaridan daraxtlar
larzaga kelar, yakkam
surating koʻringaydir
shaffof vaqt oynasidan.
Bir zum tin olmoqqa ham
bormidi ixtiyorim,
qachonki, dilga vasling
istaklari joylanar –
imkonlari daraxtday
silkitadi qarorim…
Shamolga dosh berolmay
tars sinadi oynalar.
Ikrom ISKANDAR
“Sharq yulduzi”, 2017/10
https://saviya.uz/ijod/nazm/elib-borar-vaqtning-tulpori/